Ta’lim global muammo sifatida. Reja: Ta’lim tizimi: muammo va yechimlar
Download 19.3 Kb.
|
falsafa mustaqil ish
Oliy ta'lim muammolari: taqqoslash va statistika
Hozirgi zamonda insonlarning bilimi va malakasi jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini aniqlovchi muhim omildir. Shuning uchun ko‘pchilik mamlakatlarda ta'limni rivojlantirish istiqboli eng asosiy masalalardan biriga aylanmoqda. O‘zbekistonning bugungi kuni uchun iqtisodiyotning innovatsiyalarga asoslangan rivojlanishini ta'minlash vazifasi turmoqda. Shuning uchun O‘zbekistonda ta'lim tizimidagi islohotlar iqtisodiyotdagi yangi o‘zgarishlar paydo bo‘lishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston ta'lim tizimida keyingi 20 yilda qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga O‘zbekiston ta'lim tizimida yaqin vaqtda yechimini kutayotgan muammolar mavjud. Masalan, O‘zbekistonda talabalik yoshidagi aholining oliy ta'lim bilan qamrab olinishi darajasi 9 foiz bo‘lib, bu Markaziy Osiyoda va jahon miqyosida ancha past ko‘rsatgichdir. O‘zbekiston oliy ta'lim tizimi 67 o‘quv yurtidan iborat. Ularda 2015/16 o‘quv yilida jami 253 ming talaba ta'lim olishgan. Rejalashtirishning markazlashgan tizimi oliy o‘quv yurtlariga talabalar qabuli miqdorini ham, ular ta'lim yo‘nalishlarini ham belgilaydi. Oliy ta'limga davlat g‘aznasidan moliyalashtirish mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining atigi 0,4 foizini tashkil etadi. Bu jahonda eng past ko‘rsatgichlardan biridir. O‘zbekistonda davlat byudjyetidan har bir talabaga to‘g‘ri keluvchi xarajat Rossiyaga nisbatan 2 marta, Turkiyaga nisban 3 marta, Malayziyaga nisbatan 7 marta kam. 2000 yildan beri oliy ta'limni moliyalashtirishning umumiy miqdorida davlat g‘aznasidan xarajatlar 60 foizdan 35 foizacha kamaydi. Davlat xarajatlari kamayishi bilan oliy o‘quv yurtlari ko‘proq ta'lim uchun to‘lovlar hisobiga moliyalashtirishga o‘tmoqda. O‘zbekistonda oliy ta'limni xususiy moliyalash darajasi (60 foiz) AQShga nisbatan (57 foiz) va Buyuk Britaniyaga nisbatan (52 foiz) ham yuqori. Aholi daromadlari yuqori bo‘lgan mamlakatlar orasida oliy ta'limni xususiy moliyalashtirish o‘rtacha 29 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda oliy ta'limni xususiy moliyalashtirish hajmining oshishi nafaqat to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalar soni oshishi bilan, balki ta'lim uchun to‘lovlar miqdorining ko‘payishi bilan ham bog‘liq. O‘zbekiston aholisining daromadlari ham keyingi yillarda oshgani holda, kontrakt to‘lovi miqdori tezroq oshdi. Natijada, mamlakat oliy o‘quv yurtlariga jamiyatning boy qatlamlari oilalari farzandlari kirishi ulushi oshmoqda. O‘zbekiston oliy ta'limi tizimida xarajatlarning joriy taqsimoti ham oliy ta'lim sifati yuqoriroq bo‘lgan mamlakatlarga mos kelmaydi. Talabalarga beriladigan stipendiyalar ulushi haddan ko‘p (oliy o‘quv yurtlari byudjyetining deyarli 40 foizi). Iqtisodiy hamkorlik va tarraqiyot tashkilotiga kiruvchi mamlakatlarda bu ko‘rsatgich 10 foizni tashkil etadi. Oliy ta'limni moliyalashtirishdagi ushbu kamchiliklar oliy ta'lim muassasalari moddiy texnika bazasining nochor ahvolga tushishiga sabab bo‘ldi. Boz ustiga, O‘zbekiston oliy ta'limi tizimida ilmiy darajali o‘qituvchilar miqdori 20 yil ichida 52 foizdan 35 foizgacha kamaydi. 2014/15 o‘quv yilida har 100 talabaga kompyuterlar soni 13 ta, Internetdan foydalanib dars o‘tayotgan o‘qituvchilar soni 35 foizni tashkil etdi. Bir necha yil oldin ko‘pchilik oliy o‘quv yurtlarining nafaqa yoshiga yetgan professor-o‘qituvchilarini lavozimidan olinib, stavkalari kamaytirilgandan so‘ng, ba'zi kafedralarga mudir sifatida fan nomzodi ilmiy darajasiga ega bo‘lgan mutaxassisni topish ham muammo bo‘ldi. Bu keyingi 25 yilda oliy ta'limdan keyingi bosqichga ham yetarli e'tibor berilmagani va ilmiy darajali olimlarning migratsiyasi natijasidir. Oliy ta'limni isloh qilish O‘zbekistonning fuqarolik va iqtisodiy taraqqiyoti uchun zarur. Mamlakat taraqqiyotining hozirgi holati yuqori malakali mutaxassislarga talabni kuchaytirmoqda. Holbuki, O‘zbekistonda faqat bazaviy malakaga ega bo‘lgan ishchilar ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Agar 2008 yilda o‘zbek tadbirkorlari orasida o‘tkazilgan so‘rovda ularning 73 foizi biznesni olib borishdagi to‘siqlar sifatida ishchilarning bilim darajasi va malakalari yetishmasligini ko‘rsatgan bo‘lsa, 2013 yilda Jahon banki hisobotini tayyorlashda o‘tkazilgan so‘rovlarda sanoat firmalarining 49 foiz rahbarlari oliy ma'lumotli malakali mutaxassislarni topishda qiyinchiliklar borligini ko‘rsatishgan. Oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining bilimi va malakasi sifatidan 33 foiz firma rahbarlari qanoatlangan bo‘lsa, 36 foizi norozi ekanligini bildirgan. Bu xususda, oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining ancha qismi (turli mutaxassisliklar bo‘yicha 30–50 foizgacha) o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishlamayotganini ko‘rsatish joiz. Ish beruvchilar, sanoat va oliy o‘quv yurtlari orasidagi o‘zaro aloqaning bo‘shligi iqtisodiyotga innovatsiyalar tatbiqini sekinlantiruvchi yana bir omildir. O‘zbekistonda ta'lim sifatini nazorat qilish Davlat test markazi qoshidagi maxsus boshqarmaga yuklatilgan edi. Ammo ushbu boshqarma tomonidan o‘quv yurtlarini attestatsiya va akkreditatsiyalash muddatlari kechikishi, attestatsiyadan o‘tmagan o‘quv yurtlarida rahbarlarga intizomiy choralar ko‘rilmagani, o‘quv yurtlarining moddiy bazasi va professor-o‘qituvchilar salohiyati haqida chuqur xulosalar chiqarilmagani, o‘quv yurtlaridagi ahvol oshqora muhokama etilmagani sababli davlat tomonidan ta'lim-tarbiya sifatiga qo‘yilayotgan talablar bajarilishida sustkashlikka olib keldi. Bundan tashqari, ushbu boshqarmaning talabalar qabulini amalga oshiruvchi Markaz qoshida bo‘lishligi ham xolisona xulosalar chiqarishga halaqit berardi. Shuning uchun prezident Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 20 apreldagi farmoniga asosan ta'lim sifatini nazorat etadigan Davlat inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi qoshida tashkil etildi. O‘zbekistonda ta'lim tizimini boshqarishda ham qator kamchiliklar mavjud. Ta'lim sohasini boshqarishni bitta vazirlikka yuklatish vaqti keldi. AQSh va Rossiya kabi mamlakatlar tajribasi buni ko‘rsatib turibdi. Ta'lim muassasalari boshqaruvini takomillashtirish, ularning mustaqilligini kuchaytirish uchun rektor, prorektorlarni tayinlashda o‘quv yurti jamoasi fikrini hisobga olish, rahbariyatning 5 yil ishidan so‘ng faoliyatlarini baholash kerak. O‘tgan 20 yil davomida o‘quv dasturlari, o‘quv rejalari va baholash tizimining juda tez o‘zgarishi ta'lim sifatining pasayishiga olib keldi. Kollej va oliy o‘quv yurtlari talabalarining paxta terimiga, obodonlashtirishga jalb qilinishi, qishki ta'tillarning cho‘zilib ketishi ham ta'lim jarayoniga salbiy ta'sir etmoqda. Download 19.3 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling