Tanqidchilar nigohida


Download 55 Kb.
Sana26.07.2023
Hajmi55 Kb.
#1662756
Bog'liq
Xadicha-2-maqola Word


SHAVKAT RAHMON SHE’RIYATI ADABIY
TANQIDCHILAR NIGOHIDA
Zokirova Xadicha
Adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev shunday yozadi: “Asl she’riyat yo muhabbat, yoki nafratdan tug‘iladi. Shavkat Rahmon bitiklari aksar hollarda adolatsizlik, yovuzlik, xunuklik, olchoqlik va xiyonatga adoqsiz nafrat tufayli paydo bo‘lgan. Shu boisdan ular jismni toblovchi og‘riqqa, po‘rtanavor ruhiy to‘lg‘oqlar va shamshirday keskir fikrlarga boy. Shavkatning she’rlari kishini o‘yga toldiradi, istirobga soladi, ruhiy og‘riqlarga duchor qiladi… Chin so‘z, chin tuyg‘u, chin amallarga doimiy intiqlik chin shoirlik belgilaridandir” (1,4-bet). She’riyat kasb emas, she’riyat fazilat ham emas, she’riyat mashaqqatdir. Hamza, Cho‘lpon va XX asr o‘zbek adabiyotining tamal toshini qo‘ygan boshqa shoirlarimiz ana shunday mashaqqat azobini chekkan edilar. Shu sababli ham Usmon Azim e’tirof etganidek, ularning she’riyati hozir ham katta estetik zavq berishga qodirdir. She’riyat mashaqqati yo‘lida hech qanday to‘siqdan tap tortmaydigan 70-yillar avlodi dolg‘ali va behalovat davrning farzandlari edi. Ularning har biri o‘sha davrdagi jamiyat va hayot haqidagi haq so‘zlarni dunyo goh hadik, goh xavotir, goh zavq, goh shavq bilan aytishdi. Biroq oddiy qilib emas, balki dardlarini yuksak badiiyatga o‘ray bildilar. Bu haqda juda ko‘p gapirish mumkin. Lekin ular she’rlariga nazar tashlaydigan bo‘lak, har birida o‘ziga xos badiiy tafakkur nurlarini yaqqol ko‘ramiz.
Shoir she’riyati haqida so‘z yuritgan adabiyotshunoslar betakror tasvir usuliga ega bo‘lgan badiiy talqinlarga alohida to‘xtalib, yuksak darajadagi she’riy asarlarni yaratgan ijodkor sifatida alohida e’tirof etishadi.
Har bir barkamol asar kabi, har bir butun, yetuk she’r o‘zicha miniatyur olam, jonli mavjud bo‘lib, uning istisnosiz, barcha unsurlari, hujayralari uzviy aloqada yashaydi – ishki tanosibni tashkil qiladi. Bu davomli izlanishlar jarayoni mahsuli, uning o‘ziga xos qonuniyati bor: avvalo, olamga ijodiy munosabat etilgan bo‘lishi kerak, shundagina poetik mushohada aniq kechinma – obraz tarzida shakllanadi. Har bir ijodkorning o‘z uslubi bo‘lgani kabi, shoirning o‘zigagina ayon bo‘lgan yaratish qiynoqlaridan qat’iy nazar, har gal yangi she’r, yangi obrazlar go‘yo imkonga sig‘magan holatlarda, bamisoli mo‘jizaday kashf etiladi. She’riyatda nimagadir qiyoslash – badiiy nisbatlash usuli odatiy va odatdan tashqari – favqulotda me’yorlar asosiga qurulishi mumkin. Shoir yoki ijodkor borliqning turli aks-sadolarni tassurotidan lirik manzara tasvirni chizishi yoki uning turli shakllarini va ranglarini o‘zgacha usulda va ohanglar vositasida ifodalashi, moddiy dunyo predmedlarini ruhiy holatlar orqali ifodalashi mumkin. Bir – biridan uzoq tushunchalardan kutilmagan uyg‘unlik yaratishi, bir-biriga o‘xshamagan narsalarda metaforik holatlarni ko‘rishi va tasvirlashi ham mantiqqa to‘g‘ri keladi. Mana shu nozik va sirli san’at zamirida badiiy mantiq deb atalgan o‘ziga xos qonuniyat yotishi ham bejiz emas.
Shavkat Rahmon she’riyatida mantiqiy fikr tushunchasi kitobxonni fikrlashga, mulohaza yuritishga undaydi. “Shoirning qalbi… Shavkat Rahmonning qalbi… barkamol qalb, komil qalb… O‘zligini anglagan, o‘zlikni tanitgan qalb… Qalbda daqiqa sayin, soat sayin o‘sish-ulg‘ayish kechadi. Hali aql va ong beboshligida, hali ular har kuylarga yo‘rg‘alab yurganida qalb o‘zlik sari, o‘zlikni tanish sari, dastlabki qadamini qo‘yadi, bu qadam shunchalar mustahkam, jismning tomir-tomirlariga chuqur botib kirguvchi bo‘ladiki, kelgusida kutilayotgan ne-ne zo‘ravonliklar, aldov va firiblar uni ortga qaytarolmaydi. O‘zlikni anglagan qalbga yashamoq naqadar erkin, naqadar og‘ir. Unga qancha-qancha tuyg‘ular kelib – ketadi; biri vafo, biri jafo ko‘rsatib o‘taveradi” (2, 374-375-betlar).
Bu mulohazalar shoir shaxsiyatiga va uning she’riyatiga ham xos bo‘lgan xususiyatdir. “Bu ijodkor yurakning ovozi, sozi, hasrat va quvonchning timsoli. U hech kimni takrorlamaydi, hatto eslatmaydi. O‘zbek she’riyatida bu qadar o‘ktam, bunchalik erkin, jasur ovoz ko‘pdan beri eshitilmagan, barmoq vazni ham xuddi aruz kabi bir xillashib borayotgan vaziyatda uni daf’atan yangilab yashirin imkoniyatlarini ro‘yobga chiqaradigan shoir anchadan beri kutilayotgandi. Bu shoir vaziyatning emas, qismatning shoiri”. Qismati shoirlik, shoirligi qismat deb qaraladigan bo‘lsa Shavkat Rahmonning o‘lmas asarlari o‘quvchi qalbini hayajonga, titroqqa solishi ham bejiz emasligini teranroq anglaymiz.
Adabiyotshunos Bahodir Karim shoir she’riyati haqida so‘z yuritilgan “Shoirning o‘kir so‘zi” nomli maqolasida shunday yozadi: “Vaqt o‘tgan sari Shavkat Rahmon siymosining adabiyot tarixida haybatli tog‘dek namoyon bo‘la borishining asosiy sabablaridan biri uning estetik idealiga dahldor. Estetik ideal ijodkor butunligi, estetik ideali – ijodkor ma’naviy – ruhiy, amaliy-estetik hayotining badiiy ifodasi. Yuksak estetik ideal – shoir hayotining davomi… Shavkat Rahmon she’riyatida his-tuyg‘u, ruhiyat, fikr, ramz shoirning ulkan umuminsoniy dardi vositasida, ulkan bir estetik ideal doirasi original adabiy voqeylikka aylanadi” (3).
Asosli ta’kidlanganidek, shoir she’riyatida o‘tkinchi davr xislatlarini aks ettirish emas, inson qalbidagi iztiroblar, botiniy olamidagi ziddiyatlar estetik ideal darajasiga ko‘tariladi. Shuning uchun yillar o‘tsa-da, misralarida mujassamlashgan poetik tasvir xususiyati yangicha ma’nolarni yuzaga chiqarmoqda.
Rivojlangan va inson tafakkuridagi evrilishlarni yuzaga chiqargan XX asr texnika taraqqiyoti deb atalishi bilan bir qatorda, badiiy adabiyotni yuksak darajaga ko‘tardi. 80-yillarga kelib, she’riyatda sarbast sherning keng o‘rin egallayotgani shoirning odam va olam haqida, boshqacha aytganda, borliqning inson ruhiyatidagi tajassumi xususida istalganicha va toboro emin-erkin fikr yuritish imkoniyati paydo bo‘layozganidan dalolatdir.
Chunonchi she’riyat adabiyotning muhim bir bo‘lagi ekanligini e’tiborga olsak, yangi yangi yo‘nalishdagi mazkur she’rlarda hayot haqidagi goh ochiqdan-ochiq, qanday bo‘lsa shundayligicha, goh ramziy ifodalar orqali qalamga olinadi. Biroq, har ikala holatda ham, biroz xarakatingiz ijobi, shoir bilan do‘stona, dildan va samimiy suhbat qurgandek bo‘lasiz.
Adabiyotshunos Ulug‘bek Hamdam shoir tarjimalari haqida to‘xtalib o‘tar ekan: “Shavkat Rahmon XX asr o‘zbek she’riyatining eng ko‘zga ko‘ringan, hossos shoirlaridan biri bo‘lishi barobarida ulkan tarjimon hamdir. U ispan she’riyati vakillaridan Xuan Roman Ximenes, Rafael Alberti, Federiko Garsia Lorka kabi shoirlar ijodidan namunalarni o‘zbekchaga mohirona o‘girgan. Ayniqsa, shoirning Garsia Lorka she’riyatidan tarjimalari ham salmoq jihatidan, ham san’atkorlik mahorati nuqtai nazaridan e’tiborlidir…
Shavkat Rahmon dastavval rus tilidan o‘girdi. Keyinchalik esa bundan uning o‘zi ham qoniqmaydi va shoirning o‘zi shunday yozadi: “Bundan o‘n yil avval dastlabki tarjimalarim “Saylanma” nomi bilan nashr etilgani men uchun nechog‘li quvonchli bo‘lganini aytmay qo‘yaqolay. Ammo bu quvonchning umri qisqa ekan. Tez orada o‘ylab qarasam, Lorkanimas, Lorkaning tarjimalarini tarjima qilganin ayonlashdi. Rus mutarjimlari, shubhasiz, eng so‘nggi imkoniyatlarini ishlatib mehnat qilgan bo‘lsalaram, Lorka she’rlarining asl qiyofasini ko‘rish ishtiyoqida yonaverdim…” Ana shu ishtiyoq Shavkat Rahmonni ispan adabiyotining yorqin yulduzlaridan Garsia Lorka dunyosiga olib kirdi. Natijada ulkan san’at va mehnatning mevasi – “Eng qayg‘uli shodlik” kitobi nashr etildi. Albatta, tarjimaning qay darajada amalga oshirilganligi to‘g‘risida mukammal axborot berish uchun mutaxassis nafaqat o‘zbek tilini, balki ispan tilini, uning butun ohanglari bilan puxta egallagan bo‘lishi zarur. Binobarin, Shavkat Rahmonning ispanchadan o‘giriklari ilmiy bahosini berish hozircha kelajakning ishi bo‘lib turibdi. Lekin shuni tan olish zarurki, Garsia Lorka boshqa millat va boshqa dunyoning shoiri, demakki, o‘zbek kitobxoni uchun boshqacha shoir bo‘lishiga qaramay, Shavkat Rahmon tarjimalarida u bizga yaqin keladi, judayam tanish tuyuladi.
Aytilmagan
Bir qo‘shiq
Lablarimda uxlaydi hali
Aytilmagan
Bir qo‘shiq –
deya boshlanadi uning “Verlen” ismli she’ri. Quyiroqda ma’no dinamikasi kuzatiladi:
Ko‘zim ketdi, tushumda –
Aytilmagan
Bir qo‘shiq.
70-yillar avlodi she’riyati bilan yaxshi tanish bo‘lgan kishi darhol tushunadiki, bu xil she’r bizga notanish emas. Shavkat Rahmon va uning tengdoshlarining poeziyasida ayni jihatlar – hayot va insonga aloqador borliqning kutilmagan nuqtalariga e’tibor qilish, shu bilan birga g‘ayritabiiy ma’nolarni ko‘nikilmagan shakllarda berishga intilish kuchli. Demak, bu avlod va Garsia Lorka she’riyatida qandaydir uyg‘unlik bor ekanda. Demak, Shavkat Rahmon tarjima uchun duch kelgan ijodkorni emas, balki o‘z ruhiy olamiga mos shoirni tanlabdi. Shuning uchun shoiraning „Dengiz suvi manzumasi“dagi tasvirlarni mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘gira olgan.
Jilmayadi
Dengiz uzoqda.
Tishlari ko‘pikli
Moviy dudog‘i.
Adabiyotshunos Ulug‘bek Hamdam Garsia Lorka va Shavkat Rahmon ijodini qiyosiy tahlil qilib: „Ha, Garsia Lorka va Shavkat Rahmon „uchrashgan“ nuqtaning biri tabaitga muhabbat bo‘lsa, boshqasi insonga muhabbat, ya’ni ishq deb ataladi… Lorka va Shavkat Rahmonni bog‘lagan rishta aynan ularning mavzularga bo‘lgan munosabatidagi mushtaraklikdir, dunyoni badiiy mushohada qailishdagi uyg‘unlikdir“, (4, 104-105-betlar) - deb yozadi.
Shavkat Rahmonning badiiy tarjimadagi mahorati haqida so‘z yuritgan iste’dodli shoir Xurshid Davron shunday yozadi: “Shavkat Lorkadan she’rlari tarjimasi bilan juda uzoq vaqt shug‘ullandi. Dastlabki tarjimalarining ko‘pidan voz jechdi… Lorka she’rlarining asl qiyofasini faqat she’r yozilgan tilgina bera olishini anglagani uchun Shavkat ispan tilini o‘rganishga kirishdi, Ispaniyaga shafar qildi, aynan ana shu uzoq yillik mehnat va beqiyos muhabbat natijasi ularoq “Eng qayg‘uli shodlik” kitobi maydonga keldi. Kitobning nomi ham Lorkaning “Eng qayg‘uli shodlik shoir bo‘lishdir, qolgani hisobmas” degan so‘zlaridan olingan edi” (5).
Shoir o‘zbek she’riyatining yuksak darajaga ko‘tarilishi jarayonida o‘z ovozi bilan badiiy mukammal she’rlarini yarata oldiki, bu esa nafaqat adabiyotshunoslar tomonidan, bakli kitobxonlar tomonidan e’tirof etilmoqda. Ana shu jarayonning o‘ziyoq shoirning yillar osha yashab kelayotganligidan dalolat beradi.
Adabiyotlar:
1.Yo’doshev Q. Ezgu so‘zning umri. Qarang: Shavkat Rahmonni xotirlab. –Toshkent, “Sharq”, 2012.
2.Qo’chqor R, N.Boqiy. Gul qahri. Qarang: Shavkat Rahmon. Saylanma. –Toshkent, “Sharq”, 1997. 374-375-betlar.
3. Karim B. Shoirning o’tkir so’zi. www.ziyo.uz
4. Hamdam U. Yangilanish ehtiyoji. –Toshkent, “Fan”, 2007. 104-105-betlar.
5.Davron Xurshid. Uning cholg’usi – yuragi edi. www.ziyonet.uz
Download 55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling