Taqrizchilar: To‘raev H. H. – Arxeologiya va Buxoro tarixikafedrasi professori, tarix fanlari doktori Jamolova D. M


Amir Temur davrida davlat boshqaruvi. Boshqaruv asoslari


Download 356.17 Kb.
bet46/85
Sana12.10.2023
Hajmi356.17 Kb.
#1700148
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   85
Bog'liq
ma\'ruza davlatchilik

Amir Temur davrida davlat boshqaruvi. Boshqaruv asoslari. Ko‘plab yozma manbalarning ma’lumot berishicha, o‘z davrining yirik harbiy va davlat boshlig‘i bo‘lgan Amir Temur siyosiy, huquqiy asoslarga ega bo‘lgan ulkan davlat barpo etgan edi. O‘zbekiston davlatchiligi tarixining o‘rta asrlar davrida Sohibqiron Amir Temur avvalo, adolatli va qonunchilikka tayangan davlatchilik asoslarini barpo etish bilan birga davlat yaxlitligi va kuch-qudratini mustahkamlashning asosiy omili bo‘lgan kuchli mudofaa tizimi yaratdi hamda temuriylarga meros qilib qoldirdi. Amir Temur o‘z saltanatining boshqaruv tizimini yaratishda o‘sha davrning yirik va ko‘zga ko‘ringan harbiylari, amirlar va beklar, fozillar, olimu-ulamolar, o‘z pirlarining o‘gitlari hamda maslahatlariga tayangan edi. Misol uchun, “Tuzuklar”da keltirilishicha Amir Temurga piri Abu Bakr Zayniddin Toyobodiy shunday o‘git beradi: “Agar har narsani va har kimni o‘z martabasida saqlay olmasang, saltanatingga bundan ko‘p xalal va ziyon yetgay. Demak, har kimning qadr-qiymatini, tutgan mavqeini va har narsaning o‘lchovini belgilab olishing va shunga muvoffiq ish tutishing kerak.”
Shuningdek, “Tuzuklar”da yana shunday ma’lumot beriladi: “O‘zga mamlakatlarni zabt etish, ularni idora qilish, g‘anim lashkarni sindirish, dushmanni tuzoqqa tushirish, muxoliflarni ko‘nglini topib do‘stga aylantirish, do‘st-dushman orasidagi muomala, murosayu-madora qilish xususida ushbu tadbir va kengashlarni qo‘lladim. Pirim Abu Bakr Toyobodiy menga yozmishlarkim: Abdulmansur (zafarmand) Temur saltanat yumushlarida to‘rt ishni qo‘llasin, ya’ni, 1) kengash; 2) mashvaratu maslahat; 3) hushyorligu mulohazakorlik; 4) ehtiyotkorlik. Chunki kengash va mashvaratsiz saltanatni barcha qilgan ishlari va aytgan gaplari xato bo‘lgan johil odamga qiyoslash mumkin: uning so‘zlari po‘shaymonlik va nadomat keltirgay. Shunday ekan, saltanatni boshqarishda mashvaratu maslahat va tadbir bilan ish yuritgin, toki oqibatda nadomat chekib, po‘shaymon bo‘lmagaysan.”
Amir Temur va temuriylar davrida fuqarolarda davlat tomonidan o‘rnatilgan qonunlarni hurmat qilish, ularga ma’suliyatli yondashish tushunchalari shakllangan. Bu esa davlat tomonidan ilgari surilgan maqsad va g‘oyalarni amalga oshirishdagi kafolatlardan biri bo‘lib xizmat qilgan.
Amir Temur davlati markazlashgan davlat bo‘lib, butun hokimiyat davlat boshlig‘ining ixtiyorida bo‘lgan. Tadqiqotchilarning fikricha, Amir Temur davlatining boshqaruv asoslari shakllanishi rivojida kengashlar muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Vaqti-vaqti bilan muhim ijtimoiy-iqtisodiy, harbiy va siyosiy masalalarni hal qilishda katta va kichik kengashlar chaqirilib turilgan. Katta kengashlar tinchlik vaqtlarida Samarqanddagi hukmdor saroyida chaqirilgan. Unda oliy hukmdorning qarindosh urug‘lari, yuqori martaba va mavqega ega bo‘lgan ruhoniylar tabaqasining vakillari, bosh amirlar, beklarbegi, ulus, tuman hokimlari, mingboshilar, yuzboshilar, o‘nboshilar, bahodir unvoniga ega bo‘lgan harbiylar kabilar ishtirok etganlar. Ushbu kengashda mamlakat hayoti bilan bog‘liq masalalar muhokama qilingan. Kichik kengashda Amir Temur, uning o‘g‘illari, qarindoshlari, qo‘shin boshliqlari ishtirok etganlar. Unda uzoq mamlakatlarga harbiy yurishlar bilan bog‘liq masalalar hal qilingan.
Amir Temur davrida markazda hamda tobe hududlarda xon boshchiligida mukammal va puxta davlat boshqaruv apparati shakllangan. “Tuzuklar”da mukammal davlat boshqaruvini tashkil etish quyidagicha ifodalanadi:

  • davlat daxlsizligini va mustahkamligini har tomonlama muhokama qilish;

  • oliy hukmdor hokimiyatining cheklanmaganligi hamda mustaqil siyosat yurgizishi;

  • vazirlarga yuklatilgan majburiyatlar va ular bajarishi lozim bo‘lgan vazifalar;

  • markazga tobe bo‘lgan mulk(ulus)lar amirlari hamda tuman hokimlarining vazifalari;

  • oliy davlat kengashi;

  • davlat xavfsizligi va mustahkamligi, joylardagi jamoat tartibi hamda mamlakat tinchligi, osoyishtaligini saqlash;

  • muntazam qo‘shin tashkil etib, qo‘shin qo‘mondonlarini tayinlash, lavozimlarga ko‘tarish, rag‘batlantirish va ularga maosh to‘lash;

  • aholidan olinadigan turli soliqlar(zakot, xiroj va boshq.) miqdorini aniqlash;

  • harbiy yurishlarda jasorat namunalarini ko‘rsatganlarni(noiblar, amirlar , sipohiylar va boshq.) rag‘batlantirish;

  • Harbiy yurishlar va janglar paytida qo‘shinning joylashuvi va ularni ajratib turuvchi belgilar.

Shuningdek, “Tuzuklar”da Amir Temurning boshqaruv faoliyatini kuchli nazorat qilish, odamlardan unumli foydalanish, ularni o‘z atrofiga to‘plash va birlashtirish, katta-kichik tadbirlarni tashkil qilish borasida tutgan yo‘li haqidagi ma’lumotlar ham saqlangan. Bu borada manbalarda Sohibqiron tilidan shunday deyiladi: “Saltanat ishlarining to‘qqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilishini angladim. (Donishmandlar) demishlarkim, o‘z o‘rnida qo‘llangan tadbir bilan ko‘plab lashkarning qilichi ojizlik qilgan har qanday mamlakat darvozasini ochib, favj-favj lashkarni yengib bo‘lur. Tajribamda ko‘rilgankim, azmi-qat’iy, tadbirkor va hushyor, jang ko‘rgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir. Chunki tajribali kishi minglab odamga ish buyuradi... Yana mening tajribamdan o‘tmishkim, garchi ishning qanday yakunlanishi taqdir pardasi ortida yashirin bo‘lsa ham, aqli raso va xushyor kishi mulohazakorlik, tadbir va kengashga tayanishi lozim. Shuning uchun Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam aytganlaridek, har bir ishni qilishga kirishar ekanlar, avval obdon o‘ylab, (amirlarim bilan) kelishdim. Maslahatchilar va kengash ahli yig‘ilganda oldimizdagi ishlarni yahshi-yomoni, foydayu-ziyon tomonlari, ularni qilish qilmaslikdan so‘z ochib, ulardan fikr surar edim. Ularning so‘zlarini eshitgach, shuning har ikki tomonini mulohaza qilib, foyda-ziyonlarini ko‘ngilga keltirardim. Uning xatarli tomonlariga ko‘proq e’tibor berar edim. Qaysi bir ishda ikki bir xatar mavjud bo‘lsa, uni bajarishdan voz kechardim va bir xatarlik ishni ixtiyor etardim... Ishlarning barini kengash bilan yuritib, uni bitirishda to‘g‘ri tadbir qo‘llar edim. Bir ishga kirishmay turib, undan qutulib chiqish yo‘llarini mo‘ljallab qo‘yar edim. Uni to‘g‘ri tadbir, qat’iy jazm, chinlik-chidamlik ko‘rsatib, ehtiyotkorlik bilan uzoqni ko‘rib, ortini o‘ylagan holda oxiriga yetkazardim. ”

  • Zamonaviy adabiyotlarda keltirilishicha, Amir Temur o‘ziga qadar mavjud bo‘lgan davlatchilikning quyidagi sakkizta asosiga amal qildi:

  • davlat o‘z vazifasini bajarmog‘i uchun, eng avvalo, siyosiy jihatdan mustaqil bo‘lishi;

  • davlat va jamiyatning yaxlitligi buzilmasligi;

  • davlat va jamiyat muayyan bir qonunlar, trtiblar va mafkura asosida boshqarilmog‘i;

  • boshqaruvning turli tabaqalari, yo‘nalishlari, sohalarini muvofiqlashtirib turuvchi ma’lum bir tizim shakllangan bo‘lishi;

  • jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarining ahvoli davlat e’tiborida bo‘lishi;

  • fan va madaniyatning ravnaqi to‘g‘risida doimiy qayg‘urishiga davlat ahamiyatiga molik qat’iy siyosat sifatida qarash;

  • har bir davr shart-sharoiti, tartiblariga ko‘ra, davlat jamiyat ichki taraqqiyoti masalalarini tashqi dunyodagi mavjud omillardan foydalangan holda olib borishi;

  • davlat tepasidagi kuchlar o‘tmish, zamona va kelajakni teran tafakkur, mustahkam iymon, g‘oyat yuksak ma’naviyat va millatparavchilik ila anglamog‘i.

Ta’kidlanishicha, (A. Ziyo) Amir Temurning o‘zbek davlatchiligi taraqqiyoti tarixida tutgan buyuk o‘rni shundaki, u o‘zining butun faoliyati mobaynida ana shu asoslarni ro‘yobga chiqara oldi. YA’ni, Temur bir yuz ellik yil qaramlikdan so‘ng davlat siyosiy mustaqilligini tikladi; o‘z davrida mavjud sharoit, to‘ro-tuzuklar asosida jamiyat hayotini boshqarishni yo‘lga qo‘ydi; markazlashgan davlat tizimini yaratdiki, o‘z zamonasi uchun bu dunyo miqyosidagi taraqqiyparvarlar voqea hisoblangan edi; iqtisodiy munosabatlar (dehqonchilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq) rivoji uchun barcha ichki va tashqi sharoitlarni barpo etishga qattiq kirishdi; ijtimoiy munosabatlarni (soliq tizimi, mulkchilik, turli ijtimoiy tabaqalar manfaatlarini nazarga olish va hok.) muhim deb bildi; hukmronligining dastlabki kunlaridan to umrining oxirigacha fan va madaniyat ravnaqiga alohida diqqat bilan qaradi; o‘z davri shart-sharoitiga ko‘ra, tashqi siyosatida qat’iy va faol hamda maqsadga muvofiq ravishda harakat qilib, davlatni saltanat mavqeiga olib chiqdi; o‘lkani dunyoning eng buyuk va siyosiy, iqtisodiy, madaniy markaziga aylantirdi.
Shu bilan birga Amir Temur yuqoridagi sakkizta asosni yana bir to‘qqizinchi asos bilan boyitdi. U ham bo‘lsa, jamiyat rivojida barcha ijtimoiy tabaqalar faoliyatini nazarda tutish va manfaatlarini ta’minlashdan iboratdir. Amir Temur bo‘yicha bunday tabaqalar o‘n ikkita bo‘lib, ularda jamiyatning barcha tarkibiy qismlari o‘rin olgan. Bu tabaqalar quyidagilar edi:
1.Sayyidlar, olimlar va shayxlar.
2.Katta tajribaga ega ilmli kishilar.
3.Duo qiluvchi taqvodorlar.
4.Lashkarning sipohlari, sarhang va amirlar.
5.Askar va xalq ommasi.
6.Davlat boshqaruv ishlarini ipidan ignasigacha biladigan maslahatgo‘y, dono va aqlli kishilar.
7.Vazirlar, kotiblar, devon boshlig‘i.
8.Tibbiyot ahli, munajjim va muhandislar.
9.Muhaddislar va muarrixlar.
10.Tasavvuf vakillari va oriflar.
11.Hunarmandlar va san’atkorlar.
12.Ajnabiy sayyohlar va savdogarlar.
Yuqoridagi ijtimoiy qatlamlar Amir Temur davri davlatchiligini ma’muriy-boshqaruv tizimidagi tartiblr bilan aloqador holda uning harbiy-siyosiy xususiyatga ega bo‘lganligidan ham dalolat beradi.
Amir Temur va temuriylar davri davlatchiligi masalalari bo‘yicha so‘nggi yillardagi tadqiqotlar (SH. O‘ljayeva) natijalariga ko‘ra, bu davr davlat boshqaruv asoslari zamonlar sinovidan hamda, amaliyotda tajribadan o‘tgan eng afzal boshqaruv asoslarini o‘zida aks ettirgan bo‘lib, u keyinchalik ko‘plab davlatlar boshqaruvida asos sifatida tanlangan. Amir Temur va temuriylar davlat boshqaruv asoslari jamiyat va davlatni kuchli taraqqiyotga olib kelgan omillardan sanalgan. Shuningdek, bu asoslar xalqaro, siyosiy-diplomatik va savdo-iqtisodiy aloqalarning kuchayishiga xizmat qilgan. Bu davrdagi xalqaro munosabatlari va markazlashuv qoidalari muvofiqlashtirilganligi davlat boshqaruv asoslarini mustahkamlashga xizmat qilgan omillardan biri edi.
Amir Temur va temuriylar davrida yaratilgan davlat boshqaruv asoslari qonunlar ustivor bo‘lgan va fuqarolarning himoyasi, tinchligi va barqarorligi ta’minlangan jamiyat asoslarining yuzaga kelishiga katta imkoniyatlar yaratgan. Qonun ustivorligiga, adolat tamoyillariga saltanatda va tashqi munosabatlarda qat’iy amal qilingan. Amir Temur va temuriylarning boshqaruvida maslahatu mashvaratga tayanish davlatning bexato siyosat yuritishga olib boruvchi omillardan biri hisoblangan.



Download 356.17 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   42   43   44   45   46   47   48   49   ...   85




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling