Тарих назмидан тушмайдиган аём


Download 50.53 Kb.
Sana02.04.2023
Hajmi50.53 Kb.
#1319700
Bog'liq
Тарих назмидан тушмайдиган айём


TARIX NAZMIDAN TUSHMAYDIGAN AYYOM

Navro‘z-bahorgi kun va tun tengligi paytida Markaziy Osiyo va Sharq xalqlari nishonlaydigan qadimiy xalq bayramidir.


Navro‘z bayrami YUNESKO tomonidan 2009 yilning 30 sentyabr kuni nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, 2010 yilning 19 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 64-sessiyasida 21 martni “Xalqaro Navro‘z kuni” sifatida nishonlash to‘g‘risida qarorni qabul qildi. Shu tariqa Navro‘z biror bir millat yoki madaniyatning bayrami sifatida emas, balki butun insoniyat merosining bir qismiga aylanib bordi.
Bashariyat tarixida Navro‘zdan qadimiyroq bayramni topish qiyin. Uning ildizlari neolit davriga borib taqaladi. Navro‘z bayramini nishonlash odamlarning Yer, uning koinotdagi o‘rni haqida mulohaza yurita boshlagan davriga to‘g‘ri keladi. Boshqacha qilib aytganda, Navro‘z yer haqidagi dastlabki ilmiy-geografik tasavvurlar paydo bo‘lgan zamonlardan boshlab shakllangan. Bugungi kunda Navro‘zning 3 ming yildan ortiq tarixi va u bizning o‘lkamizda paydo bo‘lganligi ilmiy jihatdan isbotlangan. Abu Rayhon Beruniy, Hakim at-Termiziy, Abu Mansur Saolibiy, Johiz Basoriy, Umar Xayyomlarning tarixiy, ilmiy va adabiy asarlarida Navro‘zning kelib chiqishi, uning o‘ziga xos qadimiy meroslari to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar mavjud.
Navro‘z bayramining paydo bo‘lishi haqida ma’lumot Abdulqosim Firdavsiy o‘zining “Shohnoma” asarida yarim afsonaviy shoh Jamshid bilan bog‘laydi. Jamshid temir eritib qurol yasashni, ip yigirib kiyim tikishni, uy va hammomlar qurishni ixtiro qiladi. Nihoyat bir kuni bir taxt yasatib, unda osmonga ko‘tariladi. Bu farvardinning birinchi kuni edi. Hamma baxtiyor, g‘am-anduhni unutib, shu kungi barcha Jamshidni tabriklaydi va bayram yangi yil boshi bo‘lib an’anaga aylanib qoladi.
Umar Xayyom ham “Navro‘znoma” asarida Navro‘z nishonlanishi haqidagi rivoyatlarni podshoh Jamshid davriga taqaydi va shoh Kayumars hamal oyining birinchi kuni yil boshi hisoblansin, deb farmon berganini ham eslatib o‘tadi. Jumladan, shoh Jamshid haqida Umar Xayyom shunday deydi: “Jamshid shu kuni farvardin oyining boshi Navro‘z atalsin, deb farmon berdi va odamlarga har yili farvardinning kirishini bayram qilishni, uni yangi yil deb hisoblashni buyurdi”. Umar Xayyomning “Navro‘znoma” kitobida Navro‘z bayrami o‘tkazishning shohlar uchun maxsus tartib qoidasi bo‘lganligi haqida ham ma’lumotlar berilgan.
Unda bayram farvardinning oltinchi kuni, ya’ni katta Navro‘zga qadar davom etgan. Navro‘z bayramini o‘tkazish tartib qoidalari bo‘yicha Sosoniy podsholari 6 kunda 6 toifa xalqni qabul qilganlar va tortiqlar ulashganganlar.
Quyosh yili hisobida farvardin oyining avvalgi (22 mart) – kecha bilan kunduzning tenglashgan vaqti va kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanish, bahorning boshlanishi davriga to‘g‘ri keladi. Buni kichik Navro‘z bayrami yoki ommaviy Navro‘z bayrami deyilgan. Farvardinning oltinchi kuni esa katta Navro‘z bayrami yoki maxsus (xususiy) Navro‘z bayrami deb atalgan. An’anaga ko‘ra, kichik Navro‘z bayramidan boshlab hamma narsa amalga kiradi, deb hisoblashgan.
Navro‘z bayrami Markaziy Osiyoda islom dini qabul qilinmasdan ancha ilgari mavjud bo‘lgan. Bu haqda Abu Rayhon Beruniyning “Kitob at tavhim”(“Tushuntirish”) va “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarlarida ham ma’lumot berilgan.
Navro‘z bayramini dastlab dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘troq aholi, keyinchalik bu bayramni yarim o‘troq va ko‘chmanchi turkiy xalqlar ham bayram sifatida nishonlaydigan bo‘ldilar. Shamsiya (Quyosh) yili hisobida yilning birinchi kuni dehqonchilik ishlarining boshlanishi hisoblanadi. Xalqlar bu kunni yaxshi niyat tilagan holda, hovli-joylarni tozalash, gullar ekish, dala-dashtlarga mevali daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish ishlarini boshlashgan. Navro‘zda yaxshi bir an’ana bo‘lib, bu kunda ota-ona, yaqin qarindosh, do‘stlar, bemorlar, mahalladoshlar holidan xabar olish, marhumlarning qabrlarini ziyorat qilish kabi insoniy fazilatlar odat tusiga kirgan.
Markaziy Osiyo va Eron yerlarida zardushtiylik dini shakllangach, Navro‘zga xos urf-odat, an’analar kirgan va diniy bayram sifatida o‘tkazish odatga aylangan. O‘sha davrda zardushtiylik mafkurasiga mos keladigan kalendar ijod qilingan, uning oxirgi islohi sosoniylar sulolasidan bo‘lgan Yazdigard davrida amalga oshirilganligi uchun Yazdigard kalendari deb nomlangan.
Bu kalendar 365 kunlik quyosh (shamsiy) kalendari bo‘lib, uning 12 oyi 30 kundan 360 kun bo‘lgan, qolgan 5 kuni hech bir oyga kirmagan, bu 5 kun 21 martda keladigan yangi yil oldidan alohida hisoblangan va bu kunlarda Navro‘z oldidan ibodat qilingan hamda tayyorgarlik ko‘rishgan.
Islom dini paydo bo‘lgach, Markaziy Osiyo xalqlari, Eron, Afg‘oniston va Kavkaz xalqlari islomlashtirilgandan keyin bu kalendar amalda qolgan. Barcha islomlashtirilgan mintaqalarda islom an’anasi bo‘yicha 354 kunlik hijriy qamariy yil hisobi amalga kiritiladi, islom urf-odatlari va an’analari ana shu kalendar bo‘yicha ado etiladi. Islom dinida zardushtiylikni va uning an’anasi bilan bog‘liq bo‘lgan Navro‘zni ta’qiqlash uchun uzoq vaqt targ‘ibot olib borgan.
Zardushtiylik tugab ketgach, Navro‘zdagi zardushtiylik an’analari ham unutilgan, u faqat bahor va dala ishlarining boshlanishi. Bahorda kun va tunning tenglashishi bilan bog‘liq holda xalq bayrami sifatida saqlanib qolgan.
Navro‘z XI asrda sharq astranom munajjimlari ishlab chiqqan va amalga kiritgan 365 kunlik quyosh kalendari bo‘yicha kiritadigan yangi yilning bir kuni sifatida (bu ham 21 martdan) bayram qilinadi. Bu kalendar Malik shoh (hukmronligi (1072-1097 yillar) davrida kiritilgan, uning oylari yulduz turkumlari nomi bilan atalgani uchun “burjiy” (ya’ni, yulduz turkumlari – arabcha burj yoki hozirgi astranomik) kalendar deb nomlangan. Qadimda Navro‘z bir hafta, aniqrog‘i, olti kun bayram qilingan.
Buyuk alloma Hakim at-Termiziyning “Navro‘znoma” asarida Navro‘zning haftaning qaysi kunida kelishiga ko‘ra birorta sayyoraga taalluqliligini quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin, Navro‘z dushanba kuni kelsa, oyga taalluqli bo‘lishi va yomg‘ir ko‘p yog‘ishi, noz-ne’matlarga boy yil bo‘lishi, seshanba kuni kelsa, Mirrix (Mars)ga taalluqli bo‘lishi, chorshanba kuni kelsa, Atorud (Merkuriy)ga taalluqli bo‘lib, rohatchilik bo‘lishi, payshanba kuni kelsa, Mushtariy (Yupiter)ga taalluqli bo‘lib, ba’zi joylarda ne’matlar ko‘p, ba’zi joylarda kam bo‘lishi, qor-yomg‘ir ko‘p yog‘ishi, juma kuni kelsa, Zuhra (Venera)ga taalluqli bo‘lib, yil shodlik va farovonlik yili bo‘lishi, shanba kuni kelsa, Zuhal (Saturn)ga taalluqli bo‘lib, yomg‘ir ko‘p yog‘ishi, kuzgi ekinlarning yaxshi bo‘lishi, qish oxirida qattiq sovuq bo‘lib, qish uzoq bo‘lishi, yakshanba kuni kelsa, u quyoshga taalluqli bo‘lib, yilning farovon bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘tmishda xalqimiz yangi yilni hamal oyi bilan belgilaganlari bejiz emas. Hamal (qo‘zi) oyida qo‘ylar qo‘zilab, qurt-qumusqalar uyg‘ongan, boychechagu – gulqaroqbillar husnini ko‘z-ko‘z etgan. So‘ng ota-bobolarimiz telpagini yechib, do‘ppi kiyib, topgan-tutganlarini olib chiqib, bazm qilganlar.
Navro‘z va unda tayyorlanadigan taom turlari ko‘pgina yozma yodgorliklarda saqlanib qolgan. Muhammad Narshaxiy o‘zining 944 yilda yozgan “Buxoro tarixi” asarida Navro‘zga bag‘ishlab halim, sumalak va har xil ko‘katlardan tayyorlanadigan taomlar haqida ham to‘xtalib o‘tgan.
O‘zbek xalqi ham Navro‘zni qadim zamonlardan buyon yangi yilning boshlanishi deb quvonch bilan qarshi olganlar. Odatda, Navro‘z bayramidan 15 kun oldin bug‘doy yoki arpani undirishga qo‘yilgan va uning maysasidan Navro‘z bayrami kunlari sumalak qilingan. Sumalak saylining bayram sifatida shakllanganligi haqida turli rivoyatlar bor. Shulardan biri: dehqon olib qo‘ygan oxirgi donni tezroq ekish uchun yaxshi niyatlar bilan oldinroq ivitib qo‘yadi. Biroq birdan ob-havo buziladi. Bug‘doy idishda nish urib o‘sa boshlaydi, ob-havo yaxshilanavermaydi. Dehqon oila a’zolari och turgan paytda bug‘doyni nobud qilmaslik choralarini izlay boshlaydi. U tavakkal qilib nish urgan va ancha bo‘y ko‘targan donni qiymalaydi va xotiniga bundan taom pishirishni buyuradi. Uy bekasi uni uzoq vaqt qaynatadi. Qarangki, oqko‘ngil dehqonning niyati xolis chiqadi. Undan hidi yoqimli, o‘zi to‘yimli, mazasi esa tanovul qilgan kishining uzoq vaqt esida qoladigan darajada shirin taom hosil bo‘ladi. Bu taom borgan sari xalq o‘rtasida keng tarqalib, bahorgi eng lazzatli taomiga aylanadi. Sumalakni asosan ayollar tayyorlagan.
Yoshlar Navro‘z bayramini kechasi bilan uxlamasdan, ertak va hikoyalar aytishib o‘yin-kulgi bilan kutib olishgan. Navro‘z bayramining birinchi kuni otchopar, uloq, kurash singari o‘yinlar, o‘tkazilgan.
Yoshlar bahor haqida qo‘shiq aytganlar. Agar Navro‘z bayrami arafasida biror kishi vafot etgan bo‘lsa, dafn etish kechiktirilgan. Navro‘z bayramida motam marosimlari o‘tkazilmagan.
Navro‘z bayramida ko‘kat chuchvarasi, yalpiz, somsa kabi yangi taomlar pishirilgan. Navro‘z bayrami yangi yil bayramigina bo‘lmay, u avvalo, mehnat bayrami, dehqonchilik ishlarini boshlash bayrami ham bo‘lgan.
Mustaqilligimiz tufayli o‘tmish tariximiz qayta tiklanishi bilan bir qatorda Navro‘z bayrami ham tarix nazmidan tushmaydigan ayyomga aylandi.
Download 50.53 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling