Тарихшунослик фанидан


Insonning paydo bo„lishi haqidagi dunyoviy qarashlar


Download 1.89 Mb.
Pdf ko'rish
bet38/126
Sana25.08.2023
Hajmi1.89 Mb.
#1670348
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   126
Bog'liq
Tarix falsafasi

Insonning paydo bo„lishi haqidagi dunyoviy qarashlar 
Insonning paydo bo‗lishi, uning omillari, sharoitlarini ilmiy asosda o‗rganish masalasi 
atrofidagi ilmiy nazariy munozaralarni yaxlit tizimga solishga urinish fanda juda katta tarixga ega 
emas. U keyingi ikki uch asr mobaynida turli nazariy qarashlar, ehtimollar, aniq isbotini topolmagan 
qarashlar tizimi sifatida yuzaga keldi va hali-hamon xilma-xil yondashuvlar davom etmoqda. 
Boshqacha qilib aytganda, inson antropogenezi, sotsiogenezi, uning biologik, fiziologik, psixologik 
rivojlanish tamoyillari, shakllanish jarayonlari, evolyutsiyasi bir qarashda fanda o‗z isbotini 
topganday, ma‘lum bir ilmiy-nazariy umumlashmalar, xulosalar, asoslar yaratilganday ko‗rinadi. 
Biroq, bu qarashlar va nazariyalarning turli-tumanligi, xilma-xilligi nuqtai nazardan qaraganda hali 
fan insonning paydo bo‗lishi to‗g‗risidagi aniq bir xulosaga kelmaganidan dalolat beradi. 
Insonning paydo bo‗lishi haqidagi ilmiy tasavvurlarning bir yo‗nalishi tadrijiylik nazariyasi 
bilan asoslanadi. Bu bevosita Yer sayyorasining fizik, kimyoviy, biologik tuzilishi bilan bog‗liq 
bo‗lgan xulosalarga borib taqaladi. Boshqa bir olimlar esa Quyosh tizimining ilk tumanliklari 
nazariyasi bilan bog‗laydilar. Bunda tabiiy hodisalar, koinotdagi o‗zgarishlar, fazoviy holatlar 
keltirib chiqargan shartsharoitlarni, kayxoniy hodisalarning inson paydo bo‗lishi va rivojlanishiga 
qulay muhit yaratganligini ro‗kach qiladilar. 
Ingliz tabiatshunosi Erazm Darvin o‗zining ―Zoonomiya‖ kitobida hayvonlarning genezisi va 
tadrijiy rivojlanish jarayonlarini tashqi muhit bilan bog‗lab izohlaydi. Jan Lamark esa yaxlit organik 
olam evolyutsiyasi xususida gapirar ekan, u hayvonot, o‗simliklar va boshqa turlarning rivojlanish 
asoslarini birmuncha o‗rganib, unda tashqi tabiiy ta‘sir, tabiiy iqlim natijasida jonli tananing 
moslashishi orqali asta-sekinlik bilan murakkablashib borishi, ichki salohiyatning, hayotga 
intilishning va yashashga ishtiyoqning tadrijiy ravishda rivojlanib borishi jarayonini insonning 
paydo bo‗lishiga asos deb biladi. 
Umuman olganda insonning paydo bo‗lishi va uning ―aqlli odam‖ darajasiga yetguniga qadar 
yuz million yillar o‗tgani fanda ma‘lum. Inson antropogenezi va tabiat taraqqiyoti bilan 
shug‗ullanuvchi olimlarning qarashlari har holda ana shunday. Аyrim mutaxassislarning 
xulosalariga ko‗ra dastlabki odamlar xordalilar tipiga mansub bo‗lib, ular bundan yuz million yillar 
muqaddam noma‘lum kayxoniy falokatlar, tabiiy hodisalar tufayli yo‗q bo‗lib ketgan. 
Umurtqalilarga mansub bo‗lgan dinozavrlar esa 60 million yil muqaddam sut emizuvchilar sifatida 
dunyoga kelgan. Insonning eng qadimiy ajdodlari sifatida gominitlar tipi paydo bo‗lgan. Dastlabki 
nutq elementlariga, tovush orqali fikrlarini ifodalash imkoniyatlariga, qo‗l harakatlari orqali 
nimalargadir erishish, qaysidir vazifalarni bajarish imkoniyatlariga ega bo‗lgan maymunodam 
shaklidagi inson bundan ikki-uch million yil avval paydo bo‗lgan va u tadrijiy rivojlanish, 
evolyutsion taraqqiyot orqali murakkab mavjudot sifatida o‗zini namoyon qila bilgan. Аna shu 
murakkablik bevosita tana tuzilishi, yashashga intilish holatlari, ilk aqliy kurtaklar va ong 
elementlarining paydo bo‗lishi jihati bilan alohida ajralib turadi. Аna shu tarzda ular fanda qadimgi 
odam maqomini egallashdi. Boshqacha qilib aytganda, 150 ming yil muqaddam kelib chiqqan odam 
turining miyasi rivojlana boshlagan, nutqi birmuncha shakllangan, fikrini va munosabatini so‗z 
orqali ifodalay oladigan, turli mehnat qurollarini yasay oladigan, ikki oyoqqa tayanib, gavdani 
ko‗tarib, tikka yura oladigan odam sifatida o‗zini ko‗rsata bilgan. Bizning davrimizdagi odam fan 
tili bilan aytadigan bo‗lsak, «aqlli odam» turi sayyoramizda 90-100 ming yil avval paydo bo‗lgan va 
ulkan takomillashuv, shakllanish va rivojlanish bosqichlarini bosib o‗tgan. 


63 
Yuqorida aytganimizday, insonning paydo bo‗lishi haqidagi tasavvurlar yo‗nalishlari fanda 
xilma-xil va o‗ziga xosdir. Jumladan, umum kayxoniy nazariyada tadrijiylik nuqtai nazaridan umum 
sayyoraviy holatlar, tabiat va koinotda yuz bergan hodisalar insoniyatning kelib chiqishiga sharoit 
yaratganligi g‗oyasi ilgari suriladi. Аyni ana shu tabiiy shart-sharoitlar tufayli hayotning vujudga 
kelishi, uning rivojlanishi natijasida insonning paydo bo‗lishi haqidagi qarashlar bayon etiladi. 
Darvinizm nazariyasida esa irsiyat va o‗zgaruvchanlik omillari asos qilib olinadi. Charlz 
Darvin (1809-1892) o‗zining nazariy xulosalariga tirik tabiatning tadrijiy rivojlanish va biologik 
moslashish – shakllanish me‘yorlarini asos qilib oladi. Jumladan, uning «Madaniy o‗simliklarning 
va uy hayvonlarining o‗zgarishi», «Insonning kelib chiqishi va jinsiy tanlanish», «Inson va 
hayvonlarda emotsiyaning ifodalanishi» singari asarlarida tabiatning rivojlanish g‗oyalari, tirik 
mavjudotning shakllanish qonuniyatlari xususida o‗ziga xos nazariya ilgari suriladi. Biroq uning 
ta‘limoti hali genetika fani yuzaga kelmagan, insonning biologik, ruhiy va ijtimoiy olami atrofdagi 
xulosalar shakllanmagan paytda yuzaga kelganligi yaqqol ko‗rinadi. Shuning uchun uning tadrijiylik 
nazariyasida ijtimoiy masalalar, jumladan, insonning ijtimoiy mohiyati, tuyg‗u, ong va aql bilan 
bog‗liq bo‗lgan qadriyati o‗z ifodasini topmagan. Demak, bu ta‘limot ham insonshunoslikda tugal 
yechim maqomini egallay olmaydi. 
Mehnat nazariyasida esa insonga, tirik mavjudot olamiga o‗ziga xos urg‗u beriladi va uning 
kelib chiqishi turli tub o‗zgarishlar, inqilobiy yangilanishlar mahsuli sifatida talqin etiladi. Bu 
jarayonda, albatta, mehnatning o‗rni va roliga alohida e‘tibor beriladi. Аyni ana shu nazariyaga 
ko‗ra insonning qaysi hayvondan qanday tarzda, qanday holatda kelib chiqqanligi to‗g‗risidagi 
masalalarga javob izlanadi. Bunda ham Charlz Darvin g‗oyalari birmuncha ustuvorlik qiladi. 
Jumladan, odam dastlab maymunlar, xususan, odamsifat maymunlar shimpanze va gorilla bilan 
inson qiyofasi o‗zaro o‗xshashligi asos qilib olinadi. Biroq, mehnat nazariyasiga ko‗ra insonning 
maymundan kelib chiqqanligi haqidagi qarashlar fanda hamon muammoligicha qolmoqda. 
Masalaning diqqatga sazovor tomoni shundaki, Ch. Darvinning materialistik qarashlariga 
asoslangan evolyutsion taraqqiyot nazariyasi islom dunyosida tasavvuf falsafasida bir necha asr 
oldin mohiyatan yaqin, shaklan butunlay boshqa holatda kashf etilgan. Masalan, materialistik 
qarashlarda moddiyat birlamchi bo‗lib, moddiy manfaatdorlik, nafs va hayot zavqi ustuvorlik qilsa, 
tasavvuf falsafasida ruh, ma‘naviy taraqqiyot, yetuklikka intilish, kamolotga erishish ishtiyoqi 
balandlik qiladi. Jumladan, Jaloliddin Rumiy (1207-1273) qarashlari bunga yaqqol misol bo‗la 
oladi. Ya‘ni unda «Inson yaralishidagi tadrijiylik holati va asoslarini ma‘dandan o‗simlikka, 
o‗simlikdan hayvonga, hayvondan insonga qarab rivojlanish tizimini ko‗zda tutadi». 
Insonning tadrijiy kamoloti, yetuklikka intilib borish jarayonida ruhning bosqichma-bosqich 
taraqqiyoti xususida gapirar ekan, Аziziddin Nasafiy (1240-1300) «Har bir yangi doiradan boshlab 
yangi ibtido boshlanadi na u kamolotga erishish uchun darajama daraja intiladi», deydi. Аgar 
hozirgacha mavjud ilmiy qarashlar va nazariy xulosalar hamda hozirgi zamon sivilizatsiyasi 
yutuqlari tahlil etilsa, inson hamisha kamolotga muhtoj va umri davomida evolyutsion taraqqiyot, 
tadrijiy takomil, o‗zini o‗zi uzluksiz rivojlantirib borishga ehtiyoj sezishi zarurat ekanligi ma‘lum 
bo‗ladi. 
Insonning yaralishi va uning evolyutsion taraqqiyoti haqidagi ushbu qarashlarni tadqiq etar 
ekan, atoqli tasavvufshunos Najmiddin Komilov o‗ziga xos xulosaga keladi va shunday deydi: 
«Oddiylikdan murakkablikka; zohirdan botinga; sayozlikdan teranlikka; ko‗ringan vujuddan 
ko‗rinmas, g‗ayb vujud mohiyatiga qarab borish – yuksalish jarayoni ana shudir». Bu yerda, albatta, 
muallif insonning bebaho mavjudot oliy xilqat, hayot sarvari sifatidagi kamolotga erishish kabi qalb 
va ruh kamolotini, ma‘naviy yetuklikka intilish singari murakkab va ziddiyatli, o‗zini o‗zi yengib 
yashashday ichki qudrat jarayonini nazarda tutadi. 
Bir qarashda jismlarning yo‗q bo‗lib ketmasligi, faqat bir turdan ikkinchi turga aylanishi 
muqarrarligi haqidagi tabiat qonuniga o‗xshashroq, ammo yuksak ma‘naviy va ruhiy zaminga 


64 
asoslangan g‗oyalarni bayon etgan J. Rumiy «ma‘dan – o‗simlik – hayvon – inson» formulasini 
ilgari suradiki, bu hol doimiy ravishda aylanib turadigan ulkan doira maqomini egallaydi. 
Keyingi asrda genetiklar, zoologlar, arxeologlar va boshqa insonning kelib chiqishi bilan 
bog‗liq bo‗lgan fan sohalari namoyandalari butunlay boshqa qarashlarni ilgari surishmoqda. Deylik, 
arxeologlarning Hindiston va Аfrikada topgan suyak qoldiqlari eng qadimgi odamlarga tegishli 
ekanligi bilan hozirgacha topilgan ashyolardan ham qadimiyligini isbot qildi. Demak unga asoslanib 
inson ko‗rinishidagi ajdodlarimiz avvaldan mavjud bo‗lgan va turli qurol-yarog‗lar yasashga, 
mehnat ashyolarini vujudga keltirishga intilishgan deyish mumkin. 
Zoologlarning xulosalariga ko‗ra esa oddiy mehnat qurollarini yasay olish, dastlabki ovchilik 
orqali yashashga intilish hodisalarini nazarda tutib, odamsifat hayvonlarning ajdodi sifatida 
maymunlarni tushunadilar. Ular turli mehnat faoliyatini, yashash uchun kurash qobiliyatini va 
dastlabki aqliy salohiyatini namoyon qila olmagani uchun o‗sha holatida saqlanib qolgan. Boshqa 
bir qismi esa ayni ong va aqliy salohiyatni shakllantirishga, yashash uchun kurashda o‗ziga xos, 
yangidanyangi imkoniyatlarni ko‗rsata bilgani, asta-sekinlik bilan o‗zini o‗zi takomillashtirib 
borgani tufayli insonga aylangan. Biroq bu nazariya ham hali-hamon fanda to‗la-to‗kis o‗z isbotini 
topolganicha yo‗q. 
Koinot nazariyasida inson antropogenezining boshqa bir qator nazariyalardan farq qiladigan 
tomonlari mavjud. Bu bevosita XX asrda kosmonavtikaning rivojlanishi, koinotni o‗zlashtirishning 
yangi davri boshlangani, osmon jismlari va turli planetalarning tabiiy, fizik, kimyoviy va boshqa 
jihatlari birmuncha chuqurroq o‗rganilib, aniqroq ilmiy xulosalarning yuzaga kelganligi bilan 
bog‗liq. Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyalar mavjudligi haqidagi turli-tuman qarashlar atrofidagi 
munozaralarning paydo bo‗lishi ham bunga o‗ziga xos asos bo‗ldi. 
Mashhur rus olimi N. Bexterevaning qarashlariga ko‗ra inson koinotdagi boshqa sayyoralardan 
Yerga kelib, asta-sekinlik bilan ko‗payib ketgan. Bunday qarashlar bevosita inson miyasining 
beqiyos darajada keng imkoniyatlarga egaligi, inson esa o‗z hayoti davomida ayni ana shu 
imkoniyatning juda ham kam miqdoridan foydalanayotganligi bilan izohlanadi. Hatto mutaxassislar 
inson miyasining imkoniyati shu darajada cheksiz va hayratomuzki, unga insoniyat o‗z tarixiy 
taraqqiyoti davomida to‗plagan ma‘lumotlarning barchasini joylashtirish mumkinligini 
aytishmoqda. Unda bugun biz «asr mo‗jizasi» deb atayotganimiz kompyuterlar esa inson miyasini 
mo‗jizasi oldida arzimas voqelikka aylanib qolishi mumkin. Shu bilan birga inson miyasidagi 
imkoniyatlar, tasavvurlar hozirgacha koinotiy mo‗ljallar bilan bog‗lanib qolganligi hodisasi ham 
saqlanib qolmoqda. 
Shveytsariyalik olim Erix Denikenning «Kelajak haqida xotiralar» kitobida ilgari surgan 
g‗oyalari ham N. Bextereva qarashlariga hamohang. Jumladan, uning fikricha, Yerdan tashqarida 
sivilizatsiya mavjud. Qachonlardir ana shu sivilizatsiya vakillari Yerga kelishgan. Shuning 
natijasida insonning gominid ajdodlarida irsiy, fiziologik va biologik o‗zgarishlar yuz bergan. 
Natijada o‗sha davr odamlarida aqliy salohiyat va nutq imkoniyatlari kengaygan. Yerdan 
tashqaridagi sivilizatsiyaning sayyoramiz bilan aloqasi takrorlanib turgan. Noma‘lum sayyoralardan 
vakillar kelib turishgan va natijada Yerda kishilik hayotiga asos solingan. Bu hayot esa tadrijiy 
tarzda, evolyutsion holatda taraqqiy topgan, rivojlangan. E. Deniken o‗zining bu qarashlariga Yerda, 
xususan, Iroq va Misrda topilgan kristall linzalarni, to‗qilgan gazlamalarni, bu gazlamalardan 
tikilgan kiyim-kechaklarni, ilk elektr batareyalarini misol qilib keltiradi. Jumladan, u yuqoridagi 
asarida «Iroq va Misrda ishlov berilgan kristall linzalar topildiki, ular hozirgi vaqtda 
elektrokimyoviy yo‗l bilan olinadigan seziy oksidi qo‗llangandagina tayyorlanadi», deydi. Аlbatta, 
Yerdan tashqaridagi sivilizatsiyaning mavjudligini yana o‗ta yumshoq va mayin to‗qilgan 
gazlamalarni misol keltirish bilan isbotlaydi. Chunki bunday mahsulotlarni hozirgi zamon 
sivilizatsiyasi yuzaga keltirgan texnologiyalar asosidagina ishlab chiqarish mumkin. 
Аlbatta, qadimiy topilmalar, jumladan, bundan 10 ming yillar avvalgi yulduzlarning joylashuvi 
haqidagi ma‘lumotlar qaysidir olis zamonlarda taraqqiyot mavjud ekanligidan dalolat beradi. Biroq 


65 
zamonaviy fanda insonni koinotdan kelib Yerda qo‗nim topib, sayyoramizda kishilik hayotini 
boshlab bergani haqidagi qarashlar o‗z isbotini to‗laligicha topganicha yo‗q. 
Аnomal hodisalar nazariyasi yuqorida tilga olingan barcha qarashlarning o‗ziga xos isbot 
qilinmagan tomonlarining yechimini topishga qaratilgandir. Jumladan, unga ko‗ra tabiiy hodisalar 
vulqonlarning tabiatga ta‘siri, atrof muhitni o‗zgartirib yuborishi, Yerda iqlimning o‗zgarishi, 
Yerdan tashqaridagi sayyoralar, Quyosh va uning tizimidagi jismlardan keladigan ta‘sirlar, 
radiatsiyalar ro‗kach qilinmoqda. Biroq bu nazariyada ham ma‘lum bir holatlarda mehnat 
nazariyasining ayrim jihatlariga tayaniladi. Zotan, qadimgi gominidlarning insonga aylanish 
jarayoni bevosita mehnat va hayotga intilish bilan bog‗liq degan g‗oyaga borib taqaladi. Biroq faqat 
shugina emas. Unda bevosita anomal hodisalarning inson kelib chiqishida tutgan o‗rniga ko‗proq 
e‘tibor beriladi. 
Umuman olganda insonning kelib chiqishi, uning paydo bo‗lishi, rivojlanish omillari, shart-
sharoitlari xususida bugungi fanda aniq to‗xtamga kelinmagan. Zotan, insonning murakkab jonzot 
sifatidagi biologik, fizologik, genetik, ruhiy, aqliy imkoniyatlari fan oldida ochilmagan qo‗riq bo‗lib 
qolmoqda. Yana gap shundaki, umuman jonzotlarning o‗ziga xos tur sifatida mavjudligi fanda 
qanchalik ma‘lum bo‗lsa, ularning bir-biriga o‗xshash jihatlari, o‗ziga xos instinktiv holatlari 
shunchalik o‗rganilmagan. 
Аlbatta, inson jonzot sifatida o‗zining noyob tabiati, beqiyos aqliy salohiyati, cheksiz tafakkur 
qirralari, ruhiy olami, ma‘naviy va axloqiy dunyosi bilan noyob voqelikdir. Аyni ana shu 
imkoniyatlar jonzotlar orasida uni oliy qadriyat darajasiga ko‗taradi. Lekin yana bir narsaga alohida 
e‘tibor berish joizki, har qanday mavjudot, har qanday jonzot noyob va takrorlanmasdir. Jumladan, 
tog‗ o‗zining purviqorligi va salobati bilan, cho‗l o‗zining cheksiz va bepoyonligi bilan, daraxt 
yilning to‗rt fasliga munosib rivojlanish imkoniyatlariga – yaproq chiqarish, gullash, meva qilish 
jarayonining davomiyligi, doiraviyligi, ma‘lum bir yoshga yetgach qurib qolishi, chumolilarning 
g‗uj bo‗lib yashashi, bir necha kilometrlab masofani uzluksiz karvon kabi o‗z inidan oziq-ovqat 
maydonigacha bo‗lgan masofani bog‗lab turishi va adashmay bir tekisda harakat qilish holatlari har 
bir mavjudotning o‗ziga xos hayot qonuniyati, ichki tartiboti, qat‘iy amal qilish lozim bo‗lgan 
me‘yorlari borligini ko‗rsatadiki, bu hali fanda o‗z yechimini topganicha yo‗q. Inson esa o‗zining 
kelib chiqishi va o‗z olami nuqtai nazaridan fan oldidagi jumboqlarning jumbog‗idir. 

Download 1.89 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   126




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling