Tarix va yuridik fakulteti «arxeologiya va buxoro tarixi» kafedrasi
Aleksandr Makedonskiy davrida asos solingan shaharlar
Download 368.53 Kb.
|
ma\'ruza davlatchilik (2)
Aleksandr Makedonskiy davrida asos solingan shaharlar. Ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, Aleksandrning shaharsozlik faoliyati katta ahamiyatga egadir. Plutarx bergan ma’lumotlarga ko‘ra u 70 dan ziyod shaharlarga asos solgan. Arxeologik tadqiqotlar natijalari esa boshqacharoq xulosalar beradi. Shuning uchun ham Aleksandrning shaharsozlik faoliyati xususidagi ilmiy bahslar hano‘zgacha davom etmoqda.
Jumladan, V.Tarn, A.Shofman va ba’zi bir boshqa olimlar bu raqamga shubha bilan qaraydilar va u ancha oshirib ko‘rsatilgan degan fikrni ilgari suradilar. V.Tarnning hisob-kitoblariga qaraganda, Aleksandr o‘ntadan ortiq, aniqrog‘i, 13 ta shaharga asos solgan. Bu jarayonda u Tigr daryosining sharqiy tomonida shaharlar asos solishga alohida e’tibor bergan. «История таджикского народа» kitobining birinchi nashrida ham mazkur masala xuddi shunday talqin qilingan. Ammo, G.A.Koshelenko tomonidan amalga oshirilgan yozma, arxeologik va epigrafik ma’lumotlarni qiyosiy tahlil asosida o‘rganish V.Tarn va uning tarafdorlari xato qilganliklarini ko‘rsatdi. Arxeologlar hali yunon-makedon shaharlarining hammasini kashf etmaganliklari, ko‘pgina hududlar arxeologik jihatdan yaxshi o‘rganilmaganini e’tiborga olsak, kelgusida antik an’analarni tasdiqlovchi qo‘shimcha ma’lumotlar olish mumkin. G.A.Koshelenko shunday xulosaga keladi: «umuman olganda, yunon-makedon istilosining ko‘lamiga nisbatan antik an’anani qabul qilish mumkin. U ancha katta bo‘lgan va bu yerda asos solingan shaharlar soni bir necha o‘ntaga yetgan». Strabonning ma’lumotlariga ko‘ra, Aleksandr Baqtriya va Sug‘diyonada 8 ta shaharga, Yustinning ma’lumotlariga qaraganda esa 12 ta shaharga asos solgan. Ammo, bu ma’lumotlar arxeologik tadqiqotlar ma’lumotlari bilan tasdiqlanmagan va ko‘pgina ilmiy munozaralarga sabab bo‘lganki, bu alohida mavzu hisoblanadi. Biz O‘rta Osiyo hududlarida Aleksandr Makedonskiy uchta: Oks Aleksandriyasi, Aleksandriya Eskata (Chekkadagi Aleksandriya) va Marg‘iyonadagi Aleksandriya shaharlariga asos solganligi haqida ma’lum ma’lumotlarga egamiz. Bu ma’lumotlarni qisqacha tahlil etamiz. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra Oks (Amudaryo) bo‘yidagi Aleksandriya turli sharoitlarni hisobga olib bunyod etilgan. Ushbu ko‘hna shahar Sharqiy Baqtriyaning muhim markazlaridan biri bo‘lishi lozim edi. Shahar bir tomondan, bu hududlardagi yunon-makedon hokimiyatining tayanch nuqtasi bo‘lib, serhosil Baqtriya tekisligini Badaxshondagi tog‘liklardan (sharqiy yo‘nalishda) himoya qilsa, ikkinchidan, tog‘li vohalar orqali shimoli-sharqdan keluvchi ko‘chmanchilardan himoya qilgan. Undan tashqari, Oksdagi Aleksandriya foydali qazilmalarga nihoyatda boy bo‘lgan (temir, mis, oltin, lojuvard va b.) Badaxshonga ketuvchi yo‘lni ham nazorat qilib turgan. Shaharga asos solinishi uchun ikkita daryoning qo‘shilish (Amudaryo va Ko‘kcha) joyi bo‘lgan qo‘lay joy tanlangan. Bu joyda baland tabiiy tepalikning borligi ham muhim bo‘lib, uning ustiga shahar akropolini qurish imkoniyati bor edi. Shuningdek, shaharning qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan ta’minlab turuvchi juda katta serhosil tekislik (10.000 gektarga yaqin)ka tutashib ketganligi ham iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlar edi. Ko‘hna shahar tekislikda ham, daryo bo‘ylab ham mustahkam devor bilan o‘rab olingan. Akropol (yuqori shaharda)da turar-joylar yo‘q. Bu yerda aftidan o‘lchamlari jihatdan uncha katta bo‘lmagan 2 ta qal’a, garnizon harbiylari uchun kichik va oddiy binolar va eroniylarga xos altar joylashgan. Barcha turar-joylar va jamoat inshootlari pastki shahar hududida joylashgan. Tadqiqotchilar shahar qiyofasini belgilab beruvchi quyidagi omillarni ajratadilar: shahar paydo bo‘lishining «mustamlakachilik» xususiyati, chunki shahar yunon-makedonlar Baqtriyani bosib olishi natijasida paydo bo‘lgan edi; unda podsho qarorgohining mavjudligi; shaharning yirik viloyat markazi sifatidagi o‘rni. Umuman olganda, ko‘hna shahar tuzilishi va saroy me’morchiligi yunon uslublarini elsatsada, aslida uning tuzilishida qadimgi Sharq an’analari ustunlik qiladi. Qadimgi Farg‘ona va Ustrushona chegaralarida, Sirdaryo bo‘yida, hozirgi Xo‘jand hududlarida mil. avv. VI-V asrlarda manzilgoh paydo bo‘ladi. Bu yerdan himoya devorlari va shahar qurilishining qoldiqlari ochib o‘rganilgan. Tadqiqotchilarning fikricha, keyinchalik bu shahar Aleksandr tomonidan bosib olinadi va uning o‘rniga Chekkadagi Aleksandriya bunyod etiladi. Ko‘hna shaharning qal’asi paxsadan qad ko‘targan alohida devor bilan o‘rab olingan. Ko‘hna shahar antik davr an’analari asosida qad ko‘targan. Shaharning pastki qatlamlarida qurilish izlari yaxshi saqlanmagan. Mil. avv. IV-III asrlar qatlamlarida turar-joylar, xo‘jalik xonalari, harbiylar boshpanalari ochib o‘rganilgan. Bu shahar Aleksandrning Sirdaryo bo‘ylaridagi tayanch nuqtasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Arxeologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Ahamoniylar davridayoq «Marg‘iyona shahri» mavjud edi. Bu davrda Marv vohasidagi Erkqal’a maydoni 1800x500 metr bo‘lgan shahar tipidagi yodgorlik bo‘lgan. Govurqal’a hududlari ham aynan mana shu davrda o‘zlashtiriladi. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bu yodgorlik o‘sha davrdayoq shahar xususiyatiga ega bo‘lib, butun vohaning markazi edi. Davr oxirlariga kelib ko‘hna shahardagi hayotning faolligi kuchayadi. Govurqal’a ko‘hna shahri hududining shimoli-sharqiy va markaziy qismlaridagi madaniy qatlamlar jadallik bilan to‘lib boradi. Tadqiqotchilarning fikricha, aynan mana shu aholi punkti makedoniyalik Aleksandr yurishlari davrida yunon-makedon qo‘shinlari tomonidan egallanadi. Kursiy Rufning Aleksandr, «Ox va Oks daryosidan o‘tib Marg‘iyona shahriga keldi», degan xabari aynan mana shu aholi punktiga taaluqli deb hisoblanadi. Arxeologik ma’lumotlar natijalariga ko‘ra, ushbu shaharning bo‘ysundirilishi tinchlik xususiyatiga ega bo‘lib, urbanizatsiya jarayonlariga ta’sir etmagan. Aynan mana shu shahar qayta nomlanib Aleksandriya nomini olgan. Tadqiqotlar natijalaridan xulosa chiqaradigan bo‘lsak, Aleksandr tomonidan asos solingan punktlar – shaharlar yoki mustahkamlangan qal’alar bo‘lgan. Aleksandr shahar manzilgohlarida aholini aralashtirish siyosatini izchil amalga oshirgan. Ular ayrim hollarda polis tuzilishiga ega bo‘lsada – shaharni giparx yakkaboshchilik asosida boshqargan. Uni podshoning o‘zi tayinlagan va amaldan tushirgan. Umuman olganda bu ko‘hna shaharlar O‘rta Osiyo urbanizatsiya jarayonining rivojlanishiga katta turtki berganligini e’tirof etgan holda, Aleksandr yurishlariga qadar ham bu hududlarda yuksak shaharsozlik madaniyati mavjud bo‘lganligini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir. Download 368.53 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling