Tarixi muhammadiy
Download 5.12 Kb. Pdf ko'rish
|
www.ziyouz.com kutubxonasi 122 — Meni Alloh taolo olam xalqini haq dinga chaqirmoqqa, alarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmoq uchun yubordi. Men Alloh tomonidan butun xalq uchun rahmat keltirdim. La’nat o‘qib, odam bolalarini o‘ldirmak uchun kelganim yo‘q, — dedilar. So‘ngra «Allohummahdi qovmiy vag‘firlahum, fainnahum la ya’lamun». Ya’ni: «Ey bor Xudoyo, qavmimni haq yo‘lga solgin, yozuqlarini kechirgil, chunki ular bilmaydilar», deb duo qildilar. Bu Uhud urushida bir necha sahoba xotunlar ham urushga qatnashgan edilar. Alardin biri Ummu Ammora otliq bir xotun erdi. Bu xotun ersa, eri Zayd ibn Osim va ikki o‘g‘li bilan to‘rt kishi bo‘lib, urushga kirdilar. Bular haqida Rasululloh «Rohima kumullohu ahlal bayti», ya’ni, «Alloh taolo barcha oilalaringni rahmat qilsin», deb duo qildilar. Ummu Amora buni anglab: — YO Rasululloh, yana duo qilgaysizkim, jannatda siz bilan birga bo‘lgaymiz, — dedi. Anda Rasululloh: — Ey bor Xudoyo, bularni jannatda menga rafiq qilgaysan, — dedilar. Rasulullohdin bu so‘zni onglagach: «Endi dunyoda nima musibat ko‘rsam parvoyimga kelmas», deb mardonalardek urushga kirdi. Rasulullohning oldi-orqa, o‘ng-so‘llaridan hech ajralmay yurib urushdi. Va shul kuni o‘n ikki joyidan yaralandi raziyallohu anho. Yana bu g‘azotga kirgan xotunlarning birisi Ummu Ayman Barakadur. Bu xotun ersa, Rasulullohni kichikliklarida ko‘tarib boqqan, otalari Abdullohdin meros qolgan dodaklari erdi. Rasululloh buni asrandi o‘g‘illari Zayd ibn Horisaga nikohlab berdilar. Bundan Usoma ibn Zayd tug‘ildi. Mu’ta g‘azotida besh ming askarga bu o‘g‘ilning otasi Zaydni bosh qo‘mondon qilgan edilar. Bu muborak xotun yaradorlarga suv bermak niyati bilan Madinadan chiqayotganlarida, Uhud urushidan qochquvchilarga qarshi keldi. Alarning yuz-ko‘zlariga qum tuproqlar sochib: — Ey o‘limdan qo‘rqqan nomardlar, Rasulullohni dushmanlar qo‘liga qoldirib, uyalmay nechuk kelursiz, yo‘q ersa, xotunlardek egirchak olib egiringlar, qilich-nayzalaringizni biz xotunlarga topshiringlar, — deb shundoq so‘zlar bilan alarni qattiq uyaltirdi. O‘zi Uhud maydoniga qarab jo‘nadi, ko‘rdiki, bu urush musulmonlar ziyoniga aylanibdur. Rasulullohning vujudi-shariflari, bosh-oyoqlari degudek, bir qancha joylari yaralanibdur, buni ko‘rib, toqat keltirolmay, qilich olib urushga kirdi. Kofirlar tomonidan Habbob degan kishi bu muborak xotunni nishonga olib o‘q otdi, arablar odaticha, xotun va bolalarni o‘lja olish bo‘lsa ham, alarni urish, o‘ldirish yo‘q edi. Ammo ul nomardning otgan o‘qi Ummu Aymanga kelib tegib, yiqildi. Bu qilgan ishiga maqtanib, u kofir qattiq kuldi. Rasululloh buni payqab turgan edilar. Bu holni ko‘rib, qattiq xafalandilar. YOnlarida o‘q otib turgan Sa’d ibn Abi Vaqqosga uchida tig‘i yo‘q quruq yog‘och o‘q olib berdilar va: «Buning bilan u kofirdan Ummu Ayman qasosini qaytargil» dedilar. So‘ngra Sa’d ibn Abi Vaqqos tig‘siz yog‘och o‘qni unga qaratib otgan edi, xato qilmay, bo‘g‘iziga tegib, shul onda yiqildi. Buning chalqancha tushib yiqilganini ko‘rib, Rasululloh ham kuldilar. Bir zum ilgari Ummu Ayman yiqilganida bu kofir xush bo‘lib kulgan edi, xiyol o‘tmay bu ish o‘z boshiga tushdi. Buni ko‘rib Rasululloh: — Ey bor Xudoyo, Ummu Ayman qasosini Sa’d qaytardi, aning duosini sen har vaqt ijobat qilgil, — dedilar. Shuning uchun bu duo barakotidan Sa’d ibn Abi Vaqqosning duolari hamisha maqbul edi. Ma’lumdurki, ushbu Uhud urushida dushmanlarning soni o‘n mingga yaqin edi. Bularga qarshi qo‘yilgan islom qo‘shini mingga yetmas edilar. Yuqorida aytilishicha, urush boshlanishi bilan musulmonlar g‘alaba qozongan bo‘lsalar, o‘zlari sabab bo‘lib, bu g‘alabani qo‘ldan chiqardilar. Mana shuncha ko‘p dushman askarlari ichida qancha bahodirlar bor ersa, barchalari Rasulullohni o‘ldirmak qasdida ustilariga hujum qilishib ko‘rdi. Lekin, Alloh taolo Payg‘ambarimizni saqlab, alardin hech birlari maqsadlariga yeta Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 123 olmadi. Va bir necha sahobalardin boshqalari, ayniqsa, yuqorida nomlari yozilmish o‘n to‘rt odam o‘limga bosh bog‘lab, jonbozlik bilan Rasulullohni dushmandan qo‘riqladilar. Haqiqatda esa «Vallohu ya’simuka minannas», ya’ni, «Alloh taolo seni dushmanlardan saqlaydi», degan oyat nozil bo‘lib, shuning mazmunicha, alarning yomon qasdidan Payg‘ambarimizni Alloh o‘zi asradi. Bu oyat ifoda qilgan Allohning va’dasi chin bo‘ldi. Rasulullohning muborak mengzalari (yuzlari) qattiq yaralangan edi. Dushmanlardan Ibn Qam’aning otgan toshi yuzlariga tegib, buning zarbidan dubulg‘a halqasi yuz suyaklariga botib ketdi. Hazrati Abu Ubayda bu halqani chiqarmoqchi bo‘lib, qo‘llari bilan chiqarolmay, tishlab tortganlarida, oldingi ikki tishlari qo‘mirilib ketdi. muborak yuzlaridan va tishlaridan to‘xtamay qon oqqali turdi. Lekin Rasululloh yerga oqib tushgali qo‘ymay, surtib turdilar. Buning sababi, «Agar qonim yerga tomsa, bularga osmondin balo azobi tushgay», dedilar. Shu chog‘da Rasulullohga qattiq chanqoqlik paydo bo‘ldi. Buni bilib, Hazrati Ali qalqonlarini to‘ldirib suv keltirdilar. Uzun turib, suvning rangi o‘zgarib qolganlikdan uni ichmadilar. Darhol Muhammad ibn Maslama qayerdandir bir idishda toza suv keltirdi. Undin qonib ichib, haqqiga duo qildilar. Shu orada hazrati Fotima boshliq bir necha Madina xotunlari kelishdi. Rasulullohni bu holda ko‘rishib xotunlar yig‘lashib ketdilar. Rasulullohning bosh-ko‘zlarini qonga bo‘yalganini ko‘rib, hazrat Fotima chiday olmay, Rasulullohni quchoqlab ko‘p yig‘ladi. So‘ngra Hazrati Ali suv quyib, qonlik yaralarini yuvdilar. Yaralarining og‘zi ochilib ketganlikdan, qaytadan qon oqa boshladi. Buni ko‘rib, Fotima, kuydirgan bo‘yraning kulini yaralariga sepdi. Shu bilan qon to‘xtadi. Yana shu o‘rtada dushmanlardan bir bo‘lak kishilar tog‘ ustidan ko‘rinish qilib, maqsadlari shul tomondan hujum qilmoqchi edilar. Rasululloh alarni ko‘rib: — Ey bor Xudoyo, kofirlar mo‘min qullaringni yengib, alardin yuqori turmoqlari loyiq bo‘lmagay, Sening yordaming bilan har vaqt quvvat topgaymiz, yo‘q ersa, bular bilan urushmoqqa bizda kuch yo‘qdur, — dedilar. Buni onglab, Hazrati Umar boshliq bir necha muhojir sahobalar alarga qarshi chiqib, tog‘ ustidan qo‘g‘lab tushdilar. Mana bu oyat shu chog‘da nozil bo‘ldi: «Vala tahinu vala tahzanu va antumul a’lavna inkuntum mu’minin», ya’ni, «Ey mo‘minlar, bo‘shashmanglar, qayg‘urmanglar, albatta, sizlar ustundursizlar, agar chin mo‘min ersanglar», demakdur. Bu oyat mazmunida mo‘minlar uchun bek ulug‘ bashorat bordur. Chunki buning mazmunicha, har vaqt ustunlik va g‘olibiyat haqiqiy mo‘minlarga xos sifatlardandur. Chunki bu dunyo maydoni bo‘lsa, mo‘minlar uchun sinash o‘rnidur. Alloh taolo mo‘minlarni urush kunlarida gohi yengish, gohi yengilish bilan sinab boqadur. Agar musulmonlar chin mo‘minlik maqomini saqlay olsalar, har ishning sababini o‘z o‘rnida qilsalar, eng so‘ngi g‘alabani qozonishlarida hech shak-shubha yo‘qdur. Yuqorigi oyat ustiga mana bu hadis bordurkim, Rasululloh aytdilar: «Al-islamu ya’li vala yu’la», ya’ni «Islom ustun bo‘lur, ostin bo‘lmas, g‘olib kelur, mag‘lubiyatda qolmas» demakdur. Endi yuqorida aytilmish oyat, hadisdan chiqqan ma’noga qaralsa, qullikda qolgan, butun huquqlaridan ajrab, asoratga tushgan musulmonlar haqida qandoq hukm chiqarsa bo‘lur. Tushungan har bir odam buni o‘zi bilur. Yana maqsadga kelaylik. Rasululloh urushda olgan jarohatlarining ko‘pligidan, shu kungi peshin namozini turib o‘qishga kuchlari kelmay, o‘ltirib o‘qidilar. Sahobalar ham ko‘pchiliklari yarador, majruh bo‘lganliklaridan alar ham o‘ltirib iqtido qildilar. Shundoqkim, Hazrati Talha ibn Ubaydulloh, raziyallohu anhu, bu urushda yetmish necha joydin jarohatlangan edi. Yalang‘och qo‘li bilan dushman qurolidan Rasulullohni qo‘riqlab yurib, necha barmoqlari kesildi. Qon ko‘p oqqanlikdan, qonsirab yiqildi. Buni ko‘rib, Abu Bakr Siddiq aning yuziga suv sepib edi, hushiga kelishi bilan, — «Rasululloh nima bo‘ldilar, u kishi qandoqdur?», Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 124 — deb so‘radi. Omonliklarini onglab: «Ey Abu Bakr, endi bizga har qancha musibat yetsa, osondur», dedi. Ya’ni, Rasulullohni tirik ko‘rishdan umidlari uzilmish edi. Tirik borliklarini anglagach, buning quvonchligida boshqa mehnat mashaqqatlarini unutdilar. Yana sahobalardan Abdulloh ibn Jahsh, amir Hamzaning jiyanlari Uhud shahidlaridan edi. Uhud urushiga chiqardin bir kun ilgari shundoq deb duo qildilar: — Ey bor Xudoyo, erta urush maydonida qattiq ko‘ngillik, bir dushman bahodirini menga yo‘liqtir. Ul meni o‘ldirgan so‘ngida, unga qanoat qilmay, ko‘zimni o‘yib, quloq burunlarimni kesib tashlasin. Tongla qiyomat kuni sening dargohingga borganimda: «Ey Abdulloh, nega quloq-burning kesilmishdur, deb so‘ragaysan. — Sening yo‘lingda, payg‘ambaring yo‘lida kesildi, deganimda, «Rost aytursan», deb bu yo‘lda chinligimni bildurursan, — dedi. Darhol duolari qabul bo‘lmish edi, o‘zi degandek kofir bahodirlaridan Axnas ibn Shurayq degan kishi qo‘lida o‘ldirildi. So‘ngra quloq-burunlari kesilib, ko‘zlari o‘yilib, shahidi a’lo darajasiga yetdilar. Shu kundagi urushda chopib turgan qilichi temir sovutlar ustiga qattiq urganlikdan uzilib ketgan edi. Rasululloh buni ko‘rib, darhol bir xurmo yog‘ochi shoxini olib, qo‘liga berishlari hamon, ul yog‘och qilichga aylandi. Uning otini Urjun qo‘ydilar. Urjun, deb arab tilida xurmo shoxini aytilur. Bu mo’jizalik qilich Abdulloh ibn Jahsh bolalari qo‘lida uzoq yillar saqlanib keldi. Abdullohning onasi — Umayma Abdulmuttalib qizi Payg‘ambarimizning ammalari edi. Bu er yigitni o‘ldirguvchi kishini ko‘p hayol o‘tmay, shu maydonda Hazrati Ali o‘ldirdi. Yana ulug‘ sahobalardin shu urushda Hazrati Hanzala shahid bo‘ldi. Madinaga Islom dini kirmasdan ilgari, yerlik arablar raisi, yuqorida sifati aytilgan Abu Omirning o‘g‘li edi. Rasululloh Madinaga hijrat qilib kelganlaridan so‘ngra, ul kofir Islomdan yuz o‘girib, o‘ziga qarashlik kishilar bilan Madinadan chiqib, Makka kofirlariga qo‘shilmish edi. Bu urushda eng avval Rasulullohga qarab qarshi o‘q otgan kishi ham shul edi. Hazrati Hanzala Xudo yo‘lida otasini o‘ldirish haqida Rasulullohdan izn so‘ragan bo‘lsa ham, bu ishga ruxsat qilmadilar. Uhud so‘qishida kofirlar tarafida askar boshlig‘i bo‘lgan kishi Abu Sufyon edi. Hanzala, raziyallohu anhu, Abu Sufyonga hujum qilib, aning otiga qilich soldi. Andin yiqilishi barobar, qo‘rqqanidan Abu Sufyon qattiq qichqirib yubordi. Hazrati Hanzala qilich ko‘tarib, Abu Sufyonni chopgali turganda, uning soqchilaridan Shaddod ibn Asvad chaqqonlik bilan Hanzalaga qilich urib, ani shahid qildi. Rasululloh aytdilar: — Na ishdurkim, maloikalar Hanzalani bulut ustiga ko‘tarib, kumush tos ichida yuvayotganlarini ko‘rdim,— dedilar. Buning sababi ersa, Hazrati Hanzala shul kuni Madina qizlarining biriga yangidan uylangan edi. Ertasi kuni urush boshlanmoqchi bo‘lib qoldi. Yangi kelin ustida bir kecha qo‘nmoqqa Rasululloh izn berdilar. Shu kecha xotin tush ko‘rsa, tushida osmon yorildi. Hanzala yoriqning u yog‘iga o‘tib g‘oyib bo‘ldi. Bu ko‘rgan tushining ta’biricha, shu urushda uning shahid bo‘lishini xotini gumon qildi, uzun tun o‘tib bir-birlariga yovuqlashmadilar (yaqinlashmadilar). Erta namozini o‘qigandin so‘ngra bu ish voqe’ bo‘ldi. Mana shu chog‘da bular g‘usl-tahorat olmasdin ilgari borliq askarlar tezdin dushmanga qarshi chiqsin, deb Rasulullohdin buyruq chiqdi. Buyruq kechiktirilmasin, deb g‘usl qilmasdin, yugurib chiqib askar safiga qo‘shilmish edi. Rasululloh bu xabarni onglagandin so‘ngra: «Hanzalani farishtalar yuvganlarining sababi shu ekan» — dedilar. Bu muborak kishini butun Hadis kitoblarida «G‘asisul maloika» deb ayturlar. Ya’ni, «farishtalar yuvgan kishi» — demakdur. Otasi Abu Omir bo‘lsa, tamom umrini Rasulullohga dushmanlik qilib o‘tkazdi. Kundan-kunga Islom rivoj topganini ko‘rib, hasadi oshib ketgandin arab yerida chidab turolmay, oxiri Shom viloyatiga qarab qochdi. YOlg‘izdan-yolg‘iz qolib, har yerda urilib-surilib yurib, xor-zorlik bilan, iymondin ulush ololmay, kofir qavmida o‘ldi. Buning o‘g‘li Hanzala, shahidi a’lolik darajasiga yetib, aning jasadini bulut ustida farishtalar yuvdilar. O‘ylab qarasak, bu qandoq nozik, Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 125 yashirin sirdur. Buning haqiqatini Allohdin o‘zga kim bilur. Rasululloh bu kofirning tentib yurib, yolg‘iz qolib, kofirlikda o‘lishini ilgariyoq xabar bermish edilar. Buning haqida nima degan bo‘lsalar, shundoqligicha bo‘lib, mo’jizalari barchaga ma’lum bo‘ldi. Yana shu Uhud urushida musulmonlardin Amr ibn Jamuh shahid bo‘ldi. Bu kishi ersa ansor sahobalaridan erdi. Ulug‘ yoshlik, oyog‘i cho‘loq edi. Har biri yo‘lbarsdek to‘rt o‘g‘li bor edi. To‘rtovlari ham barobar askar safiga hozir bo‘ldilar. Otalariga aytdilarkim: Sizning Xudo oldida qabul bo‘lguvdek uzringiz bordur, siz tomondin biz to‘rt o‘g‘il urush maydonida turibmiz, endi sizga urushga chiqmoqning nima hojati bordur? deb otalarini qaytardilar. Bolalaridan bu so‘zni onglagach, yashirincha Rasululloh oldilariga kelib aytdilarkim: — YO Rasulalloh, siz bilan birga bugun urushga chiqmoqchi edim, sizdan ajrab qolmoqqa toqatim yo‘qdur. O‘g‘illarim ersa, bu ishga to‘sqinlik qilib tururlar. Alloh haqi, meni bu ishdin to‘smasinlar, ajab emas, bu urushda Alloh taolo menga shahidlikni nasib qilsa, shu turganimcha jannatga kirib olib, u joyda ham cho‘loqlanib bosib yursam, men uchun na ulug‘ davlatdur, — deb yig‘ladi. Anda Rasululloh aytdilar: «Alloh oldida sening uzring maqbuldur, sen kabi kishilarga jihod qilishni Alloh buyurmaydur» degan bo‘lsalar ham, o‘g‘lonlariga qarab aytdilarkim: «Agar ani bu ishdin tutmas ersangiz, shahodat topsa, aning maqsadi hosil bo‘lgay», dedilar. Bu so‘zni o‘g‘illari ham qabul qildilar. Rasulullohdin bu so‘zni onglashlari bilan, darhol turib, qamchini ilgiga olib, yuzini qiblaga qaratgancha: — Ey bor Xudoyo, bu urushda menga shahidlikni nasib qilgaysan va bu ulug‘ darajadin meni noumid qilmagaysan, — deb duo qilgandin so‘ngra urushga kirib, shahodat topdi. Rasululloh: «Buning cho‘loq oyog‘ini to‘g‘ri bosib, jannatda yurganini ko‘rdim», dedilar. Yana bu kishining yuqorida aytilmish to‘rt o‘g‘lining biri Hammod dag‘i (ham) shahid bo‘ldi. Buning qayin og‘asi Abdulloh ibn Amr ham shahid bo‘lmish edi. Amr ibn Jamuhning xotini Hind ham boshqa bir necha sahoba xotunlari bilan urush maydonida chanqagan askarga suv berib turmoqda edilar. Bu xotun ko‘rdikim, oilasidan uch kishi shahid bo‘libdur — eri Amr, o‘g‘li Hammod, qarindoshi Abdulloh. Bu shahidlarni bir tuyaga yuklab, Madina mozoriga ko‘mmoqchi bo‘lib, yo‘lga chiqdi. Buning oldidan onamiz Oisha bir necha xotunlar bilan qarshi keldilar. Urush xabarini so‘rab, qo‘shinning qayg‘uli holini angladilar. Hammalari qattiq qayg‘urishgan bo‘lsa ham, Rasulullohning salomatliklarini onglab, boshqa musibatlardin tasalli topdilar. Shundoq qilib, bulardin ajragandin so‘ngra Madina sari tuyani yetaklamoqchi bo‘lgan edi, tuya cho‘kib olib, ul yoqqa yurishdan bosh tortdi. Agar Madinaga qarab yetaklasa, to‘xtamay Uhudga qarab sudrab ketar edi. Buni ko‘rib ul xotun shu ishdan Rasulullohga xabar berdi. Anda Rasululloh aytdilar: — U tuya yurmakka qandoq yo‘l topa olgaykim, Xudo tarafidin yurmasga buyurilmishdur. Uhud shahidlarining qabrlari ana shu yerda bo‘lishi lozimdur, — deb tuyani qaytarib keltirmoqqa buyurdilar. Hazrati Huzayfaning otasi Yamon va Sobit ibn Vaqsh, bu ikki kishini Madinada qo‘rg‘on ichiga qo‘yilgan xotun, bolalarga bosh qilib qoldirgan edilar. Chunki bularga qarilik yetgan, har ikkovlari kuch-quvvatdan ketgan kishilar edi. Birovlari turib, aytdilarkim: «Hoy, falonchi, ikkovimizdan agar umrimiz qolgan bo‘lsa, eshak suv ichib qongunchalik fursatimiz qolgandur. Shunchalik arzimagan umrimizni ayab, o‘limdan qo‘rqib, shahidlik darajasidan quruq qolmaylik, yigitligimizda havasga chopgan qilichlarimizni bugungi kunda Xudo yo‘lida ham chopib ko‘raylik» deb qilichlarini oldilar. Urush maydoniga borib, musulmonlarga qo‘shila olmasdan, kofirlar saflariga aralashib qolib, alarga qilich soldilar. Xudodan o‘zlari tilaganlaridek, har ikkovlari ham shahidlik darajasini topdilar, raziyallohu Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 126 anhum. Birlari mushriklar qo‘li bilan o‘ldirilgan bo‘lsa ham, ikkinchilari urush to‘polonchiligida payqalmasdan Islom qilichlari ostida qolib, shahid bo‘ldi, Xudo yo‘lida bo‘lgandin keyin, har qandoq sabablar bilan o‘lgan bo‘lsa ham, mo‘minlarning shahodat topishida hech shak yo‘qdur. Chunki bandaning dunyodagi barcha qilgan ishlari aning niyatga bog‘liqdur. «Innamal a’malu binniyyati», ya’ni «Bandaning har bir qilgan ishlari uning niyatiga qarab bo‘lur», degan payg‘ambarimizning so‘zlari ochiq dalildur. Bu kishining o‘g‘li Huzayfa ko‘rdikim otasi Yamon tanilmasdin musulmonlar tomonidan o‘ldirilmishdur. Bu ishdin bek g‘amgin bo‘lib, buning hukmini Rasulullohdin kelib so‘radi. Rasululloh aning shahodat topganini bildirdilar. Shundoq bo‘lsa ham, yana xazinadan xun to‘lab, mol bermoqchi bo‘ldilar. Anda Huzayfa: — YO Rasulalloh, Xudo yo‘lida otam jonini qurbon qildi, men aning qon-molini musulmonlarga sadaqa qilib, alarga bag‘ishladim, — dedi. Bu so‘zdin Rasululloh ko‘p rozi bo‘ldilar. Huzayfa, raziyallohu anhudan bir necha hikmatlik va ibratlik so‘zlar aytilmishdur. Alardin biri shul edikim, andin so‘radilar: — Tiriklar o‘ligi kimdur? Anda ul aytdi: — Tiriklar o‘ligi ul kishidurkim, bir nohaq ishni ko‘rib turib, sukut qilgay, ul ishga qo‘li bilan yoki tili bilan qarshilik qila olmagay, hech bo‘lmaganda ko‘ngli bilan bo‘lsa ham, ul ishga norozilik nafratini bildirmagay. Shuning uchun Payg‘ambarimiz aytdilar: — Agar bir kishi shariat harom qilgan narsani, ishni ko‘rsa, albatta, ul ishga qo‘li bilan qarshi tursin. Agar bunga qudrati yetmasa, tili bilan qaytarsin, bunga ham yaray olmasa, hech bo‘lmasa ko‘ngli bilan norozi bo‘lsin. Bu so‘ngisi — iymonning eng kuchsiz bo‘lishidandur. Agar ko‘ngli bilan ham ul ishga norozi bo‘lganin sezmas ersa, bundin Alloh saqlasinkim, bu ish iymonsiz kishilarning belgisidur. Dinsizlik, dahriylik ofati tarqalmish joylarda, yuqorigi hadisi sharifda yozilgan uch darajaning birinchi, ikkinchilarining yo‘qolganida hech shak yo‘qdur. Endi, uchinchi darajalik musulmonlarga kelsak, bularning topilishlari ham sanoqlidur. Bu ish esa, shu kunlardagi dahriy hokimiyati ostida jon talashib kelayotgan, chin, haqiqiy mo‘minlarga ochiq ma’lumdur. Ko‘zlarimiz ko‘rib, quloqlarimiz eshitgandin keyin, bu so‘zlarni yozdim. Yana o‘z maqsadimizga kelaylik. Abu Sufyon xotuni Hind Utba qizi o‘ziga o‘xshash bir necha shoira xotunlar bilan she’r o‘qib, urush qizdirmoq uchun Makkadin chiqqanligi bu so‘z boshida yozilmish edi. Bu shoira xotun Uhud urushida musulmonlarni yengib, kofirlar g‘alaba qozonligini ko‘rdi. Hazrati Hamza boshliq yetmish necha kishi musulmonlardin shahid edilar. Alarning muborak jasadlari qonlariga bo‘yalib, maydon ichida yotmish edi. «Agar dushmanlarimizni yengsak, alarning quloq-burunlarini kesib bo‘ynimga taqurman», — deb bu xotun ont ichgan edi. Shu qilgan ahdini bajarish uchun musulmonlarning o‘liklarini oralab, alarning quloq-burunlarini kesib, munchoq o‘rnida bo‘yinlariga taqdi. Hind xotun amir Hamzaning qornini yorib, bag‘rini chiqazib chaynadi. Lekin uni yuta olmay, og‘zidan purkib tashladi. Xotunning bundoq qilgani ersa, ul o‘ziga ahd qilmish edikim, — «agar Hamza qo‘limga xoh tirik xoh o‘lik tushar bo‘lsa, uning bag‘rini (yuragini) chaynab yegayman» — deb. Mana shu qilgan ahdiga vafo qilib, uni chaynab yutmoqchi bo‘ldi. Rasululloh buni eshitib — «Alloh taolo Hamzaning jasadini do‘zax o‘tiga harom qilmishdur, aning vujudidan hech narsani do‘zax o‘ti kuydirolmagay. Agar ul xotun chaynagan Hamza jigarini yutgan bo‘lsa edi, buning hurmatidan do‘zax o‘tida kuyishdan Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy www.ziyouz.com kutubxonasi 127 qutilur edi»— dedilar. So‘ngra bu xotun egiz bir tosh ustiga chiqib turib, borliq tovushi bilan qichqirib, she’r o‘qidi. O‘qigan she’rida Badr urushida amir Hamza tarafidan o‘ldirilgan otasi Utba, aka- ukalari Shayba, Valid va bosh-qa o‘ldirilganlarni yod qildi. Alarning qasoslari uchun tengdoshlaridan boshga-bosh, jonga-jon olganlarini bildirdi. Amir Hamzaning jigarini chaynab ahdiga vafo qilganlarini aytib maqtandi. «Muhammaddin o‘chimni oldim, dushmanlarimning qonlariga qondim. Endi armonim qolmadi» deb qattiq baqirib, so‘ngra tosh ustidan tushdi. Bundin keyin bu xotunning eri Abu Sufyon tosh ustiga chiqdi. Borliq tovushi bilan un solib aytdikim: «Insonlar aro urush albatta navbatlikdur, kechmushda qayg‘urgan bo‘lsak ham, bugungi kun biz uchun suyunchlikdur. Badr urushi sizlarining foydanglar uchun bo‘lmish edi. Uxud urushi bizning qasosimizni qaytardi. Badr urushida biz yutqazgan bo‘lsak ham, Uhud urushida bizning yutug‘imiz ulug‘dur». Abu Sufyon bu so‘zlarni maqtanchiqlik bilan aytgandin keyin «I’la Hubal, i’la Hubal» deb qattiq qichqirdi. Ya’ni, «Ey Hubal, bundin ham martabangni yuqori ko‘tar», deb maqtandi. O‘shal zamondagi arablarning Ka’ba toshlariga osib qo‘ygan uch yuz oltmish butlari bor edi. Quraysh qabilasi ushbu Hubal otliq o‘z butlarini barcha butlar ulug‘i deb ishonur edi. Anda Rasululloh Abu Sufyon so‘zini eshitib: — Ey Umar, buning so‘ziga javob aytgil, — dedilar. «Allohu a’lo va ajallu la savoa qatlana fil jannati va qatlakum fin nar», ya’ni «Alloh ulug‘dur, o‘rtamizda tenglik yo‘qdur. Bu urushda bizdin o‘lganlar jannatga kirgaylar, ammo sizlardin o‘lganlar ersa, tamuqqa (do‘zaxga) tushgaylar». Hazrati Umar Abu Sufyonga shul javobni qaytardi. Anda Abu Sufyon ani onglab: — Bizning Uzzo nomlik butimiz bor, sizlarda yo‘qdur» — dedi. Anda Rasululloh aytdilar: — Alloh mavlana, vala mavlalakum, ya’ni, «Allohdek ulug‘ egamiz bordur, sizlarning undoq ulug‘ eganglar yo‘qdur — dedilar. Har ikki tomondin bu so‘zlar o‘tgandin so‘ngra, Abu Sufyon hazrati Umarni atab chaqirdi. Rasululloh: «Ey Umar, aning oldiga borgil, holiga boqib javob aytgil» deb u bilan so‘zlashmakka ruxsat qildilar. Hazrati Umar uning qoshiga keldi esa: — Ey Umar, Xudo haqqi, rostini aytgilkim, Ibn Qam’a Muhammadni o‘ldirdim debdur, uning so‘zi chin bo‘lgaymu? — dedi. Hazrati Umar: — Bu so‘z yolg‘ondur, Rasululloh salomatdurlar, sening bu so‘zlaringni onglab o‘ltirurlar — dedi. Anda Abu Sufyon: — Mening oldimda, ey Umar, ibn Qam’a so‘zidan sening so‘zingga ishonish ortiqroqdur — dedi. Bu so‘rashning sababi esa, Ibn Qam’a Islom tug‘ini ko‘tarib turgan Mus’ab Ibn Umayrni o‘ldirib, Muhammadni o‘ldirdim, deb gumon qilib, askar ichida jar chaqirtirgan edi. Bu so‘zning bayoni yuqorida o‘tmishdur. Ikkinchi bir rivoyatda Abu Sufyon musulmonlarga qarab: «Muhammad tirik bormu?» deb uch marotaba baqirdi. Rasululloh: «Indamanglar» dedilar. Bu tomondin hech qandoq javob qaytarilmagach: «Qahofa o‘g‘li Abu Bakr tirik bormu, Hattob o‘g‘li Umar bormu?» deb har birlarini uch qaytadan chaqirdi. Bunga ham musulmonlar javob qaytarmasdin sukut qildilar. So‘ngra Abu Sufyon o‘z askariga qarab: «Sizlarga bashorat bo‘lgaykim, bu chaqirilmish kishilaring o‘ldirilmishdir, bular ichida javob qaytargudek kishilar qolmabdur», dedi. Hazrati Umar bu so‘zni anglab chidab turolmay: «Ey Xudo dushmani, sen aytgan odamlarning barilari tirikdurlar, sening qo‘rqqan kunlaring bu yaqinlarda yana oldingga kelgusidur», dedi. So‘ngra Abu Sufyon qichqirib nido qildikim: «Bu so‘qish |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling