Tarixi muhammadiy


HAZRATI UMARNING IYMON KELTIRISHI


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet5/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   59

HAZRATI UMARNING IYMON KELTIRISHI 
Hazrati Umarning iymon keltirishi shundoq ediki, uning Fotima nomlik bir qiz qarindoshi 
bor edi. Sa’d ibn Zayd bilan barobar Payg‘ambarimizga kelib, yashirincha dinga kirdilar. 
Lekin akalari Umar ibn Xattobning bu ishdan xabarlari yo‘q edi. Janobi Payg‘ambarimiz 
hazrati Arqam sahobaning uyida uch yil yashirincha mo‘minlarga Qur’on o‘qitib, Islom 
hukmlarini o‘rgatardilar. Bir kuni turib, shundoq duo qildilarkim: «Ey bor Xudoyo, 
Quraysh qabilasi ichida birinchi Umar Xattob, ikkinchi Abul Hakam ibn Hishom, bu ikki 
kishining iymon keltirishlari bilan Islom diniga rivoj bergin», dedilar. Abu Jahlning 
avvalida oti Abu Hakam edi, Payg‘ambarimizga ko‘p johillik qilganligi sabablik otini Abu 
Jahl qo‘ydilar. Bu ikkovi Quraysh qabilasi ichida obro‘ylik va ikki urug‘ xalqining raislari 
edi. Shuning uchun janobi Payg‘ambarimiz, bu ikkovi iymon keltirsa, boshqalar ham 
ergashib, iymonga kirsalar, dinimiz rivoj toparmikin, degan maqsadda duo qilgan edilar. 
Bir kuni Na’im ibn Abdulloh nomlik kishi, bu yashirin iymon keltirgan sahobalardan edi, 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
26
ko‘chada Umar ibn Xattob bilan uchrashib qoldi, qarasa, urushga chiqqan kishidek qilich 
taqingan, fe’li boshqacharoq ko‘rindi. Unga boqib: «Ey Umar, yo‘l bo‘lsin», deb so‘rab 
edi, Hazrati Umar: «Ey Na’im, bilginki, shu qilich bilan Muhammadning boshini kesib, 
butun xalqni tinchitgali chiqdim. Chunki uning sababidan, ota-bobolarimizdin qolgan 
dinimiz xorlandi, qarindosh-urug‘larimiz ajrashib, bir-birlariga dushmanlashdilar. Endi 
uni o‘ldirsam, hammani bu ishdin qutqazgan bo‘laman», dedi. Bu so‘zni eshitib, ul 
sahoba aytdi: «Ey Umar, bu ishni sen oson chog‘lama, boshqani qo‘yib, o‘zingga 
qarasang-chi, singling Fotima, kuyoving Sa’d ibn Zayd, har ikkovi Muhammadga iymon 
keltirib, aning diniga kirdilar. Mana sening bu ishdin xabaring bormidur?» dedi. Bu sirni 
aytishdin uning maqsadi ersa Xazrati Umarni yo‘ldan qaytarish edi. U kishi o‘ylagandek, 
bu xabarni anglashi bilan Hazrati Umarning qattiq g‘azabi qo‘zg‘oldi. Chunki o‘zi 
xabarsiz, oilasida bundog‘ hodisaning paydo bo‘lishi hech kutilmagan ish edi. Ularga jazo 
berish niyati ila, darhol yo‘lidin yonib (qaytib), singlisining uyiga qarab jo‘nadi. Hubob 
ibn Irs degan sahoba har kuni kelib, bularga Qur’on o‘rgatur edi. Boshqalardin ehtiyot 
uchun bir bolani qorovul qilib qo‘ygan edilar. Bu esa Hazrati Umarning kelayotganini 
ko‘rib, darhol kirib xabar berdi. Shoshganlaridan Qur’on oyatlari yozilgan taxtalarni 
darrov berkitdilar. Qur’on o‘rgatayotgan ustozlari Hazrati Hubobni bir joyga yashirdilar. 
Shuning ustiga Hazrati Umar eshikdin kirib keldi. Va: «Hoy, sizlar meni arablar ichida 
bosh ko‘tariksiz nomusga qo‘yib, Muhammadga iymon keltiribsizlar», deb kuyovlari Sa’d 
ibn Zaydning yoqasidin tutib urgani turdi. Buni ko‘rib singlisi Fotima chidab turolmasdin 
o‘zini eri ustiga otdi. Orachilab turgan chog‘ida mushtumi tegib ketib, Fotimaning 
burnidin qon oqqani turdi. So‘ngra Fotima aytdi: 
— Endi bo‘larimiz bo‘ldik, haq ishni yashirmaymiz, bu kirgan dinimizdin o‘ldirsang ham 
qaytmaymiz, — deb akasi Hazrati Umarning yoqasiga osildi. Bosh-ko‘zlari qon bo‘lib, 
yig‘lab turgan singlisiga qarab, Hazrati Umar o‘zi ham hijolatga qoldi. Qarindoshlik 
mehridin Fotimaga ko‘ngli og‘rib, xafalik bilan uzun o‘tirib koldi. Bir fursat o‘tgandin 
so‘ngra achchiqlari bosilib: 
— Hoy Fotima, haligi men kirishimning oldida o‘qishib o‘ltirgan narsalaringni keltiringlar, 
men ham uni o‘qib ko‘ray, — dedi. 
Hazrati Umarning xat-savodlari bor edi. Fotima aytdi: 
— Buni sizga berishdin, yirtib tashlaysiz, deb qo‘rqamiz. 
Hazrati Umar yirtmaslik sharti bilan, o‘qib ko‘rish uchun yana talab qildi. Qarasalar, bir 
yaxshilik bordek ko‘rinadi. Anda Fotima aytdi: 
— Bu Qur’on oyatlari, Alloh taolo so‘zidur. Buni tahoratsiz tutgani bo‘lmas, sizda tahorat 
yo‘qdur, — dedi. 
— Tahorat qandoq bo‘ladi, — deb singillaridan o‘rganib g‘usl-tahorat oldi. So‘ngra taxta-
poraga yozilgan Toho surasidin bir necha oyatni ikki-uch qayta o‘qib, ahvollari o‘zgardi. 
Iymon nuri ko‘ngillariga tobish qilgandek bo‘lib, mayuslik bilan qarab turdi. 
— Ajabo, bu oyatlar odam so‘ziga o‘xshamaydigan, qandoq yaxshi so‘zlardur! — dedi. 
Bu orada shuncha gap o‘tgunchalik, Hazrati Hubob qo‘rqqanlaridin, yashiringan joyida 
nafas chiqarolmay, xab (tinch) yotgan edi. Hazrati Umardin bunday yaxshi nishonalik 
so‘z anglashi bilan, yotgan joyidan chiqib: 
— Ey Umar, senga xushxabar, Abul Hakam bilan sening haqqingda qaysi bir kuni janob 
Payg‘ambarimiz Xudodin iymon so‘rab, duo qilganlarini ko‘rgan edim. Ul duo sening 
haqqingda qabul bo‘lganga o‘xshaydur, — dedi. 
— Ey Hubob, meni Muhammadga boshlab bor, Islom diniga kirurman, — dedi. 
Buni onglab hammalari suyunganlaridin, takbir aytgan holda, Arqam sahoba uyiga qarab 
yo‘lga chiqdilar. Payg‘ambarimiz sahobalariga Qur’on ta’lim berib o‘ltirur edilar. Shul 
chog‘da ko‘chaga qo‘ygan qorovullari qo‘rqqan holda kelib, Hazrati Umarning qilich 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
27
osinib kelayotganidin xabar yetkurdi. Bu so‘zdin sahobalar tashvishga tushdilar. Bular 
ichida Qur’on o‘rganish uchun kelgan hazrati amir Hamza ham o‘ltirgan edi. U dedikim: 
— Umar kelgan bo‘lsa, eshikni kattaroq ochib qo‘yinglar. Agar ul yaxshilik ila kelgan 
bo‘lsa, bizdin ham u yaxshilik ko‘rgay, agar yomon niyatda kelgan bo‘lsa, bul joydin u 
sog‘ chiqolmaydi. O‘z qilichi bilan boshini kesgayman, — dedi. 
So‘ngra Payg‘ambarimiz ham kirishga ruxsat berdilar. Qarasalar, Hazrati Umarning yuzi 
dushmanlar yuzidek ko‘rinmaydi, sahobalar barobar turishib, eshik oldida Hazrati 
Umarni qarshi oldilar, Payg‘ambarimiz aning belidin ushlab, bir-ikki silkitgandin so‘ngra: 
— Ey Umar, qaysi niyat ila kelding, xudo seni cho‘chitmaguncha to‘xtamaysanmi? — 
dedilar. 
— YO Rasulalloh, Allohga va uning Payg‘ambariga iymon keltirib, Islom diniga kirgani 
keldim, — dedi. Payg‘ambarimiz boshlab, shu joydagi barcha sahobalar bu so‘zni 
onglashlari bilan, suyunib takbir sadosini ko‘tardilar, shul onda Hazrati Umar ham 
hammaning oldida shahodat aytib, iymonga musharraf bo‘ldi. 
Arab bahodirlari, Quraysh sayidlaridin bo‘lgan bu ikki bahodir iymon keltirishlari bilan 
Islom dini rivojlanishga yuz qo‘ydi. Sahobalarning ham ko‘ngillari tinchib, o‘z uylariga 
tarqaldilar, yo‘q esa bulardin ilgari dushmanlar andishasidin o‘z joylarida yotisha olmay, 
Arqam sahobaning uylariga yig‘ilishgan edi. Mana shundoq bo‘lib, Hazrati Umar iymonga 
kirishlari bilan, mo‘minlarning soni qirqqa yetdi. Endi qirq kishining himmati, niyati bir 
maqsad ustiga to‘plansa, aning qirqi chiqdi demakdur. Sonlar ichida qirq sanog‘i diniy 
tomondin qaralganda ham bir xosiyatga ega ekanligi ma’lum bo‘ldi. Chunki 
Payg‘ambarimiz aytdilar: — «Har kim qirq kungacha uzmasdan dilini Xudo yodida tuta 
bilsa, uning dilidin hikmat bulog‘i tiliga qaynab chiqar».  
Mana shuning uchun o‘tgan avliyolar xilvat tutib, chilla o‘ltirishni o‘zlariga odat 
qilmishlardur. Bu ishda ularning dalillari yuqoridagi hadisdur. «Nafahoti sharif» kitobida 
keltiribdurkim, o‘tgan ulug‘ avliyolardin shayx Najmiddin Kubro, aning laqablari shayx 
Valiy Tarosh edi. Buning ma’nosi esa Valiy (do‘st) qilguvchi demakdur. Sababi bu 
erdikim, bu zot qirq kunlik chilla ibodatini tamomlab, chiqar chog‘ida chillaxonaning bir 
tarafiga ko‘ru shollar va boshqa har turlik bemorlar, ikkinchi tarafiga esa sodiq muridlar 
tizilishib turar edilar. Bularning maqsadlari o‘z dardlariga shifo topish edi. Shayx 
rahmatullohi alayhi xilvatxonadin tashqariga qadam qo‘ygan chog‘larida ko‘zlarini 
qoplagan qoshlarini ko‘tarib, botiniy (ichki) tavajjuh ila ularga bir nazar qilur edilar. Bu 
«kimyo asar» nazarlari anfosi Isodek ul bemorlarning zohiriy va botiniy dardlariga shul 
onda Xudo izni ila shifoi komil bag‘ishlar edi. Avliyolar tarafidin favqulodda bundoq ishlar 
Islom olamida inkor qilinmaslik darajada bek ko‘pdur. Payg‘ambarlar qo‘llaridin ko‘rilgani 
mo‘jiza bo‘lib, avliyolar tomonidin bo‘lgani karomat, deb ataydilar. Haqiqatda esa har 
ikkovi haqligining isboti uchun dalil tarzida Alloh taolo tarafidin ko‘rsatilgan bir qudrat 
ko‘rsatishdur. Payg‘ambar mo’jizasi, avliyo karomati haqdur. Bularga inonmoq vojiboti 
iymondin sanalur. Ona qornida inson bolasining tana tuzilishi uchun uch turlik davr 
o‘tkazishi lozimdur. 
1. Nutfalik 2. Alaqalik 3. Mudg‘alik davrlari. 
Mana bu uch turlik davrning har birida qirq kunlik ilohiy bir tarbiyat tamomidan so‘ngra, 
nafhi ruh bo‘lib, ul tanaga jon kiradi. Muso alayhissalom Turi Sino tog‘iga chiqib, Alloh 
taolodin roz eshitish oldida Xudo tarafidin qirq kun ro‘za tutishga buyruldilar. Hazrati 
Yunus payg‘ambar baliq qornida qirq kun turib chiqqanlari rivoyat qilinur. Arvohlar 
ortlarida qolgan oilalariga o‘n yilgacha har hafta juma oqshomi, juma kunlarida kelib, 
fotiha umid qilurlar, so‘ngra o‘n yildan qirq yilgacha har yilda bir bor ikki iyd kunlari 
kelurlar. Ondin keyin kelishlari to‘xtaydi. Tiriklar tomonidan qilingan fotihalar, xayru 
ehsonlar ularga yetib turadi. Sahobalarning sonlari Hazrati Umar bilan qirqqa yetishi 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
28
munosabati ustida bu qadar so‘zlandi. O‘qiguvchilar uchun foydadin xoli bo‘lmas, 
inshaalloh! 
ISLOM DINIGA UMUMIY DA’VAT VA HABASHISTONGA BIRINCHI HIJRAT 
Hazrati Umar iymonga kelishi bilan dedikim: «Yo Rasulalloh, bizning dinimiz haq, 
yo‘limiz to‘g‘ri bo‘lgandin keyin bunday yashirinib yurishimizning yo‘li yo‘qdur, bizlar 
barcha xalqni bu dinga da’vat qilib, bu haqiqatni yuzaga chiqazishimiz kerak. Endigi 
diniy ibodatlarimizni Baytulloh huzurida ochiq ravishda ado qilaylik», dedi. Bu so‘zga 
hammalari qo‘shilib, qirq kishidin tuzilgan bir jamoat, Payg‘ambarimiz boshliq shu 
hay’atlaricha Quraysh xalqining kundalik majlis joylari — Baytulloh oldiga chiqdilar. 
Mana shu kundin boshlab, Islom diniga da’vat ishlari oshkora bo‘ldi. Buni ko‘rgan 
Quraysh mushriklarining g‘azablari qattiq qo‘zg‘olib, musulmonlarga har turlik 
iyzo(ozor)-ihonat qilishga kirishdilar. Shundoq bo‘lsa ham iymon keltirguvchilar sonlari 
kundan-kunga ko‘paymoqda edi. Shunga ko‘ra, ularga har taraflama ozor ishlar ham 
ko‘paydi. U holdagi musulmonlar uchun dushmanlariga qarshi mudofaa qilish vaqti hali 
kelmaganlikdan sabr qilib chidashdan yoki ikkinchi bir hukumat qo‘l ostiga hijrat 
qilishdan boshqa choralari yo‘q edi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz musulmonlarning 
ko‘rgan azoblariga ichlari og‘riganlikdin hijrat qilishga ruxsat qildilar. U zamonda 
Habashiston mamlakati Arabistonga chegaradosh edi. Najoshiy nomlik podshosi bilan 
butun xalqi nasoro dinida edi. Lekin bu podshoh o‘zi olimlardin bo‘lib, Tavrot, Injil 
kitoblarida Payg‘ambarimizning sifatlarini ko‘p ko‘rgan edi. Iso alayhissalom bashorat 
bergan oxirzamon Payg‘ambarining chiqar vaqti yaqin bo‘ldi, deb o‘zi ham kutmoqda 
edi. Mana shuning uchun Payg‘ambarimiz sahobalarini shu yoqqa hijrat qilishga buyurib: 
— Ul joyning podshosi haqiqatsevar, dinparvar, odil kishidur, hijrat qilib, aning panohiga 
borguvchi musofirlar haqida hech qandoq jabr-zulmga yo‘l qo‘ymaydur, shu joyga borib, 
dininglarni, joninglarni tinch-omon saqlab, fursat kutib turinglar. Qachonki, bizlar kuch-
quvvat topib, bu ishimiz rivojlansa, shu chog‘da xabar qilsak kelursizlar, — dedilar. 
Mana shu sabablik, birinchi navbatda sahoblardin eru xotun bo‘lib, un uch nafar kishi 
yashirin yo‘l bilan Habashistonga hijrat qildilar. Mana shu hijrat islom yo‘lida qilingan 
hijratlarning birinchisi edi. Bular ichida Hazrati Usmon va juftlari Ruqiya — 
Payg‘ambarimizning qizlari bor edi. Ular ketganlaridin so‘ngra Quraysh mushriklari 
quvishib chiqqan bo‘lsalar ham, alarga yetolmay, yo‘ldin qaytdilar. Lekin bu muhojirlar 
borganlariga olti oy bo‘lmay turib, Quraysh xalqi dinga kirmishlar, degan yolg‘on xabar 
eshitishlari bilan, hammalari qaytib keldilar. Kelganlaridin keyin ko‘rgan aziyatlari 
ilgarigidin ham ko‘proq bo‘ldi. Quraysh mushriklari qarasalar, hazrati amir Hamza, 
Hazrati Umar, — bu ikkovlari iymon keltirishlari bilan, Islom dini rivojlanishga boshladi. 
Ular bu chirog‘ni o‘chirish qasdida, har turlik choraga kirishdilar. Quraysh raislaridin Utba 
ibn Robi’a degan kishini Payg‘ambarimizga yubordilar. Ul kelib, dedikim: 
— Ey qarindoshim o‘g‘li Muhammad, sen bo‘lsang Quraysh qabilasi ichida hasab-
nasablik, qadr-qimmatga ega bo‘lgan bir kishimiz eding, nima bo‘ldikim, hech 
xayolimizga kelmagan bir ulug‘ xodisa kelturding. Shu sabab ila o‘zaro ittifoqimiz buzilib, 
jamoatimiz tarqaldi. Oramizga dushmanchilik tushdi, dinimizni xo‘rlab, butlarimizni 
haqoratlading, ota-bobolarimiz yo‘llarini tashlading, endi men senga Quraysh xalqi 
tomonidin vakil bo‘lib keldim. Alarning topshiriqlari bo‘yicha bir necha so‘zlarni aytib, 
o‘tmoqchi bo‘laman. Agar shulardin birortasini qabul qilar bo‘lsang, o‘rtamizdagi bu 
ixtiloflar ko‘tarilur edi,— deb so‘zini tamomladi. 
So‘ngra Payg‘ambarimiz: «Gapirgin, eshitaylik», deb quloq solib turdilar. Anda Utba: 
— Ey qarindoshim o‘g‘li, agar sening maqsading shu bahona bilan mol topish bo‘lsa, 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
29
tilaganingcha mol topib beraylik, ichimizdagi eng boyimiz sen bo‘lgin; yoki mansab-
daraja topish uchun bu ishga kirishgan bo‘lsang, o‘z ustimizga seni rais ko‘taraylik, hech 
bir ishni sensiz qilmaylik; yoki bu ish orqalik podshoh bo‘lish niyating bo‘lsa, taxt qurib, 
toj kiydirib, seni podshoh qilaylik. Yoki bu maqsadlardin hech biri senda bo‘lmasa, balki 
ishlashgan jinlar ta’siridan bo‘lgan ish ersa, qo‘lda molimiz, tanda jonimiz boricha buning 
chorasiga kirishaylik, — deb shunga o‘xshash so‘zlar qildi. Payg‘ambarimiz aytdilar: 
— Ey Utba, agar so‘zing tugagan bo‘lsa, endi mendin eshitgil, — deb «bismilloh»din 
so‘ngra «Ha. Mim.» bilan boshlanuvchi suradin boshlab o‘qiyverdilar. Utba ersa bu qadar 
fasohat-balog‘atga ega bo‘lgan Qur’on oyatlarini onglab, quloq solganicha hayron bo‘lib 
turib qoldi. Payg‘ambarimiz bu suradagi sajda oyatigacha o‘qib kelganlari so‘ngida 
darhol sajda qildilar. So‘ngra aytdilarkim: — Ey Utba, bu o‘qilgan Qur’on so‘zlarini 
eshitding, mana senga javobim shuldir, — deb so‘zlarini uzdilar. So‘ngra Utba o‘rnidin 
turganicha Quraysh majlisiga qarab jo‘nadi. «Nima javob keltirur ekan?» deb ular ham 
kutishib turgan edilar. 
O‘ltirishgan kishilardin ba’zi birovlari dedikim: «Allohga qasamyod qilurmankim, Utba 
ketganidagi fikridin o‘zgarib qaytmoqdadir». Shu orada o‘zi ham kelib yetdi. Quraysh 
raislari: «Ish qandoq bo‘ldi?» deb ondin so‘radilar. Anda Utba: «Qasam ul Xudogakim, 
umrimda aningdin hech eshitilmagan bir turlik so‘z eshitib keldim. Shoirlarning she’ri, 
sohirlarning afsuni, kohinlarning mavzu’ so‘zlari, mana bularning hech biriga 
o‘xshamaydur. 
Ey Quraysh ahli, bu to‘g‘rida menga itoat qilishinglarni so‘rayman, bu ishda mening 
to‘xtalgan ra- yim shulki, Muhammadning diniga yordamchi bo‘lmasak ham, aning 
yo‘liga to‘sqinlik qilmaylik, buni boshqa arablarga qo‘yib beraylik, agan Muhammad 
arablardin yengilar ekan, yotlar yordami ila biz ondin qutulgan bo‘lamiz. Ish o‘z 
tilagimizcha o‘zimizga kelur. Yoki bu kurashda ularni yengib chiqar ersa, aning davlat-
hukumatiga, izzat-shavkatiga albatta, bizlar sherikdurmiz. Insonlar ichida eng baxtlik 
bo‘lib yashaymiz» deb edikim, taraf-tarafdin: «Ey Utba, Muhammad tili bilan seni 
sehrlaganga o‘xshaydi», degan qarshi ovozlar ko‘tardilar. Utba: «Bu haqda mening 
fikrim shu edi, buni so‘zladim, bunga yo‘q desanglar, sizlarning deganinglarcha bo‘lsin», 
deb sukut qilishga majbur bo‘ldi. Shundoq bo‘laturib ham, Quraysh qabilalari ichida 
musulmonchilik kun sayin ko‘paygani turdi. Qabila mushriklari esa alardin bir nechalarini 
qamoqqa oldilar va qanchalarini dinlaridin qaytarish uchun turlik azoblar ila qiynadilar. 
Endi bu ishlar bilan ham muddaolari hosil bo‘lmaganlikdin, ikkinchi navbat tubandagi 
qabila raislari yana qaytadin yig‘ildilar. Bular ersa, Utba, Rabi’a, Shayba, Abu Sufyon, 
Abul Baxtariy, Nazr ibn Xoris, Asvad ibn Muttalib, Zam’a ibn Asvad, Valid ibn Mug‘ira, 
Abu Jahl ibn Hishom va boshqalar edilar. So‘ngra bir kishi kelib: «Ey Muhammad, qabila 
raislari siz bilan kelishmoq uchun, Ka’ba oldida to‘planib, so‘zlashmoqqa chaqiradilar», 
deb xabar berdi. Payg‘ambarimiz gumon qildilarkim, meni so‘zlarim bularga endi ta’sir 
qilganga o‘xshaydi, tavfiq topgan bo‘lsalar ajab emas, degan xayol qilib, tezlik bilan 
keldilar, qarasalar tuslari boshqacharoq bo‘lib, do‘stlik nishonasi ularda ko‘rinmadi. 
Ichlaridin birovlari so‘zga turib: 
— Ey Muhammad, butun Quraysh xalqi tomonidin bizlar bu ish ustida sen bilan ochiq 
so‘zlashgani keldik. Arablar ichida, sendek o‘z qavmiga zararlik ishni hech kim qilgan 
emas, ota-bobolarimiz yo‘lidin chiqding, dinimizni so‘kding, butlarimizni haqorat qilding, 
qarindosh-urug‘larimizdin ajratding, jamoatimizni tarqatding, endi bizning ustimizda 
sening qilmagan yomonliging qolmadi. Agar bu ishdin maqsading mol topish bo‘lsa, mol 
yig‘ib berib, seni boy qilaylik, agar izzat-obro‘y istagan bo‘lsang, butun Quraysh qabilasi 
ustiga seni rais qilib ko‘taraylik, agar podshoh bo‘lish ko‘nglingga tushgan bo‘lsa, seni 
podshoh qilib, taxtga chiqaraylik. Yo‘q, agar jinlar tarafidin sehrlangan bo‘lsang, mol-

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
30
dunyomizni ayamay, aning chorasiga kirishaylik, yo tuzalursan, yoki bizni ma’zur 
tutursan. 
Mana shunga o‘xshash so‘zlar qilib, ilgari Utba aytgan so‘zlarni qaytadin takror qildilar. 
Payg‘ambarimiz alardin bu so‘zlarni eshitganlari so‘ngida: 
— Sizlar deganinglarning hech birisi menda yo‘qdur. Bu ishda mening maqsadim mol 
topish yoki obro‘y, martaba orttirish emas, yo sizlarga podshoh bo‘lish emas. Lekin 
shuni bilinglarki, meni Alloh taolo inson olami ustiga payg‘ambar qilib yubordi, o‘z 
tarafidin menga «Qur’on» otlig‘ ulug‘ kitob indirdi. Bu kitobda insonlar uchun ikki 
jahonda saodat topish yo‘llarini ko‘rsatdi. Mo‘minlarni jannat ne’matlari ila suyuntirishga, 
kofirlarni do‘zax azobi ila qo‘rqitishga meni buyurdi. Tangrim buyruqlarini sizlarga 
yetkazdim, ustimga yuklangan yalavochlik (elchilik) vazifasini ado qildim, har holda 
sizlarga xayrixohdurman. Hech qanday boshqa muddaoyim yo‘qdur, agar so‘zimni qabul 
qilsanglar, keltirgan dinimga kirsanglar, dunyo va oxirat saodatidin topgan ulug‘ 
nasibalaringdur. Agar bu so‘zimni rad qilib, meni yolg‘onchiga chiqarsanglar, u holda 
Alloh amrini kutib, sabr qilishdin boshqa choram yo‘qdur — dedilar. Bu so‘zlardin keyin 
ular yana: 
— Ey Muhammad, endi biz senga qilgan takliflarimizni hech birini qilmagan bo‘lding, 
o‘zing bilasan, bizdin yeri tor, suvi oz, turmushi og‘ir hech qabila yo‘qdur. Endi sen 
aytgandek, ulug‘ qudratlik Xudoning seni bizga payg‘ambar qilib yuborgani aniq bo‘lsa, 
yerimizni toraytib turgan tog‘larni o‘rtadan ko‘tarsin, Shom, Iroq viloyatlariga o‘xshash 
bog‘-bo‘ston, oqin suvlar paydo qilsin, o‘tmishda o‘lgan ota-bobolarimizni tiriltirsin, ul 
tirilganlar ichida beshinchi bobomiz Qusay ibn Kilobning bo‘lishi shartdur. Chunki ul 
butun arablar ichida chin so‘zlik, to‘g‘ri tillik bo‘lib topilgan kishidur. Ana shulardin biz 
so‘raylik, Alloh taolo seni payg‘ambar qilib yuborgani aniqmidur. Agar sening so‘zingni 
tasdiqlab, Xudo tarafidin yuborilgan Payg‘ambarligingga guvohlik bersalar, yana biz 
so‘ragan narsalarni vujudga chiqara olsang, shundagina sening payg‘ambarligingga 
ishona olamiz, Alloh oldida qanchalik qadring borligini shunda bilamiz, — deyishdilar. 
Anda Payg‘ambarimiz aytdilar: 
— Men bu ishlar uchun kelmadim, meni Alloh taolo haqiqat yo‘lini ko‘rsatish, Islom dinini 
o‘rgatish uchun yubordi. Alloh amrini sizlarga yetkazdim, qabul qilsanglar, dunyo va 
oxiratlik yaxshi nasibadur, agar uni rad qilsanglar, Xudo farmoniga qarab turishdin 
boshqa na choramiz bordur? — dedilar. 
Mushriklar buning bilan ham so‘zlarini to‘xtatmasdin, yana: 
— Ey Muhammad, bizlar uchun foydalik ish ko‘rsatishga ko‘nmasang, endi o‘zing uchun 
foydalik ish qilib ko‘rsat, shundoqki, seni bizlarga yuborgan Rabbing seni so‘zingni 
tasdiqlash uchun yana bir farishta yuborsin, seni Xudo tarafidin elchi bo‘lib kelganingga 
u guvohlik ko‘rsatsin va o‘zing aytgan jannat bog‘laridin senga atab qasr-ko‘shklari ila 
bir bog‘ chiqarsin, u bog‘ ichida oltin-kumush xazinalari bo‘lsin, toki seni bosh-qa 
odamlardek ovqat ovorasi bo‘lmay, hech narsaga hojatsiz, rohat ila umr o‘tkuzishingni 
kishilar ko‘rsinlar. Ana shu chog‘da seni Payg‘ambarligingga, Xudo oldida qadr-qiymating 
borligiga ishona olurmiz, — deganlarida, yana Payg‘ambarimiz yuqoridagi so‘zlar ila 
javob berdilar. Bunga ham qanoatlanmasdin dedilarkim: 
— Ey Muhammad, o‘zing aytgandek, Rabbingning qudrati yetmagan ish yo‘q bo‘lsa, 
aytgin angakim, boshimizga yomg‘urdek tosh yog‘dursin, yoki andin bir parchasini 
ustimizga ag‘darsun. Agar biz so‘ragan narsamizni keltira olmasang, hech vaqtda senga 
iymon keltirishimizni umid qilma. 
Anda Payg‘ambarimiz: 
— U ishlar ixtiyori Allohdadur, har narsa qilsa, uning qudrati, erki bordur. Agar qilishni 
istasa, hech kimdan so‘ramasdan boshlaring ustiga bu baloni bir damda keltiradur, — 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
31
dedilar. 
Mana shunchalik so‘zlari ustida yana birovlari turib: 
— Ey Muhammad, so‘zimizning to‘xtagani shuki, seni bizga payg‘ambar qilib yuborgan 
Xudoyingni ko‘zimizga ko‘rsat yoki o‘zingning rostligingga guvohlik berish uchun bir 
jamoat farishtalarni keltir, ana shundagina iymon keltiramiz, — deb so‘zlarini kesdilar. 
Payg‘ambarimizning ham ulardin umidlari uzilib, u joydin chiqdilar. Keyinlaridin Abdulloh 
ibn Umayya degan bir odam ergashib chiqdi, bu bo‘lsa Payg‘ambarimizning ammalari 
Otikaning o‘g‘li edi. Oldilarini to‘sib turib, dedikim: 
— Ey Muhammad, qavming Quraysh bir necha takliflarni senga qildilar, hech birini qabul 
qilmading, so‘ngra xalq uchun foydalik bir necha narsalarni Allohdin so‘rab berishingni 
sendin o‘tindilar, buni olmading, bu talabni chiqara olsang eding, Xudo oldida naqadar 
martabang borlig‘i ma’lum bo‘lib, senga iymon keltirishga yo‘l ochilur edi, yoki o‘z 
foydang uchun ular so‘ragan narsalarni vujudga chiqarib, xalq oldida o‘z darajangni isbot 
qila olmading: Xalqni qo‘rqitib, o‘zing aytib yurgan narsalarning ba’zi birini ularga 
ko‘rsatishingni so‘radilar. Buni ham ko‘rsata olmading. Alloh oti ila ont ichamanki, men 
senga hech qachon iymon keltirmayman, agar ko‘z oldimda osmonga chiqib 
payg‘ambarligingga xat-hujjat keltirsang, uning ustiga to‘rt farishta sening bilan birga 
tushib, guvohlik bersalar ham endi sening so‘zingga ishonmayman, — deb yana qasam 
yodi bilan yuz o‘girib ketdi. 
Buning so‘ngida Payg‘ambarimiz bu ishga qattiq qayg‘urib, xafalik bilan uylariga 
qaytdilar. Chunki ulardin ko‘z tutilgan yaxshilik umidlari uzilgan hisob bo‘ldi. Yana bu 
so‘zlardin so‘ngra Abu Jahl mal’un turib: 
— Ey Quraysh xalqi, mana ko‘rdinglar, Muhammad bilan bo‘lgan muomalamiz shu bo‘ldi, 
dinimizni xorlab, butlarimizni haqorat qilib, ota-bobolarimizni, bizni ahmoq sanab 
yuribdi. Uning maqsadi ersa, bizlarni xafa qilishdur. Endi men o‘z ko‘nglimda shunday 
ahd qildimki, agar ertaga kelib Baytulloh oldida yana o‘z namozini o‘qimoqchi bo‘lsa, 
naqd sajdaga bosh qo‘ygan chog‘ida qo‘l ko‘targudek og‘ir tosh bilan urib boshini 
yanchaman. Shundoq qilib, birato‘la o‘ldirib qutulmasak, boshqa chorasi yo‘qdur. Aning 
himoyatchisi Bani Hoshimlar qo‘llaridin kelganini qilsunlar. Quraysh xalqi ulardin meni 
saqlash-saqlamasliklarini o‘zlari bilsunlar, — dedi. 
Anda Quraysh raislari: 
— Ey Abul Hakam, Xudo haqqi, sening bu fikring to‘g‘ridur. Agar shu ahdingga vafo qilib, 
bu ish ijrosi ila Muhammaddin bizni qutqara olsang, barimiz bir qo‘l, bir til bo‘lib, seni 
himoya qilishga va’da beramiz, — dedilar. 
Ularning aytgan so‘zlaridin Abu Jahl jur’atlandi, ertasi kuni o‘zi degandek bir cho‘ng 
toshni tutib, poylab turdi. Payg‘ambarimiz o‘z odatlaricha Baytulloh oldiga kelib, ikki 
rakat namoz o‘tamaklikka kirishdilar. Quraysh raislari ham o‘z masjidlarida Abu Jahl 
ishini kutib o‘ltirmoqda edilar. Qachonki Payg‘ambarimiz sajdaga bosh qo‘yib edilar, 
yomon niyat bilan poylab turgan Abu Jahl bir katta tosh ko‘targan holda urmoqchi bo‘lib 
yaqin keldi. Kelishi hamon ko‘kragidan itargandek bo‘lib, orqaga qaytdi. Qo‘rqqanidin 
rangi o‘chib, tosh ko‘targan qo‘li jonsizlanib, uni tashladi. Bu qo‘rqinchlik holga qolgan 
Abu Jahl ustiga bir necha mushriklar yugurishib keldilar. 
— Ey Abul Hakam, senga nima hodisa bo‘ldi? — deb undin so‘radilar. 
Anda ul: 
— Kechagi aytgan ishimni qilmoqchi bo‘lib, yaqin borgan edim, tishlari nayzadek, 
umrimda ko‘rmagan haybatlik bir bug‘ro tuya oldimdan to‘g‘ri chiqib, og‘zini g‘ordek 
ochib, menga hamla qildi. Bo‘lgan voqea shuldir,— dedi. Payg‘ambarimiz: 
— Ko‘ringan bug‘ro tuya birodarim Jabroildur, agar menga yaqinlashsa, uni halok qilur 
edi, — dedilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling