Tasdiqlayman” O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, professor Teshaev O. R


Davolovchi jismoniy tarbiya jarrohlik kasalliklarida ham keng qo‘llaniladi


Download 6.32 Mb.
bet89/111
Sana15.10.2023
Hajmi6.32 Mb.
#1704051
1   ...   85   86   87   88   89   90   91   92   ...   111
Bog'liq
Tasdiqlayman” O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor, professor Teshae

Davolovchi jismoniy tarbiya jarrohlik kasalliklarida ham keng qo‘llaniladi. Bunda asosan operatsiya qaerda qilinishi muhim ahamiyatga egadir.
Ko‘krak qafasida bajariladigan operatsiyalardan oldingi va keyingi davrlarida davolovchi jismoniy tarbiyani qo‘llash.
Operatsiyadan oldingi davrda DJTni qo‘llashga qarshi ko‘rsatmalar: -o‘pkadan qon ketish (agar balg‘amda qon taramlari bo‘lsa, u qarshi ko‘rsatma bo‘lib hisoblanmaydi);
-yurak-qon tomir va nafas yetishmasligining II- va III-darajasining yaqqol yetishmaslik holati;
-tana haroratining 38-39 gradusga ko‘trilishi.
DJTning vazifalari :
-zaharlanish holatlarini kamaytirish;
-yurak-qon tomir sistemasi va tashqi nafas olish funksiyasini yaxshilash;
-bemorning jismoniy va ruhiy-asab statusini yaxshilash;
-operatsiyadan keyingi erta davrda bajariladigan mashqlarga o‘rgatish.
Davolovchi gimnastik muolaja patologik jarayonning qaerda joylashganligi va tarqoqligiga qarab, tashqi nafas olish funksiyasining holatiga, bemorning yoshiga va jismoniy tayyorligiga qarab buyuriladi va tashkil etiladi. Davolovchi gimnastik mashg‘ulotlar yakka tartibda yoki kichik guruhda (3-4 bemor) o‘tkazilishi mumkin.
Davolovchi gimnastik muolajaning kirish qismida qo‘l-oyoqlar uchun mashqlar, statik va dinamik nafas mashqlari beriladi, asosiy qismida ko‘krak qafasining qo‘zg‘aluvchanlik darajasini oshiruvchi, qo‘l va yelka kamari mushaklarini mustahkamlovchi, qovurg‘alar oralig‘idagi mushaklarni va qorin oldi mushaklarini mustahkamlovchi mashqlar beriladi.Bu mashqlar tanani oldinga-orqaga bukish, tanani aylantirish, ko‘krak va bel sohasida umumrtqa pog‘anasini bukish bilan amalga oshiriladi. Mashq davomida statik, dinamik nafas mashqlari, ayniqsa bemorlarga maxsus mashq bo‘lib hisoblangan diafragmal nafas mashqini to‘g‘ri bajarish o‘rgatiladi. Bemorlarga to‘g‘ri yo‘talish o‘rgatiladi va o‘pka ventilyasiyasini oshiruvchi mashqlar beriladi. Mashg‘ulotning tugallanish qismida qo‘l-oyoqlarning distal qismi uchun va statik nafas mashqlari mushaklarni bo‘shashtiruvchi mashqlar bilan birgalikda qo‘llaniladi. Agarda bemorlarda yiringli jarayonlarning yaqqol belgilari bo‘lsa, drenajlovchi nafas mashqlarini bajarish tavsiya etiladi.
Agar yiringli o‘chog‘ pastki bo‘laklarda joylashgan bo‘lsa, tanani burish va bukish mashqlari qo‘llarning silkitishli (max) harakati bilan amalga oshiriladi. Bu mashqlar orqada va qorinda yotgan dastlabki holatda, oyoq ko‘tarilgan holatda bo‘lishi kerak yoki turgan dastlabki holatda tana oldinga bukilgan holatda bo‘ladi.
Agar yiringli o‘chog‘ o‘rta bo‘lakda joylashgan bo‘lsa, drenajlovchi nafas mashqlari orqada yotgan va yon boshda yotgan holatda amalga oshiriladi.
Agar yiringli o‘chog‘ yuqori bo‘lakda joylashgan bo‘lsa, bemor mashqlarni kasallangan yon boshda yotgan, o‘tirgan va turgan dastlabki holatlarda bajarishi kerak.
Agar yiringli o‘chog‘ aralash holatlarda joylashgan bo‘lsa, drenajlovchi nafas mashqlari har xil dastlabki holatlarda va tanani aylantirish, bukish bilan amalga oshiriladi.
Bu davrda yo‘tal kuzatilganda ko‘krak qafasini massaj qilish tavsiya etiladi. Shuningdek vibratsion massaj qo‘llash mumkin, natijada bronxlardagi sekretlarning ko‘chishi yaxshilanadi. Bemor uchun individual topshiriq berish maqsadida drenajlovchi maxsus nafas mashqlari kuniga 8-10 marta beriladi.
Operatsiyadan keyingi erta davrda DJTni qo‘llash.
DJT vazifalari :
-o‘pkada bo‘ladigan asoratlarning oldini olish;
-qolgan o‘pkaning funksiyasini oshirish bilan o‘pka ventilyasiyasini va bronxlarning drenajini yaxshilash;
-oshqozon-ichak traktida bo‘ladigan o‘zgarishlarning (ichak parezi va oshqozon atoniyasi) oldini olish;
-venoz qon aylanishini yaxshilash bilan flembotrombozlarning oldini olish;
-yurak-qon tomir va nafas sistemasining ish faoliyatini yaxshilaash;
-nerv sistemasining tonusini oshirish;
-operatsiya qilingan tomonda yelka bo‘g‘imi harakatining chegaralani-shini oldini olish;
-ko‘krak qafasining deformatsiyasini va qaddi qomatining buzilishini oldini olish.
Qarshi ko‘rsatmalar :
-bemorning og‘ir holati;
-ikkilamchi qon ketish va uning havfi;
-tez, kichik puls va ADning 90 mm sim. ustunidan pastga tushushi.
Davolovchi gimnastika muolajasi operatsiyadan so‘ng 1-2 soatdan keyin qo‘llaniladi. Bemorning nafas yo‘llaridagi shilimshiq yoki balg‘amning chiqib ketishini yaxshilashga yordam berish maqsadida nafas mashqlarini to‘g‘ri yo‘nalishda olish o‘rgatiladi. Davolovchi gimnastik muolajaning 1-kunida 3-5 minut davomida 3-5 marta o‘tkziladi. yengil, qo‘l-oyoqlarning distal qismiga beriladigan mashqlar bilan birglikda beriladi. 2-kundan harakat tartiboti kengaytiriladi. Bu bilan bemorni bir holatdan 2-chi holatga o‘tkaziladi (orqadan yon boshga va h.z.), shu holatda mashqlar bajarilishi va yon boshga o‘tkazilayotganda sog‘ tomoniga o‘tqizilishi kerak. Bulardan tashqari bemorlarga sharni puflash, periferik qon aylanishini yaxshilash maqsadida oyoqlrni yengil silash bilan massaj qilish tavsiya etiladi. Asta-sekin bemor o‘tirgan dastlabki holatga o‘tkaziladi va quyidagi mashqlar beriladi : qo‘l-oyoqlarning distal qismiga, kichik bo‘g‘imlarga mashqlar. Ular statik, dinamik va maxsus nafas mashqlari bilan birgalikda olib boriladi. 3-5 kunlarga kelib bemor o‘tirgan holatdan asta-sekinlik bilan turgan dastlabki holatga o‘tadi. Bu holatda bemorlar yengil mashqlar bajaradi va palatada yura boshlaydilar. Bu davrda orqa va ko‘krak qafasida massajning silash, surtish, tebratish usullarini qo‘llash mumkin.
6-kundan tushak tartiboti tugaydi va bemor davolovchi gimnastika muolajasini zalda davom ettiradi. Zalda asosan o‘tirgan, turgan va yurgan holatlarda mashqlar bajariladi. Mashqlar snaryadlar yordamida (gimnastik tayoqcha, meditsinbol – o‘sib boruvchi yuklamaga moslashtirish, yelka bo‘g‘imidagi chegaralanishni yo‘qotish, qaddi qomatni to‘g‘rilash maqsadida)o‘tkazilishi kerak. Bu davrda ham ko‘krak qafasining, orqaning massaji tavsiya etiladi. Bemorlarga statik va dinamik nafas mashqlari, maxsus tovushli gimnastika (unli va undosh harflar yordamida) nafas mashqlari beriladi.
Pulmonektomiya qilinganidan so‘ng o‘pka tomonidan bo‘ladigan asoratlar havflidir. Shuning uchun 1-kundan boshlab shifobaxsh gimnastika muolajasi bir necha marta o‘tkziladi. 2-3 kundan bemorga nafas mashqlari operatsiya qilingan tomonida yotgan holatda bajarish tavsiya etiladi.Bu bilan sog‘ tomondagi o‘pkaning ekskursiyasi oshiriladi. O‘pkaning ventilya-siyasi va drenaji yaxshilanadi.
Operatsiyadan keyingi kechki davrda DJTni qo‘llash. Vazifalari :
-sog‘ o‘pkaning funksiyasini yanada rivojlantirish va qolgan o‘pka funksiyasini yaxshilash;
-yurak-qon tomir sistmasining faoliyatini yaxshilash;
-operatsiya qilingan tomondagi yelka bo‘g‘imining qo‘zg‘aluvchanligini oshirish;
-ko‘krak qafasi, umurtqa pog‘anasi va yelka kamaridagi deformatsiya-larning oldini olish;
-bemorlarni turmush malakalariga tayyorlash.
Davolovchi gimnastika muolajasi asosan operatsiyadan keyingi 7-8 kunidan qo‘llaniladi. Bu davrda bemor uchun beriladigan mashqlar bemor holatiga qarab beriladi va quyidagi tavsiyalarga rioya qilinadi :
1.Bemorlarda charchoqni chaqirmaslik.
2.Operatsiya chandig‘i sohasida keskin og‘riqni chaqirmaslik.
3.Bemorning harakat tartibotini me'yorli ravishda kengaytirish.
4.Mashqlarni sekin sur'atda va nafas olish fazalari bilan birgalikda olib borish.
Mashg‘ulot vaqtida umumiy rivojlantiruvchi mashqlar hamma mushak-lar guruhiga gimnastik tayoqcha, meditsinbol va gantella (1 kggacha), koptoklar bilan birglikda, gimnastik skameyka va sog‘lomlashtirish narvonida olib borilishi kerak, shuningdek bir-biriga mos harakatlar va muvozanat uchun mashqlar tavsiya etiladi. Bu mashqlar statik, dinamik va maxsus nafas mashqlari bilan birgalikda olib boriladi.
O‘tkazilgan DJTning samaradorligi quyidagilar bilan baholanadi :
-puls
-arterial bosim
-bemorning ob'ektiv, sub'ektiv holati
-ko‘krak qafasining ekskursiyasi
-spirometriya, spirografiya
-pnevmotaxometriya (bronxlarning o‘tkazuvchanligini aniqlash)
-EKG, VPN
-funksional sinamalar – Shtange, Gench
-qon analizi
Bemor shifoxonadan chiqqanidan so‘ng davolovchi gimnastika muolajasini poliklinika yoki dispanser sharoitida davom ettiradi. Bu davrda muolajaning davomiyligi 30 minut bo‘lganda kuniga 2-3 marta beriladi. Har bir muolaja o‘tkazilayotganda yuklamalar asta-sekinlik bilan oshirib boriladi. Bu mashqlar guruhiga mexanoterapevtik vositalar, amaliy-sport mashqlari (yurish, yugurish, suzish va h.z), harakatli o‘yinlar, ko‘krak qafasining massaji, shuningdek tabiatning tabiiy omillaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Qorin bo‘shlig‘idagi operatsiyalarda DJTni qo‘llash.
Operatsiyadan oldingi davrda DJTning vazifalari:
-organizmning umum hayotiy tonusini va qarshiligini oshirish;
-yurak-qon tomir va nafas sistemasining funksional holatini mustahkamlash;
-qorin bo‘shlig‘idagi organ va to‘qimalarda qon aylanishini yaxshilash;
-oshqozon-ichak yo‘lining motor-evakuator funksiyasini yaxshilash;
-nevratik holatlarni kamaytirish;
-to‘g‘ri nafas olishga va operatsiyadan keyingi erta davrda bajariladi-gan mashqlarga o‘rgatish.
Yurak-qon tomir va nafas sistemalarining funksional holatini oshirish uchun qo‘l-oyoq va tana mushaklari uchun mashqlar nafas mashqlari bilan birga buyuriladi. Ular meditsinbol, bulavalar yordamida bajariladi.
Oshqozon-ichak yo‘lining motor-evakuator funksiyasini yaxshilash maqsadida diafragmal nafas, qorin oldi mushak pressining tonusini oshiruvchi mashqlar tavsiya etiladi. Operatsiyadan keyingi erta davrdagi mashqlarni bajarishga o‘rgatish uchun yotganda tanani ko‘tarish, tosni tushakdan ko‘tarish, yon tomonlarga aylanish va og‘riqsiz yo‘talish, statik va dinamik nafas mashqlari buyuriladi. Agarda jigar va o‘t qopida operatsiya o‘tkazilmoqchi bo‘lsa, bemorlar uchun tanani oldinga bukish va aylantirish, oyoqlarni ketma-ket qoringa olib kelish, qorin oldi mushaklar pressini ritmik holatda qisqartirish va bo‘shashtirish, ya'ni bu bilan o‘tning ajralishini faollashtirish mumkin. Asosiy dastlabki holat bo‘lib chap yoki o‘ng yon boshda yotgan holat hisoblanadi.Bemorning yoshiga, organ va sistema-larining funksional holatiga qarab mashqlar tanlab olinadi, o‘zgartiri-ladi, ya'ni shifobaxsh gimnastika muolajasi o‘tkaziladi. Bundan tashqari bemorlarga ertalabki badan tarbiya, me'yorli yurish tavsiya etiladi.
Operatsiyadan keyingi erta davrda DJTning vazifalari:
-organizmdan narkotik moddalarning tezroq chiqib ketishiga yordam berish (o‘pka ventilyasiyasini yaxshilash);
-qorin dimlanishining oldini olish;
-periferik qon aylanishini yaxshilash;
-operatsiyaga jalb qilingan to‘qimalarning trenirovkasini yaxshilash;
-oshqozon-ichak trakti tomonidan bo‘ladigan asoratlarning oldini olish;
-bitishma jarayonlarining oldini olish;
-diafragmal nafasni tiklash;
-organizmni asta-sekinlik bilan berilayotgan jismoniy yuklamalarga moslashtirish.
Operatsiyadan keyingi erta davrda davolovchi gimnastik muolajasi asosan orqada yotgan dastlabki holatda o‘tkaziladi. Bunda statik, dinamik nafas mashqlari, qo‘l-oyoqlarning distal qismi uchun mashqlar beriladi. Shuningdek bemorning holatiga qarab tovushli nafas mashqlari beriladi. Bu davrda asosiy e'tibor bemorning o‘ziga-o‘zi xizmat qilishini tiklash uchun mashqlar beriladi.
Operatsiyadan keyingi kechki davrda DJTning vazifalari :
-qorin bo‘shlig‘idagi bir-biriga anatomik bog‘liqliklarni normal holatga olib kelish;
-organizmning qarshiligini oshirish;
-harakatni tiklash;
-qorin oldi mushak pressini mustahkamlash.
Mashg‘ulotlar davolovchi jismoniy tarbiya zalida olib boriladi, uning o‘rtacha davomiyligi 25-30 minut davom etadi. Bemorga nafas, faol, snaryadlar bilan bajariladigan, muvozanatga, bir-biriga mos harakatli, tirmashish mashqlari tavsiya etiladi. Operatsion chandiqni va harakatchan-likni oshirish maqsadida tanani bukish va aylantirish, qorin oldi mushak pressini musthkamlash mashqlari beriladi.
Bemorlar shifoxonadan chiqqanidan so‘ng poliklinika jarrohining nazoratida davolovchi gimnastik mashg‘ulotlarni va DJTning boshqa shakllarini qo‘llashni davom ettiradilar. 6-12 oydan so‘ng amaliy sport mashqlari tavsiya etiladi.
O‘tkazilgan davolovchi jismoniy tarbiyaning samaradorligini baholash usullari :
-puls
-arterial bosim
-bemorlarning ob'ektiv va sub'ektiv holatlari
-EKG, VPN
-Djekson sinamasi, ya'ni qorin oldi mushak pressiga beriladigan statik yuklama. Erkaklar uchun – 2-3 daqiqa; ayollar uchun – 1-2 daqiqa.
Agarda yuqoridagi davomiylikda ushlab turilsa, mushak pressi tonusi yaxshi deb hisoblanadi.
-qorin aylanasining kindak sohasida maksimal oldinga chiqargan va maksimal orqaga tortgandagi aylanasi.
Agarda bu ayirma 2-3 sm chiqsa, mushak tonusi – past; 10-15 sm chiqsa – yaxshi deb baholanadi.
Tayanch-harakat apparatining jarohati va kasalliklarida davolovchi jismoniy tarbiyani qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Jarohatlanish ko‘pincha funksiyaning buzilishi bilan kechadi, bu bemorning mehnat qobiliyatining pasayishiga yoki yo‘qolishiga olib keladi. Funksiyaning buzilishi mahalliy va umumiy bo‘ladi.
Umumiy buzilish – asta-sekin immobilizatsiya vaqtida gemodinami-kaning asosiy ko‘rsatkichlari va tashqi nafas funksiyasi pasayadi, modda almashinuvi buziladi. Immobilizatsiya uzoq vaqt davom etganda afferent impulsatsiya buziladi, kompensator-moslashtiruvchi regulyator mexanizmlar ishga tushadi.
Jismoniy mashqlarning sistematik muntazam qo‘llanilishi ta'sirida tayanch-harakat apparatining trofikasi yaxshilanadi, mushaklarda kapillyar-lar va anastamozlar miqdori ortadi. Harakat apparati jarohatlarida rege-nerativ jarayonlarning yaxshilanilishini motor-visseral reflekslar mexa-nizmi tushuntirib beradi. Mashg‘ulot vaqtida hosil bo‘lgan reflekslar asta-sekin shartli-reflektor bog‘lanish belgisi bo‘yicha dinamik steriotipni shakllantiradi.
Shunday qilib, faqat mashg‘ulot vaqtida emas, balki undan keyin ham mushak tonusi, bo‘g‘imlardagi harakat, tana va qo‘l-oyoq mushak kuchlarining oshishi kuzatiladi.
Jarohatlanish harakteri, shikastlanish yoki kasalliklarning patoge-netik mexanizmlariga nisbatan davolovchi jismoniy tarbiyaning harakat tartiboti aniqlanadi va davolashning umumiy va mahalliy vazifalari qo‘yiladi.
Davolovchi jismoniy tarbiya tavsiya etishga qarshi ko‘rsatmalar :
1.Bemorning umumiy og‘ir holati.
2.Gemoragik, travmatik va og‘riq shoklari.
3.Qon ketish va qon ketishga moyillik.
4.Yirik tomir va nerv yaqinida yod tanalarning bo‘lishi.
5.Suyak bo‘laklari repozitsiyasining yo‘qligi.
Qo‘l-oyoq suyaklari singanida qo‘yiladigan umumiy vazifalar:
-yurak-qon tomir, nafas sistemalari funksiyasini, oshqozon-ichak yo‘li motorikasini yaxshilash;
-almashinuv jarayonlarini, jarohat sohasida qon va limfa aylanishini tezlashtirish;
-o‘sib boruvchi jismoniy yuklamaga organizmning hamma sistemalarini moslashtirish.
Mahalliy vazifalar :
-mushaklar gipotrofiyasining oldini olish;
-mushaklar kuchlanganligi va kontrakturasining oldini olish;
Mahalliy vazifalarni bajarish uchun davolovchi jismoniy tarbiya-ning quyidagi vositalaridan foydalaniladi:
-yengillashtirish bilan bajariladigan mashqlar (sirpanuvchi yuza, g‘ildirakli aravachalar);
-simmetrik qo‘l-oyoq uchun mashqlar;
-immobilizatsiya qilingan qo‘l-oyoqlarning bo‘sh bo‘g‘imlari uchun mashqlar;
-ideomotor mashqlar.
Qo‘shimcha vositalar – davolovchi massaj, iliq vannalar.
Tirsak bo‘g‘imi jarohatida davolovchi jismoniy tarbiya.
Davrlar -absolyut immobilizatsiya
-nisbiy immobilizatsiya
-immobilizatsiyadan keyingi
-tiklanish
Jarohatning 1-kunidan boshlab izotonik mashqlarni, 2-3 kundan izometrik mashqlarni tavsiya qilish mumkin.
Immobilizatsiyadan keyingi davrda quyidagi vazifalarni qo‘yish mumkin :
-harakat ko‘nikmalarining trenirovksi;
-sog‘ qo‘lning tayanch qobiliyatining trenirovkasi;
-sog‘ qo‘lda harakat amplitudasini oshirish;
Qo‘llanilgan mashg‘ulotlarning samaradorligini aniqlash uchun quyidagi usullardan foydalaniladi :
-uglometriya;
-dinamometriya;
-statik kuchlanishni ushlab turish.
Umurtqa pog‘anasining sinishida DJT.
Bo‘yin qismining engashgan sinishida immobilizatsiyaga quyidagi talablar qo‘yiladi :
1.Qattiq to‘shak.
2.yelka ostiga katta bo‘lmagan yostiq.
3.Bosh qismi 50 smga ko‘tarilgan.
4.Glisson halqasi yordamida cho‘zish.
Bo‘yin qismining yozilish holatida sinishida immobilizatsiyaga quyidagi talablar qo‘yiladi :
1.Bosh ostiga katta bo‘lmagan yostiq.
2.Glisson halqasi yordmida cho‘zish.
3.Ensa suyagi ostiga gipsli yarim korset.
Sinishning 1-kunlarida davolovchi jismoniy tarbiyaning vazifasi bo‘lib hisoblanadi :
-bemorning hayotiy tonusini ko‘tarish;
-yurak-qon tomir, nafas sistemalarining faoliyatini yaxshilash;
-hayotiy muhim organlarda dimlanish holatlarining oldini olish.
Tavsiya etiladi:
-nafas mashqlari;
-yengillashtirilgan sharoitda qo‘l-oyoqlarning distal qismlari uchun umumrivojlantiruvchi mashqlar (to‘g‘ri oyoqlarning ko‘tarilishi tavsiya etilmaydi).
Ko‘krak va dumg‘aza qismlari jarohatida davolovchi jismoniy tarbiyani qo‘llash.
Davrlari -1 - 7-10 kun
-2 - 10-45 kun
-3 - 45-60 kun
-4 - bemorning o‘rnidan turgan vaqtidan boshlab
1- va 2-davrlarning vazifalari:
-ichki organlarning funksiyasini normallashtirish;
-jarohat sohasida qon bilan ta'minlanishni yaxshilash;
-tana, yelka va tos kamari mushaklarini mustahkamlash.
3-davrning vazifalari:
-qo‘l-oyoq, tana va tos tubi mushaklarini mustahkamlash;
-harakatlar koordinatsiyasini va umurtqa pog‘anasining mobilligini yaxshilash.
3-davr 2-davrdan quyidagilar bilan farqlanadi :
-mashg‘ulotlarning zichligi va davomiyligining ortishi hisobiga yuklamaning oshishi bilan;
-qarshilikda va yuklama bilan bajariladigan mashqlarning tavsiya etilishi bilan;
-izometrik mashqlar ekspozitsiyasining ortishi bilan;
-asta-sekin umurtqa pog‘anasiga yuklama berishga o‘tish bilan.
Mashg‘ulotning samaradorligi mushak korsetining hosil bo‘lishi bo‘yicha baholanadi, ya'ni 1.”lastochka” mashqi - 2-3 minut
2.Jekson sinamasi - 2-3 minut
4-davrning vazifalari :
-tana mushagining mustahkamlanishini davom ettirish;
-umurtqa pog‘anasiga yuklama berishga o‘tish;
-yurish ko‘nikmalarini va qomatni tiklash.
Umurtqa pog‘anasi jarohatidan keyin o‘tirishga 3 oydan so‘ng ruhsat etiladi, agar bemor 1,5 – 2 soat yurganidan keyin diskomfortni xis qilmasa, ya'ni bezovta bo‘lmasa.
Umurtqa pog‘anasi bilan orqa miya ham jarohatlansa asoratalar yoki buzilishlar kuzatiladi, ya'ni
-orqa miya neyronlarida distrofik jarayonlarning erta rivojlanishi;
-spastik holatlarning erta paydo bo‘lishi;
-bo‘yin qism singanida nafasning vestiblyar apparati va koordina-siyaning buzilishi.
Bu asoratlarning oldini olish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
-izolyasiyalangan harakatlarning nafas fazalari bilan birgalikda olib borish;
-reflektor qo‘zg‘aluvchanlikni pasaytirish uchun passiv mashqlarni va bo‘shashtiruvchi massajni erta qo‘llash;
-irodali mushaklar relaksatsiyasi;
-harakat stereotipini shakllantirish.
Tos suyagining sinishida DJTni qo‘llash.
Davrlari - 1 - 8-10 hafta
- 2 - 11-13 hafta
- 3 - tiklovchi
1-davrning umumiy vazifalari :
-bemorning emotsional tonusini oshirish;
-yurak-qon tomir, nafas sistemalari tomonidan bo‘ladigan asorat-larning oldini olish;
-qorin dimlanishi (meteorizm), siyish va najasni ushlab qolish funksiyasining susayishini oldini olish.
Mahalliy vazifalari :
-tos sohasida qon bilan ta'minlanishni yaxshilash;
-tos kamari va oyoq mushaklarining kuchi va chidamliligining pasayi-shini oldini olish;
-bo‘g‘imlarda regidlikning oldini olish.
Erta davrida asosan ko‘krak bilan nafas olish qo‘llaniladi.
Immobilizatsiya davrida qo‘llaniladi :
-sog‘lom qo‘l-oyoqning faol harakati;
-immobilizatsiya qilingan oyoq uchun ideomotor mashq;
-oyoq panjalarining faol harakati, oyoq tovonini bukish, tovonga bosim, kichik narsalarni oyoq panjalari bilan ushlash;
-son, tizza mushaklari uchun izometrik mashqlar, yurish imitatsiyasi.
Tosning qo‘zg‘algan (ajralgan) bo‘laklarining repozitsiyasi uchun tavsiya etiladi :
1.Krovatning oyoq tomoniga qo‘zg‘algan tomondagi oyoq bilan “tortilish”.
2.Tos suyagi ajralganda oyoqlarning bir-biri bilan kesib o‘tishi (sog‘ oyoq yuqorida).
3.Oyoqlarning ichki rotatsiyasi.
4.Qorin pressi uchun mashqlar.
2-davrning vazifalari :
-tana, tos kamari, qo‘l-oyoq mushaklarini mustahkamlash;
-qo‘l-oyoq bo‘g‘imlarida harakat amplitudasini oshirish;
-oyoqlarning tayanch funksiyasining trenirovkasi.
Bemorlarni 2-davrning oxirida o‘rnidan ko‘tarilishiga ruhsat etiladi, lekin buning uchun avval bemorni qoringa o‘girib olish kerak.
Qorinda yotgan holatda mashqlar:
1.Galma-galdan, keyin bir vaqtning o‘zida oyoqlarni tos-son bo‘g‘imida bukish.
2.To‘g‘ri oyoqlarning yon tomonga harakati.
3.Tosni ko‘tarish.
3-davrning vazifalari:
-o‘sib boruvchi jismoniy yuklamaga organizmning hamma sistema-larini moslashtirish;
-oyoqlarning tayanch funksiyasini tiklash, tos-son va tizza bo‘g‘imlarida harakatni oshirish.
Bemor xassasiz 1,5 – 2 soat davomida yurib, diskomfort xis qilmasa unga o‘tirishga ruhsat etiladi.
Sonning markaziy chiqishi bilan tos suyagining sinishining 1-davrida izometrik mashqlarni quyidagilar uchun qo‘llashga ruhsat etiladi:
-dumba mushaklari;
-orqaning to‘g‘ri mushaklari;
-tizza mushaklari;
-tos tubi mushaklari.
Quyidagi dastlabki holatlar ruhsat etiladi :
1.Tizza-tirsak dastlabki holati.
2.Tizzada turgan dastlabki holat.
3.Turgan dastlabki holat.
4.Tovon-qo‘l dastlabki holat.
5.Tizza-qo‘l dastlabki holati.
Skoliotik deformatsiyaning rivojlanishida quyidagi bosqichlar farqlanadi:
-torsiya;
-yon bosh qiyshayishi;
-kifoz elementlarining bo‘lishi;
-ko‘krak qafasining deformatsiyasi;
-bel lordozining kuchayishi;
-mushaklarning bir tomonlama kontrakturasi;
-ichki organlar joyining o‘zgarishi.
Skoliozni davolashning asosiy usuli bo‘lib hisoblanadi : umurtqa pog‘anasining mobilizatsiya va deformatsiyaning korreksiyasi va uni ushlab turish. Shu maqsadda quyidagi mashqlar qo‘llaniladi :
-korreksiyalovchi;
-assimetrik;
-simmetrik;
-nafas.
Osteoxondrozi bor kasal bemorlar bilan davolovchi jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini o‘tkazishda quyidagi qoidalarga rioya qilish kerak :
1.Yuklamani kamaytiruvchi dastlabki holatni qo‘llash (orqada, qorin-da, yon boshda yotgan, tizza-kaft).
2.Bo‘shashtiruvchi mashqni keng qo‘llash.
3.Nafas mashqlari.
4.Umurtqa pog‘anasini bukishga mashq.
5.Umurtqa pog‘anasini cho‘zishga mashq.
6.Shtangachilar foydalanadigan kamar yordamida jarohatlangan segmentlarning fiksatsiyasi.
Sog‘lom onadan – sog‘lom bola tug‘iladi. Bu homiladorlikning, tug‘ish-dan oldin, tug‘ish va keyingi davrlar qanday o‘tishiga bog‘liqdir.Homilador ayollarning homiladorlik davri yaxshi o‘tishi, tug‘ish jarayoni yengil va asoratsiz o‘tishida davolovchi jismoniy tarbiyaning qo‘llanilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Davolovchi jismoniy tarbiyaning afzalligi shundaki, unda dori moddalari ishlatilmaydi, insonning hayoti davomida bajaradi-gan fiziologik harakatlar qo‘llaniladi. Shuning uchun bugungi ma'ruzamiz-da asosiy e'tiborni homiladorlik vaqtida, tug‘ish davrida va har xil ginekologik kasalliklarda va jarrohlikda jismoniy mashqlarning davolash maqsadida qo‘llanilishiga qaratamiz.
Ayollarda homiladorlik davri yengil kechishi, homilaning yaxshi rivoj-lanishi, tug‘ish jarayonining yengil va asoratsiz kechishi uchun davolovchi jismoniy tarbiya keng qo‘llniladi. Davolovchi jismoniy tarbiyaning qo‘lla-nilishi homiladorlikning trimestrlariga bog‘liq, ya'ni quyidagi trimestr-lar farqlanadi :
- 1-trimestr - 16 haftagacha
- 2-trimestr - 17-32 haftalar
- 3-trimestr - 33-40 haftalar
1-trimestrda davolovchi jismoniy tarbiyani qo‘llash.
Vazifalari :
1.Homilaning rivojlanishiga optimal holatlarni yuzaga keltirish.
2.Homilador ayolni to‘liq nafas olishga o‘rgatish.
3.Asta-sekinlik bilan yurak-qon tomir va boshqa sistemalarni o‘sib boruvchi jismoniy yuklamalarga moslashtirish.
4.Homilador ayolni erkin holatda mushaklarni kuchlantirish va bo‘shashtirishga o‘rgatish.
Bu trimestrda homilaning tushushini oldini olish maqsadida qorin ichki bosimini keskin ko‘taradigan mashqlar tavsiya etilmaydi. Davolovchi gimnastik muolajaning kirish qismida ayollar uchun qo‘l-oyoqlarning distal – proksimal qismlariga mashqlar, dinamik va statik nafas mashqlari beriladi. Mashg‘ulotning asosiy qismida ko‘krak va diafragmal nafas mashqlari bilan birga qorin oldi mushak pressi va tos tubi mushaklari uchun mashq beriladi. Qorin oldi mushak pressi va tos tubi mushaklari uchun mashqlar orqada, yon boshda yotgan, tizza-kaft dastlabki holatlarida berila-di. Qorin ichki bosimini keskin oshiruvchi quyidagi mashqlar tavsiya etilmaydi :
- bir vaqtning o‘zida to‘g‘ri oyoqlarni yuqoriga ko‘tarish;
- yotgan holatdan keskin ravishda o‘tirgan holatga o‘tish;
- keskin ravishda tanani orqaga va oldinga bukish va h.z.
Mashg‘ulotning tugallanish qismida statik va dinamik nafas mashqlari, qo‘l-oyoqlarning distal va proksimal qismlariga mashqlar va bo‘shashtiruvchi mashqlar tavsiya etiladi.
Davolovchi gimnastik muolajalaridan tashqari ayollarga toza havoda sayr etish buyuriladi.
2-trimestrda davolovchi jismoniy tarbiyani qo‘llash.
Vazifalari:
1.Homilaning oksigenatsiyasini va qon bilan ta'minlanishini yaxshilash.
2.Qorin oldi mushaklar pressini mustahkamlash.
3.Tos tubining elastiklik darajasini oshirish.
4.Umurtqa pog‘anasining elastiklik darajasini va tos bog‘lamlarining qo‘zg‘aluvchanligini oshirish.
5.Qon dimlanish holatlari bilan kurashish.
6.Yurak-qon tomir sistemasini jismoniy yuklamalarga moslashtirish.
Bu davrda homilador ayolda ikkinchi yoki plansentar qon aylanish doirasi hosil bo‘ladi, natijada yurakning qisqarish soni ortadi va kislo-rodga ixtiyoj oshadi, umumiy qonning hajmi ortadi. Bachadon o‘lchovlarining ortishi bilan bel lordozi kuchayadi va tosning bukilgan burchagi ortadi. Orqaning uzun mushaklari har doim statik kuchlangan holatda bo‘ladi. Doimiy ravishda o‘sayotgan bachadon tos venalarini siqib qo‘yadi, shuning natijasida bachadon venalaridagi bosimning oyoq venalaridagiga nisbatan yuqori bo‘lishi, oyoqlardan qonning oqishiga qiyinchilik yaratadi, shuning uchun homiladorlikning 2-trimestrida oyoq tomirlarida varikoz kengayishi holatlari yuzaga keladi. Bundan tashqari mashqlar homilador ayolning diurezini va ichak peristaltikasini oshiradi. Davolovchi gimnstika muolajasining kirish qismida qo‘l-oyoqlarning distal qismiga mashqlar, statik va dinamik nafas mashqlari beriladi. Asosiy qismida qorin oldi mushaklar pressi, tos tubi mushaklari, dumba mushagi, sonning olib keluvchi mushaklari uchun mashqlar tavsiya etiladi.Bunda homilador ayolga qorin oldi mushaklari va tos mushaklarining funksional holatini kengaytirish mashq-lari qo‘llaniladi, bu bilan bo‘ladigan tug‘ish jarayoniga tayyorlanadi. Mash-g‘ulotlarda orqaning uzun mushaklari uchun, ya'ni tanani burish va aylantirish, bu bilan homilador ayolning tayanch markazi mustahkamlanadi. Tos tubi mushaklarining holatini yaxshilovchi mashqlar, ya'ni tos-son bo‘g‘imi va dumg‘aza yon bosh qo‘shilmasining qo‘zg‘aluvchanlik darajasi yarim o‘tirgan, yurganda oldinga va yon boshga tashlanadigan mashqlar bilan amalga oshiriladi, gimnastik narvon oldida turib asta-sekinlik bilan 1-4 pog‘ana-ga chiqib tushish tavsiya etiladi. Shuningdek statik, dinamik nafas mashq-lari, umumiy rivojlantiruvchi mashqlar bilan birga olib boriladi. Mashqlar turgan, o‘tirgan, yon boshda yotgan dastlabki holatlarda bajarilishi mumkin.
Mashg‘ulotning tugallanish qismida statik, dinamik nafas mashqla-ri, qo‘l-oyoqlarning distal qismlari uchun va umumiy bo‘shashtiruvchi mashq-lar beriladi. Bu trimestrda autotrening elementlarini tavsiya etish mumkin.
3-trimestrda davolovchi jismoniy tarbiyani qo‘llash.
Vazifalari :
1.Nafas va qon aylanishini stimulyasiya qilish.
2.Qon dimlanishlari bilan kurashish.
3.Ichakning faoliyatini stimullash.
4.Qorin oldi mushak pressining tonusini ushlab turish.
5.Dumg‘aza yon bosh qo‘shilmasi, son-tos bo‘g‘imi va umurtqa pog‘anasining qo‘zg‘aluvchanligini oshirish.
6.Tug‘ish jarayonida bajariladigan mashqlarga o‘rgatish.
7.Ayolga chuqur nafas olib, mushaklarni bo‘shashtirish mashqlariga o‘rgatish.
Mashg‘ulotning kirish qismida periferik va kollateral qon oqimini yaxshilash uchun qo‘l-oyoqlarning distal qismi uchun mashqlar, o‘pka ventilya-siyasini yaxshilash uchun statik, dinamik nafas mashqlari tavsiya etiladi. Asosiy qismda tos tubi, qorin oldi mushaklar pressi, dumg‘aza yon bosh qo‘shilmasi, son-tos bo‘g‘imi va umurtqa pog‘anasi uchun mashqlar beriladi. Nafas olganda qorin oldi mushak pressini kuchaytiruvchi mashqlar, ko‘krak va diafragmal nafas mashqlari bajariladi. Tug‘ishning 1-davrida bajarila-digan mashqlar beriladi. Mashqlar turgan, o‘tirgan, orqada yotib boshi ko‘ta-rilgan, yon boshda yotgan dastlabki holatlarda bajariladi.Mashg‘ulotning tugallanish qismida statik (diafragmal) nafas mashqlari, qo‘l-oyoqning distal qismlari uchun va umumiy bo‘shashtiruvchi mashqlar buyuriladi.
Bu trimestrda asosiy e'tibor nafas olganda nafasni ushlab turish bilan va tos tubi mushaklarini bo‘shashtirish mashqlari trenirovkasiga berilishi kerak.
Homilador ayollarning tug‘ish davrida umumiy qarshi ko‘rsatmalardan tashqari tug‘ish davrining 1-davrida akusherlik holatlarida xususiy qarshi ko‘rsatmalar bo‘lishi mumkin, shuning uchun tug‘ishning 1-davrida homilador ayollar akusher-ginekolog tomonidan muntazam nazorat ostida bo‘lishlari zarur. Davolovchi jismoniy tarbiya buyurilishidan oldin homilador ayolning jismoniy tayyorgarligini baholash kerak. Bu bilan jismoniy mashqlar ichidan optimal mashqlarni tanlab olish, kardiorespirator sistemasining faoliyat darajasini va shu bilan organizmning funksional imkoniyatlarini aniqlash mumkin. Shuning uchun mashg‘ulotlardan oldin va keyin mashg‘ulot jarayonida puls, nafas olish, arterial bosim, o‘pkaning tiriklik hajmi, homilaning holati nazorat qilib borilishi kerak. Homilaning holati asosan yurak urishining soni va sifati bilan baholanadi. Muolaja davomida umumiy rivojlantiruvchi va nafas mashqlari tavsiya etiladi. Bu mashqlar asosan bo‘shashtiruvchi mashqlar bilan birgalikda olib borilishi kerak, chunki tug‘ish jarayonida ayollarning ish qobiliyatini oshirish maqsadida, ya'ni tug‘ishning birinchi 8 soatida charchoq holatining oldi olinadi, periferik qon aylanishi, tashqi nafas olish funksiyalari yaxshilanadi. Bo‘yinchaning 3 smga ochilishi bilan muolaja kompleksiga dinamik nafas mashqlari, qo‘l-oyoqlar, tana va bo‘yin mushaklari uchun umumiy rivojlantiruvchi mashqlar va bo‘shashtiruvchi mashqlar beriladi. Dard vaqtida statik nafas mashqlari (ko‘krak, diafragmal) asta-sekinlik bilan nafas olishni uzaytirilgan holatda olib borilishi kerak. 2-davrida asosan yotgan holatda qo‘l-oyoq, bo‘yin mushaklari uchun yengil bajariladigan mashqlar, orqa, qorin, dumba mushaklarini bo‘shashtiruvchi mashqlar va statik nafas mashqlari berilishi kerak.
Ayollar jinsiy organlarining yallig‘lanish kasalliklarida (salpin-goomfarit, metroendometrit, parametrit), bachadonning anomaliyalarida (retrofleksiyasi), bachadonning va qinning pastga tushishlarida shifobaxsh jismoniy tarbiya keng qo‘llaniladi.
Ayollar jinsiy organlarining yallig‘lanish kasalliklarida qo‘llanila-digan davolovchi jismoniy tarbiyaning vazifalari :
-organizmning umumiy holatiga ta'sir etib, kasalliklarga organizm-ning umumiy qarshiligini oshirish;
-qon turib qolishlari bilan kurashish;
-qon-limfa aylanishini kuchaytirish;
-to‘qimalarda oksidlanish-tiklanish jarayonlarini oshirish;
-kichik tos organlarida venoz qon turib qolishlarini kamaytirish va yo‘qotish;
-gipodinamiya bilan kurashish, asoratlarni yo‘qotish.
Davolovchi gimnastika muolajasi asosan erkin tartibotda beriladi. Unda turgan, o‘tirgan, tizzada turgan, orqada va qorinda yotgan, tizza-tirsak dastlabki holatlaridan foydalaniladi. Mashqlar asosan butun tana mushak-lari uchun buyuriladi. Maxsus mashqlar bo‘lib tos tubi, tos-son bo‘g‘imi, oraliq mushaklariga beriladigan mashqlar hisoblanadi.
Tos-son bo‘g‘imi uchun mashqlar orqada yotgan dastlabki holatda bajariladi, ya'ni oyoqlarni bukkan holatda qoringa olib kelish va dastlabki holatga keltirish, bir vaqtning o‘zida to‘g‘ri oyoqlarni ko‘tarish, ma'lum gradusga ko‘targan holda aylanma harakat qilish, oyoqlarni yuqoriga ko‘targan holatda “yurish” yoki velosiped “haydash” imitatsiyasi, “shag‘am” mashqi. Qorinda yotgan holatda bras usulida “suzish” mashqi, yarim o‘tirgan holatda oyoqlarni yon tomonga kengaytirish, tanani oyoq tomonga bukish, o‘tirgan holatda oyoqlar yordamida “qaychi” mashqi va oyoqlar bilan rotatsion mashqlar bajariladi.
Tos tubi mushaklari uchun mashqlar asosan turgan holatda yurish bilan bajariladi, ya'ni oyoqlarni yuqoriga ko‘tarib, tovon bilan dumba tomonga harakat qilish, oyoqlarni ko‘tarib ko‘krak tomonga harakat qilish, erkin yoki tayanib turgan holatda oyoqlarni oldinga, orqaga, yonga harakat mashqlari, qiyinlashtirilgan yurish va yurganda tanani oldinga tashlash, yarim o‘tirib yurish va to‘siqlar osha yurish mashqlari tavsiya etiladi.
Qorin oldi mushaklariga beriladigan mashqlar yordamida bemorlarda bo‘ladigan qorin oldi mushaklarining bo‘shashganlik va qavziyat holatlari kamaytiriladi va yo‘qotiladi.
Mashqlar o‘rta sur'atda, kengligi asta-sekin oshirib borish bilan o‘tkaziladi. Bemorlarga davolovchi jismoniy tarbiya vositalaridan tashqari ertalabki badan tarbiya, bemorlarga individual topshiriqlar, ya'ni shakllar beriladi. Bemorlar shifoxonadan tashqarida davolovchi jismoniy tarbiya bilan ayollar maslahat xonalarida yoki vrach-jismoniy tarbiya dispanser-larida davom ettiradilar. Ularda davolovchi jismoniy tarbiya bilan bir vaqtda ginekologik hamda segmentar massaj o‘tkazish mumkin.
Bachadonning anomaliyalarida davolovchi jismoniy tarbiyani qo‘llash va uning vazifalari :
-kichik tosdagi qon va limfa aylanishini kuchaytirish, trofikasini yaxshilash;
-qorin oldi mushak pressini rivojlantirish;
-tos tubida joylashgan organlarning bir-biriga bog‘liqligini oshirish;
-tos tubi mushaklarini mustaxkamlash;
-qorin ichki bosimini kamaytirish, bachadon bog‘lam apparatini mustaxkamlash, siydik qopi va uretraning sfinkterini mustaxkamlash.
Yuqorida qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun qo‘llaniladigan va tanlanadigan dastlabki holatlar muhim ahamiyatga ega. Davolovchi gimnastika mashg‘ulotlarida asosan tizza-kaft, tizza-tirsak, tizza-ko‘krak dastlabki holatlari keng qo‘llaniladi. Bu bilan bukilgan ichki organ yuqoriga harakat qildiriladi. Qorin oldi mushak pressi bo‘shashtiriladi, qorin ichki bosimi kamaytiriladi. Bog‘lam-mushak apparati funksiyasining yaxshilanishi va tiklanishini oyoqlarning harakati yordamida amalga oshiriladi, bunda sonlarning yon tomonga tashlanishi va rotatsiyasi katta ahamiyatga ega. Bu bilan bel-dumg‘aza, noksimon mushaklar faoliyati oshadi. Ularning qisqarishi qon oqimini tezlashtiradi, bo‘shashishi esa kichik tos organlarini qon bilan to‘lishini yaxshilaydi. Davolovchi gimnastika muolajalari asosan ginekologik massaj yoki fizioterapevtik muolaja-lardan 1-2 soatdan so‘ng o‘tkazilishi tavsiya etiladi. Umumiy talab bo‘lib, mashg‘ulotlardan oldin siydik qopi va to‘g‘ri ichak bo‘shatilgan bo‘lishi kerak. Umumiyrivojlantiruvchi mashqlar asosan nafas va umumiy bo‘shashtiruvchi mashqlar bilan amalga oshiriladi. Agarda bemorlarda fiksatsiyalangan retrofleksa holati bo‘lsa, mashg‘ulot davomida ular tizza-ko‘krak dastlabki holatida 3-4 minut turishlari kerak. Bu mashq mashg‘ulot davomida 3-4 marta qaytariladi. Mushaklarni umumiy bo‘shashtirish uchun qorinda yotgan holat tavsiya etiladi. Agarda bachadon normal holatda uzoq vaqt ushlab turilsa, unda qorinning to‘g‘ri va qiyshiq mushaklari uchun mashqlar, suzish, chang‘ida uchish, me'yorli yurish mashqlari beriladi. Bemorlarga og‘irlik ko‘trish, sakrash, xatlab o‘tish, yugurish, orqaga yeqilish mashqlari tavsiya etilmaydi.
Bachadon va qin pastga tushganida davolovchi jismoniy tarbiyani qo‘llashda asosiy e'tibor tos tubi mushaklarini mustaxkamlashga qaratila-di. Bachadon va qin tushishining boshlang‘ich bosqichida ginekologik massaj tavsiya etiladi, bunda mahalliy qon oqimi yaxshilanadi, venoz qon turib qolish kamayadi, tos tubi mushaklari mustahkamlanadi. Ginekologik massaj davolovchi gimnastika muolajasidan oldin o‘tkazilishi kerak. Umumiy rivojlantiruvchi mashqlar bachadon va qinni pastga tushish darajasini oshirib yubormasligi uchun har bir ayolga alohida gimnastik mashqlar kompleksi tanlab olinishi zarur, unda qorin ichki bosimini oshiruvchi mashqlar bo‘lmasligi kerak. Turgan va o‘tirgan dastlabki holatlarida oyoqlarni oldinga olib kelish va oyoq mushaklariga izometrik mashqlar beriladi. Orqada, yon boshda, qorinda yotgan, tos sohasi ko‘tarilib orqada yotgan, turgan dastlabki holatlarda tos tubi mushaklarini mustahkamlash uchun quyidagi mashqlar tavsiya etiladi :
Orqada yotgan dastlabki holatda
-anus sfinkterini o‘ziga tortish va bo‘shashtirish;
-to‘g‘ri oyoqlarni bir-biriga olib kelish va kengaytirish;
-tirsakka va tovonga tayangan holatda tosni yuqoriga ko‘tarish;
-ketma-ket yoki bir vaqtning o‘zida oyoqlarni tizzada bukib, ko‘krak tomonga olib kelish;
-ketma-ket to‘g‘ri oyoqlarni ko‘targan holatda aylanma harakatlarni bajarish;
-“shag‘am” mashqlarini bajarish.
Yon boshda yotgan dastlabki holatda
-bukilgan oyoqni ko‘krak tomonga harakat qildirish;
-yuqorida turgan oyoqni aylanma harakat qildirish;
-bir vaqtning o‘zida to‘g‘ri oyoqlarni oldinga va orqaga, yuqoriga harakat qildirish.
Qorinda yotgan dastlabki holatda
-ketma-ket yoki bir vaqtning o‘zida to‘g‘ri oyoqlarni ko‘tarish;
-bras usulida “suzish”;
-to‘g‘ri oyoqlarni kengaytirish va birlashtirish;
-tirsakka tayangan holatda umurtqa pog‘anasini ko‘tarish.
Orqada yotgan dastlabki holatda
-oyoqlar gimnastika narvoniga qo‘yilib, to‘g‘ri oyoqlarni kengaytirish va birlashtirish;
-ketma-ket oyoqlarni ichkariga va tashqariga rotatsiya qilish;
-tirsak va ko‘krakka tayangan holatda tos sohasini ko‘tarish.
Turgan dastlabki holatda
-tanani aylantirish, orqaga va oldinga bukish;
-aylanma va burilish mashqlarida qo‘llarni harakatga keltirish.
Yuqorida keltirilgan mashqlar statik, dinamik nafas mashqlari bilan birgalikda olib borilishi kerak. Bemor ayollarga yugurish, sakrash xatlab o‘tish mashqlari qat'iy man etiladi.
Bemorlarga berilgan davolovchi gimnastika muolajasining organizmga bo‘layotgan ta'sirini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi, chunki berilayotgan yuklama ko‘paysa organizmga salbiy ta'sir etib, kasallikni kuchaytirib yuborishi, asoratlarga olib kelishi mumkin. Agarda berilayotgan jismoniy yuklama kam bo‘lsa, oldimizga qo‘ygan vazifalarni bajara olmaymiz. Shuning uchun mashg‘ulot davomida, bemorlar shifoxonada davola-nish vaqtida berilayotgan jismoniy yuklamalarning organizmga ta'sirini, ya'ni davolovchi jismoniy tarbiya samaradorligini baholashimiz kerak. Samaradorlikni baholash uchun har xil usullardan foydalaniladi.
Homiladorlik va tug‘riqdan keyingi davrda davolash maqsadida qo‘llanilayotgan davolovchi gimnastika muolajasining samaradorligini baholashda quyidagilardan foydalaniladi :
-yurakning qisqarish soni;
-arterial bosim;
-nafas olish soni;
-spirometriya;
-spirografiya;
-homila holatini kuzatish;
-homila yurak urishining sonini va sifatini aniqlash.
Ginekologik kasalliklarda davolovchi gimnastika muolajasining samaradorligini baholashda quyidagilardan foydalaniladi :
-yurakning qisqarish soni;
-arterial bosim;
-nafas olish soni;
-spirometriya;
-spirografiya;
-oksigemometriya;
-yotgan va turgan dastlabki holatlarda kindak sohasida qorin aylanasini o‘lchash.
Xulosa
Talabalarga organizmning organ va sistemalarida bo‘ladigan o‘zgarish-lar natijasida yuzaga keladigan kasalliklar va jarohatlarda, shuningdek fiziologik holatlarda qo‘llaniladigan davolovchi gimnastikaning katta ahamiyatga ega ekanligi tushuntiriladi. Kasalliklar va jarohatlarning kelib chiqishi va kechish xarakteriga qarab belgilanadigan vazifalar, ularni bajarishda tanlanadigan dastlabki holatlar va jismoniy mashqlar haqida ma'lumot berildi. Qo‘llaniladigan jismoniy mashqlarning organizmga ta'siri muhim ahamiyatga ega ekanligi belgilandi, shuning uchun qo‘llaniladigan davolovchi gimnastika muolajasining samaradorligini baholash zarurligi takidlab o‘tildi.
Tinglovchilar bilan o‘zaro aloqani o‘rnatish uchun savollar
1.Homiladorlik davrida davolovchi jismoniy tarbiya qanday maqsadda qo‘llaniladi ?
2.Tug‘ish davrlarida qo‘llaniladigan dastlabki holatlar va mashqlar haqida nima bilasiz?
3.Ginekologik kasalliklarda davolovchi jismoniy tarbiyaning qo‘llanilishidan maqsad.
4.Trimestrlarda davolovchi jismoniy tarbiya va uning vazifalari ?
5.Davolovchi gimnastika muolajasini tuzishda nimaga e'tibor berish kerak?
6.Ko‘krak qafasida bajariladigan operatsiyalarda davolovchi jismoniy tarbiyani qo‘llashdan maqsad qanday?
7.Qorin bo‘shlig‘ida joylashgan organlarning operatsiyalarida davolovchi jismoniy tarbiyaning asosiy vazifalari qanday?
8.Qo‘llanilgan davolovchi gimnastika samaradorligini qaysi usullar bilan baholash mumkin va uning ahamiyati qanday?




Download 6.32 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   85   86   87   88   89   90   91   92   ...   111




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling