Teatr tarixi


Download 50.22 Kb.
Sana16.01.2023
Hajmi50.22 Kb.
#1095086
Bog'liq
Xalq teatri va dramaturgiya


TEATR TARIXI
Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri haqli ravishda O‘zbekistonning yetakchi teatri, mamlakatning milliy iftixori, musiqa-teatr madaniyatining ohanrabo markazi hisoblanadi. U ajoyib an’analarga boy shonli tarixga ega. Bu tarix opera va balet teatri jahonda shuhrat topishiga olib kelgan yuqori darajadagi madaniyat hamda mahoratning mustahkam poydevoridir. Tukson yil davomida teatr muayyan yutuqlarga erishdi, ifoda vositalari doirasi sayqal topdi, to‘plangan tajriba takomillashib bordi, insonparvarlik tamoyillari ishlab chiqildi va rivojlandi. Teatr milliy va jahon mumtoz merosining butun boyligini o‘zida mujassamlashtirdi va o‘zbek musiqa-sahna san’atining betakror namunalarini yaratdi.

Teatr tarixi 1920-yillar o‘rtalarida milliy madaniyatimiz darg‘asi, teatr san’atining hassos muhibi, O‘zbekiston xalq artisti Muhiddin Qori-Yoqubov tomonidan professional Konsert-etnografik ansambli tashkil etilgan vaqtdan boshlanadi.


Tolmas musiqa va jamoat arbobi hamda iste’dodli tashkilotchi M. Qori-Yoqubov akademik milliy teatr jamoasini yaratish g‘oyasini hayotga tatbiq etar ekan, butun respublika bo‘ylab iste’dodli san’atkorlarni izlab topar, ularning professional o‘sishi haqida qayg‘urar edi. O‘sha vaqtda ansambl truppasi yosh ijodiy kuchlardan iborat bo‘lib, keyinchalik ular xalq va xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari, davlat mukofotlari sovrindorlari sifatida tanildilar. Ular orasida Tamara Xonim, Halima Nosirova, Gavhar Rahimova, Zuhur Qobulov, Boborahim Mirzaev, Lutfixonim Sarimsoqova, Usta Alim Komilov, Mukarram Turg‘unboeva, Roziya Karimova, Karim Zokirov, Po‘latjon Rahimov, dramaturglar G‘ulom Zafariy, Sharofiddin Xurshid, Komil Yashin, kompozitorlar va dirijyorlar Muxtor Ashrafiy, Tolibjon Sodiqovlar bor edi.


Bu ijodiy jamoaga asoslanib 1929 yil noyabr oyida davlat O‘zbek musiqiy teatri tashkil etildi va u tarixiy rivojlanish jarayonida bugungi kunda Alisher Navoiy nomidagi DAKT timsolida xoreografiya, vokal, dramaturgiya va boshqa ko‘plab san’at turlarini o‘z ichiga olgan murakkab tuzilmaga aylandi. Davlat O‘zbek musiqa teatrining birinchi direktori va badiiy rahbari M. Qori-Yoqubov bo‘ldi, raqs truppasini iste’dodli raqqosa Tamara Xonim boshqara boshladi. Yosh jamoa o‘z chiqishlari bilan nafaqat yurtimizda, balki uzoq o‘lkalarda – Belgiya, Gollandiya, Fransiya, Angliya, Misr, Rossiya, Tatariston, Ozarboyjon, Gruziyada ham katta muvaffaqiyat qozonib, milliy o‘ziga xosligi, yorqin artistik temperamenti, jozibali musiqalari bilan barchani maftun etdi.


Tomoshabinlar orasida katta muvaffaqiyat qozongan ilk milliy spektakllar orasida jamoatchilik diqqat markazida turgan zamonaviy mavzular bilan yo‘g‘rilgan G. Zafariyning “Halima”, T. Jalilov va M. Ashrafiyning “Ichkarida” (“Uyning ayollar uchun mo‘ljallangan tarafi”) musiqali dramalari, shuningdek, Alisher Navoiy qalamiga mansub “Farhod va Shirin” poemasi asosida yaratilgan V. Uspenskiyning spektakli, “Layli i Majnun” poemasi asosida T. Sodiqov va N. Mironovning spektakli bor edi. Bu musiqiy dramalar milliy opera va balet asarlari yaratilishi uchun zamin hozirladi.


Har bir teatr mavsumiga yangi spektakllarning sahnalashtirilishi va ularning yangi tahriri, shuningdek, bundan avvalgi premeralarning yangi talqinlari tayyorlanardiki, ular san’atda erishilgan yutuqlarni takomillashtirish, yangi marralarni egallashga imkon berardi. Musiqiy teatr o‘sishdan to‘xtamas, qiyinchiliklarni yengib o‘tar va kundan kunga ommalashib, xalq minbari, madaniyatdagi barcha yangi, ilg‘or va mahsuldor yo‘nalishlarning targ‘ibotchisiga aylanib borar edi.


Birinchi o‘zbek operasi – M. Ashrafiy va S. Vasilenkoning “Bo‘ron” asari 1939 yil 11 iyundagi premerasi milliy musiqa teatri tarixining yangi sahifasi bo‘ldi. Bu operaning rejissyor Emil Yungvald-Xilkevich tomonidan sahnalashtirilishi respublika madaniy hayotining yorqin voqealaridan biri edi. Asosiy qahramon – Bo‘ron rolini Karim Zokirov va Mixail Davыdovlar ijro etishdi, Norgul partiyasini Halima Nosirova, Shahodat Rahimova, Sora Samandarova va Nazira Ahmedovalar kuylashdi, general-gubernator rolini esa Muhiddin Qori-Yoqubov ijro qildi. Shu yili kompozitor Fridrix Tal “Shohida” baletini yaratdi va u Usta Alim Kamolovning faol ko‘magida sahnalashtirildi, Mukarram Turg‘unboeva esa unda asosiy rolni ijro etdi. Shu vaqtdan e’tiboran teatr yangi mavqega ega bo‘ldi hamda Davlat O‘zbek opera va balet teatri deb atala boshladi.


Tolibjon Sodiqov va Reyngold Glierning iste’dodli rejissyor Muzaffar Muhamedov tomonidan sahnalashtirilgan “Layli va Majnun” operasi 1940 yil 17 iyulda sahna yuzini ko‘rishi milliy opera san’ati rivojlanish yo‘lini davom ettirdi va uning tomoshabinlar keng ommasi qalbidan joy olishiga imkon yaratdi.


1942 yilda Aleksey Kozlovskiyning “Ulug‘bek” operasi sahnalashtirilishi respublika musiqiy hayotida unutilmas voqea bo‘ldi. Ulug‘bek partiyasini M. Qori-Yoqubov muvaffaqiyatli ijro etdi, Sin Dun Fan roli esa H. Nosirovaning ijodiy yutug‘i edi.


1943 yilda Sergey Vasilenkoning baletmeyster Fyodor Lopuxov tomonidan sahnalashtirilgan hamda Meli Musaev rassomlik va dekoratorlik qilgan «Oqbilak» baleti premerasi xoreografiya san’ati rivojida muhim qadam bo‘ldi. «Oqbilak» baleti qahramoni obrazi san’atkor M. Turg‘unboeva tomonidan ijro etildi. Rang-barang o‘zbek xalq raqslari ham muvaffaqiyatli ijro qilindi.


1944-56 yillarda o‘zbek tilida ijro etiladigan operalar ­­­– J. Bizening “Karmen”, “Marvarid axtaruvchilar”, P. Chaykovskiyning “Pikovaya dama” va “Evgeniy Onegin” kabi operalar respublika madaniy hayotidagi qiziqarli tajriba va voqea bo‘lib qoldi. Ularda unutilmas sahna obrazlarini solistlar – Xalq artistlari Halima Nosirova, Morduxay Davidov, Karim Zokirov, Sora Samandarova, Mixail Davidov, Sattor Yarashev, Nasim Hoshimov, Kseniya Davidovalar ijro etdilar. Shu yillar solistlar – Xalq artistlari Georgiy Izraelyan, Ivan Yesipov, Andrey Boyko, Anatoliy Ovchinnikov, Xizmat ko‘rsatgan artistlar Lyubov Aleksandrova, Emiliya Martishevskaya va boshqalarning ajoyib mahorati gullab-yashnagan davr bo‘ldi.


1948 yil mart oyida teatrga buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy nomi berildi.


1949 yilda esa biryo‘la uchta yangi sahna asari ­– ikkita o‘zbek milliy operasi va balet tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. R. Glier va T. Sodiqovning “Gulsara”, T. Jalilov va B. Brovsinning “Tohir va Zuhra” operalari, G. Mushelning “Balerina” baleti o‘zbek musiqiy teatrining salmoqli voqealari bo‘ldi.


1950-yillarda teatr repertuari milliy va jahon mumtoz san’atining yangi opera va balet spektakllari bilan boyitildi. O‘zbek musiqiy madaniyati tarixi bosqichlari sifatida teatr sahnasida yangi milliy spektakllar birin-ketin paydo bo‘la bordi. Bular B. Zeydman, T. Sodiqov, Yu. Rajabiy, D. Zokirovlarning “Zaynab va Omon” operasi, I. Akbarovning “Orzu”, D. Zokirov, B. Gienkolarning “Oynisa” baletlari, A. Kozlovskiyning “Ulug‘bek” operasi yangi tahriri kabilardir. M. Ashrafiyning “Dilorom” operasi (1958 yil 5 fevral) va S. Yudakovning “Maysaraning ishi” komik operasini (1959 yil 9 yanvar) alohida ta’kidlash lozimki, ular hozirgi kunga qadar teatr repertuaridan munosib o‘rin egallab turibdi va o‘zbek opera musiqasi javohirlari hisoblanadi.


1950-yillarning ikkinchi yarmida teatrga yangi san’atkorlar kelib qo‘shilishi uning badiiy mavqei sezilarli darajada oshishini ta’min etdi. Teatr sahnasiga kirib kelgan yangi solistlar birinchi yillardayoq jiddiy ijodiy muvaffaqiyatlarga erishdilar. Ular orasida Xalq artistlari – Saodat Qobulova, Sattor Yarashev, Xizmat ko‘rsatgan artistlar – Oynisa va Rafaat Kuchlikovlar, Lev Pinxasov, Robert Boruxov, Asad Azimov, Sason Benyaminov, balet ustalari, Xalq artistlari – Galiya Izmaylova, Bernora Qorieva, Vitaliy Vasilev, Ibrohim Yusupov, Xizmat ko‘rsatgan artistlar – Gulnora Mavaeva, Flora Kaydani, Klara Yusupova, Halima Komilova, Todor Popesku, Svetlana Kolыvanova, So‘nmas Burxonov, Rajab Tanguriev, Boris Zavyalovlar bor.


Musiqa-sahna san’atini rivojlantirishdagi katta muvaffaqiyatlari uchun A. Navoiy nomidagi Davlat opera va balet teatriga 1959 yilda “Akademik”, 1966 yilda esa “Katta” unvonlari berildi. O‘shandan buyon teatr o‘zining yuksak nomi – “Alisher NAVOIY nomidagi Davlat Akademik Katta teatri” nomini muvaffaqiyat bilan oqlab kelmoqda.


Teatrning atoqli dirijyorlari ­– Xalq artisti, Davlat va Xalqaro mukofotlar sovrindori, professor Muxtor Ashrafiy, Respublika Xalq artisti Fazliddin Shamsutdinov, O‘zbekiston Xalq artisti, professor Abdug‘ani Abduqayumov, Xizmat ko‘rsatgan san’at arboblari Naum Goldman va Bahrom Inoyatov, O‘zbekistonda birinchi dirijyor ayol – Xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori, professor Dilbar Abdurahmonova, O‘zbekiston Xalq artisti Sulaymon Shodmonov, Xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, professor G‘ani To‘laganov, O‘zbekiston Xalq artisti Hamid Shamsutdinovlarni alohida tilga olish lozim. Teatrning ulkan muvaffaqiyatlari, uning vokal-ijro jihatdan gullab-yashnashi qariyb qirq yildan buyon va hozirga qadar shu sharafli ismlar bilan bog‘liq.


1960–70-yillarda teatrda asarlarni sahnalashtirishda rejissura va ssenografiyaning roli oshdi, dramaturgiyaning shakllari turlari yanada ko‘paydi, zamonaviy mavzular sohasidagi qiziqarli izlanishlar ko‘zga tashlandi. Shu munosabat bilan J. Verdining “Trubadur”, “Aida”, “Rigoletto”, N. Rimskiy-Korsakovning “Pan Voevoda”, M. Musorgskiyning “Boris Godunov”, A. Borodinning “Knyaz Igor”, Sh. Gunoning “Faust”, S. Prokofevning “Duenya”, G.Mayborodaning “Arsenal” kabi keng ko‘lamli opera spektakllari, A. Xachaturyanning “Spartak”, L. Feyginning “Don Juan”, G. Mushelning “Kashmir afsonasi”, B. Brovsinning “Semurg‘” baletlari diqqatga sazovordir. Teatr afishalarida opera xonandalarining yangi porloq ismlari paydo bo‘ldi: Xalq artistlari – Rozalinda Laut, Vyacheslav Grinchenko, Grayr Xanedanyan, Xizmat ko‘rsatgan artistlar – Vladimir Kryukov, Tamara Danilova, Ra’no Hidoyatova, Usmonbek Toshmatov, balet solistlari – Xalq artistlari Valentina Proskurina, Guli Hamroeva, Igor Kistanov, Xizmat ko‘rsatgan artistlar – Vladislav Yegay, Konstantin Fridlyand, Lyudmila Besklubova, Hamidulla Jo‘raev, Ashot Davtyan, Ashot Asaturyan, Raim-Tohir Do‘smetov, To‘lqin Qosimov, Rixsi Sultonov, Tamara Ibragimova, Aliya Shayxilislamova, Raisa Xodjasaidova. Atoqli rejissyorlar – Xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi A. Navroskiy va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alla Miralimbaevalarning ismlari esa shu yillarning O‘zbekiston opera san’ati tarixida yorqin iz qoldirgan yangi izlanishlari, spektakl galereyalari bilan uzviy bog‘liqdir.


70-yillar o‘ziga xos sahna asarlari – J. Verdining “Don Karlos” va Moldaviyada xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Georgiy Gelovani sahnalashtirgan A. Borodinning “Knyaz Igor” asari yangi talqini hamda Rossiya Xalq artisti Roman Tixomirov tomonidan sahnalashtirilgan “Sug‘diyonalik qoplon” operasi kabilar bilan ajralib turadi.


Balet spektakllari orasida A. Kozlovskiyning “Tanovar” (1971 yil, xoreograf – N. Markaryans), M. Ashrafiyning “Sevgi va qilich” (1974 yil, xoreograf – I. Yusupov), U. Musaevning “Afsonalar vodiysida» (“Hind poemasi”) (1977 yil, xoreograflar – Yu. Skott va Yu. Popko) baletlari ilk marta sahnalashtirilishi alohida e’tirofga loyiq.


Teatr ijodiy hayotining shundan keyingi ahamiyatli bosqichi A. Petrovning “Pyotr I” operasi sahnalashtirilishi bilan boshlandi. Dirijyor, Xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori, professor Dilbar Abdurahmonova va rejissyor, O‘zbekiston va Ozarboyjon Xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori, professor Firudin Safarovning bugungi kungacha davom etib kelayotgan sermahsul, anchayin muvaffaqiyatli, hamkorlikdagi ijodiy faoliyati ushbu spektakl bilan boshlandi. Ular tomonidan sahnalashtirilgan spektakllar – P. Chaykovskiyning “Pikovaya dama”, Sh. Gunoning “Faust”, “Otello”, “Bal-Maskarad”, J. Verdining “Aida”, “Traviata”, J. Rossinining “Sevilya sartaroshi”, K. Sen-Sansning “Samson va Dalila”, R. Glier va T. Sodiqovning “Layli va Majnun” operalari yangi talqini, S. Prokofevning “Olovli farishta” mualliflik talqinining O‘zbekistonda ilk marotaba sahnalashtirilishi, M. Bafoevning yangi, “Umar Xayyom” operasi premera talqini taqdim etilishi O‘zbekistonning opera madaniyati tarixiga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi hamda mazkur sahnalashtiruvchilarning yorqin va o‘ziga xos dastxati mavjud ekanligini namoyon etdi. Dirijyor D. Abdurahmonova va rejissyor F. Safarov tomonidan sahnalashtirilgan spektakllar Rossiya va Germaniyadagi ijodiy safarlar chog‘ida bir necha bor namoyish etildi va nafaqat O‘zbekiston, balki uzoq o‘lkalarda ham shuhrat qozondi.


Xuddi shu yillarda opera va balet ustalari: Xalq artistlari – Qo‘rqmas Muhiddinov, Ismoil Jalilov , Vladimir Braun, Zamira Davletmuratova, Xizmat ko‘rsatgan artistlar – Olga Aleksandrova, Raisa Chepcherenko, Yuriy Jdanov, Aleksandr Lyoushkin, Po‘lat Mustafoev, Ashot Gevorgyan, Abdulla Bozorov, Xudoyberdi Toirov, Hamrali Kichimboev, Baxtiyor Rasulov, Shohida To‘xtaboeva, Gulgina Zokirova, Tursunboy Husanov, yetakchi solistlar – Xalqaro tanlovlar g‘oliblari Alevtina Ryabova, Nina Semizvonkina, Yuriy Lixopud va ko‘plab boshqa san’atkorlarning iste’dodlari yaqqol namoyon bo‘ldi.


Mamlakatimiz mustaqilligining ilk davrlari sanalmish 1990-yillarda teatr hayotida muhim o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Teatrning turli mamlakatlar san’at ustalari bilan ijodiy hamkorligi ko‘lami sezilarli darajada kengaydi, yangi xalqaro ijodiy loyihalar amalga oshirildi, masalan, Birinchi Xalqaro “Pa-de-de” balet festivali shular jumlasidandir. A. Navoiy nomidagi DAKT solistlari va simfonik orkestri bilan ishlash uchun dunyoning turli mamlakatlaridan Toshkentga dirijyorlar – U. Fogel (AQSh), P. D. Ponelli (GFR), P. Longo (Fransiya), Dj. Gvarerri (Italiya), rejissyor – S. Salvato (Venesuela), xoreograf – K. Berkut (Buyuk Britaniya)lar tashrif buyurishdi.


Teatrning repertuar afishasi ham kengaydi va boyidi. S. Prokofevning “Romeo va Juletta” baleti, S. Yudakovning “Nasriddinning yoshligi” komik baleti, A. Ikromovning “Buyuk Temur”, M. Bafoevning “Umar Xayyom”, N. Zokirovning “Taxt tomon yo‘l”, V.-A.Mosartning “Sehrli fleyta”, J. Gershvinning “Porgi va Bess”, G. Donitsettining “Lyuchiya di Lammermur” operalari O‘zbekistonda ilk marotaba muvaffaqiyat bilan sahnalashtirildi.


Bu yillarning balet premeralari repertuarni tanlashga yondashuvning o‘ziga xosligi va ko‘lamdorligi bilan ajralib turadi. U. Musaevning plastik “Shoirona miniatyuralar”i, A. Adanning mumtoz “Korsar”i, F. Amirovning sharqiy romantizm bilan yo‘g‘rilgan “Ming bir kecha” baleti, A. Xachaturyanning ta’sirchan va jo‘shqin “Spartak”i fikrimizning yaqqol dalilidir. Mazkur balet spektakllarining aksariyati teatrning bosh baletmeysteri, o‘z ilhombaxsh ishi ichra yashovchi serg‘ayrat va ta’sirchan inson, O‘zbekiston Xalq artisti Ibrohim Yusupov tomonidan yaratilgan. Uning rahbarligi ostida teatrning balet truppasi Yaponiya, Malayziya, Tailand, Hindistonga bir necha marotaba ijodiy safarlar uyushtirdi. Teatrning xoreografik maktabi rivojida xoreografiyaning ko‘zga ko‘ringan ustalaridan yana biri – Xalq artisti, Davlat mukofotlari sovrindori Galiya Izmaylovaning ham hissasi katta.


Xuddi shu yillarda o‘zbek opera-balet sahnasining mashhur ustalari – O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq artisti Muyassar Razzoqova, Respublika xalq artistlari Rahmatjon Latipov, Avaz Rajabov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar va Qoraqalpog‘iston xalq artistlari Kengesbay Serjanov va Zamir Nurimbetov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Dilorom Yoqubova, Gulshan Azizova, Ruslan Gafarov, Shukur G‘afurov, Rinat Titeev, Mansur Xurramov, Sayfiddin Ro‘ziqulov, Normo‘min Sultonov, Andrey Shalberkin, Vadim Gellertov, Eskander Menaliev, Tamila Muxamedova, Amina Bobojonova, Nadejda Shilova, yetakchi solistlar Mahmud Ro‘ziev, Mehriddin Meliev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sayyora Xayriddinovalarning iste’dodlari yangi kuch-g‘ayrat bilan namoyon bo‘ldi.


Yetakchi solistlar – Xalqaro tanlovlar sovrindorlari Yanika Bagryanskaya, Anjelika Muxametzyanova, Saida Mamadalieva, Gulnar Aldjanova, Yelena Shaverdova, Kirill Borchaninov, Georgiy Dmitriev, Aleksandr Polonskiy, Ne’mat Sinxabibi, shuningdek, teatrda birinchi yillar ishlayotgan, biroq nafaqat yoshlik shijoati, balki maqsad sari intilish, o‘zini faol namoyish etish istagi, san’atda o‘z yo‘lini axtarish kabi xislatlarga ega juda yosh ijrochilar ham munosib ijodiy salohiyatlarini namoyon etmoqdalar. Ko‘plab Xalqaro va Respublika tanlovlari sovrindorlari va diplomantlari, operaning yosh solistlari Malika Normatova, Mahfuza Islomova, Azamat Muhammadjonov, Lyatife Abieva, Ramiz Usmonov, Samandar Alimov, Jabroil Idrisov, Galina Golubkova, Rahim Mirzakamolov, Rada Smirnыx, Nadejda Bandelet, Ulug‘bek Maqsumov, Marina Polyakova, Ma’suma Boltaboeva, shuningdek, baletning yosh yetakchi solistlari: Nodira Hamroeva, Dinara Mustaxisheva, Alla Moldavseva, Ravshan Choriev, Yevgeniy Sharipov, Timur Shangariev va boshqalar shular jumlasidandir.


2005 yil 15 aprelda G. Aleksidze xoreografiyasidagi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, teatr badiiy rahbari A. Ergashev musiqasida sahnalashtirilgan o‘ziga xos “Humo” milliy baleti premerasi bo‘lib o‘tdi. Bu ahamiyatli kompozitorlik ishi munosib ravishda O‘zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Badiiy rahbarlik va faol kompozitorlik faoliyatidan tashqari, A. Ergashev teatrning yetakchi dirijyorlaridan sanaladi.


Ko‘p yillar davomida teatrda uning bosh dirijyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Fazliddin Yoqubjonov samarali ijodiy faoliyat bilan mashg‘ul. U teatrning repertuar afishasidagi ko‘p spektakllarning dirijyor-sahnalashtiruvchisi hisoblanadi.


Shu yillar davomida dirijyorlar va rejissyor-sahnalashtiruvchilarning hozirgi avlodi ismlari teatr hayoti va ijodiga ajib tarzda uyg‘unlashib ketdi. Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aida Abdullaeva dirijyorlik san’ati ustalarining an’analarini muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda va davom ettirmoqda. Sodiq G‘oibov va hali juda yosh Bobomurod Xudoyqulov ham ijodiy o‘ziga xosliklarini munosib tarzda namoyon etmoqdalar.


Ko‘pchilik spektakllarning sahnalashtiruvchi rejissyori va ssenografiyalari muallifi – O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Andrey Slonim V.-A. Mosartning “Sehrli fleyta” va “Teatr direktori”, G. Donitsettining “Lyuchiya di Lammermur”, P. Maskanining “Qishloq sharafi”, S. Raxmaninovning “Aleko”, I. Stravinskiyning “Mavr” operalari mamlakatimizda birinchi marta sahnalashtirilishini muvaffaqiyat bilan amalga oshirdi. O‘zbek kompozitorlarining yangi operalari – N. Zokirovning “Taxt tomon yo‘l” va V. Milovning “Ali-Bobo va 40 qaroqchi” premera talqinlari ham shular jumlasidandir. Shuningdek, jahon opera mumtoz san’ati asarlarining bir qator yangi sahnalashtirilishlarini ham ta’kidlab o‘tish joiz. A. Slonim ko‘pgina teatrlashtirilgan vokal-she’riy kompozitsiyalar, romans va retro-qo‘shiqlar kechalari, jahon va o‘zbek madaniyati atoqli shaxslariga bag‘ishlangan xotira konsertlarining loyihalari muallifi va ishtirokchisidir.


O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, rejissyor Haydarali Qosimov o‘zbek milliy operalari (M. Ashrafiyning “Dilorom”, I. Akbarovning “Sug‘diyonalik qoplon”, S. Yudakovning “Maysaraning ishi”, M. Bafoevning “Sevgim osmoni”) va G‘arbiy Yevropa opera mumtoz san’ati ba’zi asarlarini o‘ta yorqin tarzda sahnalashtira oldi. O‘n ikki yil davomida H. Qosimov kompozitor A. Ergashev bilan hamkorlikda Yangi yil ta’tillari kunlarida yosh tomoshabinlarga taqdim etiladigan, jahon ertaklari mavzusi asosida yaratilgan ko‘pgina ommaviy musiqiy ertaklarning amalda betakror mualliflari va sahnalashtiruvchilari hisoblanib kelmoqdalar.


Teatr binosining uzoq kutilgan rekonstruksiyasi so‘nggi yillarning eng katta voqeasi bo‘ldi va 5 yildan ortiq muddat davom etib, 2015 yil oktyabrida tugallandi. Binoning rekonstruksiyasidan so‘ng teatr jamoasi katta qoniqish va zavq-shavq bilan R. Abdullaevning “Sadoqat” operasi (sahnalashtiruvchi – F. Safarov), U. Musaevning “To‘maris”, A. Adanning “Jizel” baletlari yangidan sahnalashtirilishi, “Ming bir kecha” baleti qayta tiklanishi, J. Verdining “Aida” operasi yangidan qo‘yilishi, J. Verdining “Rekviem”i birinchi bor sahnalashtirilishi, “Alouddinning sehrli chirog‘i” opera-ertagi, M. Maqsudiy, A. Danielyanning “Katta teatrda megabaytli ertak”, Ye. Komarova, R. Sherezdanovning “Katta teatr superqahramonlari” nomli betakror Yangi yil musiqiy ertaklari sahnalashtirilishiga kirishib ketdi.


So‘nggi yillarda teatr yangi berilgan unvonlar va medallar bilan boyidi: Normo‘min Sultonov, Ramiz Usmonov, Samandar Alimov Xalq artisti, Ma’suma Boltaboeva, Kirill Borchaninov, balet solisti Nodira Hamroeva Xizmat ko‘rsatgan artist, Andrey Slonim Xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvonlariga, Natalya Kupriyanova, Fazliddin Yoqubjonov “Mehnat Shuhrati” medali, Yelena Shaverdova “Do‘stlik” ordeniga munosib ko‘rildilar.


Teatr yoshlari – xalqaro tanlovlar sovrindorlari Rahim Mirzakamolov, Jabroil Idrisov, Feruza va Nosir Yusupovlar, Aziza Muhamedova, Umid Isroilov, Rustam Alimardonovlardan umid katta, shuningdek, balet san’atiga balet yetakchi solistlari Nodira Hamroeva, Amina Bobojonova, Tamila Muhamedova, Olga Sobirova, Violetta Bondyas, Margarita Avdeeva, Zamir Fazlutov, Radion Isyanov, Ulug‘bek Olimov, Doniyor Xasmanovlar, balet solistlari Timur Shangariev, Ravshan Choriev, Bekzod Akimboev, Timur Yunusov, Amirxon Nurimbetov, Yekaterina Tixonovskaya, Yekaterina Gumennaya, Madina Yusupova, Lola Is’hoqova, Alla Moldavseva, Anna Safronovalarning hissasini ta’kidlash joiz.


Yigirma yildan ortiq vaqt davomida bosh xormeyster, O‘zbekiston xalq artisti (faoliyatini dirijyorlik amaliyoti bilan uyg‘unlashtirgan holda davom ettirayotgan) Sulaymon Shodmonov va uning hamkasblari – xormeysterlar Natalya Kupriyanova va avvalroq Mayya Yandrinskayalar rahbarlik qiladigan teatr xori jamoasining alohida mahsuldor mehnatini e’tirof etmay bo‘lmaydi. Teatrning ko‘pchilik sahna asarlarida va konsert chiqishlarida xor spektaklning to‘la huquqli ishtirokchisi sifatida maydonga chiqadi va sahnadagi organik, jonli ijro hamda to‘laqonli ohang bilan tomoshabinlarni xushnud etadi.


Qadimiy an’analar teatrning simfonik orkestri hayoti va ijodi bilan ham bog‘liq bo‘lib, uzoq yillar davomida u o‘z mahoratini ko‘p sonli xorijiy ijodiy safarlarda muvaffaqiyat bilan namoyon eta oluvchi yuqori malakali musiqa jamoasi sifatida dovruq qozondi. DAKT orkestrining ko‘pchilik musiqachilari oliy faxriy unvonlarga ega bo‘lishdi va orkestr ijrosi egallagan marralarni munosib tarzda rivojlantirmoqdalar.


Teatrning rassom-ssenograflari ham o‘tgan o‘n yilliklarda tamal toshi Xalq rassomlari Mixail Gvozdikov, Meli Musaev, Vladimir Rыftin, Xizmat ko‘rsatgan san’at arboblari Tuyg‘un Shorahimov va Georgiy Brim, rassom-ssenograf Vyacheslav Fesko kabi taniqli ustalar tomonidan poydevori qo‘yilgan boy an’analarni davom ettirmoqdalar. Bosh rassom Zubaydullo Botirov va uning ssenograf hamkasblari Davron Rajabov, Shavkat Mamatkarimov, Abror Sharifovning hissalari e’tirofga sazovor. Ularning har biri o‘z dastxatiga ega va spektaklni o‘zlariga xos tarzda obrazli tasavvur eta olishadi. Liboslar dizayneri Lobar Polvonova esa spektaklning obrazini qahramonlarning liboslari aniqligi va obrazliligi bilan muvaffaqiyatli boyitadi.


Teatr spektakllarida rollarni mimika va plastika tili orqali ijro etuvchi hamda turli xil opera va balet spektakllarida qahramonlarni ishonarli tarzda so‘zsiz bera oluvchi, biroq muhim obrazni yorqin namoyon etish vazifasini o‘tovchi mimik ansabl (mimans) artistlari guruhi ham muhim rol o‘ynaydi.


Qirq yildan ortiq muddat davomida teatr qoshida Olga Bulgakova rahbarlik qilayotgan. Bolalar opera-balet studiyasi sermahsul faoliyat yuritib kelmoqda. Studiyaning yosh a’zolari ko‘pchilik sahna asarlarida bolalar xori sifatida bajonu dil ishtirok etmoqdalar, sektakllar va Yangi yil tomoshalarida yosh qahramonlar rolini ijro etib kelmoqdalar, ko‘pchilik konsertlarda chiqishlar qilmoqdalar va tomoshabinlarning muhabbatini qozonmoqdalar.


Teatrimizda iste’dodi va mehnati to‘g‘ridan-to‘g‘ri sahnaga chiqish bilan bog‘liq bo‘lmagan ajoyib insonlar ham talaygina. Biroq opera yoki baletning yangidan sahnalashtirilishini ham, repertuar afishasi spektakllarining sahnada har kuni ijro etilishini ham ularsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bular – teatr deb atalmish muassasaning ishchi-xizmatchilari va xodimlaridir: rassom-dekoratorlar, butaforiya ustalari, erkaklar va ayollar liboslarini tikish sexlari andazachilari va tikuvchilari, sahna mashinistlari va montajchilari, rekvizitorlar, yorug‘lik bo‘yicha rassomlar va yorituvchilar, libos ustalari, grimyorlar, poyabzal ustalari, ovoz rejissyorlari va radistlar, afisha, dastur va bukletlar dizaynerlari, elektriklar, muhandislarva boshqalar. Har kecha tomoshabinlarni foyeda bir guruh teatr chiptachilari kutib olishadi va ularga chiptalarda ko‘rsatilgan joylarini egallashlariga ko‘maklashadilar. Bu sexlarning barchasi ham teatrimiz tuzilmasining muhim va ajralmas qismidir.


A.Navoiy nomidagi DAKT kabi ko‘p qirrali, janrlarga boy hamda murakkab tuzilma faoliyatini turli vaqtlarda va o‘z baholi qudrat boshqargan teatr direktorlarining yorqin ismlarini xotirlamaslik mumkin emas, albatta. Ular orasida bu dunyodan o‘tganlar va umrguzaronlik qilayotganlar – Muxtor Ashrafiy, Rahim Qoriev, Mamajon Rahmonov, Qo‘rqmas Muhitdinov, Iskandar Musabekov, Bernora Qorievalar bor.


Teatrning yangi xalqaro aloqalari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Baxtiyor Yoqubov rahbarligi ostida mustahkamlandi. Eng sermahsul loyihalar orasida birinchi navbatda “Toshkent bahori” Opera va balet san’ati xalqaro festivali va J. Puchchinining 150 yilligiga bag‘ishlangan Festival muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan alohida ajralib turadi. Ularda Italiya, Ispaniya, Yaponiya, Latviya, Rossiya, Ukraina va Qozog‘istondan kelgan artistlar ishtirok etishdi. Bu anjumanlar jamoatchilik tomonidan keng muhokama etildi va o‘zbekistonliklarning boshqa vokal va balet maktablari vakillari, ko‘zga ko‘ringan ustalar – Anna Karnovali, Xibla Gerzmava, Mixail Vekua, Jamila Baspakova, Laura Xormigon, Oskar Torrado kabilarning ijodi bilan tanishishlariga imkon berdi. Ajoyib xonanda Yelena Obrazsova, taniqli tenor Zurab Sotkilava, dunyoda mashhur musiqachilar Gidon Kremer, Vladimir Spivakov, Yuriy Bashmet, italiyalik dirijyor Eddi de Nadai so‘nggi yillarda O‘zbekiston poytaxti aholisini o‘z konsertlari bilan xushnud etishdi. Kiev simfonik orkestri va xori, N. Zagurskiy nomidagi Irkutsk musiqa teatri kabi katta ijodiy jamoalar, K. Stanislavskiy va V. Nemirovich-Danchenko musiqa teatri artistlari, Mariinsk teatri va “Gelikon opera” artistlari, shuningdek, alohida ijrochilar – J. Bortolato, A. Shagimuradova, M. Andreeva, M. Tarone, L. Kaimi va boshqalar teatr mehmonlari bo‘lishdi.


Teatr balet truppasining “Toyota City Balet Sompanu” balet maktabi bilan ijodiy aloqalari ham rivojlanib bormoqda. Ko‘plab qiziqarli xalqaro loyihalar shu ijodiy uyushma bilan bog‘liq bo‘lib, Toyota (Yaponiya) shahrida I. Yusupovning “Urashima Taro” librettosi asosida F. Yanov-Yanovskiyning yangi baleti premerasi so‘nggi loyihalardan biridir.


Teatrning xorijiy davlatlar Elchixonalari bilan xalqaro aloqalari ham muvaffaqiyatli davom etmoqda. Italiya va Rossiya ishtirokida va homiylik ko‘magida bir qator xalqaro loyihalar amalga oshirildi, masalan, “Lyuchiya di Lammermur”, “Bogema”, “Sevgi sharobi”, “Evgeniy Onegin”, “Shoh kelinchagi” kabi opera spektakllari sahnalashtirildi.


Shu yillarda teatr hovlisida boshqa bir iste’dodli raqs ansambli – “Sabo”ning ijodiy jihatdan tuhilishi hamda tashkil topishi yuz berib, u tomoshabinlar mehrini qozona oldi va xorijiy mamlakatlarga muvaffaqiyatli ijodiy safarlar uyushtirmoqda.


Ixtisosligi musiqashunos, tajribali tashkilotchi, bugungi kun opera va balet san’ati rivoji istiqbolini yaxshi his etuvchi va anglovchi inson – Mahmud Mo‘minovich Murotov 2015 yildan teatrga rahbarlik qilmoqda.


Teatrning 90 yillik hayoti davomida yuzlab insonlar bu yuksak xizmat uchun nafaqat o‘z iste’dodlari, mahoratlari, balki butun hayotlarini ham baxshida qildilar. Teatrimizda 30, 40, 50 yil va undan ko‘proq vaqt davomida xizmat qilib kelayotgan insonlar juda ko‘p. Albatta, ushbu muxtasar tarixiy ma’lumotnomada teatr tarixida iz qoldirgan barcha insonlarni nomma-nom sanab o‘tishning iloji yo‘q, albatta. Biroq, shubha yo‘qki, turli yillarda teatrga kelgan va o‘zining intilishlarini, mavjudligini, ijodiy salohiyatini teatr bilan bog‘lagan har bir kishi xotirlanishga munosib. Zero teatrning 89 yillik tarixi – insonlar ijodi tarixi, ularning hayoti, iste’dodi, ko‘pchilik shaxsiy qobiliyatlarning yagona, umumiy, ahamiyatli va sharafli maqsad yo‘lida birlashtirilishi natijasidir.




Mamlakatimizda sakson yildan ko‘proq vaqt davomida shunday ajoyib teatr yashab va muvaffaqiyatli ijod qilib kelayotgani – Mustaqil O‘zbekistonning katta yutug‘i. Alisher Navoiy nomidagi Davlat Akademik Katta teatri Vatanimiz madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi hamda mamlakatimiz va xalqimiz oltin solnomasidan abadiy o‘rin oldi.
Download 50.22 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling