Temur tuzuklari" Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan maʼlumot beruvchi tarixiy asar. "Tuzuki Temur" va "Tuzukoti Temur" nomlari bilan atalgan


Download 66 Kb.
Sana22.03.2020
Hajmi66 Kb.

TEMUR TUZUKLARI" - Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan maʼlumot beruvchi tarixiy asar. "Tuzuki Temur" va "Tuzukoti Temur" nomlari bilan atalgan. Amir Temurning "Tuzuklar" muallifi ekanligini eʼtirof etadigan olimlar koʻpchilikni tashkil etadi. Bular orasida "Temur tuzuklari"ning inglizcha tarjimonlari va noshirlari Devi va Uaytlar, mashxur turk qomusiy olimi Shamsuddin Somiy, qoʻlyozmalarning yirik tadqiqotchisi N.D. MikluxoMaklaylar ham bor. Boshqa bir guruh olimlarning fikricha, asar 16—17-asrlarda Hindistonda yozilgan.

Asar 2 qismdan iborat. Birinchi qismda Amir Temurning tarjimai holi, ijtimoiysiyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qoʻlga kiritishi, siyosiy tarqoqlikka barham berishi, markazlashgan davlat tuzishi, 27 mamlakatni, jumladan, Eron, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonni oʻz tasarrufiga kiritishi, Oltin Oʻrda hukmdori Toʻxtamish, turk sultoni Boyazid I Yildirimga qarshi harbiy yurishlari, ulkan saltanatini mustahkamlash uchun turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan qanday munosabatda boʻlganligi buyuk sohibqiron tilidan ixcham tarzda bayon etilgan.

Ikkinchi qism mashhur jahongirning farzandlariga atalgan oʻziga xos vasiyat, pandnasihatlari va oʻgitlaridan iborat. Unda davlatni idora etishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qoʻshin boshliqlarini tanlash, armiyaning tuzilishi va jang olib borish qoidalari, sipohiylarning maoshi, mamlakatni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qoʻshin boshliklarining burch va vazifalari, amirlar, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toju taxt oldida koʻrsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash yoʻsini va boshqa xususida gap boradi.

Asar Amir Temur davridagi oʻzbek davlatchiligi tarixini oʻrganishda asosiy manba boʻlib xizmat qiladi. "Temur tuzuklari" ("Tuzuki Temuriy")ning fanda qayd etilgan ilk nusxasi eski oʻzbek tilda bitilganligi maʼlum. Bu usmoniy turk hokimlaridan biri — Yaman hokimi Jaʼfar Posho (hukmronlik yillari 1607—12) ning kutubxonasidagi turkiy tilda yozilgan asar bilan bogʻliq. "Tuzuki Temuriy"ning suz boshida keltirilishicha, oʻrtaosiyolik Mir Abu Tolib Husayniy alAriziy atTurbatiy Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj qilgan vaqtida asarni oʻqishga muyassar boʻlgan va 1610 y. Jaʼfar Poshoning topshirigʻi bilan uni fors tiliga oʻgirgan. Bizgacha ana shu forsiy nusxa tosh bosmalar, zamonaviy nashrlar va qoʻlyozmalar shaklida yetib kelgan. Husayniy Turbatiy forscha tarjimani 1637 y. boburiy hukmdor Shoh Jahonga (1628—57) tortiq qilgan. Shoh Jahon tarjima bilan tanishib chiqib, unda ayrim noanikliklar va kamchiliklar topgan hamda yirik olim, Dekan viloyatining qozikaloni Muhammad Ashraf Buxoriyni (vafoti 1652 y.) huzuriga chaqirtirib, mazkur tarjimani moʻʼtabar asarlar, xususan, Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"si va shunga oʻxshash muhim manbalarga solishtirib chiqish va shu yoʻl bilan tarjimadagi xato va kamchiliklarni bartaraf qilishni topshirgan. Muhammad Ashraf Buxoriy koʻrsatmaga koʻra, Mir Abu Tolib alHusayniy atTurbatiy nusxasini diqqat bilan tahrir qilgan. Shu zaylda asarning yangi, toʻldirilgan tahriri vujudga keladi va u "Malfuzoti Temuriy" ("Temurning aytganlari") va "Voqeoti Temuriy" ("Temurning boshidan kechirganlari") nomi bilan taniladi. Keyinchalik undan koʻplab nusxalar koʻchirilgani maʼlum.

Maʼlum boʻladiki, Boburiylar saltanatida "Tuzuki Temuriy" asosida ikkita mustaqil asar vujudga kelgan va ularning keyingi asrlarda tarqalishi bilan bogʻliq oʻziga xos tafsilotlar bor.

"Tuzuki Temuriy" nusxasini dastlab Hindistonda yashagan ingliz zobiti mayor Devi 1779 yilda Angliyaga olib kelgan. Soʻngra arab tili prof. ingliz mayori Uaytga uni koʻrib chiqish uchun topshirgan. Uayt "Tuzuki Temuriy" ning forscha matnini nashrga tayyorlagan, mayor Devi esa uni inglizchaga oʻgirgan va koʻrsatkich, izohlar bilan taʼminlagan. Asar matni va inglizcha tarjimasi 1783 y. Buyuk Britaniyaning Oksford shahrida nashr etilgan.

Aynan shu nashr dunyo mamlakatlariga keng tarkalgan va "Tuzuki Temur" yoki "Tuzukoti Temur" nomi bilan shuxrat topgan. Oksford nashri keyinchalik hech bir oʻzgarishsiz, jahonning koʻplab shaharlarida, mas., 1785 y. Kalkutta, 1868, 1963 va 1992 yillarda Tehron, 1890 y. Bombeyda chop etilgan. Bu nashrlar koʻplab mamlakatlarga, jumladan, Oʻrta Osiyoga ham tarkalgan.

Uayt va Devi nashr etgan forscha matndan taniqli sharqshunos L. Langlening fransuz tiliga oʻgirgan tarjimasi 1787 y. Parijda nashr qilindi.

1892 y. L. Langlening fransuzcha nashridan N. P. Ostroumov rahbarligida Toshkent gimnaziyasining bir guruh talabalari asarni rus tiliga tarjima qiddilar.

1968 va 1992 yillarda I. M. Moʻminov yozgan qisqa soʻz boshi bilan N. P. Ostroumov nashri chop etildi.

"Temur tuzuklari"ning Devi va Uayt nashri aso’ sida chiqarilgan toshbosma va keyingi nashrlaridan biri asosida Alixontoʻra Soguniy 1967 y. Toshkentda "Tuzuki Temuriy"ni oʻzbek tiliga tarjima qilgan va "Guliston" jurnalida tarjimaning faqat 30 foizi eʼlon etilgan. Asar toʻliq chop etilmaganligining sababi va 1989 y. oʻzbek tiliga qilingan yana bir tarjima xususida akad. B. Ahmedov quyidagicha fikr bildirgan: "...Oʻsha vaqtda jamiyatimizdagi mavjud ahvol, aniqrogʻi rasmiy hokimiyat maʼmurlarining oʻtmish tariximizni oʻrganishga boʻlgan yomon munosabati natijasida Alixontoʻra Sogʻuniy tarjimasi toʻla tarzda bosilib chiqmadi. Yana shuni ham qayd etmoq lozimki, tarjimaning bosilgan qismi baʼzi kamchiliklardan ham xoli emas edi. Unda, mas., ayrim jumlalarning tashlab ketilgani aniklangan, asl matndan chetga chiqish hollari mavjud; kishi nomlari, joʻgʻrofiy atamalarda va istilohlarda gʻalatliklar bor. Muhim tarixiy voqealar, tarixiy shaxslar, joʻgʻrofiy va etnik nomlar, turli atamalar va ularning sharhlari erkin talqin etilgan. 1989 yilda Alixontoʻraning oʻsha nashrini "Tuzuki Temur" ning Bombeyda chop etilgan forscha matniga solishtirgan holda oʻzbek tilida yana bir tarjima amalga oshirildi. Uni oʻzbek sharqshunosi Habibulla Karomatov hozirlab, oldin "Sharq yulduzi" jurnalida (Toshkent, 1989, 8son), soʻngra alohida kitob holida (1991) Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida nashr ettirdi".

Mazkur nashrni tayyorlashda Abu Rayqon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalar fondida saklanayotgan 1785 y. Kalkutta, 1868 y. Tehron va 1890 y. Bombey nashrlari A. Sogʻuniy tarjimasi bilan solishtirilgan. Tarjima matni forsiy asliyatdan ancha farqlangani bois Bombey nashri asosida qaytadan oʻzbek tiliga oʻgirilgan va ogʻir qatagʻon davrida oʻzbek xalqiga Amir Temur toʻgʻrisidagi haqiqatni yetkazishga intilgan Alixontoʻra Sogʻuniy nomlari hurmat yuzasidan yangi tarjimada 1oʻringa qoʻyilgan. Bu bilan, 1967 yilda boshlangan xayrli ishni nihoyasiga yetkazib, marhum domlaning ruhi poklarini shod etish maqsadi koʻzlangan.

Asarning "Sharq yulduzi" jurnalida chop etilgan tarjimasi asosida 1991 y. Boku va Olmaotada ham "Temur tuzuklari"ning qozoq va ozarbayjon tillaridagi tarjima kitoblari nashr etildi. 1996 y. asarning yangi tarjimasi qayta oʻzbek tilida chop etildi.

1999 y. sharqshunos Hamidulla Karomatov asarni Bombey nashri asosida 1marta bevosita fors tilidan rus tiliga tarjima qildi.

"Tuzuki Temuriy"ning Subhon Baxshi (Dexli, 1855) va Muhammad Fazl ulHaq (Bombey, 1908) taraflaridan amalga oshirilgan urducha tarjimalari ham mavjud.

"Tuzuki Temuriy" sifatida tanilgan aynan Devi va Uayt nashri dunyoning turli burchaklarida qaytaqayta nashr etilgan va ilmiy doirada ishonchga kirgani bois jahonning koʻplab tillariga tarjima qilingan. "Malfuzoti Temuriy", "Voqeoti Temuriy" va boshqa nomlar bilan tanilgan va koʻpincha adashib "Tuzuki Temuriy"ga nisbat beriladigan asar nusxasining yuzaga kelishi toʻgʻrisida arab olimi Mazhar Shihob "Temur" nomli kitobida "Tuzuki Temur"ning yuqorida eslatilgan ingliz va fransuz tilidagi nashrlarining soʻz boshlarini oʻrganish asosida shunday yozgan: "Va nixryat Amir Temur malfuzotlarining Abu Tolib alHusayniy tomonidan qilingan ushbu tarjimasidan fors tiliga oʻgirilgan boshqa 2 nusxasi (Hindistonda Shoh Jahon koʻrsatmasiga binoan, Muhammad Afzal Buxoriy tomonidan tayyorlangan nusxalar nazarda tutilmoqda) topilgunga qadar bu hol shu zaylda davom etdi". Ulardan 1nusxani Hindistonda xizmatda boʻlgan ingliz zobitlaridan biri Degʻliga moʻgʻul — musulmon sultonlari nabiralarining biridan olishga muvaffaq boʻladi. Shu boisdan ham mazkur nusxa Sultoniy nusxa (nusxai Imperoturiya) nomi bilan ataladi. Malfuzotning ikkinchi nusxasi ham Dexlidan topilib, uni ham ingliz generallaridan biri Britaniyaga olib ketadi. Yangi topilib, 1830 yilda Angliyaga olib keltirilgan ikkala nusxaning qimmatli tomoni shunda ediki, bu ikki nusxa Amir Temurning malfuzotlarini toʻlatoʻkis qamragan bulib, ular Sohibqiron hayotini oxirgi yiligacha hikoya qilardi.

1830 y. Charlz Styuart keyin topilgan yangi ikkinchi nusxa Britaniyaga keltirilgach, tanishib chiqib, bir tarjimaning 2 nusxasi ekanligini aniqladi. Bu tarjima muallifi Hindistonda saltanat yuritgan Temuriy sultonlar davlati hokimlaridan biri boʻlgan Shoh Jahon davrida podshoh saroyida xizmatda boʻlgan mansabdor shaxslardan biri Muhammad Afzal alBuxoriy edi. Mutarjimning yozishicha, ushbu tarjimani u 1670 yilda amalga oshirgan. Muhammad Afzal alBuxoriy oʻz tarjimasining muqaddimasida ishorat qilib ketgan yangi (sultoniy) nusxaga kiritilgan aksar qoʻshimchalar, Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asaridan olinganligiga ishonch hosil qilish mumkin.

Shunday qilib, Muhammad Afzal Buxoriy qayta ishlagan va Sharafuddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"si asosida toʻldirilgan "Malfuzoti Temuriy" deb nomlangan yangi asar vujudga keldi va tarqala boshladi. Hozirda uning nusxalari bir qancha mamlakatlar kutubxonalarida saklanmoqda. Sharq qoʻlyozmalari kataloglarining tuzuvchilaridan baʼzilari ham uni "Tuzuki Temuriy" dan farqli oʻlaroq "Malfuzot" ekanligiga ishora qilganlar. Albatta, nomlanishi "Voqeoti Temuriy", "Tanziymoti Temuriy" va boshqa shakllarda ham uchraydi. Undan tashqari keyingi asrlardagi gohida toʻla, gohida noqis nusxalarida xattotlar tomonidan oʻzboshimchalik bilan kiritilgan koʻplab toʻqimalar, birinchi nusxalarda boʻlmagan voqealar tafsilotlari ham uchraydi. Bundan tashqari, zikr etilgan 2 har xil asarni "Tuzuki Temuriy" va "Tuzukoti Temuriy" nomlari bilan bir muqova ichida koʻchirib yozishgan. Shu bois hatto Yevropada va baʼzi bir sharq mamlakatlarida sharq qoʻlyozmalarining chop etilgan kataloglarida ham shunday chalkashlik koʻzga tashlanadi. Bunday kamchilik "Temur tuzuklari"ning 1991 ya 1996 y. nashrlari soʻz boshida ham bor.

"Malfuzoti Temuriy"dan qator tarjimalar amalga oshirildi. 1830 y. Angliyada Charlz Styuart uni ingliz tiliga oʻgirdi. Unda Amir Temur hayotining 39 yoshigacha boʻlgan voqealar aks ettirilgan.

19 a.da Oʻrta Osiyoda "Malfuzoti Temuriy"ning forsiydan eski oʻzbek tiliga qilingan 3 tarjimasi paydo boʻldi. Sharqshunos Stori katalogida keltirilgan maʼlumotga koʻra, ulardan birini 1836 y. Qoʻqon xoni Muhammad Alixonning buyrugʻiga binoan, Xoʻjand qozisi Nabijon Mahdum Xotif amalga oshirgan. Tarjima fors tilidagi noqis nusxadan qilingan va Amir Temurning 39 yoshgacha voqealari keltirilgan. Hozir bu qoʻlyozma SanktPeterburgdagi Sharqshunoslik intida saqlanmoqda.

Boshqasi, Xivada Muhammad Yusuf arRojiy tomonidan 1856—57y.lar "Tuzuki Temuriy" nomi bilan tarjima qilingan va yana biri "Qissai Temur" va "Malfuzot" nomlari bilan maʼlum boʻlgan Pahlavon Niyoz Devon tarafidan 1857—58 y. lar Xivada oʻgirilgan asar. Har ikkala nusxa SanktPeterburg shahrida M. Ye. SaltikovShchedrin nomidagi Rossiya davlat milliy kutubxonasida saqlanmoqda.

Nabijon Maxdumning kuplab xatolari bor eski oʻzbek tilidagi tarjimasi asosida rus sharqshunosi N. P. Ostroumov Turkiston generalgubernatori baron A. B. Vrevskiy yordamida "Malfuzot"ning turkiy matnini 1891 y. Toshkentda nashr etdi.

N.P. Ostroumov nashri asosida "Malfuzot" rus sharqshunosi Nil Likoshin tarafidan 1894 y. Toshkentda rus tiliga tarjima qilindi. 1934 y. Moskvada rus olimi V.A. Panov tomonidan Ostroumovning mazkur nashri asosida "Malfuzot"ning yangi tarjimasi nashr etildi.

1992 y. Toshkentda tanikli sharqshunos Ashraf Ahmedov N.P.Ostroumov nashriga tayangan holda Sharafuddin Ali Yazdiy "Zafarnoma"sining tanqidiy matnidan foydalanib, "Malfuzot"ning oʻzbek tilidagi zamonaviylashtirilgan erkin tabdilini amalga oshirdi.

Nihoyat, "Malfuzot"ning Oʻrta Osiyoda amalga oshirilgan eski oʻzbek tilidagi tarjimalari asosida, soʻnggi yillarda, Oʻzbekiston olimlaridan H. Bobobekov, H. Boboyev, A. Quronbekov tomonidan "Tuzuki Temuriy" (ikkinchi qayta nashriga "Zafarnoma" deb nom qoʻyilgan) hamda "Qissai Temur" ("Malfuzoti Temuriy") kitoblari chop etildi.

Amir Temur davlatida ichki hayot. «Temur tuzuklari» va uning ahamiyati.

Ma’ruzachi bu masalani yoritishda birinchi navbatda A.Temurning adolatli davlat tuzishga, bunday davlatning asosiy tamoyillarini ishlab chiqishga muhim e’tibor qaratganligini qo‘yidagi tarixiy dalillar asosida tushuntirib berishga harakat qilmog‘i lozim.

Amir Temur mamlakatda qatiqqo‘l hokimiyat o‘rnatish zarurligini yaxshi tushunardi. Negaki, ko‘chmanchi mug‘ul-turk qabilalaridan jaloir, barlos, sulduz va boshqalarning o‘zboshimcha boshliqlarini itoatda saqlab turish oson emas edi. Shu maqsadda mamlakatda qonun va tartib ishlarini joriy etishga kirishadi. U o‘ziga mustahkam tayanch barpo etish maqsadida barlos qabilasidan maxsus harbiy qism tashkil etib, ularga katta imtiyozlar beradi.

Amir Temur o‘z davlati hokimiyatini mustahkamlashda islom diniga tayandi. Islom namoyandalari uni qo‘llab-quvvatladi. Mamlakat aholisining ko‘pchiligini tashkil etgan dehqonlar va shahar aholisi – tijoratchilar, hunarmandlar sohibqironning davlatni mustahkamlashga qaratilgan tadbir-larini ma’qulladilar.

A.Temur o‘z davlati asoslarini adolat bilan mustahkamladi va «Kuch adolatdadir» (Rosti-rusti) shioriga amal qildi. Mamlakat aholisini 12 tabaqaga bo‘lib, ularning har biriga nisba-tan o‘ziga xos siyosat yurg‘izib, o‘zining ulkan tashkilotchiligi qobiliyatini namoyon etdi. Amir Temur davlat xududining tumanlarga bo‘linishi va o‘z

o‘g‘illariga ulus sifatida taqsimlab berilishini amalga oshirgan bo‘lsa ham, Movarounnahrni parchalamay o‘z qo‘lida mahkam saqladi. Davlatga maxsus xizmat qilganlarga «SUYURFOL»lar sifatida yer-suv va mol-mulk berdi, hamda alohida xizmatlar uchun «Tarxon» yorliqlarini joriy etdi. Tarxon yorlig‘ini olganlar turli soliqlardan ozod etildi. Amir Temur o‘zi tuzgan davlatda oliy hukmron bo‘lsa ham, o‘zini hech qachon podshoh yoki sulton deb atamay, umrbod amir unvonini saqlab qoldi. U an’anaga rioya qilgan holda yonida soxta xonlarni saqladi.

Amir Temur davlat ishlarini yurgizishda 4 narsaga doim amal qildi. Bular: 1. Kengash. 2. Mashvaratu maslaxat. 3. qat’iy qaror, tadbirkorlik va xushyorlik. 4. Extiyotkorlik.

Amir Temur hukmdor uchun qo‘yidagi o‘n ikki xislat zarurligini va bu xislatlarning birortasiga amal qilinmasa saltanat ishlariga putur yetishi mumkinligini tarixiy misollar bilan isbot qilib bergan edi. A.Temur hukmdor birinchidan o‘z so‘ziga ega bo‘lishi, ikkinchidan adolatpesha bo‘lishi, uchinchidan har ishda faqat o‘zi hukm chiqarishi, to‘rtinchidan qarorida qat’iy bo‘lishi, beshinchidan hukmi joriy etilishi, oltinchidan podsholik ishlarini har kimga topshirib qo‘ymasligi, yettinchidan ko‘pchilikning fikrini eshitishi, sak qizinchidan shoshmasdan mulohaza bilan ish yuritishi, to‘qqizinchidan sipohu, raiyatni umid va qo‘rquv orasida saqlashi, o‘ninchidan barcha ishni o‘z erkicha qilishi, o‘n birinchidan o‘z ishlariga birovni sherik qilmasligi va o‘n ikkinchidan davlat ishlarini maxfiy saqlab, boshqalardan ogoh va hushyor bo‘lishligi lozimligini alohida o‘qtirgan edi.

A.Temur davlat amaldorlarning sofligiga, xazinaga ko‘z olaytirmas-ligiga alohida e’tibor qilib, o‘z tuzuklarida: «Mamlakat xazinachilari bo‘lmish moliya vazirlari moliya ishlarida xiyonat qilib, boylikning bir qismini o‘zlashtirib olgan bo‘lsalar tekshirib ko‘rilsin», - deb yozib qoldirgan edi.

Amir Temur davlatni boshqarishda 7 vazirga suyanib ish ko‘rdi va ulardan 4 vazirning xar kuni devonxonada xozir bo‘lishlarini talab etdi. Bular: 1. Mamlakat va raiyat vaziri. 2. Sipox vaziri. 3. Egasiz qolgan mulk vaziri. 4. Saltanat ishlarini yurituvchi vazir. Bundan tashqari yana 3 vazirdan iborat sarxadlar vazirlari xay’atini tuzdi.

Vazirlardan birinchisi yer soliqlari, boj, o‘lpon – soliq undirish, hamda mirshablik yumushlarini boshqargan, mamlakatdagi muhim ishlarni, kundalik muammolarni yechish, raiyat ahvolini o‘rganish, viloyatlardan olingan hosil, soliq, o‘lponlarni taqsimlash ishlarini bajargan. Ikkinchi vazir sipoh vaziri hisoblanib, sipohiylarning maoshlari va tanho (bu yerda toju-taxt uchun qilgan xizmatlari evaziga berilgan in’om ma’nosida)larni boshqargan. Uchinchi vazir esa egasiz qolgan, o‘lib kegan va qochganlarga tegishli mollarni, kelib ketayotgan savdogarlar mol-mulkidan olinadigan zakot va bojlarni, mamlakat chorvasini boshqarish, bularning barchasidan to‘plangan daromadlarni omonat tarzida saqlash ishlari bilan shug‘ullangan.

Saltanatning har bir idorasida kirim-chiqimlarni, kundalik xarajatlarni yozib borish uchun bir kotib tayinlangan.

Sohibqiron davlatida Devoni buzurg (bosh vazir)dan tashqari xar bir viloyatda «Devon» deb ataluvchi boshqarma bo‘lgan. U davlatning butkul ishlarini: soliq yig‘ish, tartib saqlash, ijtimoiy binolar, - bozorlar, hammomlar, yo‘llar, suv inshootlari tarmoqlarini nazorat qilib turgan. U xalqning xulqu-ahloqini kuzatib turgan. Uning xodimlari vaqti-vaqti bilan so‘roq, tekshirish-taftish, tergov ishlarini ham olib borishgan.

Temur xalqning shikoyatlari va arzlarini o‘rganuvchi maxsus arzbegi lavozimini joriy etgan. Arzbegi shikoyat va arizalarni ko‘rib chiqar, ularda kimlar aybdorligini aniqlar va bu xususida kengashga xabar qilar edi. Aybdorlar kim bo‘lishidan qat’iy nazar qattiq jazolangan. Soliqlar, moliyaviy masalalarda qat’iy tartib – qoida o‘rnatilgan. Rus sharqshunos olimi D.N.Logofet bu xususda «...biz hozir zo‘r berib intilayotgan daromad solig‘i degan narsa uning (Temurning) hokimiyatida o‘shandayoq mavjud edi», deb yozgan edi.

Amir Temur vazirlarini tanlash ishiga g‘oyat jiddiy qarar va ularni 4ta sifatga ega bo‘lishlariga ahamiyat berar edi. Bular: 1. aql-farosat-lilik; 2. toza nasllik; 3. sipoxu-raiyat axvollaridan xabardorlik; 4. sabr chidamlilik va tinchliksevarlik.

Amir Temur o‘z imperiyasiga qo‘shib olgan mamlakatlarni idora etish uchun tayinlanadigan kishilarga qo‘yiladigan talablar tizimini ham ishlab chiqdi. Bunday rahbarlar A. Temur talabiga ko‘ra qo‘yidagi fazilatlarga ega bo‘lishi lozim bo‘lgan: 1) Oliy janob tabiatli va ruhiy holatining ko‘tarinkiligi; 2) Nozik aql va ziyraklik; 3) Yuksak malaka hamda xalq va qo‘shinga murojaat qila bilish; 4) Sabr-toqat va odamlar bilan murosaga kelishmoq.

Mana shu yuqoridagi qoida va talablar Amir Temur hokimiyatini idora etishda va uni mustahkamlashda muhim o‘rinni eg‘alladi. Sohibqiron tuzgan imperiyaning ma’muriy-xududiy bo‘linishi asosan tumanlardan iborat bo‘lganligi uchun yangi amirlik tizimini shakllantirish va mustahkamlash zarur edi. Shu bois Amir Temur 313 kishiga amirlik mansabini berishga farmon berib, shulardan bir kishini amir-ul-umaro, 4 kishini beklarbegi, 100 kishini o‘nboshi, 100 kishini yuzboshi va 100 kishini mingboshi etib tayinladi. Bulardan tashqari 8 ta amirlar amir-ul-umaro yordamchilari etib tayinlanganlar.

Xulosa qilib aytganda, Amir Temur milliy g‘urur, vatanparvarlik, insonparvarlik kabi oliyjanob fazilatlar bilan qurollangan buyuk davlat arbobi edi. Mojar olimi Xerman Vamberi ta’kidlaganidek, O‘rta Osiyoda asl turklik davri Temurdan boshlangan. U turklarning mug‘ul-xitoy dunyosining ustidan g‘alabasini mujassam etib, milliy davlatga asos solgan, mamlakatning rasmiy tili turk (o‘zbek) tili bo‘lgan.

Buyuk Amir Temurning siyosiy faoliyati nafaqat davlatchilik tarixini boyitishda, shu bilan birga hozirgi sharoitda milliy davlatchiligimizni mustahkamlashda ham amaliy ahamiyat kasb etmoqda.

Buyuk Amir Temur tomonidan yozilgan muhim asar bu «Temur tuzuklari», ya’ni «Tuzukoti Temuriy»dir. «Qomus ul a’lom» deb nomlangan va Istambulda nashr etilgan komus kitobida: «Amir Temur «Tuzukoti» deb yuritiladigan komuslar majmuasini yozdi. Unda o‘zining hayot yo‘lini bayon qildi»1, - deb yoziladi.

Amir Temur faoliyatini o‘rganishda asosiy manbalardan bo‘lgan, turkiycha bitilgan «Temur tuzuklari»ning bir ko‘lyozma nusxasi Yaman hokimi Ja’far podshoh tomonidan milliy kutubxonada saqlangan. Bu asarning fors tiliga tarjimasini Mir Abu Tolib Hasaniy at-Turbotiy Makkaga haj qilib qaytib kelganidan so‘ng amalga oshirgan. Ana shu nusxa asosida «Temur tuzuklari» bizgacha yetib kelgan va XIX asrning oxirlarida rus tiliga tarjima etilib, nashr qilingan. Asar butun dunyoga mashhur bo‘lib, asrlar osha o‘z ahamiyatini saqlab qolib, juda ko‘p tillarga tarjima qilingan. Arab tili professori, ingliz mayori Uayt asarning forsiy matnini nashrga tayyorlagan va u 1783 yili Oqsfordda chop etilgan. 1785 va 1890 yillarda ushbu nashrning forscha matni hech o‘zgarishsiz Hindistonning Kalkutta va Bombey shaharlarida, 1963 yilda Eronda nashr etilgan. U 1787 yili taniqli fransuz sharqshunosi L.Lyangle tomonidan ushbu asar fransuz tilida ham nashr etilgan.

«Temur tuzuklari» ikki bo‘lim va 56 banddan iborat bo‘lib, kitobda bu bo‘limlar maqola deb atalgan. Birinchi maqola Temurning davlatni barpo etish va mustaxkamlash, qo‘shinlarni tashkil etish yuzasidan tuzuklaridan iborat. Ikkinchi maqolada esa, Amir Temur tomonidan o‘tkazilgan 13 kengash tafsilotlari va ularda buyuk sohibqironning amalga oshirgan tadbirlari bayon etilgan.

Shuningdek, «Tuzuklar»ning birinchi qismida Amir Temurning yetti yoshidan to vafotiga qadar (1342-1405 yil 18 fevral) kechgan hayoti va ijtimoiy-siyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qo‘lga kiritishi, ijtimoiy tarqoqlikka barham berishi va markazlashgan davlat tuzishi, Eron va Afg‘onistonni o‘z tasarrufiga olishi, Oltin O‘rda xoni To‘xtamish ustidan qozonilgan g‘alaba va nihoyat buyuk jahongirning Ozarbayjon, Turkiya va Hindistonga qilgan harbiy yurishlari ixcham tarzda bayon etilgan.

Kitobning II qismi Sohibqiron nomidan aytilgan va uning toju-taxt vorislariga atalgan o‘ziga xos vasiyat va pandu-nasihatlaridan iboratdir. Unda davlatni idora qilishda kimlarga tayanish, toju-taxt egalarining burchi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarining burch va vazifalari, amirlar va boshqa mansabdorlarning toju-taxt oldida ko‘rsatgan alohida hizmatlarini taqdirlash tartibi va hokazolar xususida so‘z yuritiladi.

Ikkinchi bo‘limda, ya’ni maqolada Amir Temur shunday deb yozadi: «Mamlakatlarni fatx etuvchi baxtli farzandlarim va jahonni idora etuvchi qudratli nabiralarimga ma’lum bo‘lsinkim, tangri taolo dargohidan umidim shulki, ko‘plab farzandlarim, avlodim uchun saltanat qurish, davlat tutish ishlarini bir necha tuzukka bog‘ladim, va saltanatni boshqarish haqida qo‘llanma yozib qoldirdim»1.

Ulug‘ Amir Temur yana davom etib: «Har mamlakatning yaxshi kishilariga men ham yaxshilik qildim, nafsi yomonlar, buzuqlar va ahloqsiz odamlarni mamlakatimdan quvib chiqardim»2, - deb yozgan edi.

Oliyjanob ahloqiy fazilatlarni Amir Temur xazratlari ulug‘lab-gina qolmaganlar, balki bu fazilatlarni bajaralishini davlat xududida yashayotgan fuqarolardan, hatto o‘z oila a’zolari tomonidan ham so‘zsiz bajarilishini talab qilganlar. «Yana tajribamdan ko‘rib bildimki», - deb yozadi Amir Temur – «davlat agar dinu oyin asosida qurilmas ekan, to‘ra tuzukka bog‘lanmas ekan, unday saltanatning shukuxi, qudrati va tartibi yo‘qoladi. Bunday saltanat yalong‘och odamga o‘xshaydi, uni ko‘rgan kimsa nazarini olib qochadi. Yohud kasu nokas tap tortmay kirib chiqadigan tomsiz, eshigi-to‘sig‘i yo‘q uyga o‘xshaydi.

Shuning uchun ham men o‘z saltanatim binosini dini islom to‘ra va tuzuk asosida mustahkamladim»1.

Amir Temur o‘z tuzuklari keyingi avdlodi uchun bir qo‘llanma bo‘lib qolishni ko‘zlab: «Farzandlarim va avlodimdan bo‘lganlarning har biri unga muvofiq ish yuritsin Bu tuzuklardan o‘z saltanat ishlarini boshqarishda qo‘llanma sifatida foydalangaylar, toki mendan ularga o‘tadigan davlat va saltanat zararu tanazzuldan omon bo‘lg‘ay»2, - deb yozib qoldirgan edi.

Darhaqiqat bu asardan faqat Temuriy shahzodalargina emas, ko‘plab sharq hukmdorlari o‘zlarining faoliyatlarida foydalanganlar va unga yuqori baho berganlar. Jumladan, Shoh Jahon (1628-1657), Qo‘qon xoni Muhammad Alixon (1822-1842), Buxoro amiri Abdullahadxon (1885-1910) lar «Tuzukot»dan parchalar ko‘chirtirib, ulardagi qoidalarga amal qilgan-lar.

Temur tuzuklarida Amir Temur o‘zi tuzgan qo‘shinning tuzilishi, qurollanishi hamda buyuk sohibqironning harbiy san’ati haqida ham muhim ma’lumotlar berilgan. Zero Amir Temur tuzgan qo‘shin o‘zining strategik va taktik maxorati bilan o‘sha davrning eng mukammal va kuchli armiyalaridan hisoblangan. Amir Temur esa jahonda mahoratli buyuk sarkarda sifatida shuhrat qozongan. Hozir ham ko‘pgina xorijiy mamlakatlar harbiy o‘quv yurtlarida «Temur taktikasi» mahsus kurs sifatida o‘tiladi. Yurtimiz va xalqimiz mustaqil bo‘lgach, mustaqil davlatchiligimiz asoslarini yaratishda buyuk Amir Temur va uning «tuzuklari»ga murojaat qilmoqdamiz. Uning «Kuch adolatda» tamoyili esa huquqiy davlat barpo etishimizda yo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda.

Buyuk sohibqiron Amir Temurni nafaqat O‘rta Osiyo xalqi, uni butun jahon tan oldi. Chunki u faqat O‘rta Osiyodagina emas, dunyoning boshqa xalqlari uchun ham buyuk xizmatlar qildi.

Amir Temur tomonidan markazlashgan davlatning tuzilishi, feodal tarqoqlikning tugatilishi, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikning o‘rnatilishi O‘rta Osiyo xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti yo‘lida ijobiy rol o‘ynadi. Mug‘ullar davrida vayron bo‘lgan iqtisodiyot tiklandi, hunarmandchilik va tijorat ishlari rivojlandi, fan va madaniyat ravnaq topdi, shaharlar obod bo‘ldi. Eng muhimi, xalq tinch va osoyishta hayot tarziga kirdi.

1 Komus-ul-a’lom. Stambul, 1891. 1727-bet.

1 Temur tuzuklari, Toshkent, 1991 yil, 55-bet.



2 Temur tuzuklari, Toshkent, 1991 yil, 55-bet.

Do'stlaringiz bilan baham:


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2019
ma'muriyatiga murojaat qiling