Til- millatning faxri Dunyo ishi sho`x mavjlanadir ona tilimda


Download 22.56 Kb.
Sana17.10.2023
Hajmi22.56 Kb.
#1705618
Bog'liq
Til- millatning faxri


Til- millatning faxri

Dunyo ishi sho`x mavjlanadir ona tilimda,

har bir so`zi yuz ma'noli durdona tilimda.

Izhori ko`ngil chog`i ipak tovlanadir ul,

Burroyu go`zal, g`olibu mardona tilimda.

Do`stlarni shirin davrasida shahdu shakardir,

har jilvasi bir gulxanu gulxona tilimda.

Bor unda Navoiy ruhi, unda Bobur bor,

har shevasi bir qasr ila koshona tilimda.

Dunyoda bor ilmu hunar unda jilobaxsh,

So`ngsiz xazina, qomusu afsona tilimda...

Jumaniyoz Jabbarov.

Til- millatning faxri

( 21 oktyabr' O`zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun)

Toshkent-2008

Dunyo ishi sho`x mavjlanadir ona tilimda,

har bir so`zi yuz ma'noli durdona tilimda.

Izhori ko`ngil chog`i ipak tovlanadir ul,

Burroyu go`zal, g`olibu mardona tilimda.

Do`stlarni shirin davrasida shahdu shakardir,

har jilvasi bir gulxanu gulxona tilimda.

Bor unda Navoiy ruhi, unda Bobur bor,

har shevasi bir qasr ila koshona tilimda.

Dunyoda bor ilmu hunar unda jilobaxsh,

So`ngsiz xazina, qomusu afsona tilimda...

Jumaniyoz Jabbarov.


Til- millatning faxri

Til benihoya muqaddas va mo`'tabar ne'mat, u odam degan mavjudotni shakllantirgan , taraqqiyot bosqichlariga olib chiqqan, ruhiy takomilga boshlagan, tafakkur gulshanining darvozalarini ochgan sehrli bir jilodir. Shuning uchun ham tilga nopisandlik insoniyatning o`zligiga nopisandlik demakdir. Tilga ehtirom va e'tibor esa dunyoda inson bolasi muhtaramligining e'tirofidir. Bejiz emaski, xalqimiz tilga , xususan o`zining ona tiliga muntazam muhabbat bilan qaragan , uni e'zozlab ardoqlagan , o`zbek tilining mukammalligi va betakror ohanglaridan faxru iftixor qilgan.

1989 yil 21 oktabrda O`zbekiston Rispublikasi Oliy kengashining sessiyasida Davlat tili haqidagi qonun qabul qilindi. Bu voqea millatimiz taqdirida tarihiy voqea, istiqlol yo`lidagi dastlabki va muhim qadam bo`ldi. Shundan buyon har yili xalqimiz bu kunni tabarruk ayyom sifatida keng nishonlab kelmoqda. Davlat tili haqidagi qonun mamlakatimizda o`zbek tilining davlat tili maqomiga ega ekanligini belgilash bilan birga, boshqa tillarning kamsitilmasligini ham e'tiborga oladi.

Albatta, biz bu kunga osonlikcha yetib kelmadik. Davlat tili haqidagi qonun muxokamaga qo`yilgan chog`da ziyolilar, jumladan siyosatshunoslar orasida ham turli fikrlarni dastak qilib chiqqanlar bo`ldi. Ularning bir qismi o`sha davrning siyosatidan cho`chiydigan toifa bo`lsa, ikkinchi qismi masalani mohiyatini to`g`ri tushunmagan, tahlil qilolmagan odamlar edi. O`sha kezda davlat tili ikki tilda bo`lsin, degan takliflar ham yuzaga chiqdi. Lekin davlat tili bitta bo`ladi. Mamlakatning Konstitutsiyasidan tortib har bir hujjati bitta tayin tilda yaratiladi. Va bu til shu millatning irodasi, kayfiyati, bilimi, saviyasi, siyosiy huquqlarini namoish qiluvchi oyna hisoblanadi. Mana mustaqilligimizning 17 yilligini nishonladik. Bugun yangi avlod, yangi qatlam paydo bo`ldi. Endi ona-tilimizda gapirish o`z kundalik xayotimizga aylandi.

Hozir o`zbek tili butun dunyodagi tillar qatori o`z o`rninga, obro` va maqomiga ega. Shu bilan birga bugun ona tilimiz imkoniyatlarini qay darajada namoyon eta olyapmiz, degan haqli savol ham borki, u har birimizni o`ylantirishi kerak. Biz farzandlarimizni tilimiz boyliklari bilan ta'minlashimiz, til hazinamizning nodir me'rosini saqlab turgan asarlarni ularga kengroq o`rgatishimiz lozim. O`zbek tili millatimizni ko`rsatuvchi kuch, milliy taraqqiyotimizning ko`zgusi, bu bebaho boyligimizni asrash hammamizning burchimizdir.

Har bir davlat o`z rasmiy tilining sofligi va boyib borishini ta'minlaydi va uning ist'emol doirasi kengayib borishi uchun g`amxo`rlik qiladi; uni o`rganish va o`qitish uchun qulay shart - sharoitlar yaratib berdi. Ushbu qonun ham ona tilimizning mavqei oshishi va ravnaq topishi, yanada takomillashuvi uchun keng imkoniyatlarni yaratib berdi. Hozirgi kunda tilimiz yanada rivojlanmoqda, unga bo`lgan e'tibor yanada oshib borayapti.

Matbuotda, radio-televidenieda, O`zbekiston milliy nashriyotlarida chop etilayotgan nodir asarlar, darsliklar, ko`p jildlik O`zbek Davlat milliy ensiklopediyalari ham buning yaqqol isbotidir . Ulug` bobolarimiz o`zbek tili xaqida bizga me'ros qoldirgan ne-ne hikmatlari va naqllaridagi mantiq, ma'no, zakovat va zarofat, bitmas-tuganmasdir, ular hamma zamonlarda jamiyat kamoli uchun kamarbasta bo`lgan. Shu jumladan bobokalonimiz Yusuf Xos Hojib "Odobning boshi tildur" deb bejiz o`git bermaganlar.

O`zbek tilimizning boyligini yaxlit holda tasavvur etish uchun Alisher Navoiy asarlari dunyosiga bir nazar tashlashning o`zi kifoya. Qanday bepoyon tafakkur va tuyg`ular olamiga sho`ng`iysiz. Bu olamda butkul koinot aks etadi. Bu hazinadan bebahra qolish mumkin emas. Alisher Navoiy butun hayoti va ijodini ona-tili ravnaqi uchun baxshida qildi. U zamonlarda "Turkiy til" deb yuritilgan ona tilining so`z boyligi, badiiy ijod uchun yaroqli ekanligi haqida maxsus nazariy asar ("Muxokamat ul-lug`atiyn") ni yozdi. Sharq mumtoz adabiyotining hamma janr va turlarida betakror asarlar yaratdi. Bu tilda birinchi "Xamsa"ni, birinchi "Majeolis un-nafois"ni yozdi. Mavjud adabiy an'analarga yangiliklar kiritdi. Xalq madaniyati, ma'rifati va ma'naviyatining yuksalishida tilning muhim vosita ekanini, til bashariyat naslini o`tmish va zamon bilan bog`lovchi timsol ekani shoir va arbob Navoiyning hamisha diqqat markazida bo`ldi.

Mumtoz adabiyotimiz vakillarining xalq dostonlari- "Alpomish", "Go`ro`g`li" turkumidagi asarlarning ta'rifga sig`mas boy tili, shuningdek Abdulla Qodiriy, Cho`lpon, Oybek, G`afur G`ulom va boshqa ijodkorlar yaratgan go`zalliklar ham, "Boburnoma" day asarlardagi tafakkur saltanati ham o`zbek tili buyukligini namoyon etadigan bebaho, o`lmas, adabiy boylikdir. Nutqning go`zalligi, tilning burroligi, ifodaning aniqligi inson uchun o`ziga xos husindir, bu husn og`ir oqibatda jamiyatning, millatning husnini ko`rsatadi.


Tilimiz va yozuvimiz

1989 yil 21 oktyabr'- "Davlat tili haqida"gi qonun qabul qilindi.

1993 yil 2 sentyabr'- "Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida" O`zbekiston Respublikasi qonuni va Oliy majlisning tegishli qarori qabul qilindi.

1995 yil 6may- "Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida"gi qonunga o`zgartishlar kiritildi va Oliy majlisning tegishli qarori qabul qilindi.

1995 yil 24 avgust- Vazirlar Mahkamasining "O`zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida"gi qarori qabul qilindi. (Yangi alifbo to`g`risida).

1995 yil 21 dekabr'- " O`zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida"gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

1996 yil 10 sentyabr'- Vazirlar mahkamasining "Davlat tili haqida"gi qonunni amalga oshirish "Davlat dasturi to`g`risida"gi qarori qabul qilindi.

"O`zbek tili kuni qanday o`tkaziladi?"

Millatning millat darajasida shakllanganligini ko`rsatuvchi eng asosiy omillardan biri uning tilidir. Bir necha kundan so`ng mamlakatimizda "Davlat tili to`g`risida"gi qonun qabul qilinganligining 19yilligi keng nishonlanadi. Respublikamizning barcha mehnat

jamoalarida, shuningdek, ta'lim-tarbiya muassasalarida davlat tiliga bag`ishlangan turli tadbirlar-badiiy kechalar, ilmiy amaliy anjumanlar, xaftaliklar, ko`rik tanlovlar, davra suhbatlari, tilshunos olimlar va san'atkorlar, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar tashkil qilinadiki, bularning barchasi tilimizning boyligini yanada chuqurroq anglashga hizmat qiladi.

Zero, Prezidentimiz ta'kidlaganlaridek, "Ona tilining buyuk ahamiyati shundaki, u ma'naviyat belgisi sifatida kishilarni yaqin qilib jipslashtiradi".

21-oktyabr- O`zbekiston Respublikasining "Davlat tili to`g`risida"gi qonun qabul qilingan kun. "O`zbek tili kuni"ni tashkilotlarda uyushqoqlik bilan o`tkazishga katta va jiddiy tayyorgarlik ko`rilishi kerak. Mazkur sanani nishonlash bo`yicha tadbirlar rejasida ishtirokchilar va ijrochilar oldindan belgilab olinadi.

Tadbirga olimlar, shoir va yozuvchilar, san'atkorlarni jalb etish, unda "Davlat tili to`qrisida"gi qonunning ahamiyati, ayrim bandlarining sharqlari bo`yicha ma'ruzalar qilinishi maqsadga muvofiq. O`zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va xukumatimiz tomonidan uni rivojlantirish istiqbolining belgilanishi o`quvchilarimizning oldiga muhim vazifalarni qo`ydi.

Ta'lim boshqa tilda olib boriladigan maktablarda o`zga millat bolalariga o`zbek tilini o`rgatish bilan bir qatorda madaniy merosimiz, milliy qadriyatlarimizga xurmat bilan munosabatda bo`lish zarurligini ham uning ongiga singdirib borish lozim.

"O`zbek tili kuni"ni o`tkazish munosabati bilan ta'lim tilidan kat'i nazar, barcha maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va maktab o`quvchilari ongiyu qalbiga milliy istiqlol va umumbashariy qadriyatlarga, shu jumladan ona tiliga mehru-muxabbat va hurmat, ona-Vatanga sadoqat, millatlararo bag`rikenglik kabi eng yuksak tuyg`ularni jo etish masalalariga e'tibor qaratiladi.

Bayram arafasida o`tkazilajak tadbirga "Respublika ma'naviyat- targ`ibot" markazi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy xarakati, "Maxalla" jamg`armalari bilan yaqindan xamkorlik qilish. Ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokini ta'minlash maqsadga muvofiqdir.

O`zbek tili bo`yicha bolalar o`z bilimlarni saxnada, adabiy-badiiy kompozitsiya orqali "Bilag`onlar" musobaqasi va turli tanlovlar orqali namoish etishlari mumkin. Kichik va boshlang`ich sinf yoshidagi bolalar uchun esa "O`zbek tilini o`rganamiz", "O`zbek tili tarixidan", "O`zbek tili-jonu dilim" kabi mavzularda suhbatlar olib borish maqsadga muvofiq bo`ladi.

Yuqori sinf o`quvchilari uchun "O`zbekiston mustaqillgi va ona tilimiz rivoji", "Til boyligi- tafakkur boyligi", "Til- tafakkur ramzi", "Til- millat fahri", "Til-dil tarjimoni" kabi mavzusida qiziqarli adabiy-badiiy kechalar tashkil qilish mumkin.


Kitob ko`rgazmalari uchun quyidagi mavzularni tavsiya etamiz.

"Davlat tili to`g`risidagi qonun amalda",

"Qonun va Davlat tili",

"Til- dillarni bog`laydi",

"Tilga e'tibor -elga e'tibor"

"Til millatning muhim ramzi, boyligi va ko`zgusi"

"Til- xalqning, millatning qalbi va ongi"

"Bobolardan me'ros ezgu til".

"Til boyligi-xalq boyligi".


Foydalanish uchun sitatalar:

"Har qanday xalqning ma'naviyatini bilmoqchi bo`lsang, eng avvalo uning tilini o`rganishga intil".

Pifogor.

"Juda boy, chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib bo`lmaydigan fikr, tuyg`u, holat yo`q!".

Abdulla Qahhor.

"Ona tilining buyuk ahamiyati shundaki, u ma'naviyat belgisi sifatida kishilarni jipslashtiradi".

Islom Karimov.

"Bizning tilimiz turkiy tillar orasida eng boy, go`zal va muhtasham tillardan biri hisoblanadi".

Abdulla Oripov.
Tadbir ssenariysi "Til-millatning ko`zgusi"

Asosiy g`oya

Ona tiliga e'tiborni, meqr-muxabbatni kuchaytirish. Tilimizni mukammal bilishga, milliy o`zlikni anglashga, qadriyatlarni e'zozlashga o`rgatish. Ona tili millat ma'naviyatining ko`zgusi ekanini e'tirof etish.

Asosiy g`oyani keng ko`lamda yorqin va jozibali aks ettirish uchun xona bayramona bezatiladi. Sahna to`rida "1991 yil 21 oktyabr' kuni, O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan" yozuvi joylashtiriladi. Xona devorlariga til haqidagi maqolalar yozilgan plakatlar tartib bilan joylashtiriladi. O`ng burchakda "Turkiy tillarning shajara daraxti" o`z bezagi bilan saxna ko`rkiga fayz kiritadi. O`quvchilar sahnadan pastda doira shaklida ikki qator bo`lib joylashadilar. O`rtadagi stol ustida buyuk allomalarimiznig ma'naviy me'rosi bo`lmish noyob asarlar davriga qarab, ketma-ketlikda joylashtiriladi.

Chorlov musiqasi yangraydi.

Mirtemirning "Ona" tili she'ri o`qiladi.

Ona tilim -onajonim tili bu,

Beshikdanoq singan jonu quloqqa.

El-yurtim, qonimonim tili bu,

Qadimlikdan o`xshar ona tuproqqa.

Bobolardan bizga me'ros ezgu til,

Avlodlarga xazinayu bebaxo.

Qalbimizga, ruhimizga ko`zgu til,

Bu dunyoga bag`ishlaymiz ne daho.

Yovonlarning cheksizligi,

Ham samimiy ham hovuri,

Onjonlar allasidan,

Ko`z yoshidan, oq sutdan,

To`g`aylarning tengsizligi,

Jilg`alarning sho`x hovuri,

Yigitlarning yallasidan,

Suluvlarning sukutidan,

Yo`g`rilgan til-ona tilim.

Cho`lponlarning qamish bayti,

Childirmaning darillashi,

Go`ro`g`lining alp siymosi,

Alpomishning da'vosidan,

Tug`ilgan til-ona tilim.

1-boshlovchi:

Assalomu alaykum, aziz mehmonlar! Mustaqil yurtning barkamol yoshlari, aziz ustozlar, bugungi "Til bayrami"ga xush kelibsizlar!

2-boshlovchi:

Bayram munosabati bilan barchangizning o`qish va ishlaringizda ulkan zafarlar tilaymiz. Inson go`zalligi , ma'naviyati, buyuk me'rosi, hatto olam barqarorligining asosi ham bu-tildir. Shu sabab onadek aziz o`z ona tilimizni asrab-avaylash, e'zozlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

1-boshlovchi:

Dunyoda turli-tuman xalqlar yashaydi. Ma'lumotlarga qaraganda, dunyo bo`yicha 3mingdan ortiq til mavjud.

2-boshlovchi:

O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatdagi barcha tillarning tengligi va erkinligini ta'minlaydi.Asosiy qonunning 4-moddasida O`zbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning tillarini, urf-odatlarini hurmat qilish ta'kidlangan.

(Shundan so`ng, saxna bo`sh qolib, hazin musiqa yangraydi. Ona siymosi paydo bo`ladi.)

Ona:- Mehribon farzandlarim, jondan aziz dilbandlarim, o`z yurtiga fidoiy, mard paxlavonlarim. Sizlar o`z ona tilimizni doimo asrab avaylanglar.O`z tilimizning qatorida qardosh, chet tillarni ham o`rganib, xurmat qilinglar. Mening sizlarga murojaatim shuki, tilimizning sofligini saqlang, uning boy ifoda vositalaridan o`rinli va unumli foydalanishga xarakat qiling, go`zalligini namoish eting. Sizning komilligingiz, avvalo, muomila madaniyatingizda namoyon bo`ladi. "Yaxshi so`z-jon ozig`i", "Bir ko`ngil imorati-ming Makka ziyorati" deganlaridek, shirinsuxan bo`lib, millatning fahri, g`ururi bo`lib yashanglar.

Saxnaga yana boshlovchilar chiqishadi.

1-boshlovchi:

Munis onadon, har bir so`zingiz biz uchun muqaddas. Chunki o`zingiz bu tuyg`uni, mehrni allangiz ila ko`nglimizga jo aylagansiz.

2-boshlovchi:

Tilimizning barqarorligi o`zga tillar hamjixatligidadir. Bugun 20 dan ortiq tillar oilasi mavjud. Endi e'tiboringizni ona tilimiz tarixiga qaratsak.

O`quvchilar sahnadagi "Shajara daraxti"ga bog`langan turli lentalarni qo`llarida qilpilatadilar. Lentalarga turkiy tillar oilasiga mansub o`zbek, qozoq, qirg`iz, uyg`ur, tatar, qoraqalpoq kabi so`zlar yozilgan.

Oqang taraladi.

1-o`quvchi:

Keling, birgalikda bugun tilimizning tarixini, qudratini, madxini kuylaylik.

2-o`quvchi:

Bu azim daraxtning ildizi shunchalik mustaxkamki, har bir bo`g`inida buyuk kutubxona mavjud.

3-o`quvchi:

Bunda Rabg`uziy "Qissasi Rabg`uziy" asari ila o`z hikoyatlarini yaratadi.

4-o`quvchi:

Yusuf Xos Hojib "Qutadg`u bilig" asari, Mahmud Qashqariy "Devonu lug`otit turk" asari ila til tarihidan so`zladi.

5-o`quvchi:

Alisher Navoiy turk tilida "Xazoyinul maoniy" dek bebaho va "Xamsa"dek shoh asarni yaratib, so`z mulkining sultoni bo`ldi.

6-o`quvchi:

Zahiriddin Muhammad Bobur o`zining betakror "Boburnoma" asari orqali xalq tarihidan so`zlaydi.

7-o`quvchi:

Farobiy fozillar shahrini kitobda qurdi.

8-o`quvchi:

Darhaqiqat, ne-ne allomalarimiz tilimizning qudrati ila ezgulikdan so`zlaydi, buning barobarida jamiyat yuksaldi. Til tarihini so`zlovchilar sahnadan musiqa sadolari bilan kuzatiladi.

1-boshlovchi:

Tilimizning buyukligi, serqirra va serjilo, sirli jozibasini Navoiy bobomiz singari barcha o`zbek shoirlari va adiblari o`z asarlarida isbot qilishga harakat qilib kelmoqdalar. O`zbek tilida yaratilgan asarlarning qaysi misralarini o`qimang, tilimizning uchqur oti sizni faqat ezgulikka chorlaydi.

2-boshlovchi:

Tilning buyukligi ana shundaki, kishilarning ma'naviy dunyosini boyitish bilan birga inoqlikka, birdamlikka chorlaydi.

1-boshlovchi:

Har bir tilning poydevori

Yozuv harflardir azal.

So`z tuzadi, ular so`zga

Ma'no berar galma-gal.

2-boshlovchi:

Keling, navbatni "Til mushoirasi"ga beramiz. Bunda biz ona tili saboqlarini "Fonetika", "Morfologiya", "Sintaksis" guruhlaridan tinglaymiz.

Nomlari alohida qayd etilgan holda, sahnada uch guruhda besh nafardan o`quvchi chiqadi. Har bir guruh she'riy ta'rif beradi.

"Fonetika" guruhi:

1-o`quvchi:

Bobolardan qolgan ezgu til,

Yozuvi buyukdir buni yaxshi bil.

Tovushlarda aks etadi,

Qalam buni bayon etadi.

2-o`quvchi:

Tovushlarni ta'rif etay,

Ular tilning gavxari.

Shu boisdan alifbodan

Joy olishgandirbari.

3-o`quvchi:

Oltovmiz biz, unutmang,

Bizda bor faqat ovoz.

O va a bizga qondosh,

I va ye esa safdosh,

U va o` g`am bor yana,

Barimiz so`zda bosh-qosh.

4-o`quvchi:

Yigirma uch qarindosh,

Deyishar bizni undosh,

Ovoz-shovqin raqs tushsak,

Quvnaymiz bo`lib qardosh.

5-o`quvchi:

Tutuq belgisi bo`lsam-da,

So`zda mening o`rnim bor.

Jur'at, Sur'at, Sa'dulla,

Yoddan chiqarmang zinhor.

"Morfologiya" guruhi:

1-o`quvchi:

Jonivorga almashtirmang,

So`roqlarim "Kim?", "Nim?",

"Qaer?" ham menga tobe,

So`z turkum sardori "Ot"man.

2-o`quvchi:

So`ylang, qay so`z turkumi

Tovlanadi rang-barang.

Zavq berar darajam ham,

Deyishar "qanday?" "Sifat".

3-o`quvchi:

Hammani bir-bir terib,

Hayron qildim hammani,

Hammani sanab "Nechta?",

Ardoqlab "Son" der meni.

4-o`quvchi:

Nima almashib kelar,

Ot, sifat, son o`rnida?

So`roq qilib, belgilab,

Toki ko`rsatib tursam,

Der, "Olmosh" o`z o`rnida.

5-o`quvchi:

Ovoz beramiz, ish bor joydan,

O`rtog`im belgini bildirar,

So`roqlaridir "qanday?", "qaysi?",

O`zimni hech so`ramang asli,

Doim harakatda bo`laman.

"Fe'l" bo`lib, ishga yuguraman.

"Sintaksis" guruhi:

1-o`quvchi:

O`zim gapning egasiman, egasi,

Hech bo`lakka bo`ysinmas xokimman,

Men ne desam kesim darhol ko`najak,

"qaer?", "Nima?", "Kim?" deb

So`roqlab qolaman.

2-o`quvchi:

Ega nima buyursa, men shunga tayyor,

Shaxs, sonda va zamonda mosligim bor.

Askariyat fe'ldan hosil bo`lib doim,

Olmosh, otdan, sifat, sondan ifodam bor.

3-o`quvchi:

To`ldiruvchi derlar asli otimni,

Men ikkinchi darajali bo`lakman.

Kesimjonning orqasidan ergashib,

Ma'nosini to`ldirgani kerakman.

4-o`quvchi:

Gapda otga bog`langanman doim,

"qanday?", "qaysi?", kabi so`roqlarim bor.

Ismimni der, erkalab "Aniqlovchi",

Ega, kelishikda o`rtoqdarim ko`p.

5-o`quvchi:

Ega bilan ishim yo`q, kesimning oshnasiman,

Ish- harakatning "qachon?", "qanday?" yoki "qaerda?".

Menga kesim bo`lsa bas, laxzada ishim bitar,

Ikkinchi darajali bo`lak, ismimni "hol" deyishar.

Hamma birgalikda jo`r bo`lib, quyidagi she'r bilan kechani yakunlashadi.

Bobolardan bizga me'ros ezgu til!

Barcha qonuniyatin ardoqlab doim,

Ma'naviy me'rosni asragaymiz bil.

Qalbimizga, jonimizga ko`zgu til.

1-boshlovchi:

Ona tilim, o`zingdirsan elni opichlab,

Shu kunlarga olib kelib taratgan ziyo.

Ona tilim, o`zingdirsan yillab asrab,

O`zbek elin Istiqlolga yo`llagan daho.

2-boshlovchi:

"Til bayrami" barchangizga xush kayfiyat bag`ishlagan bo`lsa, minnatdormiz.

Ona tilim, buyuklikda eng baland tog`san,



Ona tilim, suyuklikda Erami bog`san.


Ushbu tavsiya etilayotgan tadbir targ`iboti namunaviy bo`lib, har bir ta'lim muassasasi ma'sul xodimlari mavjud sharoit va imkoniyatdan kelib chiqqan holda, unga ijodiy yondoshadilar va tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etadilar, degan umiddamiz.
Download 22.56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling