Til ijtimoiy hodisa


Download 37.47 Kb.
Sana30.06.2020
Hajmi37.47 Kb.
#122437
Bog'liq
Kirish


K I R I S H

TIL – IJTIMOIY HODISA

Hali voqealanmagan imkoniyat tarzidagi, ma’lum jamiyat a’zolari uchun barobar xizmat qiluvchi ijtimoiy-ruhiy aloqa vositasi – til hisoblanadi. Demak, til jamiyatga, ya’ni odamlarning o’zaro munosabatga kirishuviga xizmat qiladi, shuning uchun u ijtimoiy hodisa sanaladi. Til butun jamiyatga tegishli bo’ladi. Jamiyat a’zolari yordamida shakllanib, boyib boradi. Shu bois tilsiz jamiyat, jamiyatsiz til bo’lishi mumkin emas.


TAFAKKUR VA TIL

Tafakkur va til bir-biri bilan chambarchas bog’liq ijtimoiy hodisadir. Chunki inson nutqi, til vositalari bo’lmasa fikrlash ham bo’lishi gumon. (arabcha “tafakkur” – fikrlash degani). Til ijtimoiy hodisa bo’lib faqat kishilik jamiyatiga xos bo’lgani kabi tafakkur ham faqat insonlargagina xosdir. U kishining mehnat va nutq faoliyati bilan bog’liq holda mavjud. Inson tafakkuri nutq bilan yuzaga chiqadi va uning natijalari tilda qayd etiladi. Demak, tafakkur jarayonining natijasi hamisha biror fikrdan iborat bo’lib, bu fikr tushuncha, hukm, xulosa tarzida til vositasida namoyon bo’ladi.

Lekin tafakkur va til hodisalari o’rtasida farq bor. Farq shundaki, tafakkur zohiriy olamning inson miyasida umumlashgan, til bilan ifodalanadigan in’ikosi. Til esa - fikrni ifodalash usuli, uni qayd etib boshqa kishilarga, avlodlarga yetkazish vositasi. Ya’ni TIL – TAFAKKURNING BORLIQ SHAKLI.

Eslatma: Tilshunoslik fani LINGVISTIKA deb ham yuritiladi. Lotincha “lingua” til degani.

Tilshunoslik fani ikkiga bo’linadi: 1) umumiy tilshunoslik; 2) xususiy tilshunoslik. Umumiy tilshunoslik butun dunyo tillarini o’rganadi. Xususiy tilshunoslik faqat bitta til va uning paydo bo’lishi, grammatik qurilishi kabilarni o’rganadi. Tilning faqat ichki, ya’ni fonetik, leksik va grammatik tuzilishini mikrolingvistika (kichik tilshunoslik), tilning boshqa fan yo’nalishlari bilan taqqoslangan holatini esa makrolingvistika (katta tilshunoslik) o’rganadi.


DUNYO TILLARI

Hozirgi kunda dunyo tillari 3000dan ortiq. Ularning barchasi insonlar o’rtasidagi aloqa aralashuvni ta’minlash vazifasini bajaradi. Bir-biriga yaqin, umumiy jihatlari ko’p bo’lgan tillar qarindosh tillar, umumiy jihatlari bo’lmagan tillar ersa qarindosh bo’lmagan tillar hisoblanadi. Masalan, o’zbek, qirg’iz, qozoq, tatar, uyg’ur, boshqird, ozarbayjon, qorajoy-bolqar, turkman, gagauz, qrim-tatar, no’g’ay, qo’miq kabi tillar qarindosh tillar sanaladi. Qarindosh kishilar bir ajdoddan tarqalgani kabi, qarindohs tillar ham bir bobo tildan kelib chiqqandir. Shuning uchun dunyo tillari qarindoshligiga ko’ra til oilalariga bo’linadi. Yer yuzida 20ga yaqin til oilasi bor. Til oilalari bobo til nomi bilan ataladi.

20ga yaqin til oilasi ichida eng mashhur va ma’lumlari 6ta: hind-yevropa, turkiy, fin-ugor, som-xom, kavkaz, xitoy-tibet tillar oilasi.

Bu til oilalari o’z ichida til turkumlariga, ya’ni kichik guruhlarga bo’linadi. Masalan, turkiy tillar oilasi qarluq, o’g’uz, qipchoq tillar guruhiga bo’linadi.



Qarluq guruhi: o’zbek va uyg’ur tillari

O’g’uz guruhi: ozarbayjon, turkman, usmonli turk tillari

Qipchoq guruhi: qozoq, qoraqalpoq, qirg’iz, tatar, boshqird, xakas, yoqut, chuvash tillari
Dunyo tillari morfologik jihatdan, ya’ni tarkibidagi so’zlarning tuzilishi jihatdan 4 guruhga bo’linadi:

1. Amorf tillar. Tarkibidagi so’zlar hech qanday sintaktik shakl yasovchi qo’shimchalarsiz, to’g’ridan-to’g’ri birikadi. Xitoy, Tibet, birma, vetnam, xitoy-tibet oilasiga mansub tillar amorf tillardir.

2. Agglutinativ tillar. Har bir grammatik ma’no ma’lum bir grammatik ko’rsatkich ya’ni alohida qo’shimcha bilan ifodalanadi. Qo’shimchalar, asosan, o’zakdan keyin qo’shiladi. Masalan: o’rtoq\lar\im\ga\. Turkiy tillar, xususan o’zbek tili, fin-ugor tillari, dravid, indonez, hindu, yapon va koreys tillari agglutinativ tillarga kiradi.

3. Flektiv tillar. Birdan ortiq grammatik ma’no birgina grammatik ko’rsatkich orqali ifodalanadi: rus tilidagi книга so’zi tarkibidagi a qo’shimchasi jinsni (женский род), bosh kelishikni, birlik sonni bildirib kelgan. Flektiv tillarga hind-yevropa, semit, xamit tillari kiradi.

4. Polisintetik tillar. Bu kabi tillarda butun bir gap bir so’z holida yoziladi. Polisintetik tillarga chukot tili, shuningdek, Amerikadagi ayrim hind tillari, Osiyodagi paleosiyo oilasiga kiruvchi ayrim tillar kiradi.
TIRIK VA O’LIK TILLAR

Hozirgi paytda ma’lum bir xalq vakillari uchun muloqot vositasi bo’lib xizmat qilayotgan tillar tirik til hisoblanadi. Ya’ni tirik til jamiyat hayoti bilan bog’liq bo’ladi. Jamiyat hayotidan uzilgan, hozirgi davrda hech bir xalq uchun muomala vositasi bo’lib xizmat qilmayotgan, lekin qoldiqlari bizgacha yetib kelgan tillar o’lik til deyiladi.

Masalan: lotin, qadimgi hind yoki Sanskrit, qadimgi slavyan, qadimgi xorazmiy, qadimgi arab, qadimgi fors, so’g’d tillari o’lik tillardir.

Lotin tili qadimgi Rim imperiyasining rasmiy tili sifatida mavjud bo’lgan. Mazkur imperiya V asrda yemirilgandan keyin bu til ham asta-sekin turli tarmoqlarga bo’linib ketadi va natijada o’lik tilga aylanadi. Hozirgi kunda ilmiy atamalarda lotin tili qoldiqlarini uchratish mumkin. Shuningdek, o’rta va oliy tibbiyot o’quv yurtlarida ham lotin tili o’qitiladi. Til o’lik bo’lsa-da, yozuv saqlanib qoladi.

Qadimgi xorazmiy tili esa eroniy tillarning sharqiy turkumiga mansub bo’lib, qadimgi Xorazm vohasining aholisi shu tilda gaplashgan. Bu til XI asrgacha muomalada bo’lgan va keyinchalik iste’moldan chiqqan hamda o’lik tilga aylangan.

Qadimgi sanskrit ya’ni hind tili o’z davrida braxmanlar tili hisoblangan, ammo bu tilda aholi gaplashmagan. Shuning uchun vaqt o’tishi bilan bu til ham o’lik tilga aylangan.


TIL VA NUTQ

Hali voqealanmagan imkoniyat tarzidagi, ma’lum jamiyat a’zolari uchun barobar xizmat qiluvchi ijtimoiy-ruhiy aloqa vositasi – til, shu tilning muayyan bir shaxs nutqiy faoliyatida bevosita namoyon bo’lishi, voqealanishi – nutqdir. So’zlovchi va tinglovchi o’rtasidagi axborot uzatish va axborot qabul qilish faoliyatiga esa nutqiy faoliyat deyiladi. Aniqlik kiritadigan bo’lsak, fikrimizni boshqalarga tovushlar vositasida so’zlash va harflar vositasida yozish orqali bayon qilamiz. So’zlash va yozish orqali faqat ma’lum fikr bayon qilishimiz nutq hisoblanadi. Nutq ikki yo’l bilan amalga oshadi: tovushlar zanjiri asosida bayon qilingan nutq og’zaki nutq, harflar ketma-ketligi asosida bayon qilingan nutq esa yozma nutq sanaladi.

Til va nutq garchi bi-biri bilan uzviy bog’liq bo’lsa-da, ular o’rtasida farq bor. Til – aloqa vositasi. U - ma’lum xalq tomonidan ishlatiladigan, uzoq tarixga ega bo’lgan ijtomiy hodisa. Nutq esa shu tilning ma’lum paytda va ma’lum o’rinda namoyon bo’lishidir. Ya’ni tilning amalga oshgan shakliga nutq deyiladi.

Olimlar til va nutq tushunchasini shaxmat o’yiniga qiyoslaydi. Shaxmat taxtasi, donalari, shaxmat o’yini qoidalari tilga qiyoslansa, har bir shaxmatchining o’yin uslubi nutqqa o’xshatiladi.



Shveysariyalik olim Ferdinand de Sossyur til va nutqning bir-biriga qarama-qarshi tomonlarini isbotlagan: til – umumiy, nutq – xususiy; til – imkoniyat, nutq – voqelik, til – mohiyat, nutq – hodisadir. Olimning fikricha, nutq faollashgan, bevosita yuzaga chiqqan til sanaladi.

Til bilan nutqni qiyoslash orqali ularning quyidagi o’ziga xos xususiyatlarini ajratish mumkin:

1. Til aloqa materiali bo’lsa, nutq aloqa shakldir

2. TIlni xalq, millat yaratadi, nutqni esa har bir shaxs yaratadi

3. Tilning hayoti xalq, millatning hayotiga bog’liq holda uzoq bo’ladi, nutqning hayoti esa qisqa, xususan, og’zaki nutq so’zlangan paytdagina mavjuddir. Ammo yozma nutq nisbatan uzoq davr saqlanishi mumkin.

4. Til nisbatan turg’un, barqaror bo’lsa, nutq doim harakatda bo’lib, o’zgaruvchan hodisa hisoblanadi.

5. Tilning hajmi noaniq, nutqning hajmi esa aniq. Chunki nutq dialog (ikki kishining suhbati), monolog (yakka shaxsning nutqi), polilog (ko’pchilikning nutqi) shaklida bo’lishi mumkin.

Tilning umri uni yaratgan xalq umridek uzoq, nutq esa yakka shaxsga tegishli bo’lgani uchun umri esa, shuning uchun til – umumiy, nutq – xususiy.


NUTQIY FAOLIYAT

Nutqiy faoliyat – tilning ijtimoiy vazifasidir, ya’ni til nutq sifatida kishilar o’rtasida aloqa, fikrlashish, so’zlashishni amalga oshirishda yaqqol ko’rinadi. Nutqiy faoliyat kishilarning bir-birlariga tushunarli bo’lgan til vositasida o’zaro fikr almashishlari, nutqiy aloqaga kirishishlaridir. Bu jarayon ikki shaklda amalga oshadi: og’zaki va yozma.

Og’zaki nutqning ikki turi mavjud: oddiy so’zlashuv nutqi va adabiy so’zlashuv nutqi. Oddiy so’zlashuv nutqi tabiiy nutq sifatida namoyon bo’lib, unda shevaga xos so’zlar, oddiy kundalik turmushda ishlatiluvchi erkin so’zlashuv ko’rinishlari aks etadi. Adabiy so’zlashuv nutqi esa adabiy til me’yorlariga amal qilgan holda gapirishni taqozo etadi.

Yozma nutq og’zaki nutqdan so’ng yozuv ta’sirida paydo bo’lgan bo’lib, adabiy tilning imloviy, punktuatsion, uslubiy qonun-qoidalariga bo’ysunuvchi grafik shaklidir. Yozma nutqning ma’no gapda turli xil tinish belgilari orqali ajratib ko’rsatiladi. Shunisi ahamiyatliki, yozma nutq og’zaki nutq kabi kishilar o’rtasidagi bevosita aloqa bositasi emas, u boshqa joyda va zamonda (kelgusi davrda) yashovchi kishilar bilan aloqa bog’lash vositasidir.

Og’zaki va yozma nutq ko’rinishlari ifoda maqsadi, qurilishi, hissiy-ta’siriy vositalari bilan farqlanadi. Yozma nutqning uslubiy turlari so’zlashuv, ilmiy, badiiy, ommabop, rasmiy-idoraviy uslubda aks etadi.


O’ZBEK TILI VA UNING TARAQQIYOT BOSQICHI

Mutaxassislarning fikricha, turkiy tillar qadimda mo’g’ul va tungus-manjur tillari bilan birgalikda bitta oilani tashkil etgan va bu til oltoy tili deb atalgan. Oltoy tillar oilasida yapon, koreys, turkiy tillar turkumi mavjud bo’lgan va o’zbek tili oltoy tillar oilasining turkiy tillar turkumiga kirgan.

Dunyoda 30ga yaqin turkiy til bor: o’zbek, uyg’ur, qirg’iz, qozoq, qoraqalpoq, turk, ozarbarjon, turkman, gagauz, qrim-tatar, qorachoy, bolqar, qo’miq, no’g’ay, tatar, boshqird, oltoy, shor, xakas, tuva, yoqut, chuvash, qoraim, oyrot, karagas, usmonli turk

Turkiy tilda gaplashuvchilar, asosan, Osiyo, shuningdek, Yevropa, Amerika, Avstraliya mintaqalarida istiqomat qilishadi. O’zbekiston Respublikasida esa 22 million xalq o’zbek tilida so’zlashadi. O’zbek millatiga mansub kishilar Afg’onistonda (1200), Qashqarda (15000), Saudiya Arabistonida, Turkiya va AQSHda, Germaniya va boshqa yerlarda ham yashashadi. Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalarida o’zbek maktablari bor.

O’zbek (turkiy) tili qadimgi tillardan bo’lib, dastlabki yodnomalar VI-VII asrlarga oiddir.

O’zbek adabiy tili quyidagi davrlarni o’z ichiga oladi:



1. Qadimgi turkiy til: V-VIII asrlar

2. Eski turkiy til: X-XI

3. Eski o’zbek adabiy tili: XII-XIII – XX asr boshlarigacha

4. Hozirgi o’zbek adabiy tili: XX asrning 30-yillaridan
QADIMGI TURKIY TIL

Bu davr tili asosan V-VIII asrlarni o’z ichiga oladi. O’zbek, uyg’ur, qirg’iz, qozoq kabi tillarning turkiy til deyilishiga sabab shuki, ularning hammasi qadimgi turkiy tildan ajralib chiqqan. Demak, hozirgi barcha turkiy tillar uchun qadimgi turkiy til umumiy til – bobo til sanaladi.



Turkiy tillarning shakllanish tarixini ko’pchilik olimlar 4ta davrga ajratadi:

1) Oltoy davri; 2) Eng qadimgi turk davri; 3) Qadimgi turk davri; 4) O’rta turk davri. Bular ichida o’rta turk davri hozirgi barcha turkiy xalqlar va ular tillarining shakllanishi hamda rivojlanishi davri hisoblanadi.

Qadimgi turkiy til namunalari bizga O’rxun-Enasoy yodgorliklari orqali yetib kelgan. Bu yodnomalar VI-VII asrlarga tegishli bo’lib, Sibirning Yenisey va Mo’g’ulistonning O’rxun vodiylaridan topilgani uchun ham shu joy nomi bilan ataladi.

O’rxun-Enasoy yozuvi haqidagi dastlabki xabarlar Vidzen, Remezov, Tabbet-Stralenberg, Messershmidt, Kastrenlar tomonidan e’lon qilingan. 1889-yili Yadrinsev Mongo’liyaning Qoraqurum shahristoni xarobalaridan ikkita katta bitiktosh topib oldi. Bu tiriktoshlar Kul tigin va Bilga xoqonlar sharafiga qo’yilgan bitiktoshlar edi. Radlov, Tomson, Melioranskiylar esa bu yozuvlarni o’qishga kirishgan. 1893-yilning 25-noyabr kuni V.Tomson birinchi bo’lib bitiktoshlar sirini ochadi. Bu vaqtda V.Radlov 10ta harfni o’qib ulgurgan edi. Hozirgi kunda bitiktoshlarning 700ga yaqin namunalari fanga ma’lum.



Eslatma: O’rxun-Enasoy, uyg’ur (qisman moniy) va so’g’d yozuvlari hozirgi turkiy tillarning barchasi uchun umumiy bo’lgan yozuvlardir.

Quyida qadimgi turkiy til davriga oid ba’zi so’z va jumlalardan misol keltiramiz:



Budun – xalq

Bilig – bilim

Batsiq – g’arb

Art – tepa, dovon

Erik – mard, botir, erkin

Ingek – sigir

Yag’iy – yov

Ko’ch – urug’, zot

O’kush – ko’p

O’z – jon, vujud

- Biz qo’rqmadimiz, sungusdimiz. –Biz qo’rqmadik, jang qildik.

- Neke qo’rqurbiz. – Nimadan qo’rqamiz.

- Turk budun yo’q bo’lmzun! Budun bo’lsun! –Turk xalqi yo’q bo’lmasin! Xalq bo’lsin!

- Tang tangri kalti, Tang tangri o’zi kalti. Turunglar qamug’ beklar, qadashdar, tang tangriga o’galim. (Aprinchur tegin) (Juma ollohga bo’ysunish, unga ibodat qilish haqida)


-Yetti yuz kishig uduzig’ma ulug’i shad erti. – 700 kishini birlashtirganning ulug’ini shad (unvon) deyishardi. (To’nyuquq)

Eslatma: O’zbek (turkiy) tilida yozilgan dastlabki yozma yodgorliklar VI-VII asrlarga tegishli bo’lib, bu davrda turkiy til umumturk adabiy til sifatida shakllangan.
ESKI TURKIY TIL

Bu davr tili X-XI asrlarni o’z ichiga oladi. Ayni shu davrdan boshlab bu tilda yirik asarlar yuzaga keldi. Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit-turk”, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig”, Ahmad Yugnakiyning “Hibatul-haqoyiq”, Ahmad Yassaviyning “Devoni hikmat” asarlari eski turkiy til davriga oid. Eski turkiy til davri qoraxoniylar sulolasiga to’g’ri keladi. Qoraxoniylar davrining eng asosiy adabiy va lingvistik yodgorligi Mahmud Koshg’ariyning “Devonu lug’otit-turk” nomli qomusiy asaridir. Ikkinchi yozma yodgorligi esa Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” asaridir.

Qoraxoniylar davri adabiy tili hozirgi Markaziy Osiyodagi barcha turkiy tillarning shakllanishi va rivojlanishi uchun asos bo’lgan til sanaladi va shuning uchun bu davr tili ko’pchilik tilshunoslar tomonidan eski turkiy til deb yuritiladi.

Mahmud Koshg’ariy tilshunoslik tarixida ilk bor “Devonu lug’otit turk” asari orqali qiyosiy tarixiy tilshunoslik deb nomlanuvchi tilshunoslik yo’nalishiga asos soldi. Asar milodiy 1072-yili yozib tugallangan. Koshg’ariyning ikkinchi asari “Javohir un-nahf fi lug’otit turk” hozirgacha topilmagan.

“Devonu lug’otit-turk”ning taxminan XV asrda ko’chirilgan qo’lyozmasi va turkcha tarjimasi asosda o’zbek tiliga 1960-1963 – yillarda professor S.Mutallibov tomonidan tarjima qilingan. 1972-yili “DLT”ning yaratilganiga 900 yil to’lganligi munosabati bilan Farg’ona shahridagi pedagogika institutida keng nishonlandi.

Mahmud Koshg’ariy bu asarni yozishda Chindan to Rumga qadar bo’lgan yo’lni kezib chiqqan va turkiy qabilalar haqida shunday deydi:

-Turklar aslida 20 qabiladir. Har bir qabilaning sanoqsiz urug’lari bor. Men bulardan asosiylarini – ona urug’larini yozdim, shaxobchalarini tashladim. “DLT”dagi ma’lumotlarga qaraganda, o’sha davtda bajanak, qipchoq, o’g’uz, boshqird, basmil, yabaqu, tatar, qirg’iz, chigil, tuxsi, yag’mo, ig’rak, uyg’ur kabi turkiy qabilalar tili umumturkiy adabiy tilni tashkil qilgan. Ulardan “eng yengili – o’g’uz, yaxshisi – yag’mo, tuxsi, eng ochiq, ravon til – hoqoniy o’lkasida yashovchilarning tili” ekanligi ta’kidlangan. Eski turkiy til eski o’zbek tilining shakllanishida muhim o’rin tutgan.

Eski turkiy til davriga oid so’zlar:



Ko’kramak – na’ra tortmoq

Sandilach – sa’va

Sandug’ach – bulbul

Qirg’ilach – qaldirg’och

Elig – hukmdor

Bo’g’u – dono

Al – qizil

Ko’ni – to’g’ri, rost, haqqoniy

Til arslan turur, ko’r eshikda yotur

Aya evlug arsiq bashingni yeyur. (Y.X.Hojib)

Qali so’zlasang so’z bilib so’zlagil (Ey do’st, bilimli kishi izidan yur)

Agar so’zlasang o’ylab so’zlagin. A.Yugnakiy, “Hibatul-haqoyiq”)

Devonu lug’otit turk” asaridan olingan maqollar:

1. Erik erni yag’lig, ermagu bashi qanlig’ – Tirishqoqning labi yog’liq, erinchoq, dangasaning boshi qonlik

2. Emgak ekinda qolmas. – Mehnat bekorga ketmaydi

3. O’kuz azaqi bo’lguncha, buzag’i bashi bo’lsa yik. – Ho’kizning oyog’i bo’lguncha, buzoqning boshi bo’lgan yaxshiroq

4. Uma kelsa, qut kelur. – Mehmon kelsa, baraka keladi.

5. Erdamsizdan qut chertilur. – Dangasadan baxt ketadi.

6. Kichikda qatig’lansa, ulg’azur sevnur. – Yoshlikda mashaqqat cheksa, ulg’ayganda sevinadi.

7. Erdam boshi til. – Odobning boshi til.



Eslab qoling: “Devonu lug’otit-turk”, “Qutadg’u bilig”, “Hibatul-haqoyiq” asarlari X-XI asrlarda yaratilgan.
ESKI O’ZBEK ADABIY TILI

Eski turkiy tildan ajralib to hozirgi o’zbek tilining shakllanishigacha (XX asr boshlarigacha) bo’lgan davr o’zbek tili eski o’zbek tili deb nomlanadi. Demak, eski o’zbek tili XII-XIII asrdan to XX asrning boshlarigacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Eski o’zbek tilining shakllanishi uchun qoraxoniylar davri adabiy tili asos bo’ldi. Bu davrda ikki adabiy til an’anasi mavjud edi: 1) sharqiy adabiy til; 2) g’arbiy adabiy til. Sharqiy adabiy tilga qarluq-uyg’ur, g’arbiy adabiy tilga esa qipchoq-o’g’uz guruhlari kirgan. Qul Alining “Qissai Yusuf” dostoni (1239-yil) g’arbiy til an’anasida, Rabg’uziyning “Qissasi Rabg’uziy” asari esa sharqiy til an’anasida yozilgan bo’lib, bu asarlar eski o’zbek adabiy tilining shakllangan davrini ifoda etuvchi badiiy asarlardir. A.Borovkor “Tafsir”ni (XIII asr) eski o’zbek tilining yorqin namunasi deb e’tirof etgan.

Eski o’zbek tilida yaratilgan dastlabki namunalar: “O’g’uznoma”, “Tafsir” (Qur’onning so’zma-so’z tarjimasi, izohlar, sharhlar, tushuntirishlar), Qutbning “Xusrav va Shirin”, Sayfi Saroyining “Guliston”, Xorazmiyning “Muhabbatnoma”.

O’zbek tili Navoiy davri va Navoiygacha bo’lgan davrda turk lafzi va turkiy til nomi bilan yuritilgan. Mo’g’ullar bosqinidan so’ng chig’atoy tili, rus istilosidan keyin esa sart tili deb yuritilgan.

Sakkokiy, Atoiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur kabi mumtoz adiblar o’zbek adabiy tilining mavqeyini yuksak darajaga ko’tardilar. Abulg’ozixon, Turdi Farog’iy, Gulxaniy, Maxmur, Munis, Ogahiy, Mashrab, Furqat, Muqimiylar eski o’zbek tilini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishgan. Xususan, A.Navoiy eski o’zbek adabiy tilining asoschisi deb e’tirof etiladi. U o’zining “Muhokamatul-lug’atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asarida turkiy tilning imkoniyatlari haqida fikr yuritib, fors tilidan qolishmasligini isbotlaydi.

Masalan: “Yana bir adolari borki, ba’zi alfozning so’nggida –chi, -ki lafzidur, orttirurlar, yo mansabning, yo hunarning, yo peshaning izhori uchun; forsiyda yo’qtur, balki alar ham turkcha ayturlar. Mansabda andog’ki, qo’rchi, suvchi, xazinachi, yarog’chi, nayzachi va h.k.” A.Navoiy eski o’zbek tilini bir xazina deb bildi va uni o’rab turgan tikonlardan tozaladi.



Eski o’zbek adabiy tiliga xos so’zlar:

Cherik – askar, qo’shin

Ev – uy

Qopungda – eshigingda

Ulus – el, xalq

Bitradi – tarqaldi, ketdi

Huvaydo – ayon, ravshan

Kilk – qamish qalam

Pesha – kasb-hunar

Bilmon – bilmayman

Behbud – sog’lomlik


Eslab qoling: Buyuk mutafakkir adiblar o’z asarlarida nechta so’z ishlatgan?

1. A.NAVOIY 26035

2. A.PUSHKIN 21193

3. V.SHEKSPIR 20000 dan ortiq

4. M.DE SERVANTES 18000 dan ortiq

5. A.JOMIY 17600 ta

6. A.TO’QAY 14000 dan ortiq
Eski o’zbek adabiy tilining grammatik xususiyatlari

1. Eski o’zbek tilida hozirgi tushum kelishigi (-ni) qo’shimchasi –g’, -ig’, -g, -ig, -ug shaklida bo’lgan: Kun to’nug’ quritti. – Kun to’nni quritti.

Biliklik keraklik so’zug so’zlayur. – Bilimli kerakli so’zni so’zlaydi.

2. Jo’nalish kelishigi (-ga) qo’shimchasi -ra, -ru, -garau, -karu, -g’aru shaklida bo’lgan: abru – uyga; tabaru – tomonga; artqaru – orqaga; o’g’izg’aru – o’g’uz tomonga, subungaru – suving tomonga

3. Hozirgi –niki qo’shimchasi –turur shaklida bo’lgan.

4. Sifatdosh yasovchi –gan, -ydigan, -kan qo’shimchalari XV asrgacha eski o’zbek tilida –duk, -duq shaklida bo’lgan: Ochilduk kun – ochilgan kun. Ishladuki ish – ishlanadigan ish.

5. –sa shart mayli qo’shimchasi –sar shaklida bo’lgan: borsar, kelsar.

6. Ba’zi so’zlarda fonetik o’zgarishlar kuzatiladi: ev – uy; adaq – oyoq; adgu – ezgu.

7. O’g so’zi eski o’zbek tilida ona, fikr, aql ma’nolarida qo’llangan.



8. Chiqish kelishigi (-dan) qo’shimchasi –din, -on shaklida qo’llangan.
Eski o’zbek adabiy tilida bitilgan baytlar:

Bu ulus to xublar ko’rdik, ey o’zbegim,

Dilrabolikda sizingdek sho’xi ra’no ko’rmadik. (ATOYI)
Shohu, toju xil’atkim, men tomosha qilg’ali

O’zbakim boshida qalpoq, egnida shirdog’i bas. (NAVOIY)


Qaro meng ol yangoqingg’a yaroshur,

Boshim doyim adoqingg’a yaroshur. (XORAZMIY)


Qarinchqa aydi: “Mavlodin ne tilading?”

Sulaymon aydi: “Andoq mulk tiladimkim, mandin o’zga kim ersada bo’lmasin”.

Qarinchqa aydi: “Bu so’zdin hasad isi kelur, manga bo’lgin, o’zgalarga bo’lmasun”.

(RABG’UZIY)



ESLATMA: “Devoni hikmat”, “Qissasi Rabg’uziy”, “Muhabbatnoma”, “Me’rojnoma”, “Muqaddimat ul-adab”, “Yusuf va Zulayho”, “O’g’uznoma” kabi asarlar XII-XIII asrlarda yaratilgan bo’lib, ularda eski o’zbek tilining mahalliy shevalari aks etadi.
HOZIRGI O’ZBEK ADABIY TILI

Bu davr adabiy tili aslida XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab shakllangan. XIX asrda o’zbek tilida dastlabki o’qish kitoblari va amaliy grammatika qo’llanmalari yuzaga keldi. Bu ish XX asrda yanada keng tus oldi. Hozirgi o’zbek adabiy tilining vujudga kelishida muhim bosqich eski o’zbek adabiy tili hisoblanadi. Chunki XIV asrdan XIX asrning ikkinchi yarmigacha bo’lgan tarixiy davr o’zbek xalqi tilining takomillashuvida muhim rol o’ynadi. Shuningdek, XIX asrning ikkinchi yarmida yuzaga kelgan siyosiy vaziyat ham muhim omil hisoblanadi. Ya’ni rus istilosi natijasida tilimizda ko’plab rusiyzabon va ovro’pacha so’zlar paydo bo’ldi: uyezd, gazeta, gimnaziya, general gubernator, veksel, poyezd kabi. Bu esa tilimizning zamonaviylashishiga sabab bo’ldi.



Hozirgi o’zbek adabiy tilida e’lon qilingan dastlabki gazeta – “Turkiston viloyatining gazeti” (1875)

XX asrning 20-yillarida Fitrat o’zbek tilining sarf (morfologiya) va nahv (sintaksis) sohalarini tadqiq qildi. Elbek, Zohiriy kabi olimlar o’zbek tilining turli sohalarining tahlil qildilar. Bu davrda, ayniqsa o’zbek shevalari keng o’rganildi. Borovkov, Polivanov, Abdullayev, G’ulomov, G’oziyev, Mutallibovlar bu sohada katta xizmat qildilar.

ESLAB QOLING: XIX asrning ikkinchi yarmidan o’zbek adabiy tilining uslublari shakllandi.
O’zbek” atamasi haqida

Herman Vamberining “Turkiy xalq” asarida o’zbek so’ziga shunday ta’rif berilgan: “Bu so’z o’z va bek so’zlaridan iborat bo’lib, shulardan birinchisi asl, ajoyib, tagi mustahkam, sardor ma’nolarini bildiradi. Bu so’zning ma’nosi asl bekdir. Shuningdek, o’zbek so’zi musulmoncha tarbiyalangan degandek tushuniladi, ya’ni ular musulmon Osiyo madaniyatiga yo’l ochishgan”.

“O’zbek” atamasi tarixda ilk bor XII asrda Rashididdinning “Mo’g’ullar tarixi” asarida atoqli ot ma’nosida tilga olinadi. Jaloliddin Manguberdining qo’shin boshliqlaridan biri O’zbektoy deb atalgan.

O’zbek so’zi o’ziga bek, otliq qo’shin, sodda, diltortar, suyukli, to’g’ri, insofli, saxiy, odamoxun, diltortar kabi ma’nolarni ham anglatadi.



XVI asrdan o’zbek urug’larining nomi butun xalq nomiga aylanib ketgan.
O’ZBEK TILI – DAVLAT TILI

1989-yil 21-oktabrda O’zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Milliy munosabatlarni yaxshilash maqsadida va osoyishtalikni ko’zlab “Davlat tili to’g’risida”gi Qonunga 1995-yil 21-oktabrda ba’zi o’zgartirishlar kiritildi. 1995-yil 21-dekabrida O’zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Davlat tili haqida”gi Qonuni e’lon qilindi. Bu qonun 24 moddadan iborat bo’lib, uning 1-moddasida Konstitutsiyaning 4-moddasida ta’kidlanganidek, “O’zbekiston Respublikasining davlat tili o’zbek tilidir” deb yozib qo’yilgan.

2-, 4-, 6-, 10-, 14-moddalarda O’zbekiston Respublikasida boshqa millat vakillari tilining amal qilishi himoya qilinadi deb ta’kidlangan.

1993-yilning 2-sentabrida “Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida” Qonun qabul qilindi. 1995-yil 6-mayda esa”Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risidagi Qonunga o’zgartirishlar kiritish haqida” Qonun qabul qilindi.

1995-yil 24-avgustda “O’zbek tilining asosiy imlo qoidalari” tasdiqlandi.
YODLASH SHART! Test savollarida tushishi mumkin bo’lgan aforizmlar:

1. Ona tili – bu millatning ruhidir. (I.Karimov)

2. O’zbekning fe’l-atvori barchaga ayon: u yerni, tabiatni sevadi. O’zbek tom ma’noda bunyodkordir. (I.Karimov)

3. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu millatning ruhidir. (I.Karimov)

4. Turonli – unvonimiz, turkistonli shonimiz,

Vatan – bizim jonimiz, fido o’lsin qonimiz. (Cho’lpon)

5. Fikrsiz aqlning zangi bo’ladi, Ilm-la egovla yangi bo’ladi. (Bedil)

6. Insonning qiymati emas siym-u zar, Insonning qiymati ilm ham hunar. (Bedil)

7. Alp o’g’lonlar o’lkasi bu ko’hna Turon, Qalqonlari, qanotlari ilm istang. (M.Yusuf)

8. Tilingni so’zlashga soz, muhayyo qil, Tilingni o’q qil-u, aqlni yoy qil. (Firdavsiy)

9. Til – so’zlovchi istagini eshituvchiga yetkazuvchi tarjimondir. (Beruniy)

10. Bilim qaytarish va takrorlash mevasidir. (Beruniy)

11. Ilmdan yaxshiroq xazina bo’lmas, Qo’lingdan kelgancha tera olsang bas. (Rudakiy)

12. Bilim, ma’rifat, albatta, yaxshi axloq bilan bezatilmog’i lozim. (Forobiy)

13. Ilm qog’ozga chizish va yozish bilan emas, balki uqmoq va o’qimoq bilandir. (Zamahshariy)

14. Biz kim, o’zbeklar ko’pni ko’rgan, o’z boshidan ne-ne kunlarni, ne-ne tarixiy sinovlarni o’tkazgan, shonli o’tmishga, qadim-qadimdan o’z davlatiga ega bo’lib kelayotgan xalqmiz. Millionlab xalqni birlashtirgan omillardan biri millatimizning ma’naviy belbog’i – ona tilimizdir. (A.Ibrohimov, “Biz kim, o’zbeklar…” asaridan)

15. O’zbek – jahon xalqlari orasidan birinchilardan bo’lib, turkiy xalqlar o’rtasida eng oldin o’troqlashgan, madaniy turmush keltiruvchi, jahon sivilizatsiyasiga hissa qo’shgan millatdir. (Jahon qomusiy lug’atidan)

16. O’zbek o’g’lonlari botir bo’lur. (Fitrat)

17. Qadimgi Gretsiya Ovro’pada sivilizatsiya o’chog’i sifatida qanday o’rin tutgan bo’lsa, O’zbekiston va o’zbek xalqi Osiyoda, butun turkiy o’lkalar va barcha turkiy xalqlar tarixida xuddi shunday o’rin egallaydi. (Ch.Aytmatov)

18. Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir, zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo’lur. (Behbudiy)

19. Dunyoda ilmdan boshqa najot yo’q va bo’lmag’ay. (Buxoriy)

20. Faqat bir ezgulik bor – bilim va faqat bir yomonlik bor – jaholat. (Suqrot)

21. Bilimga eltuvchi yagona yo’l bu faoliyatdir. (Bernard shou)

22. Odamlar o’qishdan to’xtashlari bilan fikrlashdan ham to’xtaydilar. (D.Didro)

23. Oz bo’lsa ham bilmoq uchun ko’p o’qimoq zarur. (Monteske)

24. Kimki o’rganishni uyat, or demas, Suvdan dur topadi, toshdan la’l, olmos. (N.Ganjaviy)

25. Har bir millatning dunyoda borligini ko’rsatadurg’on oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo’qotmak millatning ruhini yo’qotmakdir. (A.Avloniy)

26. Umumiy milliy tilni saqlamak ila barobar xususiy og’iz o’rtasidagi tilni ham saqlamak lozimdur. Tillarning eng yaxshisi so’zga usta til, so’zlarning eng yaxshisi bilib va oxirini o’ylab so’ylangan so’zdir. (Avloniy, “Turkiy guliston yoxud axloq”)

27. So’z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o’lchab ko’rsatadurg’on tarozudir. (Avloniy)

28. Tildagi har bir so’z, uning har bir shakli inson tafakkuri va tuyg’usining natijasidir, o’sha tafakkur va tuyg’ular orqali so’z yordamida mamlakat tabiati va xalq tarixi ifoda etilgan. (K.D.Ushinskiy)

29. So’zni ko’ngildan chiqarmaguncha tilga keltirma va har nekim ko’ngilda bor tilga urma. (Navoiy)

30. Ki har neni bilmish odamizod, Tafakkur birla qilmish odamizod. (Navoiy, “Farhod va Shirin”

31. Insonni so’z ayladi judo hayvondin, Bilkim guhari sharifroq yo’q andin. (Navoiy)

32. Til shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. (Navoiy)

33. So’zkim dard choshnisidin harorati bo’lmag’ay va nazmkim ishq haroratidin hirqati bo’lmag’ay, nursiz sham bil va sarvarsiz jam gumon qil. (Navoiy)

34. Kim ravshan fikrlasa, u ravshan bayon etadi. (N.Bualo)

35. Til fikrni yaratuvchi organdir. Aqliy faoliyat va til yaxlit butunlikni tashkil etadi. (B.Fon Gumbolt.

36. So’zlash qobiliyati – hodisalar ichiga kirishning yagona va bebaho vositasi. (Tolstoy)

37. Tili bo’lsa uning shakardan shirin, Ulug’ ham, kichik ham beradi bo’yin. (Y.X.Hojib)

38. Agar qaysi til bilan so’zlaysan deb so’rasalar, sidqu sadoqat tili bilan deb aytgil. (Qobusnoma)

39. Juda boy, chiroyli tilimiz bor. Bu tilda ifoda etib bo’lmaydigan fikr, tuyg’u yo’q! (A.Qahhor)

40. O’z Vataningga bo’lgan chinakam muhabbatingni o’z tilingga bo’lgan muhabbatingsiz tasavvur etish mumkin emas. (K.G.Paustovskiy)

41. Kimki qisqa so’zda deydi ko’p ma’no, Ravonlik bobida u kishi a’lo. (Abu Shukur Balxiy)

42. So’z so’zlashda va undan jumla tuzishda uzoq andisha kerak. (Qodiriy)

43. So’z ichra mudom aql yashirindir, So’z chimildig’u aql kelindir. (Nosir Xisrav)

44. Tilingda bo’lsa boling, kulib turar iqboling. (Maqol)

45. Til millatning birinchi haqqidir, shu haq o’ksitilgan bo’lsa, demak, millat o’zini-o’zi o’ksitib kelgandir. (I.G’ofurov)

46. Har so’zda har birovga shirin nuqati bor, Bol tomdi og’zidinki, tilda naboti bor. (Ogahiy)

47. O’zbek tilining bugungi darajasi, turkiy tillar ichida tutgan mavqeyi uchun biz ko’p jihatdan o’tgan asr boshida yashagan ziyolilardan minnatdor bo’lishimiz kerak. (E.Vohidov)

48. Bobolardan bizga meros ezgu til, Avlodlarga xazinayi bebaho. (Mirtemir)



49. O’z tilini unutgan xalqning Bog’larida o’sgan gullarin Chirmab uxlar zaharli ilon. (X.Davron)
Download 37.47 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling