Tilshunoslik nazariyasi


Download 0.85 Mb.
bet16/145
Sana02.01.2022
Hajmi0.85 Mb.
#199310
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   145
Bog'liq
Tilshunoslik nazariyasi majmua2020

Yuksakda, shamolning belanchagida,

Quyoshga ko‘tarib bir savat oq gul,

Viqor -la o‘shshaygan qoya labida… (O.)

Har ikkala matnda ham bir narsa haqida fikr yuritilgan. Birinchi matnda botanik olim na’matak o‘simligi to‘g‘risida ilmiy izoh beradi – ta’riflaydi. Shoir esa nazmiy misralarda shu butaning rangli obrazini yaratadi, na’matakka ta’sirli, jozibali va shoirona tavsif beradi. Demak, adabiy tilda bir-biridan farq qiladigan uslublar mavjud.

Adabiy tilning ijtimoiy hayotning ma’lum bir sohasida qo‘llanadigan ko‘rinishi adabiy til uslubi deyiladi. Uslublar tilning asosiy vazifalari (kommunikativ, ekspressiv)ga ko‘ra bir qancha turlarga bo‘linadi. Shunga ko‘ra, ular vazifaviy uslublar deb ham yuritiladi. Ya’ni nutq uslublari til ifoda vositalarining maqsadga muvofiq uyushgan sistemasidir.

Tilshunoslikda nutq uslublarining besh ko‘rinishi mavjudligi va bu uslublarning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi qayd etiladi. Bular quyidagilar: ilmiy uslub, rasmiy-idoraviy uslub, publitsistik uslub, so‘zlashuv uslubi, badiiy uslub.

Fan-texnika, san’atning turli tarmoqlariga doir ilmiy asarlar, darsliklar, ilmiy-texnik xabarlar, maqolalar, tezislar ilmiy uslubda yoziladi. Ilmiy uslub aniq ma’lumotlar asosida chiqarilgan ilmiy xulosalarga (qoidalar, ta’riflar, aksiomalarga) boy bo‘lishi bilan boshqa nutq uslublaridan farqlanadi.

Ilmiy uslubdagi nutq monologik xarakterga ega bo‘lib, unda obrazlar, obrazli tasvirlar, ko`chma ma’noli so`zlar, majoz, bo`yoqdor so`zlar, iboralar deyarli uchramaydi. Bu uslubga mantiqiy fikrlash, abstraksiya, analiz, sintez, tushunchalarga mos keladigan atamalar bilan ish ko‘rish - xos xususiyatlardir. Shuning uchun u o‘rganuvchining his-tuyg‘ulariga emas, ongiga, tafakkur –shuuriga ta’sir etadi. Ilmiy uslubda har bir fanning o‘ziga xos ilmiy terminlaridan foydalanadi. Masalan, tilshunoslikda morfologiya, sintaksis, fe’l, tuslanish, kesim, giponimiya kabi atamalar; matematikada teorema, tenglama, kosinus, sinus, parallelopiped, gipotenuza kabi atamalar; meditsinada analgin, adeopan, glyukoza, validol, penitsillin, glitserin kabi atamalar ishlatiladi.

Ilmiy uslubda so‘zlar, odatda, o‘z ma’nosida qo‘llaniladi. Qoida yoki ta’rifning mazmunini ochishga xizmat qiladigan ajratilgan izoh bo‘laklar, kirish so‘z, kirish birikma va kirish gaplar, shuningdek, ergashgan qo‘shma gaplardan ko‘proq foydalaniladi. Gaplarning kesimi, odatda , aniq yoki majhul nisbatdagi fe’llar bilan ifodalanadi; moslashuvli birikmalar deyarli hamma vaqt belgisiz (gap bo‘lagi, unlilar tasnifi, so‘z o‘zagi kabi): sonlar raqamlar bilan; birinchi shaxs birlikdagi kishilik olmoshi (men) ko‘plik shaklida (biz) beriladi. Ilmiy uslubda gap bo‘laklari tartibida inversiya uchramaydi. Ilmiy uslubga xos bo‘lgan asosiy xususiyatlar deyarli barcha tillarga, jumladan, rus, ingliz, nemis, fransuz va h.larga ham tegishlidir.

Hukumat idoralari tomonidan chiqarilgan qarorlar, qonunlar,nizomlar, xalqaro hujjatlar, ariza, tilhat, ma’lumotnoma, shartnoma, chaqiruv qog‘ozi, taklifnoma, tavsifnoma, e’lon, tarjimai hol, hisobot kabilar rasmiy - idoraviy uslubda yoziladi. Bu uslubdagi nutq boshqa uslublarga qaraganda ancha siqiq va chegaralangandir. Rasmiy- idoraviy uslubning ham o‘ziga xos lug‘aviy va grammatik xususiyatlari mavjud: so‘zlar o‘z ma’nosida ishlatiladi, qisqartma so‘zlardan, har bir sohaning o‘ziga xos atamalaridan foydalaniladi. Chunonchi, sud jarayoni bilan bog‘liq ish qog‘ozlarida jinoyat, hukm, qonun, ...-modda kabi; universitet ish qog‘ozlarida rektorat, dekanat, kafedra, dotsent, fan nomzodi kabi so‘z va birikmalar ishlatiladi.

Bu uslubda darak va buyruq gaplardan foydalanilib, gap bo‘laklarining odatdagi tartibiga rioya qilinadi.

Publitsistik uslub davriy matbuot, ijtimoiy-siyosiy adabiyot, ommaviy- siyosiy mavzudagi ma’ruzalar uslubidir. Bu uslubdan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda keng foydalaniladi. Odatda, gazetalarning bosh maqolalari publitsistik xarakterda bo‘lib, ularda kundalik turmushdagi tarbiyaviy, iqtisodiy va siyosiy masalalar yoritiladi. Publitsistik nutqda ta’sirchan so‘z va birikmalardan, maqol va hikmatli so‘zlardan, ritorik so‘roq gaplardan, takror, murojaat, undov, yoyiq undalmalar, chaqiriqlardan foydalaniladi. Publitsistik uslubda qurultoy, anjuman, deputat, kengash, hukumat rahbarlari, davlat kabi ijtimoiy-siyosiy so‘zlar ko‘p qo‘llaniladi.Gap bo‘laklari, ko‘pincha, odatdagi tartibda bo‘ladi, gap kesimlari buyruq va xabar maylidagi fe’llar bilan ifodalanadi.

So‘zlashuv uslubi uchun hos bo‘lgan eng asosiy xususiyat bu uslubda adabiy til me’yorlariga rioya qilinishi va nutqning dialogik xarakterda ekanligidir. Bu uslub uchun xos bo‘lgan xususiyatlar quyidagilar:

1) uslubiy bo‘yoqdor so‘zlardan foydalaniladi: do‘ndiq, vaysamoq, bashara kabi;

2) nutq jarayonida tovushlarning tushib qolishi, orttirilishi kuzatiladi: matbachi ( matbaachi) mazza (maza), haqqi (haqi) kabi;

3) izohlovchilardan ko‘proq foydalaniladi: Salima opa, Toshpo‘lat do‘xtir kabi;

4) iboralar, maqol, matal, hikmatli so‘zlar ko‘p uchraydi: jonim chiqdi, boshi ochiq,... kabi;

5) so‘zlar tarkibidagi unli, undoshlarni cho‘zish: ka-a-atta, huv-v-v kabi;

6) gap bo‘laklarining tartibi erkin bo‘ladi, to‘liqsiz gaplardan, undalmali gaplardan foydalaniladi.

Nasriy, nazmiy va sahna uchun mo‘ljallangan dramatik asarlar badiiy uslubda bo‘ladi. Badiiy asarlar kishiga ma’lumot berishi bilan birga obrazlar vositasida estetik ta’sir ham ko‘rsatadi. Badiiy uslub aralash uslub hisoblanadi, chunki bu uslubda yozuvchi tilda mavjud bo‘lgan vositalarning hammasidan foydalana oladi. Hatto tasvirlanatgan davrning ruhini yoki nutq momentida asar qahramonining holatini tasvirlash uchun eskirgan so‘zlar, vulgarizmlar, shevaga xos so‘zlardan ham foydalanishi mumkin.

Barcha nutq uslublari o‘zaro aloqador bo‘lib, bir uslubda boshqa nutq uslublarining ko‘rsatkichlari ham uchraydi. Ayni zamonda har bir uslub o‘ziga xos fonetik, leksik, morfologik va sintaktik vositalarga ega.

So‘zlashuv uslubida hamda badiiy uslubda fonetik vositalardan ko‘proq foydalaniladi. Fonetik vositalar deganda ba’zi nutq tovushlari, urg‘u, ohang va ularning nutqiy ta’sirchanligi tushuniladi.

So‘zdagi unlilarning cho‘zib talaffuz qilinishi ajablanish, ta’kid, kuchaytirish, hayajon,olqish, erkalash, yalinish kabi konnotativ ma’nolarni ifodalaydi. Chunonchi, Qorako‘z opaaa, sizga xaaat! Katta konvertda xaaat!!! (N.Qobul) Undoshlarni ikkilantirish kuchli hayajonni, qo‘rquv yoki nutqiy kamchilikni ifodalashga xizmat qiladi. Masalan, Bbbo‘la qoling, ssovqotib ketdim-ku! (M.Ismoiliy)

Leksik uslubiyat deganda denotativ va konnotativ ma’noli so‘zlardan, ko‘chma ma’noli so‘zlardan, so‘zlarning shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari (omonim, sinonim, antonim, paronim, giponim, partonim...)dan, chegaralangan qatlamdagi so‘zlar (eskirgan so‘zlar, jargon, argo, dialektizmlar, vulgarizmlar...)dan, evfemizmlardan, iboralardan nutq sharoitiga mos ravishda to‘g‘ri foydalana olish usullari tushuniladi.

Funktsional – uslubiy bo‘yoqqa ham, hissiy-ta’sirchan bo‘yoqqa ham ega bo‘lgan grammatik shakllarning barchasi morfologik uslubiyatning o‘rganish obyektini tashkil etadi.

Sintaksisning ham o‘ziga xos uslubiy imkoniyatlari mavjud. Nutq uslublariga xos turli sintaktik vositalar, so‘z birikmalari va gaplardagi sinonimiya, polisemiya, omonimiya hodisasi, so‘z tartibi, ifoda maqsadiga va tuzilishiga ko‘ra gap turlarining nutqda ishlatilishi, ko‘chirma va o‘zlashtirma gaplarning uslubiy xususiyatlari va boshqalar sintaktik uslubiyatning asosini tashkil etadi. Sintaktik konstruksiyalarning uslubiy bo‘yog‘i shu konstruksiyalarda ifodalangan so‘zlar, shaxs-son, kelishik, modallik va so‘z tartibi kabi grammatik ma’nolar bilan bevosita bog‘lanadi. Chunki tovushlar va qo‘shimchalar, lug‘atning hamma qatlami faqat jumlada ma’lum bir mazmun ifodalaydi. Har bir so‘z va grammatik shaklning mazmuni hamda ijtimoiy qimmati gap ichida ravshanlashadi. Chunonchi,



Navdalarni bezab g‘unchalar,

Tongda aytdi hayot otini

Va shabboda qurg‘ur ilk sahar,

Olib ketdi gulning totini... (H.Olimjon.)

Ushbu she’riy misralardagi hamma so‘zlar badiiylikka, go‘zallikka, zavq-shavqqa xizmat qilgan. Deyarli barcha so‘zlar ma’no jihatidan ko‘chgan. Ayniqsa, salbiy bo‘yoqli qurg‘ur so‘ziga ijobiy tus berilgan.

Dunyo tillarining deyarli barchasida so‘zlashuv, badiiy, rasmiy-idoraviy, publitsistik, ilmiy uslub mavjud bo‘lib, ular ijtimoiy hayotda, o‘zaro munosabatlarda, nutqning og‘zaki va yozma ko‘rinishlarida til imkoniyatlaridan me’yoriy foydalanishni ta’minlaydi.

Biroq til imkoniyatlari har bir tilda o‘sha tilning tabiati, qonun-qoidalariga bo‘ysungan holda turlicha bo‘lib, ular o‘ziga xos uslubiy vazifalarni bajaradi. Har bir tilning o‘ziga xos bo‘lgan fonetik, leksik, morfologik, sintaktik vositalarini bilish, ularning har qaysisidan o‘z o‘rnida ustalik bilan foydalana olish muhimdir. Ma’lum bir nutq uslubiga mansub bo‘lgan jihatlarni boshqa uslubda asossiz (noto‘g‘ri) qo‘llash nutqiy g‘alizlikni keltirib chiqaradi.



Download 0.85 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   12   13   14   15   16   17   18   19   ...   145




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling