To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida


Download 22.17 Kb.
bet4/5
Sana30.04.2023
Hajmi22.17 Kb.
#1408554
1   2   3   4   5
Bog'liq
PREZIDENT FARMONI

sakkizinchidan, talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yo‘nalishlarni kengaytirgan holda to‘qimachilik sanoati uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish, ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlarini tarmoqning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda qayta ko‘rib chiqish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini, shuningdek, ushbu sohada xalqaro hamkorlikni faollashtirish. 

2. O‘zbekiston Respublikasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda “Yo‘l xaritasi” deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishiga shaxsan javobgardir. 

3. 2018-yil paxta hosilidan boshlab, eksperiment tartibida mahalliy to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilaridan (keyingi o‘rinlarda fermer xo‘jaliklari deb yuritiladi) paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berish, shu jumladan quyidagi shartlarni nazarda tutuvchi tizim joriy etilsin: 

xarid qilinadigan paxta navi va hajmi, uni yetkazib berish muddatlari hamda tartibi fermer xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati korxonasi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi; 

paxta xom ashyosini dastlabki qayta ishlash paxta tozalash korxonasi tomonidan qayta ishlash asosida yoxud to‘qimachilik korxonasi tomonidan xususiy yoki ijaraga olingan paxta tozalash korxonasida amalga oshiriladi; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari fermer xo‘jaliklarining xarajatlarini (chigit, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, ish haqini to‘lash va ko‘rsatilgan xizmatlarga haq to‘lash xarajatlari, boshqa sarf-xarajatlar) tuzilgan shartnoma qiymatining kamida 60 foizini avans berish yo‘li bilan moliyalashtirishni amalga oshiradi; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan xarid qilinadigan paxta xom ashyosi narxi fermer xo‘jaliklarining haqiqiy xarajatlarini 


va rentabelligini tahlil qilishdan kelib chiqib, shartnoma asosida belgilanadi va davlat ehtiyojlari uchun o‘rnatilgan narxlardan past bo‘lmasligi lozim; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari olingan chigitni shartnoma asosida yog‘-moy korxonalariga, qo‘shimcha mahsulotlarni (lint, o‘lik paxta) boshqa iste’molchilarga realizatsiya qiladi; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari tomonidan xarid qilingan paxta xom ashyosidan faqatgina uni keyinchalik chuqur qayta ishlash uchun foydalaniladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: 

2018-yil 10-yanvarga qadar muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari ishtirokchilari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berish tizimiga kiritilayotgan eksperimentni hisobga olgan holda, paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalarining fermer xo‘jaliklari bilan o‘rnatilgan tartibda qayta tuzilishini; 

2018-yil 15-yanvarga qadar muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga buyurtma qilish va avans berishning kiritilayotgan tizimini hisobga olgan holda, paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalari fermer xo‘jaliklari bilan qayta tuzilishidan kelib chiqib, eksperiment o‘tkazish uchun hududlar va yer uchastkalari maydonlarining belgilanishini; 

to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari bilan paxta xom ashyosini yetishtirishga shartnoma tuzgan fermer xo‘jaliklarini aniqlashni hisobga olgan holda, 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari balansi shakllantirilishini; 

2018-yil 15-yanvarga qadar muddatda 2018-yil hosilining paxta xom ashyosi uchun davlat xaridi narxi belgilanishini; 

qayta tuzilgan shartnomalarni hisobga olgan holda, 2018-yil 20-yanvarga qadar muddatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qimachilik sanoati korxonalari, shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasterlari ishtirokchilari bilan paxta xom ashyosini yetishtirish va yetkazib berishga kontraktatsiya shartnomalari bilan qamrab olinmagan fermer xo‘jaliklari kesimida 2018-yil hosilining paxta xom ashyosi ekilishi uchun “O‘zpaxtasanoat” AJ buyurtmasining hajmi aniqlanishini ta’minlasin. 

4. To‘qimachilik sanoati korxonalari, “O‘zbekengilsanoat” AJ aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining: 

O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari uyushmasini (keyingi o‘rinlarda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi deb yuritiladi) tashkil etish; 

“O‘zbekengilsanoat” AJni uning mol-mulklari va davlatga tegishli boshqa mablag‘lari, shuningdek, debitor qarzdorligini keyinchalik “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga beg‘araz o‘tkazish orqali tugatish; 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tuzilmasida tizimli muammolarni bartaraf etish, marketing innovatsiyalarini faol joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda tarmoqni rivojlantirishning istiqbolli va ustuvor yo‘nalishlarini aniqlashni ta’minlovchi maslahat organi – To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin. 

5. Quyidagilar: 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi a’zolari to‘qimachilik sanoati korxonalari va tashkilotlari hisoblanishi

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining joriy ta’minoti va faoliyatini moliyalashtirish uyushma a’zolarining badallari va ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi; 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi va uning o‘rinbosarlari uyushma a’zolari umumiy yig‘ilishining qarori bilan saylanishi; 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi bir vaqtning o‘zida Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti Vasiylik kengashi raisining o‘rinbosari hisoblanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin. 

6. Quyidagilar “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining asosiy vazifalari etib belgilansin: 

xom ashyoni qayta ishlash, yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulotni ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha yagona kompleks sifatida, shu jumladan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik mahsulotlari ichki va tashqi bozorlarida tadqiqotlar o‘tkazish asosida tarmoqni barqaror rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish; 

to‘qimachilik sanoati sohasidagi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini xalqaro talab va standartlarga uyg‘unlashtirish, shuningdek, mahsulotlar sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va akkreditatsiyadan o‘tkazish orqali takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish; 

to‘qimachilik sanoati korxonalarining faoliyatiga innovatsion texnologiyalar, shu jumladan dizaynerlik ishlanmalari, nou-xau, sifat menejmenti tizimlari va zamonaviy marketing xizmatlari keng joriy etilishini ta’minlash; 

ichki bozorni yuqori sifatli mahalliy to‘qimachilik mahsulotlari bilan to‘ldirish va uning eksport geografiyasini, shu jumladan turli axborot resurslarida hamda mamlakatdagi va xorijdagi ko‘rgazma tadbirlarida milliy brendlarni yo‘naltirishni ilgari surish va to‘qimachilik sanoati korxonalarining salohiyatini namoyish qilish orqali kengaytirish bo‘yicha tizimli kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish

to‘qimachilik sanoatiga chet el investitsiyalarini, shu jumladan logistika va muhandislik infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida faol jalb qilish; 

to‘qimachilik sanoati korxonalari, paxta-to‘qimachilik klasterlarini hududlar salohiyatining yanada rivojlanish istiqbollaridan, xom ashyo bazasi, infratuzilmasi, mehnat resurslari va bozorlarning mavjudligidan kelib chiqib joylashtirishga ko‘maklashish; 

tarmoqning zamonaviy rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda to‘qimachilik sanoati sohasida kadrlarga bo‘lgan real ehtiyojni va ularni tayyorlashning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirishda ishtirok etish, ushbu sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish

tarmoqning jadal rivojlanishi va to‘qimachilik sanoati korxonalarining barqaror faoliyat ko‘rsatishiga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda bartaraf etish, mazkur sohadagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish. 

7. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi ijro etuvchi apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin. 

8. Paxta-to‘qimachilik klasterlarini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi komissiya (keyingi o‘rinlarda Ishchi komissiya deb yuritiladi) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin. 

Ishchi komissiya Buxoro va Navoiy viloyatlarida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilishining borishini o‘rganish natijalarini hisobga olgan holda, bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi Paxta-to‘qimachilik klasterlarini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin: 

to‘qimachilik sanoati korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan kelib chiqib, hududlarda paxta-to‘qimachilik klasterlarini joylashtirish tartibi, ularni shakllantirish muddatlari va bosqichlarini belgilash; 

paxta-to‘qimachilik klasteri ishtirokchilariga yer, suv va boshqa resurslardan samarali va oqilona foydalanishni hisobga olgan holda, tabaqalashtirilgan soliq imtiyozlarini qo‘llash imkoniyati; 

tashkiliy-xo‘jalik munosabatlarning shakllari, asosiy kompaniyaning paxta-to‘qimachilik klasteri ishtirokchilari oldidagi majburiyatlari

qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning klaster modelini tashkil qilish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani tizimli tahlil qilish va joriy etish; 

paxta xom ashyosiga davlatning buyurtmasini bosqichma-bosqich qisqartirishni ta’minlaydigan xususiy kapital va chet el investitsiyalarini jalb etish hisobiga qishloq xo‘jaligida moliyaviy munosabatlarni yaxshilashga ta’sir etish istiqbollarini baholash; 

qishloq xo‘jaligi va boshqa qo‘shimcha mahsulotlar ishlab chiqarishning (chorvachilik, issiqxona xo‘jaliklari va boshqalar) qayta ishlash tarmoqlari rivojlanishiga ta’sirini tahlil qilish. 

9. Belgilab qo‘yilsinki, to‘qimachilik sanoati korxonalari – “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi a’zolari: 

2021-yil 1-yanvarga qadar muddatda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan paxta, sun’iy va sintetik tola, jun, xom ashyo va boshqa materiallar uchun bojxona to‘lovlari to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi; 

qonunchilikda belgilangan tartibda yuqori sifatli mahsulotlarni yagona “Uztextile” belgisi bilan eksport qiladi. 

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga davlat bojini to‘lamagan holda uyushma a’zolarining manfaatlarini ko‘zlagan holda davlat organlari va boshqa tashkilotlar qarorlari, ushbu organlar mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi berilsin. 

10. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga badallar va ajratmalar soliq bazasidan chiqarilsin. 

11. “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda to‘qimachilik sanoati sohasida, shu jumladan mavjud xalqaro akkreditatsiyaga ega laboratoriyalar sonini ko‘paytirish, to‘qimachilik sanoati milliy standartlarini xalqaro standartlarga tezkor va to‘liq muvofiqlashtirishni ta’minlash, to‘qimachilik sanoati korxonalarida zamonaviy sifat menejmenti tizimini joriy qilishni nazarda tutuvchi standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Iqtisodiyot vazirligi, “O‘zpaxtasanoat” AJ bilan birgalikda 2018-yil 1-fevralga qadar muddatda mahalliy paxta tolasini sotish uchun, shu jumladan boshqa mamlakatlar-etishtiruvchilarning paxta hajmlarini jalb qilishni nazarda tutgan holda ixtisoslashtirilgan elektron savdo maydonlarini tashkil etish, shuningdek, to‘qimachilik sanoati uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan aksessuarlar, furnituralar, bo‘yoqlar va kimyoviy vositalarning doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi yarmarkasini tashkil qilish bo‘yicha takliflar kiritsin. 

13. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi buyurtmalari bo‘yicha to‘qimachilik sanoat korxonalari tomonidan jalb qilinayotgan chet el mutaxassislariga kirish vizalarini rasmiylashtirishni ta’minlasin. 

14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining buyurtmalari bo‘yicha to‘qimachilik sanoat korxonalari tomonidan jalb qilinayotgan chet el mutaxassislariga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishi, shuningdek, ularni vaqtincha propiska qilish, turgan joyi bo‘yicha hisobga olish hamda ularning uzaytirilishini ta’minlasin. 

15. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, A.Avloniy ko‘chasi, 20-uy manzili bo‘yicha bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin. 

16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 1-iyuldagi “Respublika yengil sanoatini boshqarishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–3102-son Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin. 

17. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Adliya, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirliklari hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Z.T.Mirzayev, N.S.Otajonov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin. 



Download 22.17 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling