6.1. Jahon moliyaviy bozorlarning maqsadi va asosiy vazifalari
Moliyaviy bozorlarning tahlili yoki moliyaviy prognozlash mazkur bozorlar kon‘yunkturasini baholash va ulardagi baholar o‗zgarishini prognozlashdan iboratdir. Boshqacha qilib aytganda, agarda moliyaviy tahlil pul (mablag‗) qo‗yilmalari yoki qandaydir moliyaviy operatsiya yohud tijorat bitimi amalga oshirilishidan qanday samara (daromad) olinishini aniqlash imkonini bersa, moliyaviy bozorlarning tahlili vaqtning muayyan bir oralig‗ida mablag‗larni qayerga investitsiya qilish samaraliroq ekanligini bilish imkonini beradi.
Moliyaviy bozor:
xalqaro kreditlar bozori;
valyuta bozori;
qimmatli qog‗ozlar bozori;
sug‗urta va pensiya fondlari bozori;
hosilaviy moliyaviy instrumentlar bozori.
Moliyaviy bozorlardagi operatsiyalarning mohiyati valyutalar (qimmatli qog‗ozlar) kurslarining farqi, tovar-xom ashyo birjalaridagi tovarlar baholarining yoki qimmatli qog‗ozlar kotirovkalari indekslarining o‗zgarishi sifatida daromad olishdan iboratdir. Moliyaviy bozorni tahlil qilishning maqsadi – minimal xavf-xatar sharoitida maksimal daromad olinishini ta‘minlashdir. Moliyaviy bozorlarning tahlili maqsaddan kelib chiqqan holda quyidagi vazifalarni hal qiladi:
-tovarlarga bo‗lgan baholar, valyuta kurslari, qimmatli qog‗ozlar kotirovkalari va ishbilarmonlik faolligi indekslarini prognozlash uchun bozorlar kon‘yunkturasini baholash;
-baholar (kurslar, kotirovkalar) o‗zgarishiga ta‘sir etgan omillarning tahlili va ularning bozorga ta‘sir muddatlari bo‗yicha tasnifi, ob‘ektiv va sub‘ektiv omillarning ajratib ko‗rsatilishi. Ya‘ni, baholar o‗zgarishiga bo‗lgan qandaydir omillarning ta‘siri tugaganligini, agarda tugamagan bo‗lsa unda ushbu holat qachon yuzaga kelishi mumkinligini aniqlash zarur (masalan, u yoki bu mamlakat qishloq xo‗jaligidagi xosilsizlik, hokimiyatning o‗zgarishi, kursning o‗zgarishi, harbiy harakatlar va boshqa shu kabilar);
-kelgusida baholar o‗zgarishiga olib kelishi mumkin bo‗lgan omillarni aniqlab topish va bunday o‗zgarishlarni baholarga bo‗lgan ta‘sir darajasini prognozlash;
-sub‘ekt o‗z operatsiyalarini amalga oshiradigan bozorning chuqur tahlili va uning rivojlanish tendensiyalarini aniqlash;
-o‗xshash bozorlarning taqqoslama tahlili;
-moliya bozoridagi o‗yinning aniq belgilangan strategiya va taktikasi hisobiga tavakkalchiliklarni pasaytirish yo‗llarini qidirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |