Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «sotsiologiya»
Download 0.98 Mb.
|
Sotsiologiya darslik
Qisqacha xulosalar
Jamiyat faoliyati uni tashkil etuvchi elementlarining o‘zaro aloqalari bilan belgilanadi. Sotsial aloqalari – bu sotsial sub'ektlarning o‘zaro bajargan anglangan yoki anglanmagan, rejalashtirilgan yoki tasodifiy, takroriy yoki bir marotabali aloqadorligidir. Qator omillar yig‘indisi ta'sirida sotsial aloqalar individlarning sotsial birliklardagi o‘zaro faoliyatini ta'minlab, ularning birgalikdagi harakatlarining davomiyligini ta'minlaydi va rivojlantiradi. Insonlar o’rtasida sotsial harakat, sotsial o‘zaro harakat, sotsial munosabatlar, sotsial nazorat, sotsial tashkilot va sotsial institutlar ko’rinishidagi ko’plab aloqalar sodir bo’ladi. Jamiyatdagi aloqalar quyidagi turlarga ajratiladi: hayotiy kenglikdagi, psixologik va sotsial aloqalar. Hayotiy kenglikdagi aloqalar deyilganida, insonlarning o‘zaro aloqalarga kirishishdan oldin bir-birini vositali yoki vositasiz tarzda kuzatishi, o‘rganishi va o‘rganilayotgan sub'ekt unga qay darajada yoqishi to‘g‘risida xulosaga kelishi holati tushuniladi. Psixologik aloqalarning birinchi elementi qiziqish va manfaatdorlikdir. Individ o‘zining biologik, iqtisodiy, madaniy yoki boshqa turdagi ehtiyojlarini kuzatilayotgan ob'yekt tomonidan qondirilish imkoniyatining mavjudligini his etsa, aloqaga kirishishga shaylanadi. Sotsial aloqa – bu o‘ziga xos tizim bo‘lib, u eng kamida ikki kishi, aloqaning asosini tashkil etuvchi qandaydir bir qadriyat va mazkur qadriyat yuzasidan amalga oshirilgan o‘zaro harakatlardan tashkil topgan. Sotsial aloqalarning davomiyligi va miqdoriga ko‘ra, vaqtinchalik (tasodifiy, bir martali) va doimiy aloqalarga ajratish mumkin. Aloqaga kirishayotgan tomonlarning statusiga ko‘ra, aloqalar formal va noformal turlarga ajraladi. Agar aloqaga sabab bo‘lgan manfaatlar guruhga tegishli bo‘lib, intitutlashtirilgan qiziqishlarni amalga oshirish davomida vujudga kelgan bo‘lsa, formal (rasimy) hisoblanadi. Noformal aloqalar esa yakka shaxslarning qiziqishlari asosida vujudga keladi. Sotsial aloqalarni shaxsiy va predmetli aloqa turlariga ajratish mumkin. Shaxsiy aloqalar individdagi shaxsiy xususiyatlarga qiziqish asosida paydo bo‘ladi. Predmetli aloqalar esa individ yoki guruhga tegishli bo‘lgan biror buyumga qiziqish bo‘lganida vujudga keladi. Sotsial aloqalar ularda ishtirok etuvchi tomonlarning aloqa shakliga ko‘ra, bevosita va bilvosita bo‘lishi mumkin. Bevosita sotsial aloqalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yuzma-yuz amalga oshiriladi. Bunda tomonlar bir – birini ko‘rib turishlari kerak. Bilvosita sotsial aloqalar esa turli kommunikatsiya aloqalari asosida amalga oshadi. Sotsial harakat – bu individ yoki guruhning boshqa individ yoki guruh harakatlarini, qarashlarini, fikrlarini o‘zgartirishga qaratilgan xatti-harakat, metod va vositalar tizimi. Sotsial harakatning asosini sotsial aloqalar tashkil etadi. M.Veber o‘zining “Asosiy sotsiologik tushunchalar” asarida “sotsial harakat “boshqalar”ning o‘tmish, hozir va kelajakdagi xatti-harakatiga yo‘naltirilgan bo‘ladi, deya yozgan. Veberning nazariyasiga ko‘ra, sotsial harakat ikki muhim holatni o‘zida mujassamlashtirishi lozim: guruh yoki individ harakatlarining sub'ektiv motivatsiyasi; o‘tish, hozir yoki kelajakdagi harakatga yo‘naltirilganlik. Olim sotsial harakatning anglanganlik va ratsionallik darajasiga ko’ra ularni maqsadli-ratsional, qadriyatli-ratsional, affektiv va an'anaviy harakatlarga ajratgan. Xulq-atvor organizmning ichki yoki atrof muhitga tegishli bo‘lgan omillariga nisbatan javob reaksiyasi bo‘lib, u refleksli, anglanmagan yoki rejali, anglangan bo‘lishi mumkin. Sotsial harakat har doim aniq tanlangan vositalar va anglangan, oldindan rejalashtirilgan harakatlar to‘plami sifatida ma'lum maqsadga yetishishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Sotsial harakat o’zining tarkibiga ko‘ra uch toifaga ajratiladi: reproduktiv harakat, sotsial inkor etish va sotsial ijodkorlik. Ko‘zlangan maqsadiga yetishish yo‘liga ko‘ra, barcha sotsial harakatlarni salbiy majburlov va ijobiy ishontirish turlariga ajratish mumkin. F.Znanetskiy barcha sotsial harakatlarni ikki guruhga ajratgan: moslashish va oppozitsiya (qarshilik). Sotsial o‘zaro harakat – bir insonning boshqa insonga nisbatan amalga oshiriladigan harakatlar tizimi bo‘lib, uning natijasida harakat amalga oshirilgan inson harakatning egasiga nisbatan o‘z harakatini amalga oshirib, undan ham biror harakatni amalga oshirilishini kutadi. Buni individlarning ikki tomonlama bir-biriga qaratilgan va o‘zaro kutilgan harakatlar natijasi sifatida baholash mumkin. Sotsial o‘zaro harakatlar sotsial aloqalarga o‘xshab bevosita va bilvosita bo‘lishi mumkin. Insonlar o‘rtasida vujudga keluvchi sotsial o‘zaro bog‘liqlik struktur-funksional va intensional bo‘lishi mumkin. Sotsial o‘zaro harakatlar sotsial harakat nomini olgan alohida aktlardan tashkil topib, status, rol, sotsial munosabatlar va belgilardan iborat. Sotsial o‘zaro harakatlar natijasida sub'ektlar o‘rtasida sotsial munosabatlar vujudga keladi. Sotsial munosabatlar – bu ikki hamkor tomonning ularni birlashtiruvchi biror manfaat yuzasidan amalga oshirgan o‘zaro harakatlaridir. Sotsial o‘zaro harakatdan farqli ravishda sotsial munosabatlar mustahkam tizimga ega bo‘lib, ma'lum formal va noformal normalar bilan cheklanadi. Sotsial munosabatlar tizimida quyidagi elementlarni ajratib ko‘rsatish mumkin: Ikki individ, ikki guruh yoki individ va guruh; Ikki tomonni bog‘lab turuvchi biror manfaat, qadriyat, predmet yoki qiziqish; Ikki tomon bir-birining oldida bajarishi majburiy bo‘lgan formal yoki noformal vazifalar tizimi. Sotsial munosabatlar sotsial institutlar tizimi doirasida amal qilib, sotsial nazorat mexanizmlari orqali nazorat qilinadi. E.Dyurkgeymning sotsial birdamlik nazariyasiga ko’ra, sotsial birdamlik, bu axloqiy tamoyil sifatidagi universal qadriyat bo‘lib, jamiyatning har bir a'zosi uni tan oladi. E.Dyurkgeym o‘z ta'limotini mexanik va organik birdamlikka ajratadi. Sotsial nazorat – sotsial tizimlarda o‘zini tartibga soli shva nazorat qilish mexanizmi bo‘lib, individlarning normativ harakatlarini ta'minlash orqali amalga oshiriladi. Sotsial nazorat jamiyatda bajaruvchi o‘ziga xos vazifalari orqali sotsial tizimning mustahkamligi, individlar hayotidagi tinchlik va sotsial barqarorlik, shuningdek, sotsial tizimdagi ijobiy o‘zgarishlar ta'minlanadi. Sotsial nazoratni amalga oshirish sotsializatsiya jarayonidan boshlanadi. Sotsial nazoratning asosiy elementlari odatlar, urf-odatlar va sanksiyalar tizimi sanaladi. Odat – bu ma'lum vaziyatlarda amalga oshiriladigan mustahxkam xatti-harakatlar bo‘lib, ba'zi hollarda individ uchun ehtiyoj sifatida namoyon bo‘ladi va guruh tomonidan salbiy qarshilikka uchramaydi. Urf-odatlar – xulq-atvorni sotsial boshqarish va nazorat qilishning stereotipli shakli sanaladi. Ma'lum guruhning ahloqiy qarashlarini o‘ziga singdirgan, tarixiy jihatdan o‘tmishga borib taqaladigan xatti-harakatlar tizimi bo‘lib, ularning buzilishi salbiy sanksiyalarga olib keladi. Urf-odatlar insonlarni ma'lum vaziyatlarda majburlash va belgilangan amallarni bajarishga undaydi. Sanksiya – guruh a'zolarining xatti-harakatini boshqarish maqsadida guruh tomonidan yaratilgan operativ choralar-tadbirlar va vositalar yig‘indisi bo‘lib, sanksiyani yaratishdan maqsad – guruhiy birlikni saqlab qolish, ijtimoiy hayotning davomiyligini ta'minlash, jazolash yo‘llari orqali guruh a'zolarida mazkur xatti-harakatlarni o‘z xohishi bilan bajarish ishtiyoqini tug‘dirishdir. Sanksiyalar salbiy, ya'ni jazolovchi va ijobiy, ya'ni rag‘batlantiruvchi bo‘lishi mumkin. Sanksiyalar formal, ya'ni rasmiy va noformal, ya'ni norasmiy bo‘lishi mumkin. Ichki bosim o‘tkazish usuliga ko‘ra, sanksiyalar quyidagi turlarga ajratiladi: Huquqiy sanksiyalar – bu qonun tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan rag‘bat hamda jazolar tizimi. Ahloqiy sanksiyalar – bu ahloqiy tamoyillarga tayanuvchi dashnom, pand-nasihatlar tizimi. Satirik sanksiyalar – guruhning normalariga nisbatan o‘zgacha harakatlarni amalga oshirganlarning ustidan ustidan kulish shaklida namoyon bo‘luvchi harakatlar tizimi. Diniy sanksiyalar – ma'lum dinga tegishli bo‘lgan e'tiqod va dogma normalari asosida shakllangan rag‘bat va jazolar tizimi.85 Rivojlangan mamlakatlarda ko‘p hollarda quyidagi sanksiya turlarini uchratish mumkin: Salbiy norasmiy sanksiyalar, Salbiy rasmiy sanksiyalar, Ijobiy rasmiy sanksiyalar. Download 0.98 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling