Soliq davri quyidagilardir:
Mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun - yil choragi.
Mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga kirmaydigan soliq to‘lovchilar uchun - bir oy.
Aksiz solig‘ining hisob-kitobi soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga:
Aksiz solig‘i to‘lovchilar bo‘lgan mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan - yilning har choragida soliq davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay.
Mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga kirmaydigan soliq to‘lovchilar tomonidan - har oyda soliq davridan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay taqdim etiladi.
Soliq qonunchiligiga muvofiq hisoblab chiqarilgan aksiz solig‘i summasi budjetga quyidagi muddatlarda to‘lanadi:
Joriy oyning 13-kunidan kechiktirmay - joriy oyning birinchi o‘n kunligi uchun.
Joriy oyning 23-kunidan kechiktirmay - joriy oyning ikkinchi o‘n kunligi uchun.
Kelgusi oyning 3-kunidan kechiktirmay - hisobot oyining qolgan kunlari uchun.
Import qilinayotgan aksiz to‘lanadigan tovarlar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan sana ularga doir operatsiya amalga oshirilgan sanadir.
Import qilinadigan tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘ini to‘lash bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
Aksiz markalari bilan tamg‘alanishi lozim bo‘lgan import qilinadigan aksiz to‘lanadigan tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘i aksiz markalari olinguniga qadar to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan, shuningdek uning bojxona hududiga import qilinadigan tamaki mahsulotlari va alkogolli ichimliklar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aksiz markalari bilan tamg‘alanishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |