Toshkent davlat Yuridik universiteti fuqarolik huquqi darslik I qism toshkent-2017 fuqarolik huquqi darslik I qism


Download 1.75 Mb.
bet24/132
Sana31.01.2024
Hajmi1.75 Mb.
#1833237
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   132
Bog'liq
KL фукаролик хукуки дарслик 14 02 2017

Nazorat uchun savollar:

1. Ma’lumki, fuqarolik huquqida shaxsiy nomulkiy munosabatlar mulkiy xarakterdagi va mulkiy xarakterda bo’lmagan munosabatlarga bo’linadi. Fuqarolik-huquqiy munosabat doirasida mulkiy mezon qanday ahamiyat kasb etadi?


2. Fuqarolik huquqlarining himoya qilishda yurisdiksiyaviy va noyurisdiksiyaviy himoya usullari mavjud. FKning qanday normalarida noyurisdiksiyaviy himoya usullari nazarda tutilgan.
3. Fuqaro Abdullayev fuqaro Rashidov bilan og’zaki xizmat ko’rsatish shartnomasini tuzdi. Keyinchalik Fuqaro Abdullayev nosoz ehtiyot qismlardan foydalangani uchun fuqaro Rashidovga tegishli bo’lgan televizor ishdan chiqdi. Fuqaro Rashidov buzilgan huquqlarini himoya qilishni so’rab sudga murojaat etganda, sud uning huquqini himoya qilishni rad etadi.
Sudning harakatlari qonuniymi? Fuqarolik huquqida buzilgan huquqlar qanday himoya qilinadi?
4. Beshkent tumanida joylashgan katta suv dambasining buzilishi natijasida shu tumanda joylashgan fermerlarga tegishli bo’lgan 500 gektar yerga ekilgan qishloq xo’jalik ekinlari nobud bo’ldi. Tuman hokimi ushbu voqea sababchilaridan fermerlarga yetkazilgan zararnigina qoplab berish xaqida buyruq chiqardi. Fermerlardan biri esa haqiqiy zarar bilan birga olinmagan foydani ham undirib berishni suddan talab qildi. Sud hokim qarorini asos qilib ko’rsatib fermerning talabini rad etdi.
Sudning harakatiga baho bering. Sudning qaroriga hokimning buyrug’i asos bo’lishi mumkinmi? Ushbu holatda hokimning buyrug’i fuqarolik huquqiy munosabatni tartibga sola oladimi?


4-MAVZU. FUQAROLAR – FUQAROLIK HUQUQINING SUBYEKTLARI SIFATIDA

Fuqarolik huquq layoqati va muomala layoqati. Fuqarolarning tadbirkorlik faoliyati. Fuqarolarning yashash joyi. Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish. Vasiylik va homiylik. Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish.




Fuqarolik huquq layoqati va muomala layoqati

Har qanday fuqarolik huquqi subyekti uning subyekt sifatida fuqarolik huquqiy muomalada faol qatnashishi uchun huquq layoqati va muomala layoqatiga ega bo‘lishlari lozim. Fuqarolik huquqining asosiy subyektlaridan biri bo‘lib hisoblangan fuqarolar ham xuddi shunday belgilarga ega bo‘lishlari talab etiladi.


Fuqarolik huquq va burchlarga ega bo‘lish layoqati huquq layoqati hisoblanadi va teng ravishda e’tirof etiladi. Fuqarolarni huquq layoqati mazmuni Fuqarolik kodeksida belgilab qo‘yilgan. Ayni paytda fuqarolarni huquq layoqati mazmunining asosiy qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham o‘z ifodasini topgan. Konstitutsiyaning 18-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Binobarin, fuqarolik huquqiy munosabatda ham fuqarolar huquq layoqatida teng deb e’tirof qilinadilar, ya’ni barcha fuqarolarga bir xildagi fuqarolik huquq va majburiyatlari belgilanadi.
Fuqarolik kodeksining 18-moddasi mazmuniga ko‘ra fuqarolar: mulk huquqi asosida mol-mulkka ega bo‘lishlari; mol-mulkni meros qilib olishlari va vasiyat qilib qoldirishlari; bankda jamg‘armalarga ega bo‘lishlari; tadbirkorlik, dehqon (fermer) xo‘jaligi bilan hamda qonunda taqiqlab qo‘yilmagan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishlari; yollanma mehnatdan foydalanishlari; yuridik shaxslar tashkil etishlari; bitimlar tuzishlari va majburiyatlarda ishtirok etishlari; yetkazilgan zararning to‘lanishini talab qilishlari; mashg‘ulot turini va yashash joyini tanlashlari; fan, adabiyot va san’at asarlarining, ixtironing, qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa intellektual faoliyat natijalarining muallifi huquqiga ega bo‘lishlari mumkin.
Qonunda belgilangan hollar va tartibdan tashqari, hech kimning huquq va muomala layoqati cheklanishi mumkin emas. Fuqarolarning muomala layoqatini cheklashning qonunda belgilab qo‘yilgan shartlari va tartibiga rioya qilmaslik davlat organining tegishli cheklashni belgilaydigan hujjati haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi. Fuqaroning huquq layoqatidan yoki muomala layoqatidan to‘la yoki qisman voz kechishi va huquq layoqati yoki muomala layoqatini cheklashga qaratilgan boshqa bitimlar o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir, bunday bitimlarga qonun tomonidan yo‘l qo‘yiladigan hollar bundan mustasno (Fuqarolik kodeksining 23-moddasi).
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 43-moddasiga ko‘ra jinoyat sodir etganlik uchun shaxslar ayrim fuqarolik huquqlaridan chunonchi, xizmat bo‘yicha cheklash, muayyan huquqdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash choralari qo‘llanilishi mumkin. Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosidan tashqari boshqa fuqarolik huquqlarini cheklash choralari vaqtinchalik xarakterga ega. Huquq layoqati inson tug‘ilgandan boshlab to u vafot etguncha unga xos xususiyat, sifat bo‘lib hisoblanadi. Inson o‘zini holatidan qat’i nazar chaqaloq bo‘ladimi, aqli zaif bo‘ladimi, ruhiy hasta bo‘ladimi baribir to‘laqonli huquq layoqatiga ega.
Yuqorida ko‘rsatilganidek umumiy qoida bo‘yicha huquq layoqati subyekti sifatida mavjudlik chaqaloq tirik tug‘ilishi bilan boshlanadi. Biroq, qonun ba’zi holatlarda hali tug‘ilmagan ya’ni ona qornida homila sifatida mavjud bo‘lganda ham uning kelgusidagi manfaatlarini qonun e’tiborga oladi, qo‘riqlaydi. Masalan, agar meros qoldiruvchi fuqaro vafot etgan hollarda uning nafaqat hayot paytida tug‘ilgan farzandlari balki, qonunda belgilangan tartibda meros ochilgandan so‘ng tug‘ilgan farzandlari ham merosxo‘r sifatida e’tirof etiladilar (FKning 1118-moddasi).
Uy-joy kodeksida belgilanishicha, fuqarolarga turar joylar berilganda turar joy hajmini belgilashda oilada homilador ayollarning mavjudligi ham hisobga olinadi. Huquq layoqati fuqaro ya’ni, huquq subyekti o‘limi bilan tugaydi.
Bugungi kunda fan texnika taraqqiyoti ba’zi og‘ir kasalliklarda kishini sun’iy ravishda hayotini saqlab qolishga imkon beradi. Ba’zan bunday holat uzoq vaqt cho‘zilishi mumkin (ba’zida yillab davom etadi va buni ba’zi adabiyotlarda o‘simlik hayoti deb ham ataladi). Kishini o‘simlik hayoti (sun’iy jonlantirish holati)da bo‘lishi uni o‘lim fakti ro‘y bermaganligi sababli huquq layoqatini bekor bo‘lishiga olib kelmaydi. Biologik o‘lim hollaridan tashqari qonunda fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish taomili ham mavjud.
Fuqarolik kodeksining 22-moddasiga ko‘ra fuqarolarning muomala layoqati fuqaroning o‘z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqatidir. Muomala layoqatini yuridik harakatlarni amalga oshirish layoqati deb ham e’tirof etish mumkin. Ba’zida, huquq layoqatiga ega bo‘lgan fuqarolar fuqarolik muomala layoqatiga ega bo‘lavermaydilar. Muomala layoqatiga ega bo‘lgan fuqarolar o‘z xatti-harakatlarini anglab, oqibatlarini tushunib o‘z erki irodalari asosida harakatni amalga oshiradilar.
Odatda, yangi tug‘ilgan chaqaloq garchi to‘liq huquq layoqatiga ega bo‘lsa ham o‘z mustaqil harakatlari bilan o‘zi uchun huquq va majburiyat vujudga keltirish qobiliyatiga ega emas. Bolalar yillar o‘tgan sayin aqliy bilimlar va hayotiy tajriba orqali ongi to‘liqlashib boradi. 18 yoshga to‘lganda unda to‘liq muomala layoqati vujudga keladi. Ayni paytda qonunda belgilangan tartibda va asoslarda nikohdan o‘tgan voyaga yetmaganlar ham shu paytdan e’tiboran to‘la hajmda muomala layoqatiga ega bo‘ladilar. FKning 23-moddasiga ko‘ra voyaga yetgan fuqarolar teng darajada muomala layoqatiga ega bo‘ladilar. Fuqarolarning muomala layoqati faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda cheklanishi mumkin. Fuqaroning o‘zi tomonidan yoki boshqalar tomonidan uning muomala layoqatini cheklashga qaratilgan bitimlar o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
Voyaga yetmaganlarning fuqarolik muomalasida ishtiroki masalasi tabaqalashtirilgan holda tartibga solinadi. Ya’ni 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar va 14 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarning muomala layoqatining hajmi va mazmunida o‘ziga xosliklar mavjud. 14 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) to‘la ravishda muomalaga layoqatsiz hisoblanadilar. Biroq, qonun ularga fuqarolik muomalasida qatnashish bo‘yicha muayyan imkoniyatlar beradi. Bunga ko‘ra 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar:
1) mayda maishiy bitimlar;
2) tekin manfaat ko‘rishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni talab qilmaydigan bitimlar;
3) qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablag‘larni tasarruf etish borasidagi bitimlarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar.
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar ota-onalari, farzandlikka oluvchilar va homiylarining roziligisiz quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli:
1) o‘z ish haqi, stipendiyasi va boshqa daromadlarini tasarruf etish;
2) fan, adabiyot yoki san’at asarining, ixtironing yoxud o‘z intellektual faoliyatining qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa natijasi muallifi huquqini amalga oshirish;
3) qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qo‘yish va ularni tasarruf etish;
4) mayda maishiy bitimlarni hamda boshqa bitimlarni tuzish.
Kishining ruhiy kasalligi, aqli zaifligi uni sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topish uchun asos bo‘ladi. Bu o‘rinda shuni unutmaslik lozimki, har qanday ruhiy kasallik yoki aqli zaiflik fuqaroni ongli ravishda harakatlar qilish va fuqarolik muomalasida faol qatnashish imkoniyatidan mahrum etmaydi. Fuqarolik kodeksining 30-moddasida ko‘rsatilishicha ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaroni sud qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi. Tabiiyki, muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uni vasiyi amalga oshiradi. Agar fuqaro ruhiy kasallikdan davolansa, tegishli tartibda sud tomonidan to‘liq muomalaga layoqatli deb topilishi ya’ni, muomala layoqati tiklanishi mumkin.
FKning 31-moddasiga ko‘ra spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiste’mol qilish natijasida o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan fuqarolik protsessual qonun hujjatlarida belgilangan tartibda cheklab qo‘yilishi mumkin. Unga homiylik belgilanadi. Bunday fuqaro mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuzish huquqiga ega. U boshqa bitimlarni homiyning roziligi bilangina tuzishi, shuningdek, ish haqi, pensiya va boshqa daromadlar olishi hamda ularni tasarruf etishi mumkin. Biroq bunday fuqaro o‘zi tuzgan bitimlar bo‘yicha va yetkazgan zarari uchun mustaqil ravishda mulkiy javobgar bo‘ladi.































Download 1.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   20   21   22   23   24   25   26   27   ...   132




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling