14.3. Uzoq muddatli investitsiyalar hisobini yuritish tartibi
Turli mulkchilik shaklidagi korxonalarda qimmatli qog‘ozlarning buxgalteriya hisobi bo‘yicha muomalalar yagona (umumiy) tamoyillar asosida amalga oshirilishi lozim. 21-son BHMSga muvofiq 0600-“Uzoq muddatli investitsiyalarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar" schyotida mamlakatimizda va undan tashqarida barpo etilgan korxonalarning qimmatli qog‘ozlarga, sho‘’ba, qaram xo‘jalik jamiyatlarning hamda chet el sarmoyali korxonalarning nizom kapitali (jamg‘armasi)ga uzoq muddatli qo‘yilmalar (investitsiyalar) mavjudligi va harakati to‘g‘risidagi ma’lumot quyidagi hisob-varaqalaridan kelib chiqib umumlashtiriladi:
0610 “Qimmatli qog‘ozlar”;
0620 “Sho‘’ba xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar”;
0630 “Qaram xo‘jalik jamiyatlariga investitsiyalar”;
0640 “Chet el kapitali mavjud bo‘lgan korxonalarga investitsiyalar”;
0690 “Boshqa uzoq muddatli investitsiyalar”.
0610-“Qimmatli qog‘ozlar" schyotida aksiyadorlik jamiyatlarining aktsiyalari, obligatsiyalari va boshqa qimmatli qog‘ozlari (ortsion, fyuchers va boshqalar) ga uzoq muddatli moliyaviy investitsiyalarning mavjudligi va harakati aks ettiriladi.
Qimmatli qog‘ozlar bilan bo‘lgan operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish uchun asos bo‘lib ularga egalik qilish huquqi o‘tganligini tasdiqlovchi quyidagi hujjatlar xizmat qiladi:
- oldi-sotdi shartnomasi (barcha qimmatli qog‘ozlar uchun);
- sertifikatni qabul qilish-topshirish dalolatnomasi (faqat hujjatli qimmatli qog‘ozlar uchun);
- shaxsiy hisobvaraqdan ko‘chirma (egasi yozilgan qimmatli qog‘ozlar reestrni yuritish tizimida hisobga olinganda);
- depo hisobvaraqdan ko‘chirma (qimmatli qog‘ozlar depozitariyga hisobga olinganda).
Qimmatli qog‘ozlarning turiga bog‘liq holda egalik qilish huquqining o‘tish sanasi, tegishincha ularni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasi bo‘lib quyidagilar hisoblanishi mumkin:
- qabul qilish-topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilgan sana;
- xarid qiluvchining unga reestrni yuritish tizimida ochilgan shaxsiy hisobvarag‘idan ko‘chirmada ko‘rsatilgan sana;
- xarid qiluvchiga qimmatli qog‘ozlar sotuvchi tomonidan saqlashga berilgan depozitariyga ochilgan depo hisobvaraqdan ko‘chirmada ko‘rsatilgan sana.
Qimmatli qog‘ozlarni xarid qilish bo‘yicha barcha xarajatlar ularning xarid qiymatiga kiritiladi.
44-jadval
Do'stlaringiz bilan baham: |