Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 2019-yil 9-sentabrda Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi nomiga Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2018-yil 27-avgustdagi 484-sonli qarorini bekor qilish haqida protest kiritilgan


Download 14.67 Kb.
Sana11.11.2023
Hajmi14.67 Kb.
#1766689
Bog'liq
4617 DPHsU


Kazus 1
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5466-sonli Farmoni 3-bandi, “a” kichik bandi ijrosi yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2018- yil 27-avgustdagi 484-sonli qarori bilan yosh tadbirkor fuqaro D.D. Abduraxmanovga Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Yalong‘och mavzesi Oliy himmat ko‘chasi, 7-sonli oilaviy poliklinikasi yonida gektarga teng bo‘lgan bo‘sh yer maydonida “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazi binosini qurish uchun yer ajratilgan.
Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 2019-yil 9-sentabrda Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi nomiga Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2018-yil 27-avgustdagi 484-sonli qarorini bekor qilish haqida protest kiritilgan.
Protestda Shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga ko‘ra, mavjud mavzelarning ko‘p xonadonli binolari oralig‘ida, maxsus bino va inshootlardan (sport maydonlari, bolalar o‘yin maydonchalari, kiyim-kechak quritish maydonchalari, avtomobillarning vaqtincha to‘xtash joylari) tashqari, har qanday boshqa maqsadli obyektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangani, ushbu maydonga yaqin masofada ko‘p qavatli 128-uy mavjudligi, Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasining 31-561/A-sonli xulosasida “Yon atrofdagi binolar bilan oraliq masofani saqlab qolish sharti bilan loyiha ishlarini davom ettirish uchun kelishilgan”i qayd qilingani, biroq “ToshkentboshplanLITI” DUK, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va Mirzo Ulug‘bek tuman qurilish bo‘limi mutaxassislari joyiga chiqib o‘tkazgan o‘rganish davomida, qurilishi rejalanayotgan mazkur ikki qavatli kovorking-markazi binosi 128-uydan 12,3 metr masofada joylashgani aniqlangani, ko‘p xonadonli turar-joy uylarining uzun tomonlari o‘rtasidagi masofalar (xonalarning yaqqol ko‘rinmaslik talablaridan kelib chiqqan holda) 2-3 qavatlilar uchun 15 metrdan kam bo‘lmasligi belgilangani, ushbu obyektning qurilishi keng muhokama qilinmagani va fuqarolar fikri olinmagani, shuningdek, qurilish loyihasi va investor haqida tegishli ma’lumotlar aholi e’tiboriga yetkazilmagani bayon qilingan.
Mazkur protest asosida Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2019-yil 7- oktabrdagi 708-son qarori bilan Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2018-yil 27-avgustdagi 484-sonli qarori bekor qilingan.
Bundan norozi bo‘lgan fuqaro D.D. Abduraxmanov ma’muriy sudga shikoyat qilib, o‘z arizasida quyidagilarni ma’lum qilgan. “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazi binosi bo‘yicha Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 12.10.2018-yilda 2064T-sonli va 22.04.2019-yildagi 1037T-sonli Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i tasdiqlangan.
Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 05.04.2019-yildagi 31-561/A-sonli xulosasiga asosan, loyihani ko‘rib chiqish jarayoni kelishilgan. Unga ko‘ra, “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazi binosini qurish korrektura eskizi loyihasi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi va Sanitariya-epidimiologiya markazi bilan kelishgan holda hamda ART va SHNK 2.07.01-03* talablari asosida yon atrofdagi binolar bilan oraliq masofani saqlab qolish sharti bilan davom ettirishi qayd etilgan.
Toshkent shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining 06.09.2019-yildagi xatiga ko‘ra, qurilishi rejalangan mazkur binoning hozirgi joylashuvi va balandligi sanitariya va qurilish normalariga hamda 128-uyga nisbatan doimiy insolyatsiyani ta’minlanishiga muvofiqligi qayd etilgan.
Mirzo Ulug‘bek tumani Yong‘in xavfsizligi bo‘limi 09.09.2019-yildagi 27/64-6-167-sonli xati orqali shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi sharti bilan bino loyihasiga e’tirozi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Ushbu kazusni ko‘rib chiqishda O‘zbekiston Respublikasi “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi (MTTtQ) qonunning qaysi normalarini qo‘llash mumkin (tahlil qiling va javobingizni asoslang) (50%), shuningdek kazus yuzasidan nazariy tahlilni amalga oshiring (50%).
2-kazus
1993-yilning 31-martdagi 04-02/15548-sonli davlat dalolatnomasiga asosan fuqaro Rahimmirzayeva Dono Safarovnaga Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent-2 ko‘chasi, 23-uy, 3-xonadon mulk sifatiga xususiylashtirilgan bo‘lib, uy-joyning umumiy maydoni 154,0 kvadrat metrni tashkil qilgan.
Keyinchalik ushbu uy-joy joylashgan 660 kvadrat metr yer maydoniga ruxsatsiz 82,07 kvadrat metr imoratlar qurilgan, ya’ni 1 ta yashash xonasi, 2 ta oshxona, yo‘lak, xammom-hojatxona va soyabon.
Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent-2 ko‘chasi, 23/3-uyning 2018-yil 4- iyundagi Ko‘chmas mulk obyektining kadastr ishida yer uchastkasining umumiy maydoni 660,00 kvadrat metr, qurilish ostidagi uchastka maydoni 385,00 kvadrat metr, binolarning umumiy maydoni 225,57 kvadrat metr va binolarning yashash maydoni 132,00 kvadrat metr bo‘lib, yuridik hujjat bo‘yicha yer maydoni ko‘rsatilmagan.
Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2018-yil 12-sentabrdagi 515-sonli “Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yakka tartibda qurilgan uy-joylar joylashgan yer maydonlarida fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarga nisbatan egalik huquqini e’tirof etish hamda yer maydonlarini tartibga keltirish to‘g‘risida”gi qarori bilan Parkent-2 ko‘chasi, 23/3-uy manzilida foydalanishdagi 660,00 kvadrat metr yer maydoniga hamda ruxsatsiz qurilgan, foydali maydoni 82,07 kvadrat metr, shundan 1 ta yashash xonasi maydoni 17,80 kvadrat metr, 2 ta oshxona, yo‘lak, xamom-hojatxona, soyabonga nisbatan fuqaro Rahimmirzayeva Donoga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish hamda mulk huquqi e’tirof etilgan.
Shundan so‘ng Mirzo Ulug‘bek tumani Parkent-2 ko‘chasi, 23/3-uyning 2018-yil 18-sentabrdagi Ko‘chmas mulk obyektining kadastr ishida huquqiy hujjat bo‘yicha va amalda egallangan yer maydoni 660 kvadrat metr hamda yer uchastkasiga nisbatan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish va bino-inshootga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilgan.
Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan 2019-yil 15-mayda Toshkent shahar hokimi nomiga Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2018-yil 12-sentabrdagi 515-sonli qarorining 2.9-bandini bekor qilish haqida protest kiritilgan. Protestda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 21-iyundagi 461-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aktsiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 1-bandiga ko‘ra, mazkur nizom turar joylariga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aktsiyasi doirasida jismoniy shaxslarning qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyiga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish tartibini belgilashligini, D. Rahimmirzayevaga tegishli bo‘lgan Parkent-2 ko‘chasi, 23-uy, 3-xonadonda joylashgan turar-joy ko‘p kvartirali uydagi xonadon bo‘lib, yakka tartibdagi uy-joy maqomiga hech qachon ega bo‘lmagani, 515-sonli qaror qabul qilinishidan oldin uning yuridik hujjat bo‘yicha yer maydoni mavjud bo‘lmagani bayon qilingan.
Mazkur protest asosida Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2019-yil 22- maydagi 377-son qarori bilan Mirzo Ulug‘bek tuman hokimining 2018-yil 12-sentabrdagi 515-sonli qarori 2.9-bandi bekor qilingan.
Mazkur keys yuzasidan qonun hujjatlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonuni (50 foiz) hamda ilmiy-nazariy manbalar asosida o‘z tahlilingizni (50 foiz) bayon qiling.
Download 14.67 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling