Tovushlar tasnifidagi chalkashlik “Ona tili” darsliklarida qachon bartaraf etiladi?
Download 298.34 Kb.
|
tovushlar tasnifidagi chalkahslik
Tovushlar tasnifidagi chalkashlik “Ona tili” darsliklarida qachon bartaraf etiladi? Xalq bilan muloqot 30 / 01 / 2019 Fan o‘qituvchisi darslikka tayanib 5-sinf o‘quvchilariga bir ma’lumotni aytdimi, u o‘sha fikrda to 11-sinfgacha qat’iy turishi lozim. Maktab darsliklari o‘quvchilar uchun eng asosli va ishonchli manba hisoblanadi. Ammo darsliklarda ham ayrim xatoliklar uchrab turibdi. Ona tili fanida bahs-munozaraga sabab bo‘lgan mavzulardan biri: “Tovushlar tasnifi”. 5-sinf “Ona tili” darsligi (Toshkent, “Ma’naviyat”, 2015. Mualliflar: N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov, V.Qodirov, Z.Jo‘raboyeva)ning 143-sahifasida quyidagi ma’lumot bor: “1-topshiriq. Quyida berilgan undoshlarning jarangli-jarangsizlik juftligiga e’tibor bering. Qaysilarining jufti yo‘qligini ayting. Jarangli: b v z g d j g‘ y l m n ng r - - Jarangsiz: p f s k t sh x - - - - - - q h”. Bu tasnifdan kelib chiqadiki, demak, b-p, v-f, z-s, g-k, d-t, j-sh, g‘-x tovushlari o‘zaro juftlik hosil qila oladi. Y, l, m, n, ng, r jarangli tovushlarining jarangsiz jufti, q, h jarangsiz tovushlarining jarangli jufti yo‘q. Shu kunlarda aksariyat o‘qituvchilar darslikdagi mazkur xatoni aynan shundayligicha o‘qitib kelmoqda. Sababi, darslik — har qanday holatda birlamchi, to‘g‘ri, asosiy manba. Boz ustiga, unda yozilgan har bir qoida test savoliga aylanishi mumkin. Hatto shu tasnif asosida abituriyentlarga ham test taqdim qilinyapti. Nega yillar davomida j ning jarangsiz jufti ch, g‘ ning jarangsiz jufti — q deb yod olgan qoidalarimiz o‘zgarib ketdi? Aslida darslikda xatoga yo‘l qo‘yilib, biz o‘quvchilarimiz ongiga shu xatoni muhrlayotgan bo‘lsak-chi? Jarangli-jarangsizlik tasnifi ovoz paychalarining harakatiga asoslangan. Qiziq, o‘zbek tilida so‘zlashuvchilarning ovoz paychalari o‘zgarib qoldimikan? Fikrimcha, bu darslik mualliflarining texnik xatosi tufayli kelib chiqqan. Chunki bu tasnif berilgan mavzuning o‘zida g‘ va q undoshlari juftligiga ishora qilingan. Shu mavzudagi qoidaga e’tibor bering: “So‘z oxirida g va k hamda g‘ va q jarangli va jarangsiz undoshlari o‘rtasidagi farq yo‘qolib, har ikki undosh bir xil k va q holida talaffuz qilinsa ham, yozuvda g va k, q va g‘ harflari orqali yoziladi” (5-sinf “Ona tili” darsligi, 143-bet). Bu ta’rifdanoq, g undoshining jarangsiz jufti k, g‘ undoshining jarangsiz jufti q undoshi ekanligiga ishora qilingan. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining 1-kurs “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” (Mualliflar: A.Nurmonov, A.Sobirov, N.Qosimova) darsligidagi undoshlar tasnifini aynan keltiramiz: “Undosh tovushlarning hosil bo‘lishida bo‘g‘iz, og‘iz bo‘shlig‘i va til muhim ahamiyatga ega. O‘pkadan chiqayotgan havo xuddi mana shu joylarda turli xil to‘siqlarga duch keladi. Buning oqibatida esa undosh tovushlarning hosil bo‘lishi uchun yetarli shart-sharoitlar yaratiladi. Ba’zi hollarda unga jarang ham qo‘shiladi. Masalan, b undoshining talaffuzida o‘pkadan chiqayotgan havo lablar to‘sig‘iga uchraydi. P undoshining hosil bo‘lishida ham shunday holat bor, lekin uning b dan farqi talaffuzida jarang ishtirok etmaydi. O‘zbek tilida undosh tovushlar 23 ta: b, v, g, d, z, j, y, k, l, m, n, p, r, s, t, f, x, ch, sh, q, g‘, h, ng. Bu undosh tovushlardan bittasi — ng yozuvda maxsus belgilar bilan berilmaydi. Undosh tovushlar uch tomondan tasnif qilinadi: I. Hosil bo‘lish o‘rniga ko‘ra: 1. Lab undoshlari: a) lab-lab undoshlari: b, p, m; b) lab-tish undoshlari: f, v. 2. Til undoshlari: a) til oldi undoshlari: d, t, z, s, sh, j, ch, n, l, r; b) til o‘rta undoshi: y; d) til orqa undoshlari: g, k, ng; e) chuqur til orqa undoshlari: q, g‘, x. 3. Bo‘g‘iz undoshi: h. II. Hosil bo‘lish usuliga ko‘ra: a) portlovchilar: b, p, d, t, g, k, j, q, m, n, ng; b) sirg‘aluvchilar: v, f, z, s, y, r, l, sh, g‘, x, h; d) qorishiqlar: ch. III. Ovoz va shovqinning ishtirokiga ko‘ra: 1. Jarangli undoshlar: b, v, g, d, z, j, y, g‘, l, m, n, ng, r. 2. Jarangsiz undoshlar: p, f, k, t, s, ch, sh, q, x, h (1-kurs “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, 13-dars). Endi har ikki darslikda berilgan ana shu qoidalardagi chalkashliklarni ko‘ramiz: — o‘zbek tilida 24 ta undosh tovush bor (5-sinf “Ona tili”, 124-bet); — ular ovoz va shovqinning ishtirokiga ko‘ra, jarangli va jarangsiz turlarga ajratilgan (aslida “tovush paychalarining ishtirokiga ko‘ra” bo‘lishi kerak); — portlovchilar, sirg‘aluvchilar va qorishiq undoshlar hosil bo‘lish usuliga ko‘ra tasnif qilingan (ammo qorishiq undoshlar undoshlarning tarkibiga ko‘ra tasniflanadi”. Navbatdagi qoida darslikdagi shu sahifaning o‘zidayoq, o‘zgacha aks ettirilganini ko‘ramiz: “Shuningdek, ular tarkibiga ko‘ra, sof va qorishiq, ovoz va shovqinning ishtirokiga ko‘ra, sonorlar va shovqinlilar deb ham tasniflanadi. Qorishiq undoshlar bitta: ch. Sonorlar esa beshta: l, m, n, ng, r. Bularning ichidan l yon tovush, r titroq tovush sanaladi. (1-kurs “Hozirgi o‘zbek adabiy tili”, 13-dars). E’tiborimizni 2-kurs “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligidagi 7-mashqqa qaratamiz: 1. Paydo bo‘lish o‘rniga ko‘ra: a) lab undoshlari; b) til yoki til-tish undoshlari; d) bo‘g‘iz undoshlari. 2. Aytilish usuliga ko‘ra: a) portlovchilar; b) sirg‘aluvchilar. 3. Тovush paychalarining ishtirokiga ko‘ra: a) jarangli undoshlar; b) jarangsiz undoshlar. 4. Ovozning ishtirokiga ko‘ra: a) sonorlar; b) shovqinlilar. 5. Тarkibiga ko‘ra: a) sof undoshlar; b) qorishiq undoshlar. Akademik litseylarning 2-kurs “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” darsligida aniq bir to‘xtamga kelingan tasnif bor, ammo unda aynan qaysi undoshlar qaysi tasnifga oid ekanligini to‘ldirish uyga topshiriq tariqasida berilgan. Demak, bu masalada ham darslikda uzviylik yetishmaydi. Fikrimizcha, 5-sinf darsligidayoq fonetik tasnifni to‘laligicha keltirish o‘rinli bo‘lar edi. Gulnoza XOLDOROVA, Namangan shahridagi 21-IDUMI o‘qituvchisi Download 298.34 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling