Xodimlarning har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi kalendar kunlarda hisoblab chiqariladi.
Har yilgi mehnat ta’tili davriga to‘g‘ri keladigan ishlanmaydigan bayram kunlari mehnat ta’tillarining davomiyligini belgilashda hisobga olinmaydi.
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ayrim toifadagi xodimlarga beriladigan har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarining davomiyligi olti kunlik ish haftasi hisobidan kalendar bo‘yicha ish kunlarida hisoblab chiqariladi.
222-modda. Har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillarini jamlash tartibi
Har yilgi mehnat ta’tilining umumiy davomiyligini hisoblab chiqarishda qo‘shimcha ta’tillar har yilgi asosiy eng kam ta’til yoki har yilgi asosiy uzaytirilgan ta’tilga qo‘shib jamlanadi.
Barcha hollarda qonunchilik bilan belgilangan ta’tillarni jamlashda ularning davomiyligi bir ish yili uchun ellik olti kalendar kundan oshib ketishi mumkin emas.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan cheklov qonunchilikda nazarda tutilmagan, jamoa kelishuvlarida, shuningdek jamoa shartnomasida, ish beruvchining kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishuvga ko‘ra qabul qilingan ichki hujjatlarida yoxud mehnat shartnomasida belgilangan mehnat ta’tillariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
223-modda. Har yilgi mehnat ta’tili davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish hollari
Agar ish yili davomida xodimning har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligi o‘zgargan (voyaga yetmagan xodim o‘n sakkiz yoshga to‘lganligi munosabati bilan u asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tilini olish huquqini yo‘qotgan; xodimga I yoki II guruh nogironligi belgilangan va shu sababli unda uzaytirilgan ta’til olish huquqi yuzaga kelgan; xodim ish yilining bir qismini oddiy mehnat sharoitlarida, boshqa qismini esa unga qo‘shimcha ta’til olish huquqini beradigan noqulay mehnat sharoitlarida ishlagan bo‘lsa; xodim ish yili davomida boshqa ishga o‘tkazilgan va bu ishda mehnat ta’tilining xodim unga o‘tkazilguniga qadar bajargan ishidagiga nisbatan boshqacha davomiyligi nazarda tutilgan bo‘lsa va boshqalar) bo‘lsa, har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini ishlab berilgan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarish amalga oshiriladi.
Ishlab chiqarish zaruriyati yoki bekor turib qolish munosabati bilan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra xodimni vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish har yilgi mehnat ta’tili davomiyligining mehnat shartnomasida nazarda tutilgan asosiy ish bo‘yicha belgilangan mehnat ta’tili davomiyligiga nisbatan kamayishiga olib kelmasligi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |