yo‘lda bo‘lishning har bir kuniga xizmat safarlari uchun nazarda tutilgan miqdorda sutkalik to‘lovlar;
agar ko‘chib o‘tayotgan xodimning ushbu joyda shaxsiy uy-joyi mavjud bo‘lmasa hamda ish beruvchi ushbu xodimga va uning oila a’zolariga tegishli uy-joy taqdim etmasa, uy-joy ijarasi bilan bog‘liq xarajatlar;
yangi ish joyi bo‘yicha bir oylik tarif stavkasi (maosh) miqdorida bir martalik nafaqa (ko‘tarma pul), shuningdek xodim bilan birga ko‘chib o‘tayotgan har bir oila a’zosiga ko‘chib o‘tayotgan xodim tarif stavkasining (maoshning) uchdan bir qismi, basharti ushbu oila a’zolari xodimga alohida uy-joy berilgan kundan e’tiboran o‘n ikki oy ichida ko‘chib o‘tsa.
Agar xodim boshqa joydagi ishga kelmasa, xuddi shuningdek mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda uzrli sababsiz ishga kirishmasa, shuningdek, agar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning tashabbusi bilan yoki ish beruvchining tashabbusi bilan xodimning aybli harakatlari (harakatsizligi) bilan bog‘liq asoslarga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa, xodim (bitiruvchi) olingan mablag‘ni qaytarib berishi shart.
Agar xodim uzrli sababga ko‘ra (ishning davom etishiga to‘sqinlik qiladigan kasallik, ish joyi joylashgan hududdan tashqarida istiqomat qiluvchi o‘z qaramog‘idagi shaxslarga g‘amxo‘rlik qilish zarurati va boshqalar) ish boshlamagan bo‘lsa yoki ish boshlagan kunidan e’tiboran bir yil o‘tguniga qadar mehnat shartnomasini bekor qilsa, olingan mablag‘larni ish beruvchiga qaytarishi kerak, bundan yo‘lkira qiymati mustasno.
Jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadigan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilingan ichki hujjatda boshqa joyda ishlash uchun ketayotgan xodimlar uchun to‘lovlarning ushbu modda birinchi qismida nazarda tutilganidan yuqoriroq miqdorlari belgilanishi mumkin.
290-modda. Ish beruvchining yo‘llanmasi bo‘yicha kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tishda xodimlar uchun kompensatsiya to‘lovlari
Agar ish beruvchining yo‘llanmasi bo‘yicha xodimning kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tishi boshqa joyga ko‘chishni talab qilsa, xodimga o‘qish joyiga borish va qaytib kelish, shuningdek uy-joyni ijaraga olish xarajatlarining o‘rni qoplanadi.
Jamoa shartnomasida yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan ichki hujjatda kasbiy tayyorgarlik, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkaga yuborilgan xodimlarga yashash joyidan tashqarida yashaganlik uchun kompensatsiya (sutkalik) to‘lovi belgilanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |