512-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorda ishlaydigan xodimlarning mehnat staji
Yakka tartibdagi tadbirkorda yollanib ishlash davrlari, basharti ijtimoiy soliq to‘lansa, xodimning mehnat stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Xodimning mehnat stajini hisobga olish ijtimoiy soliq to‘lash to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
513-modda. Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor o‘rtasidagi yakka tartibdagi mehnat nizolarini hal etish
Xodim va yakka tartibdagi tadbirkor o‘rtasidagi o‘zaro kelishuv asosida tartibga solinmagan yakka tartibdagi mehnat nizolari sud tartibida hal etiladi.
3-§. Uy ishchilarining mehnatini huquqiy jihatdan tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari
514-modda. Uy ishchilari
Ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxslarga ularning tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun ishlarni bajaruvchi, xizmatlar ko‘rsatuvchi xodimlar (bog‘bonlar, enagalar, qorovullar, oqsochlar, haydovchilar va boshqalar) uy ishchilaridir.
Uy ishchilarini ishga qabul qilishga ular o‘n olti yoshga to‘lganida yo‘l qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘zida fuqarolik muomala layoqati to‘liq hajmda mavjud bo‘lgan taqdirda, uy ishchilarini ishga yollash huquqiga ega.
515-modda. Uy ishchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasi
Ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs tomonidan yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasi uy ishchisi bilan yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar yuzaga kelishiga asos bo‘ladi.
Ishga qabul qilinayotgan uy ishchisi bilan nomuayyan muddatga mehnat shartnomasi yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin.
Mehnat shartnomasi tuzilguniga qadar uy ishchisi ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxs tomonidan mehnat shartlari to‘g‘risida oldindan xabardor qilinishi kerak.
Uy ishchisi bilan mehnat shartnomasi uch nusxada tuziladi, ulardan biri ish beruvchi bo‘lgan jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga taqdim etiladi, ikkinchisi ish beruvchida qoladi, uchinchisi esa xodimga beriladi.
Uy ishchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasining namunaviy shakli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |