Tuyg‘ular kelinchagi
Download 18.8 Kb.
|
TUYG\'ULAR KELINCHAGI
- Bu sahifa navigatsiya:
- Anvarova Zohida Akromovna SamDu 2-kurs magistri
TUYG‘ULAR KELINCHAGI 1-mart! Asta derazadan tashqariga mo‘raladim. Quyosh ajib bir nur sochmoqda, havoda ko‘kning isi, ko‘nglimda nafis bir entikish tuydim. Bahor! Fasllar kelinchagi o‘lkamizga mehmon bo‘lib kelganligi o‘zgacha bir umid uyg‘otdi. Endi tabiat uyg‘onadi, atrof yam-yashil tus oladi. Uch oy uyquda bo‘lgan daraxtlar ham xursandchiligini men bilan bo‘lishgisi kelayotgandek go‘yo. Zulfiyaxonim ta’rifi bilan aytganda: Salqin saharlarda, bodom gulida, Binafsha labida, yerlarda bahor, Qushlarning parvozi, yellarning nozi, Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor… Kelinchaklardek turfa ranglarga burkangan, xushbo‘y gullar ifori ila olamni chulg‘agan, nozlanib-nozlanib har kun bir jihatini tabiatga ulashayotgan bahor kabi bir tuyg‘u borki, uni muhabbat deb ataydilar!.. U ham inson umriga boshqacha bir bahor kabi kirib keladi. Uning ham turfa ranglari, turfa jilolari va o‘zgacha bir tafti bor. Ammo taklifsiz va ogohlantirishsiz ko‘nglimizni o‘ziga asir etadi. Balki, shuning uchun ham bu tuyg‘u eng qadrli ne’matlardan biri bo‘lsa kerak?! Muhabbatning o‘ziga xos shartlari va talablari bo‘ladi. Ularning ichida eng oliysi bu- sadoqat. Bu borada o‘zbek adabiyotining so‘nmas darg‘alaridan biri bo‘lgan Zulfiyaxonimni misol qilib keltira olamiz. U- sadoqat timsoli. Turmush o‘rtog‘i Hamid Olimjondan juda erta ayrilishiga qaramasdan umri so‘ngiga qadar unga – bu go‘zal tuyg‘uga sadoqat saqlaydi: Sovush bermaydi menga, Yoqib ketganing olov. Netay, yetmayman senga, O‘rtaga tashlangan g‘ov. Shoira qalbiga sovush bermayotgan o‘sha olov – bu muhabbat edi. Yo‘q-yo‘q, muhabbat tansoqchilaridan biri bo‘lgan – sadoqat edi. O‘rtadagi go‘v bu – o‘lim-ayriliq. Shu bilan bir qatorda, yoriga ko‘ngil bog‘lagan ayolning sadoqatini chig‘iriqdan o‘tkazuvchi bir sinov! Bugunchi? Bugun mana shunday ayollarimiz soni kamayib ketmayotganmikin?! Shoiraku, vafot etgan yuragining buyuk bir parchasiga sadoqat saqlab yashadi, ammo ayni damda turmush o‘rtog‘i tirik bo‘la turib, yonida bo‘la turib… Bilmadim… Tilim ojiz… Muhabbatning yana bir ustuni bu –sog‘inch. Pokiza bir entikish: Ikkimizga ma’lum bir qudrat Yillar o‘ta senga tortadi. Unutayin deymanu, faqat Dilda uning o‘ti ortadi. Bu qudrat, faqat, bir tarafgagina ma’lum bo‘lmay, juftlikni o‘ziga bog‘lagan. Ularni bir-biriga bog‘lab, kundan kun ortib borayotgan kuch ham aynan mana shudir. Bu kuch so‘nmas ekan, muhabbat ham o‘lmaydi! Lirik qahramonning barcha tuyg‘ulari muhabbatga xizmat qilmoqda. Uning abadiy yashashiga, yanada mustahkam ildiz otishiga, yuksalishiga zamin bo‘lmoqda. Aynan shuning uchun ham muhabbat- ko‘ngillar kelinchagi emasmikan: Faqat dilga oshno bo‘lgan ajoyib damlar, Tuyg‘ularning zid xohishi berganda alam, Ko‘kraklarni to‘ldirganda orom va ozor Baxtsizmidik? Nahot unut bo‘lar o‘sha dam? Insonni kemiruvchi bir o‘y bor, bu –yolg‘izlik! Bu shoira ko‘nglida orom va ozor uyg‘otayotgan xadikning bir kuchidir. Lekin e’tibor bilan o‘qisak, hatto yolg‘izlik ham samimiy tuyg‘uning yuksalishi uchun bir poyqadam bo‘layotganini ko‘rishimiz mumkin. Ba’zan qahramon yolg‘iz qolar ekan, o‘zidan so‘roqlaydi: men baxtsizmidim deya. Zum o‘tar ekan, o‘z xayollaridan, o‘ylaridandan qo‘rqib ketadi: Nahot unut bo‘lar o‘sha dam? Bu misralar, yolg‘iz o‘zi va yorining ruhi bilan bo‘lgan suhbat singari yangraydi. Va yakun bo‘ladiki, shoira yolg‘iz emas, qalb parchasi xayolan u bilan. O‘tmishdagi go‘zal damlar esa hech qachon unut bo‘lmaydi. Balki, hali hamon davom etayotgandir o‘sha suhbatlar… Muhabbatning oliy ustuni bilasizmi nima? Bu bardosh, boshingizga tushgan o‘sha dam barcha sinovlarga sabrli bo‘lmoq: Bugun senga to‘lmish yetmish yosh, Yarmi bizdan qaylarda kechdi? O‘ttiz besh bor gul ochib qiyg‘och, O‘ttiz besh bor o‘riklar pishdi. Lirik qahramonning mahbubi yetmish yoshga to‘ldi, o‘ttiz besh yil ayro yashadilar. Tabiat ham shuncha yilni boshidan o‘tkazdi, o‘ttiz besh bahor kelib ketdi. Mahbubaning umri esa o‘ttiz besh yil bir bahorni kutish bilan kechdi. U kutish azobini boshidan kechirdi, ammo bu u uchun shirin bir azob edi go‘yo. Chunki visol onlariga oz qolmoqda. U aynan o‘sha kun kelishini sabr bilan kutadi, umid qiladi. Biladiki, bir kun o‘sha sog‘inchli on, albatta, keladi. Ikki ruhni abadiy birlashtiruvchi bir lahza mavjud. Zero, muhabbat shu emasmi?! Pokiza bir tuyg‘uga asir bo‘lish, qalban va jisman o‘sha lahzaga talpinish. Ishonch bilan barchasiga bardosh berish. Ko‘ngildagi nafis xayollarni musaffo saqlay olish! Anvarova Zohida Akromovna SamDu 2-kurs magistri Download 18.8 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling