183-modda. Intizomiy jazoning amal qilish muddati
Intizomiy jazoning amal qilish muddati jazo qo‘llanilgan kundan boshlab bir yildan oshib ketishi mumkin emas. Agar xodim shu muddat ichida yana intizomiy jazoga tortilmasa, u intizomiy jazo olmagan deb hisoblanadi.
Intizomiy jazoni qo‘llagan ish beruvchi o‘z tashabbusi bilan, xodimning iltimosiga binoan, mehnat jamoasi yoki xodimning bevosita rahbari iltimosnomasiga ko‘ra jazoni bir yil o‘tmasdan oldin ham olib tashlashga haqli.
LexUZ sharhi
Qarang: “Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibi” namunaviy qoidalarining (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 3.7-bandi.
184-modda. Intizomiy jazo ustidan shikoyat qilish
Intizomiy jazo ustidan yakka mehnat nizolarini ko‘rish uchun belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning XV bobi (“Mehnat nizolari”).
Mehnat nizosini ko‘rib chiqayotgan organ sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakat qanday vaziyatda yuz berganligini, xodimning oldingi xulq-atvorini, mehnatga bo‘lgan munosabatini, intizomiy jazoning sodir etilgan nojo‘ya xatti-harakatning og‘irlik darajasiga qanchalik mos kelishini, ish beruvchining intizomiy jazo berish tartibiga rioya qilganligini hisobga olib, xodimga nisbatan qo‘llanilgan intizomiy jazoni g‘ayriqonuniy deb topish va uni bekor qilish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli.
LexUZ sharhi
Qarang: Idoraviy mansubligi, mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, korxona, muassasa, tashkilot ichki mehnat tartibining namunaviy qoidalari (ro‘yxat raqami: 746, 14.06.1999-y.) 3.8-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1998-yil 17-apreldagi 12-sonli “Sudlar tomonidan mehnat shartnomasi (kontrakti)ni bekor qilishni tartibga soluvchi qonunlarning qo‘llanilishi haqida”gi qarorining 30-bandi.
XII BOB. MEHNAT ShARTNOMASI TARAFLARINING MODDIY JAVOBGARLIGI
Do'stlaringiz bilan baham: |