2. YERGA EGALIK QILUVChILAR VA YERDAN FOYDALANUVChILARNING HUQUQ VA BURChLARI
17-modda. Yerga egalik qiluvchilarning huquq va burchlari
Yer egalari quyidagi huquqlarga egadirlar:
1) yerda mustaqil xo‘jalik yuritish;
2) yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsuloti va uni sotishdan olingan daromadga egalik qilish;
3) yer uchastkasida mavjud keng tarqalgan foydali qazilmalar, o‘rmonlar, ko‘llar, sug‘orish va kollektor-zovur tarmog‘idan belgilangan tartibda xo‘jalik ehtiyojlari uchun foydalanish, shuningdek yerning boshqa foydali xossalarini ishga solish;
4) uy-joylar, ishlab chiqarish, madaniy-maishiy hamda boshqa imoratlar va inshootlar barpo etish;
5) qishloq xo‘jalik ekinzorlariga, daraxt va butalarga egalik qilish;
6) yer olib qo‘yilgan yoki yer uchastkasidan ixtiyoriy ravishda voz kechilgan taqdirda yerning unumdorligini oshirishga sarflangan xarajatlarni to‘la undirib olish;
7) Yer uchastkasini yoki uning bir qismini ichki xo‘jalik ijarasi tartibida vaqtincha foydalanish uchun berish;
8) Qishloq xo‘jalik ekinlarini, daraxt va butalarni sug‘orish uchun hamda boshqa maqsadlar uchun sug‘orish manbalardan va kanallardan belgilangan limitlarga muvofiq suv olish huquqiga egadirlar.
(17-moddaning 7 va 8-bandlari O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 7-maydagi 859-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 243-modda)
Yer egalari shaxsiy yordamchi xo‘jalik yuritish, yakka tartibda uy-joy qurish uchun kim oshdi savdosi asosida olingan yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik huquqini kreditlar olish uchun garovga qo‘yishlari mumkin.
(17-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuniga muvofiq ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
Yer egalari quyidagilarni bajarishga majburdirlar:
1) yerdan ko‘zlangan maqsadlarda samarali foydalanish, tuproq, unumdorligini oshirish, ishlab chiqarishning tabiatni muhofaza qilish texnologiyalarini qo‘llash, o‘z xo‘jalik faoliyati natijasida hududida ekologiya vaziyati yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslik;
2) ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan yerlarni muhofaza qilishga oid turkum tadbirlarni amalga oshirish;
3) yer solig‘ini o‘z vaqtida to‘lab turish;
4) yerga egalik qiluvchi va yerdan foydalanuvchilarning, shu jumladan, ijarachilarning huquqlarini buzmaslik.
Do'stlaringiz bilan baham: |