22-modda. Fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish va uni obodonlashtirish uchun yer uchastkalari berish (sotish)
Shaharlar va posyolkalarida, shuningdek qishloq xo‘jalik hamda o‘rmon xo‘jaligi korxonalari, muassasalar va tashkilotlarning yer egaligi tarkibiga kirmagan qishloq aholi punktlarida yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joylarni obodonlashtirish uchun umrbod meros qilib qoldiriladigan egalik huquqi bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda har bir oilaga 0,06 gektargacha yer uchastkalari beriladi.
Yakka tartibda uy-joy qurish uchun 0,04 gektargacha yer uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalikka kim oshdi asosida sotiladi.
(22-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 6-maydagi 70-I-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 6-son, 118-modda)
23-modda. Dehqon xo‘jaliklariga yer berish
Dehqon xo‘jaligi yuritish uchun ayrim shaxslarga meros qilib qoldirish huquqi bilan umrbod egalik qilish uchun, foydalanish uchun yoki ijaraga kamida o‘n yil muddatga yer uchastkasi beriladi.
Dehqon xo‘jaligi yuritish uchun beriladigan yer uchastkasining hajmi mahalliy sharoitlarda, shuningdek dehqon xo‘jaligining miqdoriy tarkibini hisobga olgan holda har bir hol uchun hokimiyatning tuman idoralari tomonidan belgilanadi.
Dehqon xo‘jaligi yuritish uchun shaxslarga yer berish tartibi qonunlarda belgilab qo‘yiladi”.
(23-modda O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 20-noyabrdagi 439-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1992-y., 2-son, 84-modda)
IV. QIShLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANGAN YERLAR
24-modda. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va ularning berilishi
Qishloq xo‘jalik ehtiyojlari uchun berib qo‘yilgan yoki ana shu maqsadlarga atalgan yerlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar deb hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar quyidagilarga beriladi:
1) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga — shaxsiy yordamchi qishloq xo‘jaligini, shaxsiy bog‘dorchilik, polizchilik va chorvachilikni yuritish uchun;
2) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining kooperativlariga (shirkatlariga) — jamoa bog‘dorchiligi, uzumchilik va polizchilik uchun;
3) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi korxonalariga, muassasalari va tashkilotlariga — tovar qishloq xo‘jaligini yuritish uchun;
(24-modda ikkinchi qismining 3-bandi O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 7-maydagi 859-XII-son Qonunining 38, 39-bandlari tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 6-son, 243-modda)
4) ilmiy-tadqiqot, o‘quv muassasalari va boshqa qishloq xo‘jalik muassasalariga, qishloqdagi ishlab chiqarish — texnik bilim yurtlariga va umumiy ta’lim maktablariga — tadqiqot, ta’lim maqsadlari, ilg‘or tajribani targ‘ib qilish uchun tovar qishloq xo‘jaligini yuritish uchun;
5) qishloq xo‘jaligiga daxldor bo‘lmagan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga, shuningdek diniy tashkilotlarga — yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun.
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan hollarda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar qishloq xo‘jaligini yuritish uchun, shuningdek o‘zga maqsadlar uchun boshqa tashkilotlarga va shaxslarga berib qo‘yilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |