Umumiy tilshunoslik faninig maqsadi
Yevropada uyg‘onish davri tilshunosligi
Download 113.65 Kb.
|
4-kurs uchun nazariyadan UMK
Yevropada uyg‘onish davri tilshunosligi
Uyg‘onish davrining boshlanishi bilan cherkovning mavqei pasayib, antik dunyoning obro‘i ancha kuchaydi. Bu davrda antik tilshunoslik merosining yangidan boshlanganligi va tabiiyot ilmi sohasida erishilgan katta–katta yutuqlar shunga olib keldiki, uyg‘onish davrining ilg‘or tilshunosligi ilohiyotning xizmatkorlik rolini o‘ynamaydigan bo‘lib qoldi, unda antisxolastik yo‘nalishlar rivojlana boshladi. Hammadan burun bu yo‘nalishlar stoizm va epikurizm ta’limotlarining yangidan boshlanishida yuzaga keldi. Uyg‘onish davrida grek va lotin tili matnlarini sharhlash va nashr etish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Bu ishlar quyidagi muammolar atrofida birlashtirildi: Grek va lotin tili matnlarini sharhlash. «Muqaddas kitoblar»ning asl nusxasidan milliy tillarga tarjima qilish. Semit (somiy) tillarini o‘rganishga qiziqish. Grek va lotin tili matnlarini sharhlash va nashr etish borasida Iogann Reyxlin, Jyul Sezar Skaliger, Robert Stefanus, Gerxard Iogann Fossiy, Sharl Dyukanj salmoqli hissa qo‘shgan. Bular ichida Jyul Sezar Skaliger (1540-1609) matnlarni sharhlash jarayonida Evropa tillarini guruhlarga ajratadi va shu jarayonda til onalari nazariyasini yaratadi. U Evropa tillarini 2 guruhga ajratadi: 1) katta guruh; 2) kichik guruh. Katta guruhga 4 til: lotin, grek, tevton, slavyan tillari kiritiladi. Bu katta guruhga kiruvchi tillarni til onalari deb ataydi. Kichik guruhga etti til: alban, tatar, venger, fin, irland, brit, bask tillarini kiritadi. Bu tillar ham kichik til onalari guruhini tashkil qiladi. Skaliger tillarni guruhlashtirishda o‘z fikrini tasdiqlovchi hech qanday lingvistik faktlarni keltirmaydi, ularning qarindoshligi masalasini o‘rtaga tashlamaydi. J.S.Skaliger tomonidan «Evropaliklar tili haqida mulohazalar» (1599) kitobida «til onalari» guruhiga kiritilgan tillar orasida qarindoshlik aloqalari yo‘q, lekin har bir «til onasi»ga kiritilgan tillarning paydo bo‘lishida birlik mavjud deb hisoblaydi. Uning «til onalari» ta’limoti XIX asrda yaratilgan geneologik tasnif va XX asrda yaratilgan N.Ya. Marrning to‘rt element nazariyasiga asos bo‘lib xizmat qilgan. «Muqaddas kitoblar» - jahonda keng tarqalgan dinlarda xudo so‘zlaridan iborat yoki uning qudrati bilan yozilgan deb ilohiylashtirilgan kitoblardir. Zardushtlikda Avesto, xristianlikda Bibliya, iudaizmda Tavrot va Talmud, musulmonlikda Qur’on asosiy muqaddas kitoblardir. Bibliya xristianlikning asosiy kitobi sifatida Tavrot, Zabur va Injil kitoblaridan iborat. «Muqaddas kitoblar» qadimgi xalqlarning diniy e’tiqodlarini, axloqiy va huquqiy hayotini, urf-odat va an’analarni o‘rganishda fan uchun qimmatli manba hisoblanadi. Uyg‘onish davrida «Muqaddas kitob» larning asl nusxasidan milliy tillarga tarjima qilish va tafsirlash ishlari kuchayib ketgan. «Qur’on»ning «Tafsir»i ham shu davrda yaratilgan. Mahmud Koshg‘ariy eslatganidek, turkiy tillar fonetikasida XII asrga kelib dz tovushi, z va y tovushlari bilan almashadi. Xuddi shu kabi aralash holat Qarshi shahridan topilgan «Tafsir»da ham uchraydi. Shuning uchun ham A.K. Borovkov «Tafsir»ni dz tovushli tilga kiritsa-da, ba’zan z va y tovushli holat ham uchraydi, deb ko‘rsatadi (Borovkov A.K Leksika sredneaziatskogo tefsira XII-XIII vv. –M., 1963, s.10) dz, z va y tovushlari keyingi davr yodgorliklari – «Qissai Rabg‘o‘ziy», «Hibbat ul haqoyiq» va «O‘g‘uznoma» da ham aralash holda ishlatiladi. Uyg‘onish davrida semit (somiy) tillarini o‘rganishga qiziqish kuchaydi. Somiy tillari som-xom tillari oilasining bir tarmog‘ini tashkil qiladi. Somiylar til jihatidan qadimgi misrliklarga qardoshdir. Somiylarning ajdodlari qadimda Sahroi Kabirda yashagan. Miloddan avvalgi V asr boshlarida Arabiston oroliga kelib joylashgan. Somiylar tiliga qarab ikki katta guruhga bo‘lingan: 1. Sharqiy guruh vakillari ikki daryo oralig‘ining janubidagi shumerlar bilan qo‘shiladi va akkad tilida gaplashadilar. Akkadlar miloddan avvalgi III ming yillik o‘rtalarida shumer tilini siqib chiqaradi. Bu guruhning keyingi taqdiri Akkad, Ocsuriya, Bobil tarixi bilan bog‘liq. 2. G‘arbiy guruh vakillari Janubiy Arabiston, Efiopiyada yashovchi isroil yahudiylari, arameylar bilan qo‘shiladi. Somiy filologiyasi qadimgi grek, aramey, shumer, arab, efiop tillarini o‘rganishga e’tibor qaratdilar. Bu sohada XVI-XVII asrlarda Iogann Reyxlin, Yakov Xolius, Erpeniy, Iogann Bukstrof, Iov Ludolf kabilarning hissasi kattadir. Semit tillarini o‘rganishning natijasi o‘laroq arab tili grammatikasi (1505), yahudiy tili grammatikasi (1506) yaratiladi. Semit grammatikalarida fe’ldagi shaxs-son qo‘shimchalari kishilik olmoshlaridan kelib chiqqan, barcha tillar yahudiy tilidan o‘rchigan, degan fikrlar aytiladi. Shunday fikr frantsuz Etven Gisharning «Tillarning etimologik garmoniyasi» (1606) asrida o‘z aksini topgan. Hozirgi kunda ham shumer, akkad, aramey tillarining jahon tillariga ta’sirini o‘rganishga bag‘ishlangan asarlar paydo bo‘ldi (Suleymenov O. Tyurki v doistorii. O proisxojdenii drevnetyurkskix yazo‘kov i pismennostey. – Almato‘, 2002). Iogann Reyxlin o‘zining qadimgi grek tili grammatikasiga oid asarida birinchi marta affiks terminini (1506) kiritdi va u XVI-XVII asrlardayoq muomalaga kiritildi. Uyg‘onish davri, A.A. Reformatskiy fikricha, uch asosiy muammo atrofida ish olib bordi: 1) milliy tillarni shakllantirish va taraqqiy qildirish, 2) xalqaro miqyosda tillarni o‘rganish va o‘zlashtirish; 3) antik va o‘rta asrlardagi lingvistik merosni qayta ko‘rib chiqish (A.A. Reformatskiy. Vvedenie v yazo‘koznanie. –M., 1967, s. 510). 2. Milliy jonli tillarning lug‘atlari va grammatikalarini yaratish. O‘rta asrlarda G‘arbiy Evropada lotin tili, sharqiy va janubiy slavyanlarda cherkov-slavyan tili xalqaro til hisoblanganidek, musulmon olamining sharqida arab tili xalqaro til sifatida qo‘llanilgan. O‘z ona tillarining rivoji sahifasida frantsiyalik Dyu Belle (1522-1560), italiyalik Dante Aligeri (1265-1321), germaniyalik Lyuter (1483-1546) hamda Alisher Navoiy (1441-1501) kabi shoir va olimlarning xizmati kattadir. Bu buyuk shoir va olimlar o‘z ona tillarining shuhrati uchun kurashgan vatanparvarlar edilar. O‘rta asrning oxiri, uyg‘onish davrining birinchi shoiri A. Dante o‘zining «Xalq nutqi haqida» nomli asarida tilning paydo bo‘lishi, fikrni ifodalashning tovush tili to‘g‘risida ma’lumot beradi. Uningcha, til ikki xil tabiatga ega: talaffuziy va muhokamaviy. Til komunikativ vazifani bajaradi, bunda yagona tildan foydalaniladi. Dante yangi milliy adabiy tilning himoyachisi sifatida maydonga chiqib, u xalq tili va adabiy til haqida fikr yuritadi. Xalq tili tabiiy til, adabiy til qayta ishlangan sanaladi, deydi u. Shuning uchun o‘zining «Ilohiy komediyasi» ni qayta ishlangan italyan adabiy tilida yozgan. O‘sha davrning tamoyiliga ko‘ra lotin tilida yozmagan. Uyg‘onish davrida olimlar zamon talabiga javob beradigan grammatikalar yaratishga kirishdilar. XV asrning oxirida birinchi ispan (1492) va bretan (1499) grammatikalari yaratildi. Milliy tillarning grammatikalarini yaratish sohasida XVI asrda katta ishlar qilindi: birinchi nemis grammatikasi (1527), Jak Dyubuvaning frantsuz grammatikasi (1531), ingliz grammatikasi (1538), venger (1539), uels (1547), chex (1567), Storeynskiyning polyak (1568), bask (1587), Rexexuzening latish (1544), D. Kleynning litva (1653) grammatikalari yaratildi. Grammatikalar yaratganlar ichida P.Rime (Ramus) birinchilardan bo‘lib, Aristotel sxolastikasiga qarshi chiqdi. U grek, lotin va frantsuz tillarining grammatikasini yaratdi. Uyg‘onish davrining birinchi fonetisti sifatida Ya.Arusni ko‘rsatish mumkin. U o‘zining «Ikki kitobning harflari haqida» (1586) kitobida nutq tovushlarining paydo bo‘lish usullari va ularning sistematik tarzini aniqlaydi. XVI asrdan boshlab grammatikalarni mustaqil ishlash harakati kuchaydi. Serb tilida «So‘zning sakkiz turkumi»nomli grammatika maydonga keldi. So‘z turkumlarining sakkiztaligini ta’kidlovchi bu asar ta’sirida 1586 yili «Sloven grammatikasi», 1574 yili Ivan Fyodorovning «Alifbe»si, 1591 grek-slavyan tillari grammatikasi «Adelfotis», 1596 yili Lavrentiy Zizaniyning «Sloven grammatikasi», 1619 yili Meletey Smotritskiyning «Slavyan grammatikasi, to‘g‘ri sintagma» asari yaratildi. Sanab o‘tilgan grammatikalarda sakkizta so‘z turkumi atrofida fikr yuritiladi. Angliyaning Oksford universitetida 1696 yili Genrix Vilgelm Ludolfning lotin tilida «Rus grammatikasi» yaratildi. Uyg‘onish davrida jonli tillar lug‘atlarini tuzishga intilish kuchaydi. Shunday lug‘atlar italyan (1612) va frantsuz (1694) tillari asosida tuzildi. Ma’lumki, biror yaxshi lug‘atning paydo bo‘lishi milliy nutq madaniyatining taraqqiyotida muhim rol o‘ynaydi. Navoiy davrida va undan keyin uning asarlari tili haqida bir qancha lug‘atlar va grammatik asarlar tuzildi. Ularda Navoiy tilidagi leksik va grammatik materiallar to‘plandi. Shunday lug‘atlardan biri Aloyi binni Muhibiy tomonidan 1560 yilda tuzilgan «Al-lug‘otun Navoiya va al-istishhodatul chig‘atoiya» («Navoiy lug‘ati va chig‘atoy tili dalillari») nomli asardir. Bu lug‘at «Abushqa» deb ham ataladi. Ilmiy jamoatchilik o‘rtasida shu nom bilan mashhur bo‘lgan bu lug‘atni 1868 yilda V.V. Velyaminov-Zernov nashr ettirdi va frantsuz tilida unga so‘z boshi yozdi. «Abushqa» lug‘atida 2.000 ta so‘z bo‘lib, ular Navoiyning badiiy, ilmiy, tarixiy asarlaridan olingan. Unda so‘zlarning lug‘aviy ma’nolari izohlanib, Navoiyning g‘azal va dostonlaridan keltirilgan misralar bilan oydinlashtirilgan. Lug‘at muallifi turkiy xalqlarga tushunarli bo‘lmagan so‘zlarni ajratib olmay, har xil grammatik shakllardagi so‘zlarni alfavit tartibida beradi: bolg‘acha, bolg‘ucha, bolg‘uncha; to‘rtta, to‘rtala, to‘rtavla, to‘rtalasi kabi. «Abushqa» lug‘atining qimmatli tomoni shundaki, chig‘atoycha-turkcha deb atalgan bu asarda umumga tushunarli bo‘lmagan so‘zlarning ko‘chma ma’nolari va ma’no belgilari izohlangan. Shuning uchun u ba’zi so‘zlar semantikasini o‘rganishda ishonchli material bera oladi. Tali Imoniy Hirotiy tomonidan yaratilgan «Badoe al-lug‘at» XV asarning oxirlarida kitobat qilingan bo‘lib, u chig‘atoycha-forscha lug‘at hisoblanadi. Lug‘atda Navoiy tilidagi turkcha so‘zlarning forscha tarjimasi berilgan. «Badoe al-lug‘at» A.K. Borovkov tomonidan o‘rganilib, nashr ettirildi. A.K. Borovkov «Badoe al-lug‘at» va «Abushqa» haqida fikr yuritar ekan, shunday yozadi: «Abushqa» lug‘ati «Badoe al-lug‘at»ning qayta ishlangan shakli yoki unga yaqin bo‘lib, unda so‘zlarning tarjimasi berilgan. XVII asrda tuzilgan Fazlullaxonning lug‘ati o‘zbek tili tarixi uchun muhim qimmatga egadir. U turkcha lug‘at deb atalib, uch bobdan iboratdir. Birinchi bobda fe’llardan hosil bo‘lgan otlar forschaga tarjima qilinadi. Ikkinchi bobda esa turli xil fe’l shakllari izohlanadi. Uchinchi bob ot turkumi so‘zligini tashkil qiladi. Fazlullaxon lug‘atida har bir so‘zning talaffuz etilish me’yoriga aniq ta’rif beriladi. Masalan: ota so‘zidagi oldingi unli fatha va maddali alif bilan, ikkinchisi maddasiz yoziladi, deb izohlanadi. Lekin keltirilgan misollar kimning asaridan olingani haqida hech qanday belgi yo‘q. Hatto ba’zi so‘zlar izohiga misollar berilmaydi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan «Arabcha-o‘zbekcha-tojikcha lug‘at» («Muntaqabul lug‘at») xivalik Muhammad Rizoga tegishlidir. Bu lug‘atda Navoiy asarlaridagi arabcha, forscha va o‘zbekcha so‘zlar izohlanadi. 3. Ratsionalizm va tilshunoslik. Ratsionalizm (lat. oqilona) bilish nazariyasidagi ta’limot bo‘lib, unga ko‘ra, yalpi umumiylik va zaruriyatni – ishonchli bilimning mantiqiy belgilarini tajribadan va uning umumlashmalaridan chiqarib bo‘lmaydi; ularni faqat aqlning o‘zidan: yo aqlning tug‘ma tushunchalaridan yoki faqat aqlning nishonalari, mayllari tarzidagina mavjud bo‘lgan tushunchalardan yig‘ib olish mumkin. Ratsionalizmning XVII asrdagi vakillari Dekart, Spinoza, G.V. Leybnits sanaladi. Leybnits Gotfrid Vilgelm (1646-1716) – nemis idealist filosofi, matematik, fizik va ixtirochi, huquqshunos, tarixchi, tilshunos olim va jamoat arbobi. Berlin FAning asoschisi va prezidenti. Leybnits qarashlarida mexanistik materializmdan obektiv idealizmgacha bo‘lgan evolyutsiya o‘z aksini topdi. G.V. Leybnits tilshunoslikda tillarning paydo bo‘lish tarixini, geneologik tasnifni yaratdi, nomlarning kelib chiqishi haqidagi ta’limotni rivojlantirdi. Leybnits nemis ilmiy va falsafiy leksikonini tuzuvchilardan biri. Buyuk tilshunos I.A. Boduen de Kurtene fikri bilan aytganda, Leybnits tilshunoslik sohasini oldindan ko‘ra biladigan ulug‘ bashoratchi edi. Ana shu bashoratchi olim tilshunoslik sohasida ko‘plab dasturiy fikrlarini bayon etgan. Ular quyidagilardan iborat: Tillarning qarindoshligi. Tillarni qiyosiy o‘rganish. Jonli tillar va xalq shevalarini o‘rganishning muhimligi. Sun’iy xalqaro til va universal belgilar g‘oyasi. Lotin alifbosi asosidagi yagona jahon alifbosini yaratish. So‘zlar etimologiyasini tiklash. Barcha tillar qadimgi yahudiy tilidan tarqalgan degan noto‘g‘ri ta’limotni inkor etish. Dunyo tillarini xaritalashtirish. Tillarning geneologik tasnifi. Tillarni o‘rganish aniq fanlar yutuqlariga asoslanib olib borilishi lozim, degan g‘oyaga tayanish. Tilning kelib chiqishini taqlidiy ovoz (onomatopoetik) nazariyaga bog‘laydi. Leybnits o‘zining bu nazariyasini «Inson aqli haqida yangi tajribalar»nomli asarida bayon etgan. Taqlidiy ovoz nazariyasi kishilarning o‘z atrofidagi predmetlar chiqargan ovoziga taqlid qilishi natijasida dastlabki so‘zlar paydo bo‘lgan deb isbotlashga urinadi. Kishilarning tabiatdagi predmetlar chiqargan ovozlarga taqlid qilishlari natijasida tildagi barcha predmetlarning nomi paydo bo‘lgan deb hisoblaydilar. Tildagi so‘zlarning paydo bo‘lishi Leybnits aytganidek bo‘lganda edi. U vaqtda dunyodagi bir necha ming tillardagi har bir predmetning nomi bir xil bo‘lib, bu tillarda so‘zlashuvchilarning hammasiga bir xilda tushunarli bo‘lishi kerak edi. Bundan tashqari, tabiatdagi er, oy, quyosh, tosh, tog‘, g‘or kabi predmetlar hech qachon o‘zicha tabiiy holda ovoz chiqarmagan. Modomiki, shunday ekan, kishilik jamiyatining boshlang‘ich davrlarida yashagan kishilar ana shunga o‘xshash ovoz chiqarmaydigan predmetlarga qanday qilib nom bergan? To‘g‘ri, ba’zi so‘zlar tabiatdagi predmetlarning ovoziga taqlid natijasida paydo bo‘lishi mumkin. Bunday so‘zlar deyarli hamma tillarda mavjud bo‘lsa ham ular ozchilikni tashkil qiladi. 4. Uyg‘onish davrida o‘rganiladigan tillar doirasining kengayishi. Uyg‘onish davri buyuk geografik kashfiyotlar davri sifatida tarixda sezilarli iz qoldirgan. Chunki bu davrda Xristofor Kolumb Amerikani kashf etdi (1492), Hindistonga dengiz orqali borish yo‘li ochildi (1498), tarixda birinchi marta Magellan 1519-1522 yillarda dengiz orqali dunyoni aylanib chiqadi. Ana shu geografik kashfiyotlar XVI-XVIII asrlarda jahon tillarini o‘rganish doirasini kengaytirdi. Tillarga tarixiy yondashish natijasida ko‘plab etimologik va ko‘p tillarni qamrab olgan lug‘atlar yaratildi. Bunga XVI asrning 80-yillarida italyan savdogari Sossetining xati turtki bo‘ldi. U o‘z xatida sanskrit tilidan besh olti so‘zni keltirib, ular italyan tilida mavjudligini ko‘rsatadi. Ana shu fikrlar ta’sirida tillar o‘rtasidagi o‘xshashlik va qarindoshlikni ko‘rsatishga xizmat qiluvchi asarlar yaratishga kirishdilar. XVII-XVIII asrlarda ko‘pchilik olimlar Evropa tillari o‘rtasidagi o‘xshashlikni qidirib, asarlar yozdilar. Litvalik Mixalo Lituanus yuz so‘zni olib, ularning litva va lotin tillarida hamohangligini ko‘rsatdi. Shu jarayonda rus va litva tillari qarindoshligini inkor etdi. Pader Syuvning «Kimr tili haqida yangi mulohazalar» nomli asarida skandinav tillari o‘rtasidagi o‘xshashlik tavsiflanadi. Golland tilshunosi L.Ten Kategot, nemis, golland, ingliz-sakson, island tillari so‘zlarini qiyoslaydi. Litva, latish va prus tillarining o‘xshashligi haqidagi fikr nemis olimi F. Ruhigning «Litva-nemis va nemis–litva lug‘ati» da bayon etilgan. Rus, grek, lotin, nemis tillaridagi o‘xshashlik M.Lomonosovning «Rossiya grammatikasi»da o‘z aksini topgan. Evropa tillarining sanskrit bilan qarindoshligini o‘rganish sohasida ingliz sharqshunosi U. Djonsning 1786 yili Osiyo jamiyatining yig‘ilishida so‘zlagan nutqi muhim ahamiyat kasb etadi. U grek, lotin, got, kelt tillaridagi so‘zlarni sanskrit tili bilan qiyoslaydi. Bundan tashqari, jonli tillarning ko‘p tillarini qamrab olgan lug‘atlar yaratildi. Shunday lug‘atlarning biri Halil Ibn Muhammad ibn Yusuf al-Qunaviyga tegishli bo‘lgan «Tarjumon turkiy va mug‘aliy» lug‘atidir. XIV asrda yaratilgan bu lug‘atda arabcha so‘zlar turkiycha, forscha va mo‘g‘ulcha so‘zlar bilan tarjima qilinadi va beriladi. («Tarjimon» XIV asr yozma obidasi. – Toshkent, 1980). Ko‘p tillik lug‘at sifatida Menajning 1650 yilda yaratilgan «Frantsuz tili etimologik lug‘ati», Ferrarining 1676 yil yaratilgan «Italyan tilining manbalari» nomli lug‘atlar yaratildi. Lug‘atchilikda P.S. Pallasning ham o‘rni bor. Pallas tabiatshunos olim, geograf, sayyoh, lug‘atshunos, Peterburg FAning akademigi (1767). 1768-1974 yillari Rossiyaning markaziy viloyatlari, Quyi Volga, Kaspiy pasttekisligi, Ural, Janubiy Sibir ekspeditsiyasiga rahbarlik qilgan. 1793-1794 yillarda Kavkaz, Qrimda bo‘lgan. Sayohat davrida geografiya, geologiya, botanika, zoologiya, foydali qazilmalar, o‘rmonchilik, etnografiya, tillar va boshqa sohalar bo‘yicha ko‘plab materiallar to‘plagan, muhim ilmiy xulosalar chiqargan. Bu xulosalar «Rossiya florasi», «Dunyo tillarining lug‘atlari» nomli asarlarida o‘z aksini topgan. Pyotr Simon Pallas Peterburgda 1786-1791 yillar to‘rt jildli lug‘atni nashr ettirdi. Bu lug‘atda 272 ta tilning so‘zi berilgan. Uning fan oldidagi xizmatlari uchun bir necha o‘simlik, hayvonlar va meteoritlar Pallas nomiga qo‘yilgan. Ispaniyalik monax L.Ervas-i-Panduro 1800-1805 yillarda olti tomlik «Taniqli xalqlarning til katalogi, ularning soni, sheva va dialektlari ayirmasiga ko‘ra bo‘linishi va tasnifi» nomli lug‘at tuzadi. Lug‘atda 300 tilga oid so‘zlar kiritilgan va 40 tilning grammatik tavsifi berilgan. Ervas-i-Panduro o‘z asarida tillarni tavsiflash bilan birga ularning o‘xshashligi va qarindoshligini aniqlagan. Tillarni qiyoslaganda grammatik shakllardan foydalangan. Ervas-i-Panduro V. Gumboldgacha tillarning malay-polineziya tillari oilasini kashf etgan. Bu oilaga kiruvchi malay yoki indoneziya tili, shuningdek, madura, baliy, yavan, tagalog, ma’oriy, samoa, uvea tillari kirishini ta’kidlaydi. Shu xildagi lug‘atlarning mashhuri nemis tilshunosi I.Adelung va I.Fater tomonidan 1806-1817 yillarda nashr etilgan «Mitridat yoki umumiy tilshunos» nomli to‘rt tomlik lug‘atdir. Lug‘atda tillarni geografik tamoyil asosida tasnif qiladi. Til materiali sifatida lug‘atda berilgan birliklar «Bizning yurtimiz» deb atalgan duo asaridan olinib, ular 500 til va shevalarda izohlanadi. Ishoqxon Ibrat arabcha, forscha, hindcha, turkcha, o‘zbekcha, ruscha kabi olti til so‘zlarini o‘z ichiga olgan «Lug‘ati sitta al-sina» lug‘atini yaratdi. Lug‘at mingdan ortiq so‘zni o‘z ichiga qamrab olgan bo‘lib, unda o‘zbekcha so‘zlarning qarshisida arabcha, forscha, turkcha, hindcha va ruscha tarjimalari berilgan. Ibratning «Lug‘ati sitta al-sina» asari ko‘p tillik lug‘atlar tuzishda dastlabki qadam bo‘lib, lug‘atshunoslik ni rivojlantirishga qo‘shilgan munosib hissadir. Ko‘zdan kechirilgan lug‘atlarda lug‘at maqolalari quyidagi sxema asosida joylashtirilgan: 1.Sarlavhaga chiqarilgan so‘z. 2.Sarlavhaga chiqarilgan so‘zning fonetik va orfografik izohi va undan hosil qilingan shakllar. 3.Sarlavhaga chiqarilgan so‘z va undan hosil qilingan shakllarning grammatik tavsifi. 4.So‘zning etimologiyasi. 5.So‘z va undan hosil qilingan shakllar semantik tavsifini tasdiqlovchi materiallar. 6.Sarlavha so‘z va undan hosil qilingan shakllar ma’nolarining sanskrit va evropa tillarida hamda turk , arab, fors tillarida ifodalanishi. 7.Ilovalar. 5. Mantiqiy-grammatik qarashlar. Ma’lumki, mantiqiy va grammatik kategoriyalarni bir-biridan farqlash borasida turlicha qarashlar mavjud. Tushuncha, hukm kategoriyalarini tavsiflash va tushunchaning so‘zga, hukmning gapga munosabati hanuz aniq farqlanmagan. Uyg‘onish davrida grammatik birliklarni mantiqiy kategoriya nuqtai nazaridan o‘rganish kuchaygan. Uyg‘onish davrida lotin tilini o‘rganish asta–sekin mantiqiy tafakkur qoidalarini bilish deb ham tushuniladigan bo‘ldi. Shu asosda grammatik hodisalar mantiqiy nuqtai nazardan baholana boshlandi. Natijada mantiq grammatikadan ustun qo‘yilib, barcha tillarning yagona mantiqiy asosi bo‘lishi, bitta grammatikasi bo‘lishi kerak, degan ta’limot yaratildi. Gap bo‘laklari mantiq kategoriyalari sub’ekt va predikat bilan, gap hukm bilan birlashtirib yuborildi. So‘z tushunchaning simvoli deb qaraldi. Ana shu tamoyil asosida tuzilgan grammatika Frantsiyaning Por-Royal monastrida 1660 yili Klod Lanselo va Arno tomonidan frantsuz tilida yozildi. Bu grammatika «Aql asoslariga qurilgan va aniq hamda tabiiy usulda bayon qilingan gapirish san’atini asoslab beruvchi umumiy grammatika» deb ataladi. Universal xarakterdagi bu grammatikaning falsafiy asosi ratsionalizmdir. Ratsionalizm aql idrokka ishonishga, oqilonalikni isbotlash va uni inson faoliyatining turli sohalariga asos qilib olish mumkinligiga tayanadi. Aqlga aloqador bo‘lgan qonuniyatlarni ratsionalistlar tilga nisbatan ham qo‘lladilar. Shuning uchun Por Royalda yaratilgan grammatika mualliflari o‘z oldilariga «nutq san’atining tabiiy asoslarini barcha tillar uchun mushtarak bo‘lgan tamoyillar va ularda uchraydigan ayirmalarning sabablari»ni aniqlashni maqsad qilib qo‘ygan. Ratsional va universal grammatika tamoyilida tuzilgan grammatikalar falsafiy grammatika deb ham atalgan. Falsafiy grammatika ilmiy jihatdan yanglish tamoyilga asoslanib tuzilgan bo‘lib, ularda quyidagi kamchiliklar mavjud: 1. Bu grammatika ayni bir mazmunning turli tillarda turlicha vositalar bilan ifodalanishini hisobga olmadi. Ifoda vositalarining qonun-qoidalari har xil bo‘lishi mumkin. 2. Bir tilning o‘zida ham turli tarixiy davrlarda har xil xususiyatlari paydo bo‘lishi hisobga olinmadi. Bir tilning turli davrdagi grammatikasi bir-biridan farq qilishi turgan gap. Falsafiy grammatika esa tilga o‘zgarmaydigan bir xilda turuvchi hodisa sifatida qarab, uning grammatikasi har doim mantiq qoidalariga bir xilda mos keladi deb hisoblaydilar. Bu bilan tildagi tarixiylikni inobatga olmaydilar. Por-Royal grammatikasining keyingi davrlarda yaratilgan grammatikalarga ta’siri kuchli bo‘ldi. 1801 yilda Gotfrid Yakov German tomonidan yaratilgan umumiy mantiqiy grammatika Kantning falsafiy kategoriyalariga amal qilib yozilgan. K.F.Bekker 1836 yili yozgan grammatikasida Gegel mantiqiga amal qilib, uni kambag‘allashtiradi. Bekkerning mantiqiy grammatikasini 1857 yili Shteyntal mahv etish darajasida tanqid qildi. 1840 yili Daniyada Lange ham o‘zining mantiqiy grammatikasini yaratdi. F.I. Buslaev (1818-1897) – o‘zining «Rus tilining tarixiy grammatikasi» (1858) asarida mantiqiy va grammatik kategoriyalarni tenglashtirishga intiladi. Shuning uchun uning bu qarashlarini A.A. Potebnya o‘zining «Rus grammatikasidan yozishmalar» (1874) nomli asarida tanqid qiladi. Download 113.65 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling