Tarjima adekvatligi (adekvat tarjima). Tarjima to’g’riligini baholayotib, biz “adekvatlik”" (muqobillik) terminidan foydalanamiz. Adekvat (muqobil) tarjima deb asl matnning mazmunini tarjima tilida aniq va to’g’ri berilishiga, kamomadsiz ayirboshlanishiga aytamiz. So’zma-so’z tarjima qilib, adekvat tarjimaga erishib bo’lmaydi. Masalan; Wie geht es Ihnen? iborasini so’zma-so’z “Qanday ketya’ti Sizga?” deb tarjima qilib bo’lmaydi. Kontekstning mazmuniga qarab, buni quyidagicha tarjima qilamiz:
- Ahvollaringiz qalay?
- Sog’liqlaringiz yaxshimi?
-Ishlaringiz yaxshimi?
Bu variantlardan qay birini muqobil deb hisoblash tarjimonning bilim va malakasiga bog’liq.
Agar ikkala tilning stilistik funktsiyasi, grammatik shakli bir-biriga to’g’ri kelsa, u paytda so’zma-so’z tarjima qilish mumkin.
Masalan: Ich bekam einen Brief - Men xat oldim.
Yana bir misolni ko’rib chiqaylik. Nemis, rus va o’zbek tillarida qavat soni o’zaro nisbatda bir-biriga to’g’ri kelmaydi.
Nemischa der erste Stock, die erste Etage birinchi qavatni emas, ikkinchi qavatni bildiradi. Birinchi qavat esa esa nemis tilida das Erdgeschoß, das Parterre, zu ebener Erde so’zlari bilan ifodalanadi.
Nemis tilidagi in einer Woche so’z birikmasi rus tiliga „через неделю“; o’zbek tiliga “bir haftadan keyin” deb tarjima qilinadi. Bu birikmani so’zma-so’z “в неделю/в течении одной недели”, “bir hafta ichida” deb tarjima qilish muqobillik jihatidan noto’g’ri bo’lar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |