Ushbu Qonunning maqsadi nobank kredit tashkilotlari faoliyati va mikromoliyalashtirish faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat


Download 199.51 Kb.
Sana14.05.2023
Hajmi199.51 Kb.
#1459877
Bog'liq
O‘RQ-765 20.04.2022 (1)




[OKOZ:

1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.22.00.00 Kreditlash / 07.22.06.00 Kreditlashning alohida turlari / 07.22.06.06 Kreditlashning boshqa turlari;

2.21.00.00.00 O‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.01.00.00 O‘zbekiston Respublikasining qonunlari]

[TSZ:

1.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]

O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 28-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 17-martda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi nobank kredit tashkilotlari faoliyati va mikromoliyalashtirish faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Nobank kredit tashkilotlari
Banklar tomonidan amalga oshiriladigan ayrim moliyaviy operatsiyalarning ushbu Qonunda ruxsat etilgan majmuini amalga oshiruvchi quyidagi kredit tashkilotlari nobank kredit tashkilotidir:
mikromoliya tashkiloti — mikromoliyalashtirish faoliyatini amalga oshiruvchi, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa xizmatlarni ko‘rsatuvchi yuridik shaxs;
lombard — shaxsiy iste’molga mo‘ljallangan ko‘char mol-mulkning (ashyoning) zakalat tarzidagi garovi asosida jismoniy shaxslarga qisqa muddatli mikroqarzlar berishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti — moliyaviy mablag‘larni jalb qilish va ularni ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishga yo‘naltirish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs.
4-modda. Nobank kredit tashkilotlarining faoliyati
Mikromoliya tashkilotlari:
mikromoliyalashtirish faoliyatini amalga oshirishga;
to‘lov agenti (subagenti) yoki banklarning, sug‘urta va boshqa moliya tashkilotlarining agenti vazifalarini amalga oshirishga;
o‘zi amalga oshirayotgan faoliyat bilan bog‘liq maslahat va axborot xizmatlarini ko‘rsatishga;
tadbirkorlik subyektlariga mikrokredit summasidan oshadigan miqdorda kreditlar, lizing, kafolatlar berishga, faktoring xizmatlari va islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatishga haqli.
Islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar deganda islomiy moliyalashtirishni amalga oshirish standartlarini belgilovchi xalqaro tashkilotlarning qoidalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) tomonidan ishlab chiqilgan tartibda ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar tushuniladi.
Lombardlar:
shaxsiy iste’molga mo‘ljallangan ko‘char mol-mulkning (ashyoning) zakalat tarzidagi garovi asosida jismoniy shaxslarga qisqa muddatli (bir yilgacha) mikroqarzlar berishga;
jismoniy shaxslardan shaxsiy iste’molga mo‘ljallangan ko‘char mol-mulkni (ashyoni) vaqtinchalik saqlash uchun qabul qilishga haqli.
Ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari:
1) quyidagilar orqali ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni amalga oshirishga:
a) banklarga ular tomonidan berilgan yoki beriladigan ipoteka kreditlariga moliyaviy mablag‘lar taqdim etishga;
b) banklar tomonidan berilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha talab qilish huquqini olishga;
v) pul mablag‘larini banklar tomonidan chiqarilgan ipoteka qimmatli qog‘ozlariga joylashtirishga;
2) ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish bilan bog‘liq maslahat va axborot xizmatlarini ko‘rsatishga haqli.
Nobank kredit tashkilotlari xizmatlarni masofadan turib (elektron xizmatlar) ko‘rsatishga, O‘zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog‘ozlarini, yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini va ularning qarz qimmatli qog‘ozlarini sotib olishga, bo‘sh pul mablag‘larini bankka omonatlar (depozitlar) sifatida kiritishga, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishga haqli.
5-modda. Mikromoliyalashtirish faoliyati
Yuridik shaxslarning quyidagi xizmatlarni ko‘rsatishga doir faoliyati mikromoliyalashtirish faoliyati deb e’tirof etiladi:
jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga to‘lovlilik, muddatlilik va qaytarish shartlari asosida ellik million so‘mdan oshmaydigan miqdorda pul mablag‘larini — mikroqarz berish;
tadbirkorlik subyekti yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga to‘lovlilik, muddatlilik va qaytarish, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan hollarda muayyan maqsadlar uchun foydalanish shartlarida uch yuz million so‘mdan oshmaydigan miqdorda pul mablag‘larini — mikrokredit berish;
jismoniy shaxslarga mikroqarz summasidan oshmaydigan miqdorda kreditlar va kafolatlar berish, islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish;
tadbirkorlik subyektlariga mikrokredit summasidan oshmaydigan miqdorda lizing va kafolatlar berish, faktoring xizmatlari hamda islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish.
Banklar, mikromoliya va to‘lov tashkilotlari, shuningdek mikroqarzlar berishga oid qism bo‘yicha lombardlar mikromoliyalashtirish faoliyatini amalga oshirishga haqli.
6-modda. Nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga doir cheklovlar
Nobank kredit tashkilotlari quyidagilarga haqli emas:
bevosita ishlab chiqarish, sug‘urta, shuningdek savdo faoliyatini amalga oshirishga, bundan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatuvchi mikromoliya tashkilotlari mustasno va ushbu Qonunda nazarda tutilmagan boshqa faoliyatni amalga oshirishga;
jismoniy va yuridik shaxslardan omonatlarni (depozitlarni) jalb etishga;
jismoniy shaxs bo‘lgan ishtirokchilardan (aksiyadorlardan) ustav fondiga (ustav kapitaliga) kiritilgan hissa summasidan yoki ularning egaligidagi aksiyalarning nominal qiymatidan oshadigan miqdorda qarz mablag‘larini jalb etishga, bundan obligatsiyalar shaklidagi qarz mablag‘larini jalb etish mustasno.
7-modda. Nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga doir talablar
Nobank kredit tashkiloti o‘z faoliyatini amalga oshirish chog‘ida:
nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
ustav fondini (ustav kapitalini) ushbu Qonun 17-moddasining uchinchi qismida belgilangan miqdordan kam bo‘lmasligini ta’minlash;
rahbar xodimlarning ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan talablarga muvofiq bo‘lishini ta’minlashi shart.
Lombard ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablardan tashqari kassa xonasining Markaziy bank talablariga muvofiqligini ta’minlashi kerak.
8-modda. Nobank kredit tashkilotlarining faoliyatiga doir mablag‘larning manbalari
Nobank kredit tashkilotlarining o‘z mablag‘lari, banklarning kreditlari, grantlar, shuningdek o‘z ishtirokchilaridan (aksiyadorlaridan) jalb etilgan qarz mablag‘lari nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga doir mablag‘larning manbalaridir.
Mikromoliya tashkilotlari ushbu Qonunning 26-moddasida belgilangan prudensial normativlarga rioya qilgan taqdirda, shuningdek ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari faoliyatini ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan mablag‘lardan tashqari quyidagi mablag‘lar hisobidan amalga oshirishga haqli:
korporativ obligatsiyalarni joylashtirishdan olingan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining hamda davlat jamg‘armalarining mablag‘lari;
xalqaro moliya institutlarining, chet el hukumat moliya tashkilotlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarning, shu jumladan chet el nodavlat notijorat tashkilotlarining qarz mablag‘lari;
yuridik shaxslardan, shu jumladan chet el yuridik shaxslaridan olingan qarz mablag‘lari;
islomiy moliyalashtirishga muvofiq bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarni joylashtirishdan olingan mablag‘lar — mikromoliya tashkilotlari uchun;
ipoteka qimmatli qog‘ozlarini joylashtirishdan olingan mablag‘lar — ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari uchun.
9-modda. Nobank kredit tashkilotlarining mustaqilligi
Nobank kredit tashkilotlari o‘z faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan qarorlarni qabul qilishda mustaqildir.
Davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga nobank kredit tashkilotlari faoliyatiga aralashish hamda ulardan turli xil to‘lovlar va badallar talab qilish taqiqlanadi, bundan ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
10-modda. Nobank kredit tashkilotlarining uyushmalari va boshqa birlashmalari
Nobank kredit tashkilotlari, agar ularni tashkil etish qonunchilik talablariga zid bo‘lmasa, o‘z umumiy manfaatlarini himoya qilish hamda birgalikdagi dasturlarni amalga oshirish maqsadida uyushmalar va boshqa birlashmalarni tashkil etishi mumkin.
Nobank kredit tashkilotlari uyushmalari va boshqa birlashmalari vakolatli davlat organi tomonidan ular ro‘yxatga olinganidan yoki tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinganidan keyin Markaziy bankni bu haqda o‘n kunlik muddatda xabardor qiladi.
11-modda. Mikromoliya tashkilotining faoliyatini to‘lov tashkilotlari tomonidan amalga oshirish
Mikromoliya tashkiloti faoliyatini to‘lov tashkilotlari ham to‘lov tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish vositasida Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan (bundan buyon matnda hisob ro‘yxati deb yuritiladi) o‘tganidan keyin amalga oshirishga haqli.
Mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkilotlariga ushbu Qonunda mikromoliya tashkilotlari uchun quyidagilarga nisbatan nazarda tutilgan talablar qo‘llaniladi:
ularni tashkil etishga, shuningdek filiallarni ochishga;
ishtirokchilar (aksiyadorlar) tarkibini o‘zgartirishga;
hisob ro‘yxatidan o‘tish tartib-taomillariga;
faoliyatni amalga oshirishga;
nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilishni amalga oshirishga, shu jumladan prudensial normativlarga rioya etishga;
mikromoliya tashkilotlari xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilishga.
Ushbu Qonunda nobank kredit tashkilotlarining firma nomiga nisbatan belgilangan talablar, nobank kredit tashkilotlarining rahbar xodimlariga qo‘yiladigan malaka talablari, shuningdek ushbu Qonun 20-moddasining birinchi qismida hisob ro‘yxatidan o‘tish uchun hujjatlarni taqdim etishga belgilangan muddat mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkiloti ijro etuvchi organining a’zolaridan biri ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan, mikromoliya tashkilotining ijro etuvchi organi rahbariga nisbatan qo‘yiladigan talablarga muvofiq bo‘lishi kerak.
Mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkilotlari o‘zida mavjud bo‘lgan kredit axborotini kredit byurolariga va Kredit axborotining davlat reyestriga kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq taqdim etishi shart.
Mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkilotidan to‘lov tashkilotining faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyasi chaqirib olinganligi uning mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan chiqarilishi uchun asos bo‘ladi, bundan uning mikromoliya tashkiloti sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tishi hollari mustasno. To‘lov tashkilotining yuqori boshqaruv organi tomonidan mikromoliya tashkiloti sifatida faoliyatni amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, mazkur tashkilot:
litsenziya chaqirib olingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida bu haqda Markaziy bankni xabardor qilishi;
mikromoliya tashkiloti sifatida qayta ro‘yxatdan o‘tishi va Markaziy bankka bu haqda litsenziya chaqirib olingan kundan e’tiboran qirq besh kun ichida ma’lumotlar taqdim etishi shart. Ushbu ma’lumotlar taqdim etilguniga qadar ushbu Qonun 4-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish taqiqlanadi.
2-bob. Nobank kredit tashkilotlarini va ularning filiallarini tashkil etish
12-modda. Nobank kredit tashkilotlarini tashkil etish
Nobank kredit tashkilotlari qonunchilikda nazarda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etiladi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno.
Ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi.
Nobank kredit tashkilotlari qonunchilikka muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
13-modda. Nobank kredit tashkilotining firma nomi
Nobank kredit tashkilotining firma nomida uning tashkiliy-huquqiy shakliga ko‘rsatma, shuningdek tashkilotning turiga qarab “mikromoliya tashkiloti”, “ipotekani qayta moliyalashtirish” yoki “lombard” degan so‘z yoki so‘z birikmasi, mikromoliya tashkilotining qisqartirilgan nomida esa (mavjud bo‘lganda) “MMT” degan qisqartma so‘z bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi hududida ilgari tashkil etilgan yoki tashkil etilayotgan banklarning yoxud nobank kredit tashkilotlarining firma nomlari bilan chalkashtirib yuborish darajasida o‘xshash bo‘lgan firma nomlaridan foydalanish taqiqlanadi, bundan nobank kredit tashkilotlarining ularni tashkil etgan banklarning firma nomlaridan foydalanishi mustasno.
Nobank kredit tashkiloti rasmiy blankalarda, muhrlarda, shtamplarda va o‘z faoliyati bilan bog‘liq boshqa hujjatlarda, shuningdek reklamada, peshlavhalarda, bosma ma’lumotnomalarda va bosma nashrlarda o‘z ustavida belgilanganidan farq qiladigan firma nomidan foydalanishga haqli emas.
Nobank kredit tashkilotining turlaridan biri sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan, biroq davlat ro‘yxatidan o‘tganidan keyin uch oy davomida hisob ro‘yxatidan o‘tish uchun hujjatlarni taqdim etmagan yuridik shaxslar o‘z firma nomida “mikromoliya tashkiloti”, “ipotekani qayta moliyalashtirish” so‘z birikmasidan yoki “MMT” degan qisqartma so‘zdan, shuningdek faoliyatni boshlaganlik haqida Markaziy bankka xabarnoma yubormagan yuridik shaxslar — “lombard” degan so‘zdan foydalanish huquqiga ega emas.
Nobank kredit tashkilotlari bo‘lmagan yuridik shaxslar o‘z firma nomida mikromoliya tashkilotining, lombardning faoliyatini, ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish yoki jismoniy shaxslarga kredit berish faoliyatini amalga oshirishini anglatuvchi so‘zdan, so‘z birikmasidan va (yoki) qisqartirma so‘zdan foydalanishga haqli emas, bundan ushbu faoliyatni qonunchilikka muvofiq amalga oshiruvchi yuridik shaxslar mustasno.
14-modda. Nobank kredit tashkilotining muassislari va ishtirokchilari (aksiyadorlari)
O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar nobank kredit tashkilotining muassislari va ishtirokchilari (aksiyadorlari) bo‘lishi mumkin.
Quyidagi shaxslar nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga bevosita yoki bilvosita egalik qilishi mumkin emas:
imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalar to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlat yoki hudud rezidenti bo‘lgan va (yoki) ushbu davlatda yoki hududda yashaydigan jismoniy shaxslar;
imtiyozli soliq rejimini taqdim etuvchi va (yoki) benefitsiar mulkdorning shaxsini oshkor etishni hamda moliyaviy operatsiyalar to‘g‘risidagi axborotni taqdim etishni nazarda tutmaydigan davlatda yoki hududda ro‘yxatga olingan yuridik shaxslar yoki ushbu davlat yoki hudud rezidenti bo‘lgan, unda yashaydigan yoki ro‘yxatdan o‘tgan boshqaruv organi a’zosi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar;
ushbu Qonun 16-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan ishchanlik obro‘siga doir talablarga javob bermaydigan jismoniy shaxslar;
boshqaruv organi a’zosi ushbu Qonun 16-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan ishchanlik obro‘siga doir talablarga javob bermaydigan yuridik shaxslar;
bankrot deb e’tirof etilgan shaxslar;
siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar;
davlat organlari, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno;
O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyatni amalga oshiruvchi boshqa nobank kredit tashkilotlari.
Nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga o‘zi nazorat qiladigan boshqa shaxs orqali egalik qiluvchi shaxs nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushiga bilvosita egalik qiluvchi shaxsdir.
Nazorat deganda shaxslar o‘rtasidagi quyidagi mezonlardan biriga mos keluvchi o‘zaro aloqa tushuniladi:
shaxs tomonidan yuridik shaxsning ustav fondida (ustav kapitalida) ustunlik qiladigan ulushga egalik qilish;
ishtirokchi (aksiyador) bo‘lgan shaxsning shu yuridik shaxs boshqaruv organlarining ko‘pchilik a’zolarini tayinlash yoki almashtirish huquqi;
shaxsning yuridik shaxs faoliyatiga u bilan tuzilgan shartnomaga va (yoki) uning ustavi qoidalariga muvofiq ta’sir ko‘rsatish imkoniyati.
Yuridik shaxsga bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi yoki uni nazorat qiluvchi jismoniy shaxs yuridik shaxsning benefitsiar mulkdoridir.
15-modda. Nobank kredit tashkiloti ishtirokchilari (aksiyadorlari) tarkibining o‘zgarishi
Jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tegishincha yaqin qarindoshlari hamda ularga aloqador shaxslar bilan birgalikda harakat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari (bundan buyon matnda norezidentlar deb yuritiladi) bir yoki bir nechta bitim natijasida nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘n foizni va undan ko‘proq foizni tashkil etadigan ulushini bevosita yoki bilvosita olguniga qadar Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishi shart.
Dastlabki ruxsatnomani olish uchun nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini olishni niyat qilgan shaxs Markaziy bankning elektron platformasi (bundan buyon matnda elektron platforma deb yuritiladi) orqali Markaziy bankka quyidagilarni ilova qilgan holda ariza taqdim etadi:
1) nobank kredit tashkilotining ishtirokchilari (aksiyadorlari) tarkibiga yangi ishtirokchi (aksiyador) kirgan taqdirda:
a) nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larning manbalari to‘g‘risidagi hujjatlar bilan tasdiqlangan axborotni;
b) nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini olishni niyat qilgan shaxsning ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismida belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni;
v) ushbu Qonun 20-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan tegishli hujjatlarni, agar nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini olishni niyat qilgan shaxs norezident bo‘lsa;
2) ishtirokchiga (aksiyadorga) tegishli hissaning miqdori (aksiyalar soni) ko‘paytirilgan taqdirda — nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini ko‘paytirish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larning manbalari to‘g‘risidagi hujjatlar bilan tasdiqlangan axborotni.
Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasisiz nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini olish bo‘yicha tuzilgan bitimlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Markaziy bankning keyingi ruxsatnomasini olish shaxs nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ushbu modda birinchi qismida ko‘rsatilgan hajmdagi ulushini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda (huquqiy vorislik, meros, hadya yoki sudning qaroriga asosan mulk huquqini olish) olgan taqdirda talab etiladi. Shaxs nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olgan kundan e’tiboran Markaziy bank tomonidan tegishli qaror qabul qilingan kunga qadar, Markaziy bank tomonidan keyingi ruxsatnomani berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda esa, bunday qaror qabul qilingan kundan e’tiboran va mazkur ulush boshqa shaxsga o‘tkazilgunga qadar ushbu shaxsning ishtirokchilarning (aksiyadorlarning) navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni talab qilish, kun tartibiga masalalar kiritish, shuningdek kuzatuv kengashi (mavjud bo‘lganda) va ijro etuvchi organlari a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqi to‘xtatib turiladi.
Nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olgan shaxs uni olgan kundan e’tiboran oltmish kun ichida Markaziy bankka elektron platforma orqali keyingi ruxsatnomasini olish uchun arizani va mazkur shaxsning ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismida belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.
Markaziy bank dastlabki yoki keyingi ruxsatnomani berish yoxud dastlabki yoki keyingi ruxsatnomani berishni asoslantirilgan holda rad etish to‘g‘risidagi qarorni ushbu moddaning ikkinchi yoki beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan hujjatlar olingan kundan e’tiboran o‘n besh ish kuni ichida qabul qiladi.
Nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini olish uchun berilgan dastlabki ruxsatnoma u olingan kundan e’tiboran olti oy davomida yuridik kuchini saqlab turadi.
Dastlabki yoki keyingi ruxsatnomani berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
hujjatlar to‘liq hajmda taqdim etilmaganligi va (yoki) ularda noto‘g‘ri va (yoki) buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar mavjudligi;
nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini olayotgan yoki o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olgan shaxsning ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismida belgilangan talablarga muvofiq emasligi;
kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa mablag‘lardan, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarini olish uchun foydalanilganligi.
Ishtirokchi (aksiyador) tomonidan ariza berilmagan yoki keyingi ruxsatnomani berish rad etilgan taqdirda unga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olingan nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi:
keyingi ruxsatnomani olish uchun ariza berilmagan taqdirda, ulush olingan kundan e’tiboran;
keyingi ruxsatnomani berish rad etilgan kundan e’tiboran uch oy ichida boshqa shaxsga o‘tkazilishi lozim.
Nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi shaxslar tarkibida ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxsning mavjudligi fakti aniqlangan taqdirda, Markaziy bank nobank kredit tashkilotiga va uning yuqori boshqaruv organiga uni almashtirish talabi bilan ko‘rsatma yuboradi. Mazkur ko‘rsatma olingan kundan e’tiboran ko‘rsatmada qayd etilgan shaxsning ishtirokchilarning (aksiyadorlarning) navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishini chaqirishni talab qilish, kun tartibiga masalalar kiritish, shuningdek kuzatuv kengashi (mavjud bo‘lganda) va ijro etuvchi organlari a’zoligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqi to‘xtatib turiladi.
Nobank kredit tashkiloti yoki Markaziy bankning ko‘rsatmasida qayd etilgan shaxs ko‘rsatma ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda ma’muriy sudga shikoyat qilishga haqli. Ko‘rsatma ustidan shikoyat berilishi Markaziy bankning qarorini ijro etishdan ozod qilmaydi.
Nobank kredit tashkiloti ishtirokchilar tarkibi o‘zgarganidan keyin ustavga kiritilgan o‘zgartish va (yoki) qo‘shimchalarni ular qonunchilikka muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida Markaziy bankka taqdim etishi shart.
16-modda. Nobank kredit tashkilotlarining rahbar xodimlariga doir talablar
Nobank kredit tashkilotining kuzatuv kengashi (mavjud bo‘lganda) va ijro etuvchi organi a’zolari yoki yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organ vazifasini amalga oshiruvchi shaxsi, bosh buxgalteri yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxsi, filiallarning rahbarlari, shuningdek Markaziy bank tomonidan belgilangan boshqa shaxslar (bundan buyon matnda rahbar xodim deb yuritiladi) ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq ishchanlik obro‘siga doir talablarga, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan rahbar xodimlar malaka talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Ishchanlik obro‘siga doir talablar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
iqtisodiy sohadagi jinoyatlar, boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar hamda terrorizmni moliyalashtirish va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar uchun tugallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganlik holatlarining mavjud emasligi;
moliya (kredit) tashkilotining moliyaviy ahvoli yomonlashishiga yoki uning bankrot bo‘lishiga, litsenziyasi chaqirib olinishiga yoki mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan yoki lombardlar reyestridan chiqarilishiga olib kelgan harakatlar sodir etishga va (yoki) harakatsizlikka rahbar xodimning aloqadorligi to‘g‘risidagi dalillarning mavjud emasligi.
Malaka talablari:
1) quyidagilarda ijro etuvchi organ rahbari yoki yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organ vazifalarini amalga oshiruvchi shaxs:
a) mikromoliya tashkiloti yoki lombardda — oliy iqtisodiy ma’lumotga yoki bank-moliya sohasida ikki yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lishini;
b) ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotida — oliy iqtisodiy ma’lumotga va bank-moliya sohasida besh yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga, shundan ushbu sohalarda rahbarlik lavozimlarida kamida uch yil ish tajribasiga ega bo‘lishini;
2) quyidagilarda bosh buxgalter yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxs:
a) mikromoliya tashkiloti yoki lombardda — oliy ma’lumotga yoki buxgalteriya hisobini yuritish yoki moliyaviy hisobotni tuzish yoxud auditorlik faoliyati bilan bog‘liq ikki yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lishini;
b) ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotida — oliy iqtisodiy ma’lumotga yoki buxgalteriya hisobini yuritish yoki moliyaviy hisobotni tuzish yoxud auditorlik faoliyati bilan bog‘liq uch yildan kam bo‘lmagan ish tajribasiga ega bo‘lishini o‘z ichiga oladi.
Nobank kredit tashkiloti Markaziy bankka quyidagilar to‘g‘risida yozma xabarnoma taqdim etishi shart:
nobank kredit tashkilotining rahbar xodimi lavozimga tayinlanganligi (saylanganligi) haqida u tayinlangan (saylangan) kundan e’tiboran besh ish kuni ichida rahbar xodimning ushbu moddada belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ilova qilgan va ilgari ushbu lavozimni egallagan shaxsning ozod etilishi sabablarini ko‘rsatgan holda;
nobank kredit tashkiloti rahbar xodimining ushbu moddada belgilangan talablarga muvofiq emasligi fakti aniqlanganligi va ushbu fakt aniqlangan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida unga nisbatan ko‘rilgan choralar haqida.
Markaziy bank tomonidan nobank kredit tashkiloti rahbar xodimining ushbu moddada ko‘rsatilgan talablarga muvofiq emasligi fakti aniqlangan taqdirda, nobank kredit tashkilotiga uni almashtirish to‘g‘risida ko‘rsatma yuboriladi.
17-modda. Nobank kredit tashkilotining ustav fondi (ustav kapitali)
Nobank kredit tashkilotining ustav fondi (ustav kapitali) O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasida shakllantiriladi va faqat nobank kredit tashkilotining muassislari (ishtirokchilari, aksiyadorlari) tomonidan kiritilgan pul mablag‘laridan tashkil topadi.
Nobank kredit tashkilotining ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish uchun kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa mablag‘lardan, shuningdek jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.
Ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori:
ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti uchun — yigirma besh milliard so‘mni;
mikromoliya tashkiloti uchun — ikki milliard so‘mni;
lombard uchun — besh yuz million so‘mni tashkil etishi kerak.
Nobank kredit tashkiloti ustav fondining (ustav kapitalining) eng kam miqdori hisob ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza berilgan yoki lombard faoliyatini boshlaganlik haqida xabarnoma yuborilgan kunga qadar shakllantirilgan bo‘lishi va hisob ro‘yxatidan o‘tkazilguniga qadar yoki lombard faoliyatini boshlaganlik to‘g‘risidagi xabarnoma yuborilguniga qadar bank hisobvarag‘ida saqlanishi kerak.
18-modda. Nobank kredit tashkilotining filiallari
Nobank kredit tashkilotining yuridik shaxs bo‘lmagan, o‘z faoliyatini nobank kredit tashkiloti nomidan uning vakolatli boshqaruv organi tomonidan tasdiqlangan nizom asosida amalga oshiradigan alohida bo‘linmasi nobank kredit tashkilotining filialidir.
Nobank kredit tashkilotining filiali nobank kredit tashkiloti bilan yagona ustav fondiga (ustav kapitaliga) va balansga ega bo‘ladi, shuningdek uning mol-mulki bilan ta’minlanadi.
Nobank kredit tashkiloti filialining nomi uni tashkil etgan nobank kredit tashkilotining firma nomini o‘z ichiga olishi shart.
Agar mikromoliya tashkiloti faoliyatini ushbu Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirsa, mikromoliya tashkiloti filialni ochish chog‘ida prudensial normativlarga rioya etishi shart.
Nobank kredit tashkiloti filialni ochgan kundan e’tiboran o‘n ish kuni ichida Markaziy bankka vakolatli boshqaruv organining filialni tashkil etish to‘g‘risidagi qarorini, filial haqidagi nizomni va filialning rahbari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ilova qilgan holda bu haqda elektron platforma orqali xabarnoma yuborishi shart.
Lombard filial ochilguniga qadar filial kassa xonalarining Markaziy bank talablariga muvofiqligini ta’minlashi shart.
Filialning faoliyati natijasida nobank kredit tashkilotining moliyaviy ahvoli yomonlashganda Markaziy bank ushbu filialning yopilishini talab qilishga haqli.
Filialning nomi yoki joylashgan eri o‘zgarganligi to‘g‘risidagi xabarnoma bunday o‘zgarish yuzaga kelgan kundan e’tiboran uch kunlik muddat ichida elektron platforma orqali Markaziy bankka yuborilishi kerak.
Nobank kredit tashkiloti Markaziy bankni filialning yopilishi to‘g‘risida uni yopish haqida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran besh kun ichida elektron platforma orqali xabardor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasida nobank kredit tashkilotlari faoliyatini amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslarining filiallarini tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
3-bob. Nobank kredit tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish, lombardning faoliyati boshlanganligi to‘g‘risidagi xabarnomani yuborish va nobank kredit tashkiloti haqidagi ma’lumotlarni reyestrdan chiqarish
19-modda. Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish shartlari
Mikromoliya tashkilotining yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotining faoliyati u haqidagi ma’lumotlarni tegishincha mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestriga kiritish vositasida hisob ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi.
Lombard faoliyati lombard faoliyatini boshlaganlik to‘g‘risidagi xabarnoma qabul qilinganligi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanganidan keyin amalga oshiriladi. Xabarnoma qabul qilinganligini tasdiqlash lombardni lombardlar reyestriga kiritish vositasida amalga oshiriladi.
Lombard o‘z faoliyatini boshlaganlik haqidagi xabarnomani yuborguniga qadar kassa xonalarining Markaziy bank talablariga muvofiqligini ta’minlashi shart. Mazkur talabni bajarish o‘rniga lombard o‘z faoliyatini kompleks sug‘urtalash polisini taqdim etishga haqli.
Mikromoliya tashkiloti naqd pullar va qimmatliklar bilan faoliyatni amalga oshirish chog‘ida ularning butligini, daxlsizligini va xavfsizligini ta’minlashi shart.
Mikromoliya tashkilotining, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotining ular hisob ro‘yxatidan o‘tguniga qadar amalga oshiriladigan faoliyati, shuningdek lombard faoliyatini boshlaganlik to‘g‘risidagi xabarnoma qabul qilinganligi Markaziy bank tomonidan tasdiqlanguniga qadar lombardning amalga oshiriladigan faoliyati g‘ayriqonuniy deb hisoblanadi. Bunday faoliyat natijasida olingan daromad O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga olib qo‘yiladi.
20-modda. Hisob ro‘yxatidan o‘tish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Mikromoliya tashkiloti yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti (bundan buyon matnda ariza beruvchi deb yuritiladi) hisob ro‘yxatidan o‘tish uchun u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin uch oydan kechiktirmay Markaziy bankka elektron platforma orqali quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza beruvchining firma nomi va joylashgan eri (pochta manzili), shuningdek uning bank hisobvarag‘i rekvizitlari ko‘rsatilgan arizani;
ariza beruvchining ishtirokchilari (aksiyadorlari) ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar emasligini tasdiqlovchi ma’lumotlarni;
uning ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish uchun kiritilgan mablag‘larning manbalari to‘g‘risida hujjatlar bilan tasdiqlangan axborotni;
ariza beruvchining rahbar xodimlari ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni.
Ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlardan tashqari quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
kredit va investitsiya siyosatini, tavakkalchiliklarni, aktivlar va passivlarni boshqarish siyosatini belgilovchi hujjatlarni;
namunaviy bosh kredit shartnomasining (qayta moliyalashtirish shartnomasining) loyihasini;
keyingi uch yilga mo‘ljallangan biznes-rejani.
Norezidentlar tomonidan mikromoliya tashkilotini yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotini tashkil etish chog‘ida yoxud ularning ustav fondida (ustav kapitalida) norezidentlar ishtirok etganda, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
yuridik shaxsni nazorat qilish organining mikromoliya tashkilotini yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotini tashkil etish uchun yoki ularning ustav fondida (ustav kapitalida) ishtirok etish uchun ruxsatnoma berilganligi to‘g‘risidagi yozma tasdig‘i yoxud shunday ruxsatnoma talab etilmasligi haqidagi tasdiqnoma yoki uning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi organ mavjud emasligi to‘g‘risida yuridik shaxsning tasdiqnomasi;
auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan oxirgi hisobot yili uchun moliyaviy hisobotlar — yuridik shaxslar ishtirok etgan taqdirda;
oxirgi ikki yil uchun daromadlar haqidagi deklaratsiya — jismoniy shaxslar ishtirok etgan taqdirda.
Norezidentlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar norezident bo‘lgan yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tgan yoki norezident bo‘lgan jismoniy shaxs yashayotgan mamlakatdagi O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasasi, norezident bo‘lgan yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tgan yoki norezident bo‘lgan jismoniy shaxs yashayotgan mamlakatning Tashqi ishlar vazirligi yoki mazkur mamlakatning O‘zbekiston Respublikasidagi konsullik muassasasi yoxud diplomatik vakolatxonasi tomonidan tasdiqlanadi, keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamentida tasdiqlanadi.
Markaziy bank ushbu moddaning birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida ko‘rsatilgan hujjatlarning shakli va mazmuniga talablar belgilashga, shuningdek tegishli vakolatli organlardan ariza beruvchini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olishga haqli.
21-modda. Hujjatlarni ko‘rib chiqish va hisob ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibi
Ariza beruvchi tomonidan hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq taqdim etilgan taqdirda Markaziy bank tomonidan ko‘rib chiqiladi. Boshqa hollarda Markaziy bank ular olingan kundan e’tiboran besh kun ichida ariza beruvchiga hujjatlar ko‘rib chiqilmasligi haqida xabarnoma yuboradi. Mazkur xabarnomada ushbu Qonunning 20-moddasiga muvofiq taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati ham ko‘rsatiladi.
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im undirilmaydi.
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazish yoki hisob ro‘yxatidan o‘tkazishni asoslantirilgan holda rad etish to‘g‘risidagi qaror hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar olingan kundan e’tiboran o‘n besh ish kuni ichida Markaziy bank tomonidan qabul qilinadi. Mikromoliya tashkiloti yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti norezidentlar tomonidan tashkil etilgan hollarda ushbu muddat o‘n ish kuniga uzaytirilishi mumkin.
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish davrida ularda ko‘rsatilgan ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda, ariza beruvchi bu haqda zudlik bilan Markaziy bankni xabardor qilishi va yangilangan hujjatlarni o‘zgartishlar yuzaga kelgan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida taqdim etishi kerak. Bunda hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddati o‘n ish kuniga uzaytiriladi.
Ariza beruvchiga hisob ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi xabarnoma hisob ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi axborot hisob ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi lozim.
22-modda. Hisob ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq emasligi va (yoki) ularda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarning mavjudligi;
ariza beruvchining ishtirokchilari (aksiyadorlari) tarkibida ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarning mavjudligi;
rahbar xodimlarning ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan talablarga muvofiq emasligi;
ariza beruvchining ustav fondi (ustav kapitali) ushbu Qonunning 17-moddasi talablariga muvofiq emasligi;
norezident bo‘lgan yuridik shaxs nazorat qilish organining hisob ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi tavsiyasi mavjudligi;
ariza beruvchining hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlarni ushbu Qonunda belgilangan muddatlarda taqdim etmaganligi.
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish haqidagi xabarnoma (bundan buyon matnda rad etish to‘g‘risidagi xabarnoma deb yuritiladi) ariza beruvchiga rad etish asoslari ko‘rsatilgan holda, hisob ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan e’tiboran bir ish kunidan kechiktirmay yuboriladi.
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu modda birinchi qismining ikkinchi — oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra rad etilgan taqdirda, rad etish haqidagi xabarnomada ariza beruvchi rad etish asoslarini bartaraf etib, hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish uchun taqdim etishi mumkin bo‘lgan muddat ham ko‘rsatilishi kerak. Mazkur muddat rad etish asoslarini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan vaqtga mutanosib bo‘lishi, biroq o‘n ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish hujjatlar olingan kundan e’tiboran o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni takroran ko‘rib chiqish chog‘ida rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ilgari ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha hisob ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun hujjatlar rad etish asoslari bartaraf etilmasdan takroran taqdim etilgan taqdirda, Markaziy bank ushbu hujjatlar qabul qilingan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida ular ko‘rib chiqilmasligi to‘g‘risida ariza beruvchini xabardor qiladi.
Quyidagi hollardan biri yuzaga kelgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida mikromoliya tashkiloti yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti o‘z firma nomidan “mikromoliya tashkiloti”, “ipotekani qayta moliyalashtirish” degan so‘z birikmalarini, shuningdek “MMT” degan qisqartirma so‘zni (mavjud bo‘lganda) chiqarib tashlashi yoki faoliyatni tugatish haqida yoxud qayta tashkil etish natijasida tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart:
hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar rad etish asoslari bartaraf etilmasdan taqdim etilganligi munosabati bilan ular takroran ko‘rib chiqilmasligi haqida Markaziy bankning xabarnomasini olganda;
hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar takroran ko‘rib chiqish uchun rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ko‘rsatilgan muddatda taqdim etilmaganda;
hisob ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu modda birinchi qismining yettinchi xatboshisida ko‘rsatilgan asos bo‘yicha rad etilganda.
23-modda. Lombardning faoliyati boshlanganligi to‘g‘risida xabardor qilish tartibi
Lombardning faoliyati boshlanganligi to‘g‘risidagi xabarnoma lombard davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin uch oydan kechiktirmay Markaziy bankka quyidagi hujjatlar ilova qilingan holda, elektron platforma orqali yuborilishi kerak:
lombardning ishtirokchilari (aksiyadorlari) ushbu Qonun 14-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslar emasligini tasdiqlovchi ma’lumotlar;
lombardning ustav fondini (ustav kapitalini) shakllantirish uchun uning ishtirokchilari (aksiyadorlari) tomonidan kiritilgan mablag‘larning manbalari haqidagi hujjatlar bilan tasdiqlangan axborot;
lombardning rahbar xodimlari ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar.
Lombard norezidentlar tomonidan tashkil etilganda yoki uning ustav fondida (ustav kapitalida) norezidentlar ishtirok etganda, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda ushbu Qonun 20-moddasining uchinchi qismida ko‘rsatilgan tegishli hujjatlar mazkur moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda taqdim etiladi.
Lombardning faoliyati boshlanganligi to‘g‘risidagi xabarnoma lombard nomidan ish yuritish vakolatiga ega bo‘lgan shaxsning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
Lombard Markaziy bankka faoliyatni boshlaganlik haqidagi xabarnomani yuborganda qonunchilik hujjatlarida o‘z faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan talablarga va shartlarga rioya etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
Lombardning faoliyati boshlanganligi to‘g‘risida xabarnoma yuborganlik uchun yig‘im undirilmaydi.
24-modda. Nobank kredit tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni reyestrdan chiqarish
Nobank kredit tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan yoki lombardlar reyestridan chiqarish to‘g‘risidagi qaror Markaziy bank tomonidan quyidagi hollarda qabul qilinadi:
nobank kredit tashkiloti tomonidan ushbu Qonunda taqiqlangan va (yoki) nazarda tutilmagan faoliyat amalga oshirilganda;
mikromoliya tashkiloti yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkiloti o‘zi haqidagi ma’lumotlarni mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan chiqarish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat etganda, shuningdek Markaziy bank lombardning faoliyati tugatilganligi haqida xabarnoma olganda;
Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestriga nobank kredit tashkilotining faoliyati tugatilganligi haqida yozuv kiritilganda;
nobank kredit tashkiloti to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganda (kreditorlarning talablarini ularni bajarish muddatlari boshlangan kundan e’tiboran uch oy ichida qanoatlantirishga qodir emasligi va (yoki) majburiyatlarning aktivlardan oshib ketganligi);
Markaziy bankning nazoratga doir vazifalarini bajarishga to‘sqinlik qilinganda;
ayrim operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha cheklovlarning amal qilish davrida nobank kredit tashkiloti tomonidan ushbu operatsiyalar amalga oshirilganda;
ariza beruvchi hisob ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yoki lombardning faoliyati boshlanganligi to‘g‘risidagi xabarnomada soxta hujjatlardan foydalanganda — sud qaroriga asosan.
Markaziy bank quyidagi hollarda nobank kredit tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan yoki lombardlar reyestridan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli:
ushbu Qonunning 7-moddasida belgilangan talablar bajarilmaganda;
ushbu Qonunning 4-moddasida nazarda tutilgan faoliyat ketma-ket olti oydan ortiq vaqt davomida amalga oshirilmaganda;
lombard faoliyatini amalga oshirishi uchun belgilangan talablar va shartlar bajarilganligi to‘g‘risida yolg‘on yoki ishonchsiz axborot berilganda.
Markaziy bank nobank kredit tashkiloti haqidagi ma’lumotlarni mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan yoki lombardlar reyestridan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilgan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida bu haqda nobank kredit tashkilotini xabardor qiladi va qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi axborotni Markaziy bankning rasmiy veb-saytida e’lon qiladi.
Nobank kredit tashkiloti o‘zi haqidagi ma’lumotlarni mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan yoki lombardlar reyestridan chiqarish to‘g‘risida Markaziy bankning xabarnomasini olgan sanadan e’tiboran yangi xizmatlar ko‘rsatishga haqli emas.
Nobank kredit tashkiloti o‘zi haqidagi ma’lumotlarni mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan yoki lombardlar reyestridan chiqarish to‘g‘risida Markaziy bank tomonidan qaror qabul qilinganidan keyin o‘ttiz kun ichida o‘z firma nomidan “mikromoliya tashkiloti”, “ipotekani qayta moliyalashtirish”, “lombard” degan so‘zni yoki so‘z birikmalarini, shuningdek “MMT” degan qisqartirma so‘zni (mavjud bo‘lganda) chiqarib tashlashi yoxud faoliyatni tugatish yoki qayta tashkil etish natijasida tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart.
4-bob. Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish
25-modda. Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish yuzasidan Markaziy bankning vakolatlari
Nobank kredit tashkilotlari faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
Markaziy bank nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish maqsadida quyidagilarni belgilaydi:
ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan o‘tish tartibini;
nobank kredit tashkilotlarining axborot xavfsizligini va kiberxavfsizligini ta’minlashga doir minimal talablarni;
lombardlarning kassa xonalariga doir talablarni;
nobank kredit tashkilotlari tomonidan yangi moliyaviy operatsiyalarni, texnologiyalarni va xizmatlarni nazorat qilinadigan cheklangan muhitda (qamrov hududi, sinov davri, xizmatlar hamda operatsiyalar soni va (yoki) hajmi, iste’molchilar soni va boshqalar) sinovdan o‘tkazish bo‘yicha maxsus huquqiy rejimni (“tartibga solish qumdoni”);
mikromoliya tashkilotlari tomonidan to‘lov agenti (subagenti) yoki banklar, sug‘urta va boshqa moliya tashkilotlari agenti vazifalarini amalga oshirish tartibini;
mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish tartibini;
mikromoliya tashkilotlari va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining aktivlari sifatini tasniflash va baholashga, ularni tasniflash asosida aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralarni shakllantirishga doir talablarni;
mikromoliya tashkilotlari va lombardlar xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishi chog‘ida ushbu tashkilotlar faoliyatiga doir minimal talablarni;
maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga doir ichki nazorat qoidalarini.
Markaziy bank nobank kredit tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida quyidagilarni belgilaydi:
nobank kredit tashkilotlari tomonidan faoliyatni va moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, buxgalteriya hisobini yuritish qoidalarini, hisobotlarning shakli, tuzilishi va mazmunini, moliyaviy hamda nazoratga doir hisobotlarni tuzish uslubiyatini, davriyligini va taqdim etish muddatlarini, tavakkalchiliklarni baholash hamda ularning faoliyatini nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni taqdim etish muddatlarini;
mikromoliya tashkilotlari va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari uchun prudensial normativlarni hisoblab chiqarish tartibini hamda ushbu normativlarning yo‘l qo‘yiladigan qiymatlarini.
Markaziy bank nobank kredit tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida:
nobank kredit tashkilotlaridan, ularga aloqador bo‘lgan shaxslardan, shuningdek nobank kredit tashkilotlarining uyushmalaridan (ittifoqlaridan) hisobotlarni va hujjatlarni so‘rab olishga hamda tekshirishga, olingan axborotni tushuntirib berishni talab qilishga;
nobank kredit tashkilotlarini inspeksiyadan (tekshiruvdan) o‘tkazishga;
mikromoliya tashkilotlari tomonidan beriladigan iste’mol kreditlari va mikroqarzlar, shuningdek lombardlar tomonidan beriladigan mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalarining va to‘lovlarning eng yuqori qiymatlarini belgilashga;
mikromoliya tashkilotlarining va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining ichki auditiga doir talablarni belgilashga haqli.
Markaziy bank mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestrini, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestrini, shuningdek lombardlar reyestrini yuritadi.
26-modda. Prudensial normativlarga rioya etish
Ushbu Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan mablag‘lar hisobidan faoliyatni amalga oshiruvchi mikromoliya tashkilotlari, shuningdek ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari prudensial normativlarga rioya etishi shart.
Prudensial normativlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
kapitalning yetarlilik koeffitsiyentlarini;
likvidlilik koeffitsiyentlarini;
bir qarz oluvchiga yoki o‘zaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng ko‘p miqdorini;
mikromoliya tashkilotiga aloqador bo‘lgan shaxslar uchun tavakkalchilikning eng ko‘p miqdorini;
yuridik shaxslarning ustav fondiga (ustav kapitaliga) va (yoki) qarz qimmatli qog‘ozlariga investitsiyalarning eng ko‘p miqdorini.
Lombardlarning, shuningdek faoliyatni o‘z mablag‘lari, banklarning kreditlari va o‘z ishtirokchilaridan (aksiyadorlaridan) jalb etilgan qarz mablag‘lari hisobidan amalga oshiruvchi mikromoliya tashkilotlarining prudensial talablarga rioya etishi talab etilmaydi.
27-modda. Mikromoliya tashkilotiga aloqador bo‘lgan shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish.
Ushbu Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan mablag‘lar hisobidan faoliyatni amalga oshiruvchi mikromoliya tashkilotlarining ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan, o‘zlariga aloqador bo‘lgan shaxslarga yoki bunday shaxslar nomidan harakat qiladigan shaxslarga xizmatlar ko‘rsatishi bunday xizmatlar ushbu tashkilotlarga aloqador bo‘lmagan shaxslar uchun nazarda tutilgan shartlarga qaraganda ancha qulay shartlar asosida ko‘rsatiladigan hollarda taqiqlanadi.
Mikromoliya tashkilotiga aloqador bo‘lgan shaxslar quyidagilardan iborat:
uning rahbar xodimlari;
mikromoliya tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) yigirma foiz va undan ortiq ulushlariga bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi shaxslar;
uning ustidan nazoratni amalga oshirayotgan yoki uning nazorati ostidagi yoxud u bilan birgalikda uchinchi shaxs nazorati ostida bo‘lgan shaxslar;
ushbu qismning ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan jismoniy shaxslarning yaqin qarindoshlari (qarindosh yoki qayin-bo‘yinchilik munosabatidagi shaxslar, ya’ni ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar hamda opa-singillar, er-xotin, farzandlar, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobolar, buvilar, nevaralar, er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalari hamda opa-singillari);
yuridik shaxslar ustav fondining (ustav kapitalining) yigirma foiz va undan ortiq ulushlarga egalik qiluvchi shaxslar mikromoliya tashkiloti ustidan nazoratni amalga oshirayotgan bo‘lsa, mazkur yuridik shaxslar.
Ancha qulay shartlarni taqdim etish deganda quyidagilar tushuniladi:
mikromoliya tashkilotining o‘ziga aloqador bo‘lgan shaxsga yoki shunday shaxsning manfaatlarini ko‘zlab o‘zining tabiati, maqsadlari, o‘ziga xos xususiyatlari va tavakkalchiligiga ko‘ra boshqa shaxslarga ko‘rsatmaydigan xizmatlarini ko‘rsatishi;
xizmat ko‘rsatish uchun boshqa shaxslardan talab qilinadiganidan pastroq tarzda haq olish yoki ta’minotni boshqa shaxslardan talab qilinadigan qiymatdan yuqoriroq qiymat bo‘yicha qabul qilish.
Mikromoliya tashkiloti o‘ziga aloqador bo‘lgan shaxslarga ushbu moddaning talablarini hisobga olgan holda, kuzatuv kengashining (mavjud bo‘lganda) yoki yuqori boshqaruv organining qaroriga ko‘ra xizmatlar ko‘rsatishi mumkin.
Agar shaxs mikromoliya tashkiloti bilan xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomani imzolaganidan keyin unga aloqador shaxsga aylansa, mikromoliya tashkilotining kuzatuv kengashi (mavjud bo‘lganda) yoki yuqori boshqaruv organi mazkur shaxs unga aloqador shaxsga aylangan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida ushbu shartnomani ma’qullashi yoki uni bekor qilish to‘g‘risida farmoyish berishi kerak.
Kuzatuv kengashining (mavjud bo‘lganda) yoki yuqori boshqaruv organining a’zosi mikromoliya tashkiloti bilan o‘zi o‘rtasida yoki o‘ziga aloqador shaxs o‘rtasida tuzilgan yoki tuziladigan xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma masalasi bo‘yicha yig‘ilishda hozir bo‘lmasligi, qabul qilinadigan qarorga ta’sir ko‘rsatishga urinmasligi kerak.
Mikromoliya tashkiloti o‘ziga aloqador bo‘lgan shaxslarga xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarning alohida reyestrini yuritishi va reyestrni Markaziy bankka uning talabiga binoan taqdim etishi shart.
28-modda. Nobank kredit tashkilotlariga nisbatan qo‘llaniladigan choralar va sanksiyalar
Markaziy bank nobank kredit tashkilotlariga nisbatan:
nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini, shu jumladan belgilangan prudensial normativlarni hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik;
ular xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini buzganlik;
faoliyatni xabardor qilish tartibida amalga oshirish uchun belgilangan talablar va shartlar bajarilganligi to‘g‘risida Markaziy bankka yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot berganlik uchun choralar va sanksiyalar qo‘llashga haqli.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan qoidabuzarliklar aniqlanganda Markaziy bank quyidagi choralar va sanksiyalarni qo‘llashga haqli:
nobank kredit tashkilotlariga ularning faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida, shu jumladan nobank kredit tashkilotlari xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish haqida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuborish;
ayrim operatsiyalarni o‘tkazishni uch oygacha bo‘lgan muddatga cheklash;
nobank kredit tashkilotining o‘z kapitalining besh foizigacha miqdorda jarima undirish;
nobank kredit tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan yoki lombardlar reyestridan chiqarish;
xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni to‘xtatib turish yoki tugatish.
Choralar va sanksiyalarni qo‘llashda Markaziy bank quyidagilarni hisobga oladi:
tavakkalchilik darajasini, qoidabuzarliklar xususiyatini, miqyosini va ularning oqibatlarini;
qoidabuzarliklarning tizimliligi va davomiyligini;
yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarning nobank kredit tashkilotining moliyaviy holatiga ta’sirini;
qo‘llaniladigan choralar va (yoki) sanksiyalar natijasida vaziyatni o‘zgartirish imkoniyatini;
aniqlangan qoidabuzarliklarning va (yoki) tavakkalchiliklarning yuzaga kelishiga olib kelgan sabablarni;
ilgari qo‘llanilgan choralar va sanksiyalarning samaradorligini (natijadorligini).
5-bob. Nobank kredit tashkilotlarida buxgalteriya hisobi, hisobotlar, ichki audit va auditorlik tekshiruvi
29-modda. Nobank kredit tashkilotlarida buxgalteriya hisobi va hisobotlar
Nobank kredit tashkilotlari:
qonunchilikka muvofiq buxgalteriya hisobini tashkil etishi va yuritishi;
moliyaviy va nazoratga doir hisobotlarni o‘z vaqtida Markaziy bank tomonidan belgilangan shakllarda va tartibda taqdim etishi shart. Nobank kredit tashkiloti taqdim etiladigan hisobotlarning yaxlitligi hamda ishonchliligi uchun javobgar bo‘ladi.
30-modda. Ichki audit xizmati
Aktivlarining balans qiymati o‘n milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan mikromoliya tashkilotlari, aktivlarining balans qiymati besh milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan lombardlar, shuningdek ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari ichki audit xizmatini tashkil etishi shart.
Nobank kredit tashkilotining ichki audit xizmati nobank kredit tashkilotining kuzatuv kengashiga hisobdordir.
Ichki audit xizmati nobank kredit tashkilotining ijro etuvchi organi yoki yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi vazifalarini amalga oshiruvchi shaxsi, shuningdek filiallari tomonidan qonunchilikka, ta’sis hujjatlariga hamda boshqa hujjatlarga, moliya-xo‘jalik operatsiyalarini amalga oshirishga doir belgilangan qoidalar va tartib-taomillarga rioya etilishini, buxgalteriya hisobi va hisobotida ma’lumotlar to‘liq hamda to‘g‘ri aks ettirilishi ta’minlanishini, shuningdek aktivlar but saqlanishini tekshirish hamda monitoring qilish orqali ushbu organ yoki shaxs, shuningdek filiallar ishini nazorat qiladi hamda baholaydi.
31-modda. Nobank kredit tashkilotlarida auditorlik tekshiruvi
Nobank kredit tashkilotlarining yillik moliyaviy hisoboti auditdan o‘tkazilishi shart. Nobank kredit tashkilotlarida auditorlik tekshiruvi Markaziy bankning talabiga ko‘ra ularning faoliyati bo‘yicha umumiy holda ham, ular faoliyatining alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ham o‘tkazilishi mumkin.
Nobank kredit tashkilotlari yillik moliyaviy hisobotni auditorlik xulosasi bilan birga nobank kredit tashkiloti ishtirokchilarining (aksiyadorlarining) yillik umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin e’lon qilishi shart.
6-bob. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish
32-modda. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan xizmatlar ko‘rsatishning asosiy qoidalari
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar xizmatlar ko‘rsatayotganda iste’molchilarga (mijozlarga) nisbatan halollik, shaffoflik, o‘zaro hurmat va xolislik prinsiplariga rioya etishi kerak.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar xizmatlar ko‘rsatishning ushbu Qonun talablariga muvofiq o‘zlari ishlab chiqqan qoidalariga binoan xizmatlar ko‘rsatadi.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning xizmatlar ko‘rsatish qoidalari quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
ko‘rsatiladigan xizmatlarning ro‘yxati, ularning qiymati to‘g‘risidagi, shu jumladan kreditning (mikroqarzning) to‘liq qiymatini hisoblash tartibi, shuningdek xizmatlar ko‘rsatishning miqdori va muddatlari haqidagi ma’lumotlarni;
xizmatlar ko‘rsatish shartlarini, shu jumladan iste’molchilarga (mijozlarga) nisbatan kreditlar (mikroqarzlar) olish uchun qo‘yiladigan talablarni;
xizmatlardan foydalanish uchun iste’molchilar (mijozlar) tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatini, ularni taqdim etish tartibini va ko‘rib chiqish muddatini;
iste’molchilarni (mijozlarni) xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida qabul qilingan qaror yoki mazkur xizmatni ko‘rsatishni asoslantirilgan holda rad etish haqida xabardor qilish usullarini.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan pulli xizmatlar ko‘rsatish uchun iste’molchining (mijozning) bunday xizmatlardan foydalanishga doir buyurtma yoki qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakldagi roziligining (akseptning) mavjudligi asos bo‘ladi.
Iste’molchining (mijozning) mikromoliya tashkiloti yoki lombard oldidagi majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish imkoniyatini aniqlash uchun mikromoliya tashkiloti yoki lombard iste’molchi (mijoz) tomonidan taqdim etilgan va (yoki) o‘zi kredit byurosidan yoki boshqa manbadan mustaqil ravishda olgan axborotdan foydalanishga haqli.
Mikromoliya tashkiloti yoki lombard:
xizmatlar ko‘rsatish qoidalarida belgilangan muddatda hujjatlarni ko‘rib chiqishi hamda xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida yoki mazkur xizmatni ko‘rsatishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qaror qabul qilishi;
xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida yoki mazkur xizmatni ko‘rsatishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qabul qilingan qaror to‘g‘risida bunday qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay iste’molchini (mijozni) yozma shaklda xabardor etishi shart.
Mikromoliya tashkilotlariga va lombardlarga quyidagilar taqiqlanadi:
jismoniy shaxsga kredit (mikroqarz) berish shartnomasi bo‘yicha yillik qarz miqdorining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan summada foizlar hisoblash, vositachilik haqlari va neustoyka (jarima, penya) undirish, javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llash;
kredit buyurtmalarini ko‘rib chiqqanlik, ssuda hisob raqamlariga xizmat ko‘rsatganlik, kreditlar (mikroqarzlar) ajratganlik uchun to‘lovlar, shuningdek kreditlarni (mikroqarzlarni) muddatidan ilgari to‘laganlik uchun neustoykalar undirish;
xizmatdan foydalanish sharti sifatida mikromoliya tashkilotining yoki lombardning yoxud o‘zga uchinchi shaxsning boshqa pulli xizmatidan foydalanishga iste’molchini (mijozni) majburlash;
jismoniy shaxslarga chet el valyutasida kreditlar (mikroqarzlar) berish, shuningdek ular bo‘yicha jismoniy shaxslarning majburiyatlarini chet el valyutasida hisobga olish;
qaytarish muddati bir yilgacha bo‘lgan kreditlar (mikroqarzlar) ta’minoti uchun uy-joy ko‘chmas mulkini jismoniy shaxslardan garovga qabul qilish — mikromoliya tashkilotlari uchun;
jismoniy shaxsning ilgari olgan kreditlari (mikroqarzlari) bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorligi mavjud bo‘lgan taqdirda unga kredit (mikroqarz) berish.
Mikromoliya tashkilotlari tomonidan beriladigan iste’mol kreditlari va mikroqarzlar, shuningdek lombardlar tomonidan beriladigan mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari va to‘lovlar Markaziy bank tomonidan belgilangan eng yuqori qiymatlardan oshmasligi kerak.
33-modda. Iste’molchilarning (mijozlarning) huquqlari
Mikromoliya tashkilotlarining va lombardlarning xizmatlari iste’molchilari (mijozlari):
xizmat to‘g‘risida, shuningdek ushbu xizmatni ko‘rsatuvchi tashkilot haqida to‘g‘ri va to‘liq axborot olish;
mikromoliya tashkiloti yoki lombard tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo‘lishi;
xizmatning xavfsiz bo‘lishi;
kamchiliklari bo‘lgan xizmat, shuningdek mazkur xizmatni ko‘rsatuvchi tashkilotning g‘ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy zararning o‘rni to‘liq hajmda qoplanishi, ma’naviy ziyonning kompensatsiya qilinishi;
buzilgan huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari himoya qilinishini so‘rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqiga ega.
Mikromoliya tashkilotlarining va lombardlarning xizmatlari iste’molchilari (mijozlari) qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Iste’molchi (mijoz) mikromoliya tashkiloti yoki lombard tomonidan o‘ziga jarima solinmagan holda:
kreditning (mikroqarzning) foydalanilmagan summasidan mazkur kreditni (mikroqarzni) bergan (beradigan) tashkilotni kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risidagi shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran ikki hafta ichida yozma ravishda xabardor qilish orqali voz kechishga;
berilgan kredit (mikroqarz) summasini muddatidan ilgari qaytarishga yoki lizing obyektining qiymatini muddatidan ilgari to‘lashga, shuningdek ulardan haqiqatda foydalanilgan muddat uchun hisoblangan foizlarni (lizing beruvchining foizli daromadini) to‘lashga haqli.
34-modda. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan axborotni oshkor qilish
Kredit (mikroqarz) berish shartlari, uning miqdori, muddatlari, uni to‘lash va uning to‘liq qiymatini hisob-kitob qilish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq bo‘lishi hamda rasmiy veb-saytga (mavjud bo‘lganda) joylashtirilishi kerak. Ochiq axborot ko‘rsatilayotgan xizmatlar shartlaridan va ularga oid ma’lumotlardan farq qilmasligi kerak.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar iste’molchi (mijoz) bilan xizmatlar ko‘rsatish shartnomasini tuzguniga qadar:
ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan talablarni hisobga olgan holda ko‘rsatiladigan xizmatlar to‘g‘risidagi ishonchli axborotning to‘liq oshkor qilinishini ta’minlashi. Ko‘rsatiladigan xizmatlarning shartlari va qiymati haqida axborot berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi;
uning huquqlari va majburiyatlarini, shuningdek xizmatlar ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik oqibatlarini tushuntirishi;
uni ko‘rsatiladigan xizmatlar shartlarini o‘zgartirish tartibi, shu jumladan qarzdorlikni qaytarish muddatlarini qayta ko‘rib chiqish va undiruvni garov mulkiga qaratish tartib-taomili bilan tanishtirishi kerak.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan xizmatlar ko‘rsatish joylarida (kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish joylarida), shu jumladan o‘z rasmiy veb-saytida (mavjud bo‘lganda) kredit (mikroqarz) berish, undan foydalanish va uni qaytarish shartlari to‘g‘risidagi quyidagi axborot joylashtirilishi kerak:
kredit (mikroqarz) beruvchi tashkilotning nomi, uning joylashgan eri, aloqa telefonlari, rasmiy veb-sayti (mavjud bo‘lganda), mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga yoki lombardlar reyestriga o‘zi haqidagi ma’lumotlar kiritilganligi to‘g‘risidagi axborot;
kredit (mikroqarz) olish uchun qarz oluvchiga qo‘yiladigan talablar;
kredit (mikroqarz) olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish va kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risida yoki kredit (mikroqarz) berishni asoslantirilgan holda rad etish haqida qaror qabul qilish muddatlari;
kreditning (mikroqarzning) turlari;
kreditning (mikroqarzning) summalari va uni qaytarish muddatlari;
foiz stavkalari yillik foizlarda, o‘zgaruvchan foiz stavkalari qo‘llanilganda esa ularni aniqlash tartibi;
kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha majburiyatlar bajarilishini ta’minlash turlari;
kreditdan (mikroqarzdan) foydalanganlik uchun foizlar hisoblash boshlanadigan sana yoki uni aniqlash tartibi;
kredit (mikroqarz) berish, shu jumladan masofaviy xizmatlar ko‘rsatish tizimlari orqali kredit (mikroqarz) berish usullari;
qarz oluvchi kredit (mikroqarz) olishni rad etishga haqli bo‘lgan muddatlar;
qarz oluvchining kreditni (mikroqarzni) qaytarish, kredit (mikroqarz) bo‘yicha foizlarni va boshqa to‘lovlarni to‘lash chog‘idagi to‘lovlarining davriyligi;
qarz oluvchining kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risidagi shartnomani bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligi, neustoyka (jarima, penya) miqdorlari, uni aniqlash tartibi;
formulyarlar yoki kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risidagi shartnomaning umumiy shartlari belgilangan boshqa standart shakllar.
Ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan axborot qarz oluvchining e’tiboriga bepul yetkaziladi.
Kredit (mikroqarz) berish, undan foydalanish va uni qaytarish shartlari to‘g‘risidagi axborotni tarqatishga kreditor tomonidan uchinchi shaxslar jalb etilgan taqdirda bunday shaxslar axborotni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hajmda va tartibda oshkor etishi shart.
Mikromoliya tashkiloti va lombard qarz oluvchi murojaat qilganda unga haqiqiy qarzdorlikning miqdori to‘g‘risidagi to‘liq axborotni va xizmatlar ko‘rsatish shartnomasining shartlari to‘lovlarda o‘zgarishga olib keladigan tarzda o‘zgartirilgan taqdirda — to‘lovlarning yangi jadvalini taqdim etishi shart.
Mikromoliya tashkiloti va lombard o‘zining nomi va (yoki) joylashgan eri (pochta manzili) o‘zgargan taqdirda, bunday o‘zgarishlar sodir bo‘lgan sanadan e’tiboran ikki ish kunidan oshmagan muddatda bu haqda qarz oluvchilarni hamda kreditorlarni ommaviy axborot vositalarida va o‘z rasmiy veb-saytida (mavjud bo‘lganda) tegishli axborotni e’lon qilish orqali xabardor etishi shart. Mazkur talab nobank kredit tashkiloti filialining nomi yoki joylashgan eri (pochta manzili) o‘zgargan hollarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
35-modda. Kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risidagi shartnoma shartlari
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar kredit (mikroqarz) berish to‘g‘risidagi shartnomalar (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) asosida kreditlar (mikroqarzlar) beradi.
Shartnoma shartlari qarz oluvchi bilan kelishiladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
kredit (mikroqarz) summasini yoki kreditlash limitini va uni o‘zgartirish tartibini;
foiz stavkasini yillik foizlarda, o‘zgaruvchan foiz stavkasi qo‘llanilganda esa uni aniqlash tartibini;
shartnomaning amal qilish muddatini va kreditni (mikroqarzni) qaytarish muddatini;
qarz oluvchining shartnoma bo‘yicha to‘lovlari soni, miqdori va davriyligini (muddatlarini), shuningdek kreditning (mikroqarzning) asosiy summasini hamda u bo‘yicha foizlarni to‘lash (differensial yoki annuitet) usulini;
kredit (mikroqarz) qisman muddatidan oldin qaytarilganda qarz oluvchining to‘lovlari sonini, miqdorini va davriyligini (muddatlarini) o‘zgartirish tartibini;
shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlash turi va bunday ta’minotga (mavjud bo‘lganda) nisbatan qo‘yiladigan talablarni;
mikromoliya tashkilotining yoki lombardning va qarz oluvchining shartnoma shartlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarligini, neustoyka (jarima, penya) miqdorini yoki ularni aniqlash tartibini.
Shartnomada qonunchilikka muvofiq boshqa shartlar ham nazarda tutilishi mumkin.
Shartnoma shartlarini o‘zgartirish qonunda belgilangan talablarga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar o‘zlari ko‘rsatadigan xizmatlarga oid shartnoma shartlarini bir tomonlama tartibda o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqli emas, bundan ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Mikromoliya tashkiloti va lombard bir tomonlama tartibda foiz stavkasini kamaytirishga, neustoyka (jarima, penya) miqdorini kamaytirishga yoki uni to‘liq yoki qisman bekor qilishga, neustoyka (jarima, penya) undirilmaydigan muddatni belgilashga yoxud uni undirishni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli, shuningdek basharti qarz oluvchining qarzi oshishiga olib kelmasa, shartnomaning boshqa shartlarini o‘zgartirishga ham haqli. Mikromoliya tashkiloti yoki lombard shartnomada belgilangan tartibda qarz oluvchiga shartnoma shartlari o‘zgarganligi to‘g‘risidagi xabarnomani, kelgusi to‘lovlar miqdori o‘zgargan taqdirda esa kelgusi to‘lovlar haqidagi axborotni ham yuborishi va shartnoma shartlarining o‘zgarishlari haqidagi axborotdan foydalanish imkoniyatini ta’minlashi shart.
Iste’molchining (mijozning) huquqlarini cheklovchi va (yoki) uning zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilmagan qo‘shimcha majburiyatlarni yuklovchi shartnoma shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas. Shartnomaga bunday shartlarni kiritish natijasida iste’molchiga (mijozga) yetkazilgan moddiy zararning o‘rni mikromoliya tashkiloti yoki lombard tomonidan sud tartibida qoplanishi yoki kompensatsiya qilinishi lozim.
36-modda. Shikoyatlarni ko‘rib chiqish
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar o‘z iste’molchilarining (mijozlarining) shikoyatlarini ko‘rib chiqish tartib-taomilini belgilovchi tartibga ega bo‘lishi shart.
Iste’molchilarning (mijozlarning) shikoyatlari og‘zaki, yozma yoxud elektron shaklda bo‘lishi mumkin va ular mikromoliya tashkilotiga yoki lombardga kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan oshmagan muddatda, qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish va (yoki) qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilib, javob yozma shaklda berilishi kerak.
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar iste’molchilarning (mijozlarning) shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqini cheklashga haqli emas. Shikoyatlarni qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
37-modda. Axborotning maxfiyligi
Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar o‘z qarz oluvchilari va kreditorlarining moliyaviy operatsiyalariga doir axborotning maxfiyligini kafolatlaydi. Mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning boshqaruv organlari a’zolari, shuningdek xodimlari nobank kredit tashkilotining, uning qarz oluvchilarining operatsiyalariga, shuningdek kreditorlar bilan operatsiyalarga doir sirni saqlashi shart.
Maxfiy axborot o‘ziga ishonib topshirilgan yoki xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan ushbu axborot o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan shaxslar uni oshkor etganlik uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
Mikromoliya tashkilotlariga va lombardlarga nisbatan bank siri to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan qoidalar qo‘llaniladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
38-modda. Nobank kredit tashkilotini qayta tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari va nobank kredit tashkilotini tugatish
Nobank kredit tashkilotini qayta tashkil etish ishtirokchilar (aksiyadorlar) umumiy yig‘ilishining qaroriga asosan qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish va o‘zgartirish shaklida amalga oshiriladi.
Mikromoliya tashkiloti bo‘lish va ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etilganda yangidan vujudga keladigan mikromoliya tashkiloti majburiyatlarga huquqiy voris bo‘lishda yoki qayta tashkil etilayotgan mikromoliya tashkiloti ushbu Qonun 8-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan faoliyatni amalga oshirgan taqdirda prudensial normativlarga rioya etishi kerak.
Nobank kredit tashkilotini qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
39-modda. Nizolarni hal etish
Nobank kredit tashkilotlari faoliyati va mikromoliyalashtirish faoliyati sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
40-modda. Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
41-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish
1. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi 154-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 11-noyabrda qabul qilingan O‘RQ-582-sonli Qonuni tahririda) (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 11, 790-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 11-modda birinchi qismining:
o‘ninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklar faoliyatini litsenziyalashda, mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarni va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazishda, shuningdek banklar, mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari, lombardlar va banklar guruhlari faoliyatini tartibga solish hamda nazorat qilishda asoslantirilgan mulohazadan foydalanadi”;
o‘n to‘qqizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklardagi, mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlardagi, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlaridagi va lombardlardagi qoidabuzarliklarni aniqlash yuzasidan nazorat tadbirlarini amalga oshiradi, shu jumladan masofadan turib ham amalga oshiradi”;
2) 12-modda birinchi qismining:
o‘ninchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklarning, to‘lov tashkilotlarining, to‘lov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalari va kredit byurolarining faoliyatini litsenziyalaydi, banklarning, shuningdek mikromoliya tashkilotlarining, lombardlarning, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarining (bundan buyon matnda nobank kredit tashkilotlari deb yuritiladi), to‘lov tashkilotlarining, to‘lov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining va banklar guruhlarining faoliyatini tartibga soladi hamda ushbu faoliyat ustidan nazoratni amalga oshiradi”;
o‘n beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Markaziy bank nazorat qilishi lozim bo‘lgan shaxslar tomonidan ichki nazorat qoidalariga hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog‘liq axborotni maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etish tartibiga rioya etilishi yuzasidan monitoring hamda nazoratni amalga oshiradi”;
o‘n yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklar va nobank kredit tashkilotlari (bundan buyon matnda kredit tashkilotlari deb yuritiladi) xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, moliyaviy xizmatlarning ochiqligini hamda aholining va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligi darajasini oshirish choralarini ko‘radi”;
3) 20-modda:
sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklar, shu jumladan tizimli ahamiyatga molik banklar, shuningdek banklar guruhlari, mikromoliya tashkilotlari hamda ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari uchun prudensial normativlarni hisoblab chiqarish tartibini va ushbu normativlarning yo‘l qo‘yiladigan qiymatlarini belgilaydi”;
o‘n ikkinchi xatboshisidagi “mikrokredit tashkilotlarining” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi o‘n to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlarni va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi”;
o‘n to‘rtinchi — yigirma sakkizinchi xatboshilari tegishincha o‘n beshinchi — yigirma to‘qqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
4) 60-modda:
birinchi qismining:
ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklarni va kredit byurolarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi hamda shartlarini”;
to‘rtinchi xatboshisidagi “bank faoliyati sohasida” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
o‘ninchi xatboshisidagi “mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
o‘n beshinchi xatboshisidagi “mikrokredit tashkilotlarini, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarini va kredit byurolarini” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
quyidagi mazmundagi o‘n sakkizinchi, o‘n to‘qqizinchi va yigirmanchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“yuridik shaxslar tomonidan yangi moliyaviy operatsiyalar, texnologiyalar va xizmatlarni nazorat qilinadigan cheklangan muhitda (qamrov hududi, sinov davri, operatsiyalar va xizmatlarning soni va (yoki) hajmi, iste’molchilar soni va boshqalar) sinovdan o‘tkazish bo‘yicha maxsus huquqiy rejimini (“tartibga solish qumdoni”);
mikromoliya tashkilotlari tomonidan to‘lov agentining (subagentining) yoki banklar, sug‘urta va boshqa moliya tashkilotlari agentining vazifalarini amalga oshirish tartibini;
mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish tartibini”;
o‘n sakkizinchi xatboshisi yigirma birinchi xatboshi deb hisoblansin;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Markaziy bank banklar va kredit byurolarining davlat reyestrlarini, banklarga, to‘lov tashkilotlariga, to‘lov tizimlari operatorlariga, valyuta birjalariga, kredit byurolariga berilgan litsenziyalarning reyestrlarini, mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestrini, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestrini, lombardlar reyestrini, shuningdek ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlarini yuritadi”;
5) 61-modda:
birinchi qismining o‘n birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklar, shu jumladan tizimli ahamiyatga molik banklar, shuningdek banklar guruhlari, mikromoliya tashkilotlari va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari uchun prudensial normativlarni hisoblab chiqarish tartibini hamda ushbu normativlarning yo‘l qo‘yiladigan qiymatlarini”;
ikkinchi qismining:
to‘rtinchi xatboshisidagi “mikrokredit” degan so‘z “mikromoliya” degan so‘z bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan beriladigan iste’mol kreditlari hamda mikroqarzlar, shuningdek lombardlar tomonidan beriladigan mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari va to‘lovlarining eng yuqori qiymatlarini belgilashga”;
o‘n uchinchi xatboshisidagi “mikrokredit tashkilotlari, lombardlar, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari” degan so‘zlar chiqarib tashlansin;
6) 65-modda:
o‘n to‘rtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish faoliyatini amalga oshirishga”;
quyidagi mazmundagi o‘n beshinchi, o‘n oltinchi va o‘n yettinchi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshirishga;
jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tegishincha yaqin qarindoshlari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar bilan birgalikda harakat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek norezidentlar tomonidan bir yoki bir nechta bitim natijasida nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘n va undan ko‘proq foizni tashkil etadigan ulushi bevosita yoki bilvosita olinayotganda;
nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ushbu moddaning o‘n to‘rtinchi xatboshisida nazarda tutilgan hajmdagi ulushi oluvchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olinayotganda”;
7) 651-moddaning birinchi qismi:
yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mikromoliya tashkiloti filialini ochish yoki yopish”;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“lombard filialini ochish yoki yopish”;
8) 67-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Nobank kredit tashkilotlari qonunchilik talablarini, shu jumladan belgilangan prudensial normativlarni buzgan yoki xabardor qilish tartibida faoliyatni (harakatlarni) amalga oshirish uchun belgilangan talablar va shartlar bajarilganligi to‘g‘risida Markaziy bankka yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot bergan taqdirda Markaziy bank:
qoidabuzarga o‘z faoliyatida aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish to‘g‘risida ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuborishga;
ularning o‘z kapitalining besh foizigacha miqdorda jarima undirishga;
ayrim operatsiyalarni o‘tkazishni uch oygacha bo‘lgan muddatga cheklashga;
nobank kredit tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestridan yoki ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari reyestridan yoki lombardlar reyestridan chiqarib tashlashga;
xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni to‘xtatib turishga yoki tugatishga haqlidir”;
9) 10-bob:
quyidagi mazmundagi 671-modda bilan to‘ldirilsin:
“671-modda. Moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus “tartibga solish qumdoni” huquqiy rejimi
Yuridik shaxslarning yangi moliyaviy operatsiyalar, texnologiyalar va xizmatlarni nazorat qilinadigan cheklangan muhitda (qamrov hududi, sinov davri, operatsiyalar va xizmatlarning soni va (yoki) hajmi, iste’molchilar soni va boshqalar) sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini maxsus tartibga solish moliyaviy xizmatlar sohasidagi maxsus huquqiy rejimdir (“tartibga solish qumdoni”).
Maxsus huquqiy rejimni joriy etish va bekor qilish, mazkur rejim doirasida faoliyatni amalga oshirish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Maxsus huquqiy rejim Markaziy bank tomonidan maxsus huquqiy rejimning vaqtinchalik tartibini tasdiqlash orqali joriy etilib, ushbu tartib quyidagilarni nazarda tutadi:
maxsus huquqiy rejimning uch yildan oshishi mumkin bo‘lmagan amal qilish muddatini;
maxsus huquqiy rejim ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etilmaydigan qonunchilik hujjatlarining normalarini;
maxsus huquqiy rejim joriy etilishining samaradorligi va natijadorligini baholash tartib-taomillari hamda mezonlarini, shu jumladan maqsadli indikatorlarni;
maxsus huquqiy rejimni joriy etish va qo‘llash uchun zarur bo‘lgan boshqa axborotni.
Maxsus huquqiy rejim amal qilishi yakunlanganidan keyin maxsus huquqiy rejim doirasida sinovdan o‘tkazilgan yangi moliyaviy operatsiyalar, texnologiyalar va xizmatlarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahlil o‘tkaziladi.
Maxsus huquqiy rejim doirasida sinovdan o‘tkazilgan yangi moliyaviy operatsiyalar, texnologiyalar va xizmatlarni joriy etish maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, Markaziy bank maxsus huquqiy rejim doirasida sinovdan o‘tkazilgan yangi moliyaviy operatsiyalar, texnologiyalar hamda xizmatlarni ularning amal qilishini cheklamasdan joriy etishga doir qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi”;
quyidagi mazmundagi 691-modda bilan to‘ldirilsin:
“691-modda. Markaziy bankning davlat organlari va tashkilotlari bilan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari doirasidagi o‘zaro hamkorligi
Markaziy bank davlat organlari va tashkilotlaridan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari doirasida qarorlar qabul qilish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni so‘rab olishga haqlidir.
Davlat organlari va tashkilotlari Markaziy bank tomonidan so‘ralgan, tegishli qaror qabul qilish uchun zarur bo‘lgan axborotni taqdim etishi kerak”.
2. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan 163-I-sonli va 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan 256-I-sonli qonunlari bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, № 11-12; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 5-6, 102-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 9, 229-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 182-modda; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda, № 9, 494, 498-moddalar; 2007-yil, № 1, 3, 5-moddalar, № 4, 156, 164-moddalar, № 8, 367-modda, № 9, 416-modda, № 12, 598, 608-moddalar; 2008-yil, № 4, 192-modda, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 9, 337-modda; 2010-yil, № 9, 335, 337, 340-moddalar; 2011-yil, № 12/2, 363, 364, 365-moddalar; 2012-yil, № 4, 106, 109-moddalar, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 5, 130-modda, № 12, 343-modda; 2015-yil, № 8, 310, 312-moddalar; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 9, 510-modda, № 12, 773-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 433-modda, № 10, 673-modda; 2019-yil, № 3, 161, 166-moddalar, № 5, 267-modda, № 10, 671-modda, № 12, 880, 886-moddalar; 2020-yil, № 1, 3, 4-moddalar, № 10, 593-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 8, 801-modda, № 10, 968-modda) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 289-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Fuqarolardan shaxsiy iste’molga mo‘ljallangan ko‘char mol-mulkni qisqa muddatli mikroqarzlarni ta’minlash uchun garovga qabul qilish ixtisoslashgan tashkilotlar — faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiradigan lombardlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sifatida amalga oshirilishi mumkin”;
2) 750-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalashtirish shartnomalarini moliya agenti sifatida banklar va boshqa kredit tashkilotlari tuzishi mumkin”.
3. O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 6-dekabrda qabul qilingan “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi 310-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 1, 10-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda; 2007-yil, № 7, 325-modda, № 12, 598-modda; 2011-yil, № 12/2, 363-modda; 2012-yil, № 12, 336-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4-moddalar; 2019-yil, № 3, 166-modda, № 12, 886, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 7, 449-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) 451-moddasining birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Aktivlarining balans qiymati bir milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan jamiyatda ichki audit xizmati tashkil etiladi, bundan kredit tashkiloti bo‘lgan jamiyat mustasno. Kredit tashkiloti bo‘lgan jamiyatda ichki audit xizmati nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi. Jamiyatning kuzatuv kengashi ichki audit xizmatini tashkil etadi va uning xodimlarini tayinlaydi. Ichki audit xizmati jamiyatning kuzatuv kengashiga hisobdordir”.
4. O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 6-mayda qabul qilingan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘RQ-33-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 5, 216-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi o‘zgartishlar kiritilsin:
1) 4-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Banklar va nobank kredit tashkilotlari, shuningdek mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkilotlari moliyaviy iste’mol krediti beruvchi tashkilotlardir”;
2) 17-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Iste’mol krediti berish shartnomasi va uning qarz oluvchi tomonidan bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kredit tarixini shakllantirish uchun kredit byurolariga taqdim etiladi hamda ulardan qonunchilikda belgilangan tartibda foydalaniladi. Moliya iste’mol krediti berish shartnomasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Kredit axborotining davlat reyestriga ham taqdim etiladi”.
5. O‘zbekiston Respublikasining 2011-yil 4-oktabrda qabul qilingan “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi O‘RQ-301-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2011-yil, № 10, 271-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2019-yil, № 3, 166-modda; 2020-yil, № 1, 3-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda) 16-moddasining ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Banklar va nobank kredit tashkilotlari, shuningdek mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi to‘lov tashkilotlari bo‘lgan kredit axborotini yetkazib beruvchilar o‘zidagi mavjud kredit axborotini Kredit axborotining davlat reyestriga va kredit byurolariga taqdim etishi shart”.
6. O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 1-noyabrda qabul qilingan “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-578-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 11, 786-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 968-modda) 18-moddasi ikkinchi qismining sakkizinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“mikromoliya tashkiloti faoliyati”.
7. O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 6-yanvarda qabul qilingan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘RQ-600-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 201-modda, № 5, 298-modda, № 10, 593-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 13-modda, 4-songa ilova, № 7, 661-modda, № 8, 800, 803-moddalar, № 10, 968-modda) Ilovasi 20-bandining “v” kichik bandi chiqarib tashlansin.
8. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 25-fevralda qabul qilingan “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi O‘RQ-677-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 2, 146-modda) 14-moddasining ikkinchi xatboshisidagi “va boshqa kredit tashkilotlarini” degan so‘zlar chiqarib tashlansin.
9. O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 15-iyulda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘RQ-701-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 7, 661-modda) quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 1-ilovaning 14-pozitsiyasi chiqarib tashlansin;
2) 2-ilova quyidagi mazmundagi 481, 482 va 483-pozitsiyalar bilan to‘ldirilsin:



481.

Mikromoliya tashkilotini mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish to‘g‘risidagi qaror

Mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshirish

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki

482.

To‘lov tashkilotini mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar reyestriga kiritish to‘g‘risidagi qaror

Mikromoliya tashkiloti faoliyatini amalga oshirish

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki

483.

Nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini olish uchun dastlabki (keyingi) ruxsatnoma

Jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tegishincha yaqin qarindoshlari hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar bilan birgalikda harakat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar, shuningdek norezidentlar tomonidan bir yoki bir nechta bitim natijasida nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘n va undan ko‘proq foizni tashkil etadigan ulushini bevosita yoki bilvosita olish

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki

nobank kredit tashkilotining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) o‘n foiz va undan ko‘proq ulushini oluvchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlarda olish

”;

3) 3-ilovaning:
10-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:



10.

Mikromoliya tashkilotining filialini ochganlik yoki yopganlik haqidagi xabarnoma

Mikromoliya tashkilotining filialini ochish

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki

”;

quyidagi mazmundagi 101-pozitsiya bilan to‘ldirilsin:



101.

Lombardning filialini ochganlik yoki yopganlik haqidagi xabarnoma

Lombardning filialini ochish

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki

”.

42-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 15-sentabrda qabul qilingan “Mikromoliyalash to‘g‘risida”gi O‘RQ-50-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 9, 492-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 20-sentabrda qabul qilingan “Mikrokredit tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-53-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 9, 495-modda);
3) O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 17-dekabrda qabul qilingan “Xususiy bank va moliya institutlari hamda ular faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-339-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 12, 330-modda);
4) O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 29-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-345-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 12, 336-modda) 18 va 19-moddalari;
5) O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-352-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda) 39-moddasi;
6) O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 4-sentabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-373-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 9, 244-modda) 25-moddasi;
7) O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-391-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 312-modda) 32 va 41-moddalari;
8) O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 29-dekabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-418-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 12, 385-modda) 12-moddasi;
9) O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 18-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-429-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 4, 137-modda) 13-moddasi;
10) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-494-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 10, 670-modda) 4 va 5-moddalari;
11) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 18-fevralda qabul qilingan “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi ba’zi davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-522-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 2, 47-modda) 42-moddasi;
12) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrda qabul qilingan “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibi takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-586-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 12, 880-modda) 39-moddasi;
13) O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 17-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-612-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2020-yil, № 3, 203-modda) 5-moddasi;
14) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 172, 174 va 215-moddalari;
15) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrda qabul qilingan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-721-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 10, 968-modda) 18-moddasi.
43-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
Markaziy bank ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
44-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
45-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Nobank kredit tashkilotlari ushbu Qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida firma nomini ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan talablarga muvofiqlashtirishi shart.
Ushbu Qonun kuchga kirgan kundan e’tiboran va firma nomi ushbu Qonunning 13-moddasiga muvofiqlashtirilguniga qadar mikrokredit tashkilotlari mikromoliya tashkilotlari deb e’tirof etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 20-aprel,
O‘RQ-765-son


(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2022-y., 03/22/765/0332-son)

Download 199.51 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling