Vatan taraqqiyotiga mening hissam


Download 20.97 Kb.
Sana09.02.2023
Hajmi20.97 Kb.
#1178842
Bog'liq
IJODIY ISH


“VATAN TARAQQIYOTIGA MENING HISSAM” SHIORI OSTIGA MAQOLALAR TANLOVI UCHUN “YOSHLAR HAYOTIDA VIRTUALLASHUV SABABLARI VA OMILLARI” MAVZUSIDA IJODIY ISH.

Tuzuvchi: Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti 2-bosqich talabasi Hamidov Nizomxon Shukurullo o’g’li.


Yoshlar hayotida virtuallashuv sabablari va omillari.
Hozirgi kunda hayotimizni internetsiz tasavvur qilish judayam qiyin. Jamiyatimizning deyarli barcha sohalari global tarmoq bilan bog’lanib bormoqda. Aytish joizki, internet — bu fan-texnika taraqqiyoti natijasi, madaniyat evolutsiyasining hosilasi hisoblansada, bugungi kunga kelib “internet” atalmish fan-texnika yutug’imizning salbiy oqibatlari tobora ortib bormoqda. Ayniqsa, kelajagimiz egalari bo’lgan —yoshlarning virtual olamda voyaga yetishi kishini xavotirga soladi. Shu o’rinda statistik ma’lumotlarga nazar tashlasak, dunyo bo’yicha internetdan eng ko’p foydalanuvchilar aynan 21 yoshdan 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar ekanligini ko’rsatmoqda. Darhaqiqat, bu ko’rsatkichlarning asosiy qismi global tarmoqdan to’g’ri foydalanishi mumkin, lekin oliyjanob xalqimiz ta’biri bilan aytganda, “guruch kurmaksiz bo’lmaydi” deganlaridek, o’zlarining qabih maqsadlari yo’lida internetdan foydalanayotgan zamondoshlarimiz ham yo’q emas, albatta.
Ma’lumki, yurtimizda ham internet tizimi rivojlanib bormoqda. Undan foydalanuvchilar soni esa, jadal sur’atlar bilan ortayotganligini guvohi bo’lmoqdamiz. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, internet ijobiy natijalar bilan bir qatorda, yoshlarimizning ongi va hissiyotlariga, tafakkur tarziga, xulq-atvorlariga salbiy ta’sir ko’rsatishda katta imkoniyatlarga ega. Internetning bugungi kundagi rivoji esa, yoshlarga g’oyaviy ta’sir o’tkazishning miqyosi va ko’lamining keskin darajada oshishiga sabab bo’lmoqda.
Mamlakatimizda 2022-yilga kelib internet foydalanuvchilari soni yigirma yetti millionga yetdi. Bu esa, xalqimizning zamon va tarqqiyot bilan hamnafas ekanligidan dalolatdir. Ammo shu taraqqiyotdan ustamona foydalanayotgan, minglab qalblarni diniy omil orqali zabt etayotgan turli diniy-ekstrimestik va terroristik uyushmalar o’z g’oyalarini targ’ib qilishda internetni eng samarali vosita sifatida qo’llamoqda. Bunday diniy-ekstrimestik va terroristik oqimlar o’z maqsadlarini amalga oshirishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanmoqda va turli tillardagi targ’ibotlar hamda puxta ishlangan strategiyalar asosida o’zlarining virtual jamoalarini tuzmoqda. Ushbu tashkilotlar o’zlarining saflarini esa, aynan 17-35 yosh oralig’idagi kishilar ongiga psixologik ta’sir o’tkazish va o’z g’oyalarini ularga singdirsh yo’li bilan kengaytirmoqda. Bularni amalga oshirishda internetning “Telegram”, “Facebook”, “Odnaklassniki”, “ Instagram”, “WhatsApp” kabi keng auditoriyaga ega bo’lgan ijtimoiy tarmoqlari terroristik va diniy ekstrimestik harakat vakillari uchun ayni muddaodir.
Bilamizki, yoshlar qadimdan katta kuch hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda ular kuch-g’ayratli, qiziqqon va ishonuvchan bo’ladilar. Ming afsuski, yuqoridagi manfur kuchlar yoshlarimizning mana shunday kuch-g’ayrat va shijoatidan o’z maqsadlari yo’lida foydalanmoqda. Eng achinarlisi esa, bunday oqimlar asosan, ilm va ma’rifatdan yiroq, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmagan kishilarni, asosan yoshlarni jalb etishga intilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali “jihod”, “shahidlik”, “hijrat” kabi tushunchalarni noto’g’ri talqin etgan holda o’z Vatanlarini tark etish g’oyalarini targ’ib qilmoqda.
Biz yuqorida internetning faqat diniy-ekstrimezm va terrorizm bilan bog‘liq bo‘lgan xatarlarini ko‘rib chiqdik. Lekin bugungi kunda internetning bu kabi salbiy oqibatlarini hayotimizda ko‘plab uchratishimiz mumkin. Biz uchun eng asosiysi esa, yoshlarimizni bunday egri yo‘llarga kirishini oldini olishimizdir. Buning uchun yoshlarning shaxsiy xarakterida axborot himoyasi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishimiz zarur.
“Qush inida ko‘rganini qiladi”. Men bejizga bu maqolni keltirib o‘tmadim. Chunki yoshlarning kamol topishida oilaning o‘rni beqiyosdir. Zero, oila — jamiyat negizidir. Biz eng avvalo oilada axborot iste’moli madaniyatini shakllantirishimiz kerak. Shundagina jamiyatimizda internet va axborot-kommunikatsiya vositalaridan tog‘ri va oqilona foydalanadigan yoshlarni voyaga yetkazishimiz mumkin. Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy so‘zlari bilan aytganda, “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”. Axborot iste’moli madaniyati shakllangan yoshlar esa virtual makonda umummiliy manfaatga xizmat qiladigan, uning taraqqiyotiga yordam beradigan axborotni tanlay oladi. Ular turli xil salbiy va noxolis axborotlar ta’siriga tushib qolmaydi, chuki ularda bunday axborotlarga nisbatan mustahkam immunitet shakllanadi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya vositalaridan, jumladan internetdan to‘g‘ri foydalanishni tartibga solish bo‘yicha profilaktik tadbirlar bilan bir qatorda yoshlarni jamiyat rivojiga hissa qo‘shish, oilaga, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash va kamol topishi uchun ko‘plab keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017-yil 30-iyunda “O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi” tashkil etildi. Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “Harakatlar stratrgiyasi”ning IV yo‘nalishi “ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari”dan o‘rin olgan ta’lim va fan sohasini rivojlantirish hamda yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish yo‘nalishlari negizida biz kabi yosh avlod uchun ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tashabbusi natijasida “Yoshlar — kelajagimiz” dasturining qabul qilinishi va dastur asosida 800 milliard so‘m mablag‘ni yoshlar tadbirkorligiga yo‘naltirilishi, yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirilayotganligi, “Yosh kitobxon” loyihasining tashkil etilganligi kabilar yuqoridagi fikrlarimizga yaqqol amaliy misollardir. “Harakatlar strategiyasi” asosida “Yangi O‘zbekiton” qurish yo‘lida amalga oshirilgan bu kabi ishlarning izchil davomi sifatida biz “Taraqqiyot strategiyasi”ning qabul qilinishini e’tirof etsak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bugungi kunda biz kabi yoshlardan yagona talab qilinadigan narsa shuki, mqmlakatimizda yaratilayotgan mana shunday imkoniyatlardan foydalanib Vatanimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shishdir. Vaholanki, biz vaqtimizni internetda, ijtimoiy tarmoqlarda axloqsiz, ma’naviyatimizga zararli narsalarga sarflashimiz — bu loqaydligimiz, katta fojiamizdir.
Ta’kidlash joizki, internet, axborot — bu davr talabi. Chunki “kim axborotga ega bo‘lasa, u dunyoni boshqaradi” degan fikr bugun barcha tomonidan e’tirof etilmoqda. Shunday ekan, zamonamizda yoshlarda axborot olami imkoniyatlaridan oqilona foydalanish malakisini shakllantirish hayotiy-amaliy ahamiyatga ega.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, atrofimizda ro‘y berayotgan turli ziddiyatlarga, har qanday mafkuraviy tahdidlarga qarshi biz kabi yoshlar hamisha o‘z ma’rifatimiz va ma’naviyatimiz orqali kurashishimiz lozim. Zero, yuksak ma’naviyat — yengilmas kuchdir.
Download 20.97 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling