Sekretor neyronlar (neuronum secretorum). Barcha neyronlar ma’lum bir biologik aktiv moddalarni (masalan, mediatorlarni) sintezlash va chiqarish xususiyatiga ega. Shu bilan birga faqatgina sintezlash va sekretsiya qilishga ixtisoslashgan neyronlar mavjud bo`lib, ularni sekretor neyronlar yoki neyrosekretor hujayralar deb nomlanadi. Bu hujayralar neyronning fiziologik belgilari bilan birga bez hujayralarining belgilarini ham mujassamlashtirgandir. Neyrosekret (substantia neurosecretoria) tigroid modda bilan bog`liq holda sintezlanadi. Neyrosekret Golji sistemasida donalar ko`rinishida shakllanadi, bundan tashqari, polisaxaridlar bilan to`yinishi ham mumkin. Yetilgan sekretor mahsulotlar aksonlar bo`ylab suriladi va o`simtalarning oxiridan qonga yoki miya suyuqlig`iga ajraladi. Umurtqali hayvonlarda neyrosekretor hujayralar bosh miyaning preoptik yadrosi hamda gipotalamik sohaning yadrolarida uchraydi. Bu neyrosekretor hujayralar neyrogipofiz va adenogipofiz bilan birga umumiy sistemani tashkil qiladi («Gipotalamus» ga q.). Ajraladigan sekretor mahsulot gormonlar bo`lib, organizm faoliyatini boshqarishda aktiv ishtirok etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |