Xalq qo'shiqlari


Download 99.5 Kb.
bet5/5
Sana06.02.2023
Hajmi99.5 Kb.
#1171817
1   2   3   4   5
Bog'liq
1449933792 62498

Lirik qo’shiqlar 
Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, xalq qo’shiqlarining hamma turi qaysi mavzuni yoritishidan qat’i nazar, lirik asarlar namunasi hisoblanadi. Folklorshunoslikda lirik qo’shiqlar namunasi tilga olinar ekan, sevgi-muhabbat mavzusidagi qo’shiqlarni nazarda tutish odat tusiga kirgan. Bu o’rinda sevgi-muhabbat qo’shiqlarida his-tuyg’u, ichki kechinmalar, muhabbat hissiga ega bo’lishdan mamnunlik kayfiyati yetakchi o’rinni tutishi muhimdir. Har bir inson balog’at yoshiga yetganida muhabbat tuyg’usining paydo bo’lishidan qoniqish hosil bo’lmog’i lozim. Shuning uchun qizni sevish yoki sevilishi, ishq savdosiga yo’liqish tashvishlari insonni shoirlikka undaydi. Binobarin, ishq-muhabbat mavzusidagi xalq qo’shiqlarini ana shu tashvish, lazzat dengizida suzgan insonlar, ya’ni yigit va qizlar yaratgan, deyishimizga to’la asosimiz bor. Bo’lmasa, xalq orasida “suygan qo’shiqchi, kuygan baxshi” kabi hikmatli so’zlarni yashab kelishiga asos topilmasdi. Lirik qo’shiqlar matnini o’rganishga bu qo’shiqlarni faqat muhabbat tuyg’usini yurak qon tomirlaridan his qilgan shaxslar yaratish mumkin, degan xulosaga olib keladi. Bir misolga murojaat qilaylik: 
Yurakkinamning taftiga tandir qiziydi,
Ko’zginamning yoshiga o’rdak suziydi.
Yuqoridagi misralarni xirgoyi qilib aytgan shaxs yigit yoki qiz bo’lishidan qat’i nazar, shubhasiz muhabbat deb atalmish sirli gashtli olam go’shasida sayr qilgan bo’lishi ajab emas.
Muhabbat qo’shiqlari odatda bir shaxs tomonidan kuy jo’rligida ijro etiladi. Ammo mashhur qo’shiqlar gap-gashtaklarda, turli munosabat bilan kichik doirada o’tkaziladigan yig’inlarda jamoa bo’lib ijro etilishi mumkin.
Ma’lumki, lirik qo’shiqlar xalq og’zaki ijodining mustaqil janri sifatida bir qator o’ziga xos xususiyatlarga egadir:
1.Lirik qo’shiqlar deb atalmish xalq poetik she’riyatiga mansub asarlarida inson ruhiy olami, uning ishqiy kechinmalari aks etadi.
2.Agar boshqa mavzudagi qo’shiqlar, ba’zan uch (kelin salomlar), olti va sakkiz misralardan iborat bo’lsa, ishqiy mazmundagi lirik qo’shiqlar to’rt misradan tashkil topadi.
3.Biz nazarda tutayotgan lirik qo’shiqlar asosan to’rt misrada tugal fikr anglatish imkoniyatiga egadir:
Dayraning ul yuzidan, sel keladi,
Sel bilan ikki o’rdak teng keladi.
O'rdakka-o’rdak munosib, g’ozga g’oz
Yigitga qayliq munosib, qizga noz.
Ammo lirik qo’shiqlar qatorida bir necha bandlardan iborat bo’lgan asar namunalari ham o’rin olgandir. “Galdir”, “Sumbula”, “Omon yor” kabi qo’shiqlar shular jumlasidan hisoblanadi.
4.Agar “bo’zchi” qo’shig’ini faqat to’quvchi kosiblar, “churiya”ni echki sog’uvchi ayollar mehnat faoliyati davomida ijro etishsa, lirik qo’shiqlar kasb, payt, o’rin tanlamaydi: ularni istalgan vaqtida istagan shaxs xohishiga baland ovoz bilan yoki xirgoyi qilib aytaveradi. Ma’lum bo’ladiki, lirik qo’shiqlarning ommalashuvi boshqa mavzudagi she’riyat asarlaridan ko’ra kengroq imkoniyatga egadir.
Xalq orasidagi “Laylini Majnun ko’zi bilan ko’r”, degan hikmatli gap bor. Haqiqatan ham, muhabbat dardiga yo’liqqan kimsa tasavvurida o’zining sevgilisidan go’zalroq, aqlliroq, donoroq odami dunyoda yo’qdek ko’rinadi. Shuning uchun ham xalq lirik qo’shiqlarida sevgilisi- qizning “qaldirg’och qanoti”dek qoshlari, yangi tandirdan uzilgan “shirmoy” dek yuzlari, “Arslonbob asali”ning mazasini beruvchi lablari oshiq yigit tomonidan ehtiros bilan kuylanadi.
Ayni paytda, yosh qizlarning nigohi yigitning “Beqasam to’ni”ga, “maysadek kiprigi”ga, “marvariddek tishi” ga tushadi va go’zal qo’shiq namunasi yaratiladi.
Masalan:
Qoshingni qaro deydilar
Qora qosh ukam, yor-yor,
Ko’rsat qoshingni bir ko’rayin,
Jonim ukamey, yor-yor.
Yoki:
Beqasam to’nlar kiyib,
Muncha meni kuydirasiz,
Gohi-gohida bir qarab,
Voy, beajab o’ldirasiz. 
Qadim zamonlardan ma’lumki, bir-birini sevgan oshiq-ma’shuqlar hamisha ham turmush qurish baxtiga sazovor bo’lavermaydilar. Shuning uchun lirik qo’shiqlarda o’ta yuqori emotsional kayfiyat bilan bir qatorda dard, hasrat, alam ohanglari ham o’rin olgandir:
Oq ilon, oppoq ilon,
Oydinda yotganing qani?!
Sen meni yomon deding,
Yaxshini topganing qani?!
Lirik qo’shiqlarda faqat go’zal yorning tashqi qiyofasi o’z aksini topadi desak, to’g’ri bo’lmaydi. Chunki shunday qo’shiqlar borki, ularda sevikli yorning chaqqonligi, mehnatsevarligi, odobliligi ham o’z ifodasini topadi:
Gulijon o’zi chaqqon,
Qoqi gulini taqqan.
Bir kulishi bor uchun,
Oyijoniga yoqqan.
Bir qator xalq lirik qo’shiqlari yigit va qizlarning aytishuvlaridan ham iborat bo’lishi mumkin. Bu qo’shiqlarda iloji boricha yigitlar bir taraf, qizlar bir taraf bo’lib , so’z o’yinida bir-birlaridan g’olib kelishga urinadilar. Aslini olganda, bunday aytishuv qo’shiqlari yigit-qizlarga hayot go’zalligi haqida, bu go’zallikdan bahramand bo’lish haqida ma’lumot beruvchi lirik parchalarni eslatadi:
Ko’zingni shahlo deydilar,
Shahlo ko’z ukam, yor-yor.
Ko’rsat ko’zingni men bir ko’ray,
Jonim ukam ey, yor-yor.
Ko’zimni ko’rib nima qilasiz.
Siz akajonim, yor-yor?
Tog’da ohu ko’zlarini,
Ko’rmabmidingiz, yor-yor?
Yuzingni qizil deydilar,
Qizil yuz ukam ey, yor-yor.
Ko’rsat yuzingni men bir ko’ray,
Jonim ukam, ey, yor-yor.
Yuzimni ko’rib nima qilasiz,
Siz akajonim, yor-yor?
Bog’lardagi qizil gulni,
Ko’rmabmidingiz, yor-yor?
Shunday qilib, lirik qo’shiqlar asrlar davomida yosh yigit-qizlar o’rtasidagi bir-birlariga bo’lgan ehtirosli munosabatlarning badiiy ifodasi sifatida yashab keldi va yashamoqda.
Allalarni ham lirik qo’shiqlar tarkibining go’zal namunalari sifatida baholash mumkin. To’g’ri, folklorshunoslik ilmida allalarni bolalar folklori sifatida tahlil qilish an’anasi bor. Ammo ayni choqda, bu asarlarni lirik qo’shiqlar namunasi sifatida baholash ham xato bo’lmaydi. Chunki alla qo’shiqlarning matnini o’rganish, ularni bevosita so’z san’ati namunasi sifatida lirik qo’shiqlar qatorida baholash ma’qulligini ko’rsatmoqda.
Ma’lumki, alla yosh go’dak bolalarga uxlash paytida ona yoki buvi tomonidan aytiladi. Beshikda bo’lgan chaqaloqqa allaning matnidan ko’ra kuy ohangi ko’proq ta’sir ko’rsatadi. Qo’shiq matnini bola tushunmaydi. Ammo alla qo’shiqlarida farzand ko’rgan oilaning quvonchi, baxti, shu bilan birga, dardi, alami va orzulari aks etadi. Qo’shiqlarda, avvalo, farzandli bo’lishning naqadar insonga quvonch bag’ishlashi e’tiborimizni o’ziga jalb qiladi. Allada shukrona keltirish, taqdir bergan omaddan qoniqish alohida o’rinda turadi. “Alla” so’zining Ollohdan kelib chiqqanligi haqidagi fikrlar ham yuqoridagi mulohazada o’z tasdig’ini topadi, deb o’ylaymiz.
Download 99.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling