Xamitxonov yosinjonning malaka amaliyoti


Korxonasining hisob siyosati bilan tanishish


Download 85.02 Kb.
bet11/12
Sana30.04.2023
Hajmi85.02 Kb.
#1403710
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12
Bog'liq
HISOBOT — копия

Korxonasining hisob siyosati bilan tanishish

Korxonaning hisob siyosati-bu korxona tomonidan umum qabul qilingan qoidalar va o’z faoliyatining o’ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib e’lon qilinadigan buxgalterlik hisobini olib borishning muayyan uslublari va shakllarining majmuidir.


Korxonaning hisob siyosati rasmiy hujjat sanaladi. U bosh buxgalter tomonidan ishlab chiqiladi hamda boshliqning buyrug’i yoki farmoyishi bilan tasdiqlanadi.
Korxonada kelasi yil uchun «Hisob siyosati» yilning oxirida tayyorlanadi. Demak, u korxonaning navbatdagi yilda buxgalteriya hisobini olib borish bo’yicha o’ziga xos rejasi hisoblanadi.
Korxonaning hisob siyosati yil mobaynida doimiylik tusida bo’lishi kerak. Ob’ektiv sabablarsiz uni o’zgartirish mumkin emas. Me’yoriy-huquqiy hujjatlarga binoan, quyidagi hollardagina tasdiqlangan hisob siyosatiga o’zgartirishlar kiritish mumkin:
1.korxona qayta tashkil etilganda, ya’ni, qo’shilganda yoki ajralib chiqqanda;
2.mulk egalari o’zgarganda;
3.davlat qonunlari o’zgarganda;
4.hisobni olib borishining yangi shakllari va usullari joriy etilganda.
Hisob siyosatiga kiritilgan barcha o’zgartirishlar asoslangan bo’lishi hamda korxona rahbarining buyrug’i yoki farmoyishi bilan tasdiqlanishi kerak.
Hisob siyosati rasmiy hujjat sifatida majburiy tartibda quyidagi organlar: yuqori turuvchi tashkilotga, soliq inspektsiyasiga, bankka, ijtimoiy sug’urta, statistika boshqarmasi idoralariga topshiriladi.
U so’rov va talab bo’yicha prokuratura, sud va arbitraj organlariga, investorlar, aktsiyadorlar, kredit beruvchilar, auditorlik firmasi va boshqa foydalanuvchilarga ham taqdim etilishi mumkin. Hisob siyosati korxona xodimlari uchun ochiq bo’lishi lozim.
Korxona hisob siyosatidan foydalanuvchi har bir shaxs o’z maqsadlari yo’lida uni o’rganadi va foydalanadi. Masalan, soliq inspektsiyasi undan soliqlar bo’yicha taqdim etilgan hisob-kitoblarning ishonchliligini, korxonada ularni hisobga olib borishning to’g’riligini nazorat qilish maqsadlarida foydalanadi. Banklar uchun esa, korxonaning hisob siyosati naqdga va naqdsiz hisob-kitoblar, kassa operatsiyalarini olib borish qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish uchun kerak. Auditorlik firmasi hisob siyosati qanday tuzilganligi, shuningdek, korxona tomonidan unga rioya etilishi darajasi haqida xulosa beradi. Investorlar, aktsiyadorlar, kreditorlar esa, o’z mablag’larini sarflash, shartnomalar, bitimlar tuzish to’g’risida bir qarorga kelishidan oldin korxona hisob siyosatini o’rganadilar.
Shunday qilib, korxona hisob siyosati moliyaviy hisobning nazariy, uslubiy, texnik, tashkiliy tomonlarini qamrab oladi. Nazariy qism moliyaviy hisobning asosiy qoidalari, nizomlari va ilmiy qoidalarini o’z ichiga oladi.
Hisobning uslubiy tomoni mulk va majburiyatlarni baholashning usullari, mulkning turli ko’rinishlari bo’yicha amortizatsiyani hisoblab yozish usullari, foyda, daromadni hisoblab chiqarishi uslublari va haqlarni nazarda tutadi. Endilikda har qanday mulkchilik shaklidagi, tashkiliy-huquqiy tuzilishdagi va tarmoqqa tegishli korxonalar quyidagi sohalar bo’yicha o’z hisob siyosatini tanlab olishlari mumkin:
1.asosiy vositalarning amortizatsiyasini hisoblash;
2.asosiy vositalarni tuzatishni hisobga olish;
3.materiallarni sotib olishni hisobga olish;
4.moddiy aylanma mablag’larning hisobini tashkil qilish va baholash;
5.ishlab chiqarish xarajatlarini hisobga olish;
6.materiallar, tugallanmagan ishlab chiqarish, tayyor mahsulot, jo’natilgan tovarlarni baholash;
7.ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotni hisobda aks ettirish;
8.mahsulot (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasini hisobga olish;
9.dargumon qarzlar bo’yicha har xil zaxira (rezerv) larni yaratish;
10.sof foyda hisobidan har xil fondlarni hosil qilish va boshqa masalalar bo’yicha.
Hisobning texnik tomoni moliyaviy hisobni olib borishning shakli (qo’llanilajak buxgalterlik registrlari tizimi) ni buxgalterlik xizmatining tashkiliy tadbirlarini, uning boshqaruv tizimidagi o’rni bu tizimning boshqa elementlari va bo’g’inlari bilan o’zaro aloqasi va o’zaro ta’siri, bo’linmalar bilan bozor iqtisodiyotning yuzaga kelishi va shakllanishi uchun xos bo’lgan o’zaro aloqalarni o’z ichiga oladi.
Hisob siyosatining texnik jihatini yanada oydinroq yoritadigan bo’lsak, uning texnik aspektiga quyidagi masalalar kiritiladi:
1.markazlashtirilgan schyotlar rejasi asosida ishchi schyotlar rejasini ishlab chiqish;
2.buxgalteriya hisobining shakllarini tanlash;
3.buxgalteriya hisobida hujjatlar aylanishi;
4.mulk va majburiyatni inventarizatsiya qilish;
5.ichki ishlab chiqarish hisoboti.
Hisob siyosatining tashkiliy aspektida buxgalteriya hisobining echilishi zarur bo’lgan masalalari quyidagilardan iborat:
1.buxgalteriya xizmatining tashkiliy shakllari;
2.buxgalteriya xizmatining tarkibi va hisobni markazlashtirish darajasi;
3.korxona bo’linmalarini alohida balansga o’tkazish.
Yuqorida uchta guruhga kiruvchi muammolarning eng optimal ravishda hal qilinishi korxona hisob siyosatining muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlaydi. Chunki hisob siyosatining dastlabki bosqichi yoki uning uslubiy aspektida buxgalteriya hisobining asosiy vazifasi, ya’ni u bajarishi zarur bo’lgan yoki hal qilib berishi lozim bo’lgan hisob jarayonlari ko’rsatilgan bo’lsa, hisob siyosatining ikkinchi bosqichida ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun zarur texnik usullar belgilab beriladi.
Ikkinchi bosqichda birinchi bosqichda belgilab berilgan vazifalarni bajarish uchun texnologik jarayon ishlab chiqiladi.
Uchinchi bosqichda, ya’ni hisob siyosatining tashkiliy aspektida ushbu texnologik jarayonni bajaruvchi ijrochilar va ularning xizmat vazifalari aniq belgilanishi zarur.
«Buxgalteriya hisobi to’g’risida»gi qonunga muvofiq korxonalarda buxgalteriya hisobini quyidagi shakllarda tashkil qilish mumkin:
1.mustaqil bo’linma hisoblangan buxgalteriyani tashkil qilish;
2.shartnoma asosida ixtisoslashgan professional tashkilotga buxgalteriya hisobini yuritishni topshirish;
3.mutaxassislarga shartnoma asosida buxgalteriya hisobini yuritishni topshirish.
Albatta, buxgalteriya hisobini tashkil qilishning birinchi shaklini yirik va o’rta korxonalarda qo’llanilishi tabiiydir. Chunki bu korxonalarda buxgalteriya hisobida bajariladigan hisob ishlari hajmi ancha katta va murakkab bo’lib, ixtisoslashgan hisob bo’linmasi–buxgalteriyani bilishini talab qiladi.
Buxgalteriya hisobini tashkil qilishni ikkinchi va uchinchi shakllari kichik korxonalarda amalga oshirilishi mumkin.
Korxona mustaqil ravishda buxgalteriya hisobini tashkil qilishning u yoki bu shaklini topmaydi. Har qanday sharoitda buxgalteriya hisobini yuritish va uning ahvoli uchun javobgarlik korxona rahbarining zimmasiga yuklatiladi. Chunki buxgalteriya hisobini yuritish uchun zarur bo’lgan sharoitlar va uning qonuniy-normativ bazasining moddiy jihatlarini ta’minlash, mutaxassislar va bosh buxgalterni tanlash va tayinlash korxona rahbarining zimmasiga yuklatiladi.
Korxonalarda buxgalteriya hisobini to’g’ri tashkil qilish uchun buxgalteriya apparat va uning tarkibini optimal belgilash katta ahamiyatga ega.
Buxgalteriya apparati va uning tarkibini belgilashda korxonada ishlab chiqarish faoliyatining hajmi va uning tarkibi bevosita ta’sir ko’rsatadi. Chunki korxonada ishlab chiqarish hajmi katta bo’lsa, buxgalteriya hisobi o’zining nazorat qilish va ma’lumot berish vazifasini bajarishi uchun buxgalteriya apparati va tarkibini shunga mos ravishda tashkil qilishi zarur.
Shuningdek, buxgalteriya apparati va tarkibini tashkil qilishga korxonaning moliyaviy va investitsion faoliyati ham ma’lum darajada ta’sir ko’rsatadi.
Korxonalardagi shart- sharoitlardan kelib chiqib, buxgalteriya hisobi markazlashtirilgan, markazlashtirilmagan va aralash shakllarida tashkil qilinishi mumkin.
Buxgalteriya hisobi markazlashtirilgan shaklda tashkil qilinganda buxgalteriya yagona bo’linma bo’lib, faoliyat ko’rsatadi va barcha hisob ishlari buxgalterlar o’rtasida taqsimlanadi. Bunda buxgalterlarning ish jarayonidan samarali foydalanish imkoniyati vujudga keladi. Buxgalteriya hisobi markazlashtirilmagan shaklda tashkil qilinganda markaziy buxgalteriya bilan birgalikda ishlab chiqarish bo’linmalarida ham buxgalteriya tashkil qilinadi. Bunday holda hisobning operativligi va tahliliy ma’lumotlar berish darajasi keskin ortadi.
Buxgalteriya hisobi aralash shaklda tashkil qilinganda markaziy buxgalteriyadan tashqari faqat korxonaning yirik ishlab chiqarish bo’linmalarida buxgalteriya tashkil qilinadi.
Korxona hisob siyosatining barcha uslubiy, texnik va tashkiliy tomonlari yoritib berilgandan so’ng u rahbarning buyrug’i yoki farmoyishi bilan rasmiylashtiriladi va yuridik kuchga ega bo’ladi.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektning hisob yuritish siyosati sub’ekt tomonidan moliyaviy hisobotni tayyorlash va tuzishda qo’llaniladigan o’ziga xos qoidalar va amaliy yondashuvlarni ifodalaydi.



Download 85.02 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   12




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling