Xarajatlar hisobi
Download 238.52 Kb. Pdf ko'rish
|
1 2
Bog'liq9-MAVZU Харажатлар хисоби
9.2 Xarajatlar hisobi.
Ushbu bo’limni “ishlab chiqarish xarajatlari”, yoxud “mahsulot tannarxi” tushunchalariga ta’rif berishdan boshlasak, turli adabiyotlarda bu ikki tushunchaga bir-biriga mazmunan juda yaqin bo’lgan ta’riflar berilgan, masalan: Mahsulot tannarxi ushbu mahsulot qiymatining pul shaklidagi qismi bo’lib, moddiy, mehnat va boshqa sarf-xarajatlardan iborat bo’ladi10 ; Ishlab chiqarish xarajatlari – bevosita mahsulotlarni (ish, xizmatlarni) ishlab chiqarishga ketgan, shuningdek ularning tannarxini tashkil etuvchi xarajatlardir. Tannarx - mahsulot (ish, xizmat) larni ishlab chiqarishga ketgan barcha xarajatlarning pulda ifodalangan majmuasi11 . Mahsulot (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish tannarxiga bevosita mahsulot (ishlar, xizmatlar) ni ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lgan, ishlab chiqarish texnologiyasi va uni tashkil etish bilan shartlangan xarajatlar kiritiladi12 . O’ylaymizki, yuqorida keltirilgan ta’riflarning har biri ishlab chiqarish xarajatlari, mahsulot tannarxi tushunchalarini to’liq yoritib bera olgan, shunday bo’lsada, biz quyidagi ta’rifni tavsiya qilgan bo’lar edik: Ishlab chiqarish xarajatlari – bu shunday xarajatlarki, uning pirovardida (natijasida) aniq bir mahsulot (ish, xizmat) lar yaratiladi. Bozor munosabatlari sharoitida, ya’ni raqobat sharoitida, qolaversa hozirgi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida ishlab chiqarish tannarxiga kiradigan xarajatlarning ahamiyati ortib boradi, chunki mahsulot narxining asosini mahsulot tannarxi tashkil qiladi, raqobat shaoitida esa narx bu bir dastakki, qaysiki shu dastak bilan raqobatchilar ichida g’olib bo’lishga yordam beradigan. Bu kabi misollarni yana ko’plab keltirish mumkin, shunday ekan ishlab chiqarish tannarxiga kiradigan xarajatlarni doimiy nazorat qilib borish lozim. 10 F.G’.G’ulomova. Buxgalteriya hisobini mustaqil o’rganish uchun qo’llanma. T.: “NORMA”, 2009. 343-bet. 11 K.B.Urozov. buxgalteriya hisobi va audit. T.: “O’qituvchi”, 2004. 146-bet. 12 “Mahsulot (ishlar, xizmatlar) ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish to’g’risida Nizom”, 1-qismi. Sanoat korxonalarida “Xarajatlar tarkibi… to’g’risida”gi Nizomga muvofiq ishlab chiqarish xarajatlari iqtisodiy mohiyatiga ko’ra quyidagicha tasniflanadi (6- chizma). Ushbu Nizom amaldagi qonun qoidalar hisobga olingan holda xo’jalik yurituvchi subyektlarning ishlab chiqargan mahsuloti tannarxiga qo’shiladigan xarajatlarning bir xilligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Nizom buxgalteriya hisobi va soliqqa tortish maqsadlari uchun xarajatlarni 6-chizma: Mahsulot ishlab chiqarish tannarxiga kiradigan xarajatlarning iqtisodiy mohiyatiga ko’ra tasniflanishi hisoblash o’rtasidagi farqni hisobga oladi. Soliqqa tortiladigan foyda buxgalteriya foydasidan farq qiladi, korxona xarajatlarining bir qismi amaldagi soliq siyosatiga ko’ra soliq bazasidan chegirilmaydi. Shu narsani ta’kidlash joizki, buxgalteriya hisobi tamoyillari xarajatlarning hisobotlarda aks ettirilishini soliqqa tortish qoidalari bilan bog’lamaydi. 21-sonli BHMSga muvofiq ishlab chiqarish xarajatlarining sintetik hisobi 2010 “Asosiy ishlab chiqarish” schotida olib boriladi. Ushbu schot aktiv, doimiy schot bo’lib, ko’payishi va qoldig’i debet tomonida, kamayishi kredit tomonida, qoldig’i ma’lum bir sanaga tugallanmagan ishlab chiqarishning puldagi ifodasidir. Ishlab chiqarish xarajatlari Ishlab chiqarish bilan bog’liq moddiy xarajatlar (qaytariladigan chiqitlar qiymati chiqarib tashlangan holda), Nizomning 1.1-punkti Ishlab chiqarish xususiyatiga ega bo’lgan mehnatga haq to’lash xarajatlari, Nizomning 1.2-punkti Ishlab chiqarishga tegishli bo’lgan ijtimoiy sug’urtaga ajratmalar, Nizomning 1.3-punkti Asosiy vositalar va ishlab chiqarish ahamiyatiga ega bo’lgan nomoddiy aktivlar amortizatsiyasi, Nizomning 1.4-punkti Ishlab chiqarish tusidagi boshqa xarajatlar, Nizomning 1.5-punkti Davr xarajatlari deganda bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bog’liq bo’lmagan xarajatlar va sarflar: boshqaruv xarajatlari, mahsulotni sotish xarajatlari va umumxo’jalik ahamiyatiga ega bo’lgan boshqa xarajatlar tushuniladi13 . Davr xarajatlari – “Xarajatlar tarkibi… to’g’risida”gi Nizomga binoan joriy etilgan korxonaning xarajatlar hisobi tizimidagi ko’rsatkich. Davr xarajatlari toifasiga bevosita ishlab chiqarish jarayoni bilan bog’liq bo’lmagan xarajatlar, ya’ni boshqaruv, tijorat xarajatlari, umumxo’jalik maqsadidagi boshqa xarajatlar, shu jumladan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari xarajatlari kiradi. Ushbu xarajatlar korxonaning mahsulot ishlab chiqarish faoliyati bilan bog’lanmagani, lekin mahsulot (ish, xizmat) sotish bo’yicha asosiy faoliyati bilan bog’langanligi uchun ular operatsion xarajatlar, shuningdek umumiy va ma’muriy xarajatlar ham deb ataladi. Ular ishlab chiqarilgan yoki sotilgan mahsulot yoki tovarlar hajmiga deyarli bog’liq emas, aksincha xo’jalik faoliyatining davomiylik vaqti bilan ko’proq bog’liqdir. Ushbu xarajatlar ular paydo bo’lgan davrda yig’ib boriladi va hisobdan chiqariladi14 . Davr xarajatlari ham korxona molyaviy-xo’jalik faoliyatida muhim ko’rsatkich hisoblanadi, mahsulot tannarxiga bevosita ta’sir qilmasada, bilvosita ta’sir etadi. Mahsulot narxini belgilashda bu tur xarajatlarga ham e’tibor beriladi, korxonaning jami xarajatlari formulasida buni yaqqol ko’rishimiz mumkin: y=ax+b bu yerda: y – korxonaning jami xarajatlari; x – ishlab chiqarish hajmi; a – bir birlik mahsulotga to’g’ri keladigan o’zgaruvchan xarajatlar; b – o’zgarmas xarajatlar. O’zgarmas xarajatlar tarkibida davr xarajatlari ham mavjud bo’lib, korxonaning shu davrdagi daromadlari y (korxonaning jami xarajatlari) dan ko’p bo’lishi lozim. Chunki, davr xarajatlari xarajatlarga berilgan ta’rifga ko’ra (1.- bo’limga qaralsin) iqtisodiy nafni kamaytiradi, ya’ni hisobot davri daromadlaridan qoplanadi. Davr xarajatlar “Xarajatlar tarkibi … to’g’risida”gi Nizom va 21-sonli BHMS ga muvofiq quyidagi xarajat moddalaridan tashkil topgan 9410 “Sotish xarajatlari”; 13 “Mahsulot (ishlar, xizmatlar) ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish to’g’risida Nizom”, 2-qismi. 14 F.G’.G’ulomova. Buxgalteriya hisobini mustaqil o’rganish uchun qo’llanma. T.: “NORMA”, 2009. 376-bet. 9420 “Ma’muriy xarajatlar”; 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar”; 9440 “Hisobot davrining kelgusida soliq solinadigan bazadan chiqariladigan xarajatlari”. Sotish xarajatlarining sintetik hisobi 9410 “Sotish xarajatlari” schotida yuritiladi, ushbu schot aktiv xarakterli vaqtinchalik (tranzit) schot bo’lib, uning debetida yil davomida amalga oshirilgan sotishga doir xarajatlar yig’iladi. Ushbu schotga olib boriladigan xarajatlarning aniq turlari va tarkibi “Xarajatlar tarkibi … to’g’risida”gi Nizomning “Sotish xarajatlari” nomli bo’limida to’lig’icha keltirilgan, shulardan ayrimlarini keltiradigan bo’lsak, sotish bilan bo’gliq mehnatga haq to’lash xarajatlari, ijtimoiy sug’urta xarajatlari, amortizatsiya xarajatlari, reklama xarajatlari, o’rash-joylash xarajatlari va boshqalar tashkil qiladi. Xarajatlarning aniq turlari ushbu schotning debetida va bu xarajatlarni ifodalovchi schotlarning kreditida (5110, 5010, 6710, 6520, 6990 va boshqa schotlar) aks ettiriladi. Hisobot davri (yil) oxirida 9410- schot shu schotning debetida to’plangan summa uning kreditiga va 9910- “Yakuniy moliyaviy natija” schotining debetiga yozilishi orqali yopiladi. Ma’muriy xarajatlarning sintetik hisobi 9420 “Ma’muriy xarajatlar” schotida yuritiladi, ushbu schot aktiv xarakterli vaqtinchalik (tranzit) schot bo’lib, uning debetida yil davomida amalga oshirilgan korxona boshqaruviga doir xarajatlar yig’ib boriladi. Ushbu schotga olib boriladigan xarajatlarning aniq turlari va tarkibi “Xarajatlar tarkibi … to’g’risida”gi Nizomning “Ma’muriy xarajatlar” nomli bo’limida to’lig’icha keltirilgan, shulardan ayrimlarini sanaydigan bo’lsak, boshqaruvga tegishli bo’lgan mehnat haqi xarajatlari, ijtimoiy sug’urtaga ajratmalar, amortizatsiya xarajatlari, har xil xo’jalik boshqaruvi uchun zarur bo’lgan inventar va xo’jalik anjomlari uchun ketgan xarajatlar, shuningdek vakillik xarajatlari, turli xil xizmatlardan foydalanganlik haqlari va shu kabi boshqa xarajatlar tashkil qiladi. Xarajatlarning aniq turlari ushbu schotning debetida va bu xarajatlarni ifodalovchi schotlarning kreditida (0200, 0500, 1000, 5110, 5010, 6710, 6520, 6990 va boshqa schotlar) aks ettiriladi. Hisobot davri (yil) oxirida 9420- schot shu schotning debetida to’plangan summa uning kreditiga va 9910- “Yakuniy moliyaviy natija” schotining debetiga yozilishi orqali yopiladi. Boshqa operatsion xarajatlarning sintetik hisobi 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar” schotida yuritiladi, ushbu schot aktiv xarakterli vaqtinchalik (tranzit) schot bo’lib, uning debetida yil davomida sotish va boshqaruvdan tashqari amalga oshirilgan umumfaoliyatga doir davr xarajatlari yig’ib boriladi. Ushbu schotga olib boriladigan xarajatlarning aniq turlari va tarkibi “Xarajatlar tarkibi … to’g’risida”gi Nizomning “Boshqa operatsion xarajatlar” nomli bo’limida to’lig’icha keltirilgan, shulardan, auditorli xizmat haqi, moddiy yordam, mol-mulk, yer, suv va boshqa davr xarajatlariga olib boriladigan soliqlar, mulkni sotishdan ko’rilgan zararlar, operativ ijaraga berilgan asosiy vositalarning amortizatsiyasi, jarima va penyalar, gudvilni hisobdan chiqarish summasi va shu kabi boshqa xarajatlar tashkil qiladi. Xarajatlarning aniq turlari ushbu schotning debetida va bu xarajatlarni ifodalovchi schotlarning kreditida (1000, 5110, 5010, 6400, 6710, 6520, 6990, 9210, 9220 va boshqa schotlar) aks ettiriladi. Hisobot davri (yil) oxirida 9430- schot shu schotning debetida to’plangan summa uning kreditiga va 9910- “Yakuniy moliyaviy natija” schotining debetiga yozilishi orqali yopiladi. Hisobot davrining kelgusida soliq solinadigan bazadan chiqariladigan xarajatlarining sintetik hisobi esa 9440 “Hisobot davrining kelgusida soliq solinadigan bazadan chiqariladigan xarajatlari” schotida yuritiladi, ushbu schot aktiv xarakterli vaqtinchalik (tranzit) schot bo’lib, uning debetida yil davomida korxonaning kelgusi faoliaytini rivojlantirishga sarflangan davr xarajatlari aks ettiriladi. Ushbu schotga olib boriladigan xarajatlarning aniq turlari va tarkibi “Xarajatlar tarkibi … to’g’risida”gi Nizomning “Hisobat davrining kelgusida soliq solinadigan bazadan chiqariladigan xarajatlari” nomli bo’limi va ushbu Nizomning “Ushbu davrning soliq solinadigan bazasidan chiqarilmaydigan, biroq keyingi davrlarning soliq solinadigan bazasidan chiqariladigan xarajatlar (vaqtinchalik farqalr)” nomli 2-ilovasida to’lig’icha keltirilgan, shulardan ayrimlarini keltiradigan bo’lsak, yangi ishlab chiqarishni va yangi texnologiyalarni o’zlashtirishga, boshqaruv tizimini yaxshilashga sarflangan, yangi tashkil etilgan korxonalarda kadrlar tayyorlash xarajatlari, jadallashtirilgan amortizatsiya hisoblash usullari bilan hisoblangan summa bilan belgilangan normalar bo’yicha hisoblangan amortizatsiya summasi o’rtasidagi farq va boshqa shu kabilar tashkil qiladi. Ushbu turdagi davr xarajatlari soliq qonunchiligiga ko’ra kelgusi 10 yil ichida, biroq xo’jalik yuriruvchi subyekt faoliyati davridan ko’p bo’lmagan davr mobaynida bir maromda soliq bazasidan maxsus hisob-kitob asosida chiqarib boriladi. Xarajatlarning aniq turlari ushbu schotning debetida va bu xarajatlarni ifodalovchi schotlarning kreditida (0200, 0400, 5110, 5010, 6010, 6710, 6520, 6990 va boshqa schotlar) aks ettiriladi. Hisobot davri (yil) oxirida 9440- schot shu schotning debetida to’plangan summa uning kreditiga va 9910- “Yakuniy moliyaviy natija” schotining debetiga yozilishi orqali yopiladi. Mazkur xarajatlarning o’zgarishi to’g’risidagi ma’lumotlar balansdan tashqari 012 “Hisobat davrining kelgusida soliq solinadigan bazadan chiqariladigan xarajatlari” schotida belgilangan muddat ichida aks ettirib boriladi. Download 238.52 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling