Xiva qo‘ng‘irotlari sulolasining siyosiy tarixi
Madaniy hayot. Me’morchilik
Download 32.98 Kb.
|
Xiva
Madaniy hayot. Me’morchilik. Xiva xonligining siyosiy va iqtisodiy hayotida bo‘lib o‘tgan voqyealar madaniy hayotga ta’sir etmasdan qolmadi. Shunga qaramasdan xonlikdagi madaniyat o‘ziga xos yo‘nalishlarda davom etdi. Madaniy hayot ravnaqi ta’lim-tarbiya, adabiyot, tarixnavislik, me’morchilik va amaliy san’at kabilarda kuzatiladi.
Butun O‘rta Osiyoda bo‘lgani kabi, Xiva xonligida ham asosiy ilm o‘chog‘lari boshlang‘ich maktablar va madrasalar edi. Boshlang‘ich maktab, ya’ni, quyi ta’limda o‘qish-yozishni o‘rganib, xat-savod chiqargan o‘smirlar poytaxt Xivadagi hamda Buxorodagi madrasalarda o‘qib ta’lim olganlar. Manbalarga ko‘ra, XIX asrda Xiva xonligida 1500 ga yaqin boshlang‘ich maktab va 130 ta madrasa bo‘lgan. Faqat Xivaning o‘zida 22 ta madrasa bo‘lib, ular ichida Muhammad Rahimxon, Sherg‘ozixon, Rahmonberdibiy, Olloqulixon, Xoja Mahram, Fozilbek, Davlat Qorako‘z, Bekniyoz devonbegi madrasalari alohida nufuzga ega edi. Xorazm adabiy muhitida ilg‘or g‘oyalarni targ‘ib etgan shoirlardan biri Nurmuhammad G‘arib Andalib (1710-1770 yy.) edi. Klassik poeziyaning turli janrlarida ijod qilgan Andalibning “Said Vaqqos”, “Zaynul arab”, “Yusuf va Zulayho”, “Layli va Majnun” kabi dostonlari mashhurdir. Xivada ijod etgan shoirlar ichida Muhammad Rizo Ogahiy (1809-1874 yy.) alohida o‘ringa ega. Tarixchi, tarjimon va shoir bo‘lgan Ogahiyning 1832 yilda tuzilgan “Ta’vizul oshiqon” (“Oshiqlar tumori”) devonidagi g‘azallari ayniqsa mashhurdir. Bu davrda shuningdek, Pahlavon Ravnaq, Muhammad Niyoz Nishotiy, Muhammad Xokisor, Tabibiy, Munis, Komil Xorazmiy, Komdon, Murodiy kabi shoirlarning ijodi rivoj topdi. XVII- XVIII asrlarda “Go‘r o‘g‘li” majmuasi dostonlari rivojlantirildi, “Tohir va Zuhra”, “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, “Sayyod va Hamro”, “Sanobar”, “Yusufbek va Ahmadbek”, “Bahrom va Dilorom” kabi dostonlarning folklor va xalq og‘zaki ijodidagi ko‘rinishlari taraqqiy etdi. Bu davrda tarixnavislikdagi ilgargi an’analar saqlanib qoldi. Tarixiy asarlar orasida Abulg‘ozining “Shajarai turk” va “Shajarai tarokima” (“Turkmanlar shajarasi”) o‘zbek tilida bitilgan muhim tarixiy asarlar hisoblanadi. Tarixnavislik an’analarini keyinchalik Munis, Ogahiy, Muhammad Yusuf Bayoniy kabi tarixnavislar davom ettirdilar. XIX asr boshlarida Muhammad Rahimxonnning buyrug‘i bilan Shermuhammad Munis (1778-1829 yy.) “Firdavs ul-iqbol” (“Baxtu saodat jannati”) asarini yaratdi. Xiva xonligining XVIII- XIX asrlar tarix haqida qimmatli ma’lumotlar beruvchi bu asarni keyinroq Olloqulixon topshirig‘i bilan Munisning jiyani Ogahiy davom ettirdi va 1872 yilgacha bo‘lgan voqyealar bilan boyitdi. Shuningdek, Xiva xonligi tarixiga bag‘ishlangan asarlar orasida Bayoniy (1859-1923 yy.) ning “Shajarai Xorazmshohiy” asari ham qimmatli hisoblanadi. Xorazm O‘rta Osiyoda o‘ziga xos uslublarga boy bo‘lgan me’morchilik maktabiga ega voha hisoblanadi. Bu hududda paydo bo‘lgan me’moriy inshootlar nafis bezaklari, jimjimador naqshlari bilan Xorazm me’morchilik maktabining o‘ziga hosligini ko‘rsatib turadi. XVIII- XIX asrlarda Xiva xonligida ko‘plab inshootlar bunyod etildi. Ayniqsa xonlikning poytaxtlari Urganch va Xiva shaharlarida ko‘plab saroylar, masjid va madrasalar, xonaqolar, karvonsaroylar, yopiq bozorlar qurilgan. Xivadagi me’moriy yodgorliklar asosan Ichan (ichki) qal’ada bunyod etilgan. Xonning yozgi qarorgohi bo‘lgan Dishan (tashqi) qal’a ham nodir me’morchilik namunasi hisoblanadi. Xonlikdagi boshqa shaharlar – Yangi Urganch, Hazorasp, Toshhovuz, Yangi Vazir, Shohabboz, Gurlan, Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot kabilar mudofaa devorlari bilan o‘rab olinib, ularda ham ko‘plab me’moriy inshootlar bunyod etilgan. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, XVI – XX asrning boshlarida mavjud bo‘lgan Xiva xonligi – O‘zbekiston davlatchiligi va boshqaruvi tarixida, iqtisodiy va madaniy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, jamiyat taraqqiyotining mintaqa hududlaridagi o‘ziga xos tomonlari o‘rganishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan davlat hisoblanadi. Uning tarixi O‘zbekiston tarixining ajralmas qismidir. Download 32.98 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling