Xix asr oxiri XX asr boshlaridagi adabiy tanqidchilikning shakllanishi va rivojlanishi bosqichlari Reja
Download 39.2 Kb.
|
XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi adabiy tanqidchilikning shakllanishi va rivojlanishi bosqichlari
Birinchi bosqich - o‘zbek adabiy tanqidchiligining paydo bo‘lishi va shakllanishi tamoyillari (1905-1925).
Ikkinchi bosqich-o‘zbek adabiy tanqidi mafkuraviylashtirish va realizm uchun kurash jarayonida (1925-1985). Uchinchi bosqich - o‘zbek tanqidchiligida istiqloliy hurfikrlilik tamoyillari (XX asrning 90-yillari va XXI asr boshlari davr). Hozirgi adabiy jarayon va uning xususiyatlarini ochib berish tanqidchilik zimmasida turadi. Badiiy ijod haqidagi fikr-mulohazalar ilmiy-estetik tahlilda haqqoniy o‘z ifodasini topishi kerak. Bugungi kun - istiqlol mafkurasi hammadan har bir hodisaga xolis baho berishni talab qilyapti. Ammo taassuflar bo‘lsinki, XX asr o‘zbek adabiyoti, shu bilan birga o‘zbek adabiy tanqidi o‘zining rivojini 20-yillardan, asosan, to‘ntarishdan keyin boshladi degan bir tomonlama fikrlar oldingi darsliklarda uchraydi. Bu qarash 1987 yilda chop qilingan "O‘zbek sovet adabiy tanqidi tarixi" ikki jildligida ham, N.Xudoyberganov va A.Rasulovlarning hamkorliqda yozgan "O‘zbek sovet adabiy tanqidchiligi" (1990) darsligida ham o‘z aksini topgan. Binobarin, bugungi kun talablari asosida bu fikrga isloh kiritish zaruriyati davr talabiga aylanmoqda. Holbuki, adabiy tanqid juda qadimiy ildizlarga ega ekanligini inkor etib bo‘lmaydi. Bu xususda professor A.Hayitmetovning "Alisher Navoiyning adabiy-tanqidiy qarashlari" va akademik B.Valixo‘jayevning "O‘zbek adabiyotshunosligi tarixi" singari asarlarida g‘oyat qimmatli malumotlar keltirilgan. Shu bois asr boshidagi adabiy hayotga nazar solish tanqidchilikning shakllanish jarayonini aniq va to‘g‘ri tushunib olishga yordam beradi. Adabiyotshunoslikda istiqlol tufayli 20-yillardagi adabiy hayotga oid masalalar talqinidagi chalkashliklarni tuzatish sohasida jiddiy harakat boshlandi. Bir qator yozuvchilar va tanqidchilar ijodini, jumladan, Munavvarqorn Abdurashidxonov, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat; Abdulhamil Cho‘lpon, Otajon Xoshim, Vadud Mahmud, Abdurahmoi Sa’diy, Sotti Husayn, Kamiy, Ajziy, Ibrat, Abdulhamid Majidiy, So‘fizoda, Elbek, Sidqiy-Xondayliqiy va boshqalar faoliyati, merosini, shuningdek, alohida nazariy masalalarni qayta ko‘rib chiqish va baholash sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Bu xususda qator dissertatsiyalar yozildi. Ilmiy risolalar va to‘plamlar, adabiy-tanqidiy maqolalar elon qilindi. Bular-ku kerakli va o‘rinli ishlar, davr adabiyotini butunicha olib tekshirish, shu yo‘l bilan uning adabiyot va madaniyat tarixiy taraqqiyoti jarayonida tutgan o‘rnini belgilashga xizmat qiladigan izlanishlar edi, biroq bular hali o‘sha davr adabiy hayotini va adabiy-tanqidiy fikrini o‘rganish sohasida amalga oshirilajak ishlarning hammasi emas. Ma’lumki, adabiy tanqid O’zbekistonda matbuot paydo bo’lishidan avval klassik adabiyotimizda o’ziga xos ko’rinishlarda she’riy formada, tazkiralarda «Majolisun-nafois» turidagi asarlarda mavjud edi. Klassik shakldagi adabiy tanqid ko’proq badiiy asarning shakliga e’tibor berdi va estetik tanqid doirasida bo’lib keldi. Hozir biz bilgan va tushungan ma’nodagi adabiy tanqidiy fazilatga molik dastlabki maqolalar O’zbekistonda birinchi o’zbek matbuoti - «Turkiston viloyatining gazetida XIX asrning 80-yillaridan e’tiboran paydo bo’la boshladi» (B.Nazarov). Dastlab ko’proq publisistik xarakterdagi bu ilk maqolalar orasida o’zbek shoirlari ijodi haqida fikr yuritilgan namunalar nihoyatda oz. Dastlabki maqolalar asosan rus adiblari va ularning asarlari haqidagi ma’lumotlardan iborat. Masalan, XIX asrning 80-yillarida «Turkiston viloyatining gazeti» da chop etilgan adabiy-tanqidiy maqolalarning aksariyati A.S.Pushkin, N.V.Gogol, I.L.Turgenev, L.Tolstoy, A.P.Chexov singari rus shoir va yozuvchilari haqida bo’ldi va o’zbek xalqi ularning ijodi bilan umumiy ravishda bo’lsada tanishtirilib katta ish qilindi. Adabiy tanqidchilikda «proza» - «tasniflar» sifatida, prozaik - «musannif» sifatida ishlatiladi. Tarjimachilik bilan shug’ullanish muhim ekanligini ta’kidlanishi ham o’sha davr tanqidchiligining muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Misol: 1902 yilda Toshkentda Gogol yubileyi o’tkazildi. Shu xususda «T.V.G» maqola (1902 yil 2 mart) bosib, Gogolning «Rusiya fuqarolarining zindagarchiligida har xil yaxshi va yomon voqyealarni ko’rib», «timsollarni ko’p ravshan qilib yozgan» ligi aytiladi. (Timsollar - obrazlar). O’tgan asr oxirlarida o’zbek tilidagi matbuotda o’zbek adabiyoti (xususan, she’riyati) va adabiy jarayon haqidagi dastlabki fikrlarga ham duch kelamiz. Bu eng avvalo Furqat nomi bilan bog’langan. 1881 yilda «Turkiston viloyati gazeti» ning 21 aprel sonida Furqat «Qo’qon adabiy muhiti» maqolasida undagi mushoiralar, qisqasi davr adabiy jarayonining ayrim belgilari haqida xabar berib o’tadi. Masalan, Furqat mazkur maqolasida Navoiy an’analarini davom ettirib, Marg’ilonlik shoir Xo’jajon qozi haqida qo’yidagicha yozadi: «... aruz haqida ko’p mohir kishi ekandur va turkiy g’azal mashqida tab’iy ko’p latif va ravon ermish. Amir Alisher Navoiyning bir g’azaliga qilg’on muhammasi nihoyatda mustahsan ko’rundi». Bu bilan Furqat matbuot sahifalarida faqat badiiy asarlarnigina emas, ularning mualliflari haqida ham fikr aytish mumkin va lozim ekanligini ko’rsatib bu masalaga yo’l ochdi. Gazetaga nimaiki yozilsa, deydi Furqat rost va haqqoniy bo’lishi kerak. Furqat o’zbek adabiyotida hozir biz bilgan ma’noga yaqin turuvchi taqriz (resenziya) janrining asoschisi ekanligini ham e’tirof etish lozim. 1990 yil 11 sentyabrida rus shoirlaridan birining (muallifi ko’rsatilmagan) she’ri erkin tarjimada o’zbek tilida bosilib chiqadi. Furqat ana shu she’rni sharhini yozadi, ya’ni she’rning mundarijasini talqin qilib beradi. Adabiyotshunos A.Abdug’afurov o’zining «Furqatning nasriy merosi» nomli tadqiqotida shu she’rni ham, Furqatning mu’jazgina taqrizini ham to’liq keltiradi. A.Abdug’afurov Furqat sharhi haqida qo’yidagilarni yozadi: «... U odatdagi oddiy xabar yoki maqola emas - yozilish sababi va mohiyati e’tibori, kuzatgan maqsadiga ko’ra uni hozirgi gazeta taqrizlarining bizdagi ilk namunasi deyish mumkin». Xullas, I.Mo’minov, G’.Karimov, A.Abdig’afurov, B.Nazarovlar Furqat o’zbek adabiy - tanqidiy fikri taraqqiyotida muhim rol o’ynashini qayd etadilar. Zavqiy, Hamza, Anbar Otin, Nozima, Mirmuhsin, Behbudiy, A.Fitrat kabi ijodkorlar XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida ilg’or o’zbek tanqidiy - estetik tafakkuri rivojiga katta hissa qo’shdilar. Ma’lumki, O’rta Osiyoda, jumlandan, XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonda mahalliy matbuotning paydo bo’lishi bilan, bu matbuotda adabiy asarlar haqida ba’zi maqolalarning bosilishi natijasida tanqid publisistika bilan bog’landi. Publisistik ruhda yozilgan, adabiyot va san’at masalalariga bag’ishlangan maqolalar, ayniqsa, 1914-17 yillarda avvalgiga nisbatan ko’proq paydo bo’ldi. Ammo ular birinchidan, o’z oldilariga asosan ma’rifiy vazifalarni qo’ydilar (Masalan, adabiyotning nima ekanligini tushuntirish kabi) yoki o’zbek adabiyotida ilk marotaba paydo bo’lgan dramatik asar «Padarkush» (Behbudiy asari) ning turli shaharlarda sahnaga qo’yilishi haqidagi oddiy axborotdan iboratdir. Masalan, 1) Turkistonda birinchi milliy teatr, «Oyina». 1914. №15; 2) Toshkentda milliy teatr, «Oyina» 1914. № 22; 3) Buxoroda milliy teatr, «Oy» 1914. № 29; 4) Cho’lpon Adabiyot nadur? Sadoyi Turkiston 1914. № 15; 5) Cho’lpon Muxtaram yozuvchilarimizga, Sadoyi Turkiston 1915 y. 6 fevral; 6) Ahadullo Xayrullo o’g’li. Tanqid. Sadoyi Turkiston 1914 y. 19 noyabr va 3 dekabr. Ular tom ma’nodagi adabiy tanqidiy maqolalar deb atalishi mumkin emas, chunki ularda adabiy asarlar tahlil etilmaydi, adabiy tarixiy jarayonga aloqador biror muhim masala o’rtaga qo’yilmaydi. Download 39.2 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling