Xorazm maqomlari
Download 31.5 Kb.
|
- Xorazm maqomlari (tayyor)
Xorazm maqomlari. Xorazm maqomlari - maqom turi. Xorazmda maqom yo‘llariga yaqin mumtoz musiqa namunalari qadimdan ma’lum bo‘lgan. Bizgacha yetib kelgan shakli — olti maqom (Rost, Buzruk, Navo, Dugoh, Segoh, Iroq) tizimi Shashmaqom asosida XIX asr boshlarida shakllangan. Har bir maqom belgilovchi omil — muayyan lad tizimi va uning asosida yuzaga kelgan kuy yo‘llaridan iborat. Xorazm maqomlari Buxoro Shashmaqomi kabi mustaqil tuzilishga ega bo‘lgan chertim (cholg‘u) va aytim (ashula) bo‘limlarini o‘z ichiga oladi. Chertim yo‘li (bo‘limi) tani maqom, tarje, peshrav, muxammas, saqil, ufar kabi shaklan yakunlangan va nisbiy mustaqil qismlardan tashkil topgan. Boshlang‘ich tani maqom va yakunlovchi ufar har bir maqomda bittadan bo‘lsa, o‘rtada keladigan peshrav, muxammas, saqil 2-3 tagacha bo‘ladi. Cholg‘u yo‘li yakkanavozlik va jo‘rnavozlik usulida chalinadi. Yakkanavozlikda tanbur asosiy soz hisoblanadi. Jo‘rnavozlik, odatda, tanbur, dutor, nay, bulamon, qo‘shnay, g‘ijjak, chang, doiradan iborat ansamblda amalga oshiriladi. Shuningdek, Xorazm maqomlarining dutor, surnay yo‘llari ham mavjud. Masalan: XIX-XX asr boshlarida Xivada 11 ta Xorazm dutor maqomi mashhur bo‘lgan: Chapandoz, Navoiy, Sadri Iroq, Tashniz, Ag‘yor va boshqa Tanbur yo‘llaridan farqli o‘laroq ular turkumli asarlar bo‘lib, har bittasi 2-7 qism (masalan: "Iroq" dutor maqomi "O‘rta ufori", "Nigoron", "Oromijon", "Boymuxammad", "Saqlansin")dan iborat bo‘lgan. "Oraz bam va uforisi", "Majnun dali", "Roviy", "Miskin va uforisi", "Mo‘g‘ulcha ufori"lari Matniyoz Yusupov tomonidan "O‘zbek xalq muzikasi"ning 6 jildiga kiritilgan. Aytim yo‘li tani maqom, talqin, nasr kabi asosiy qismlar — sho‘’balar va ular negizida tuzilgan tarona, suvora, naqsh, faryod va ufar deb nomlangan variant qismlardan tashkil topadi. Dastlab Xorazm maqomlari ijrosida fors-tojik (Hofiz, Jomiy kabi) va keyinchalik o‘zbek, ozar mumtoz shoirlari (Navoiy, Fuzuliy, Munis, Ogahiylar)ning g‘azallaridan foydalanilgan. Xorazm maqomlari va Buxoro Shashmaqomining umumiy va farq qiluvchi tomonlari mavjud. Tashqi tomondan Xorazm maqomlari "Rost"dan, Shashmaqom "Buzruk"dan boshlanadi. Xorazmda "Iroq"ning ashula bo‘limi unutilgan, Rost maqomining chertim yo‘llari asosida 8 qismdan iborat "Panjgoh" turkumi yaratilgan; suvora, naqsh, faryod qismlari o‘ziga xos xususiyatlarga ega; savt va mo‘g‘ulcha kabi 2 guruh sho‘’balari uchramaydi. Ichki tuzilishi jihatidan ko‘pchilik doira usullari, kuy kiyofasi, ijrochilik uslubi mustaqilligi bilan ajralib turadi. Xorazm maqomlari Komil Xorazmiy ixtiro qilgan tanbur chizig‘ida uning o‘zi va o‘g‘li Muhammad Rasul Mirzaboshi tomonidan 1886 yillarda to‘la yozilgan. Hozirgi nota yozuvida Ye.Romanovskaya chertim yo‘llarini ("Xorazm klassik muzikasi", T., 1939) va Matniyozov Yusupov chertim va aytim yo‘llarini ("O‘zbek xalq muzikasi", 6 jild, T., 1958) yozib olgan. Matniyoz Yusupov tomonidan keyinchalik nashrga tayyorlangan "Xorazm maqomlari" to‘plamiga (T., 1980-1987) Xorazm mumtoz musiqasining boshqa janrlari (suvora, faryod kabi) namunalari ham kiritilgan. Ye.Romanovskaya, Ilhom Akbarov tomonidan Matyoqub Xarratov tanburda ijro etgan ayrim parchalar 1934 yili fonografga yozilgan. San’atshunoslik intida Komiljon Otaniyozov va K.Ismoilovlardan Rost, Navo, Dugoh, Segoh (1949), Hojixon Boltayevdan Buzruk (1952) maqomlarining ashula yo‘llari magnit lentasiga yozib olingan. Xorazm maqomlari ijrochiligining yirik namoyandalari Niyozjonxo‘ja, Komil Xorazmiy, Feruz, Xudoybergan muhrkan, Matyoqub va Matyusuf Xarratovlar, M.Xudoyberganov, Komiljon Otaniyozov, Hojixon Boltayev, Matyoqub Raximov, Nazira Yusupova, Matniyoz Yusupov, Ro‘zmat Jumaniyozov va boshqalardir. Download 31.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling