Xususiy dorixonalarni boshqarish


Download 18.47 Kb.
Sana25.04.2023
Hajmi18.47 Kb.
#1396519
Bog'liq
Xususiy dorixonalarni boshqarish


Xususiy dorixonalarni boshqarish

O'zbekiston Respublikasidagi o'tkazilgan dorixona muassasalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan ko'zda tutilgan asosiy maqsad aholini dori vositalari, tibbiyot buyumlari bilan to'xtovsiz va to'liq ta'minlashdan iboratdir. Bunda har bir muassasa-korxona rahbari va boshqa xodimlarining ishbilarmonliklari, tadbirkorligidan to'liq foydalangan holda ishlab chiqarishni rivojlantirishga yo'naltirilgandir.


Ma'lumki, bozor iqtisodiyotiga o'tishning birinchi sharti bu davlat mulkini xususiylashtirishdan iboratdir. Bozor iqtisodiyoti bu xususiy mulkchilikka asoslangan iqtisodiyotdir. Bozor iqtisodiyotining hayotligi, samaradorligi va uning afzalligini jahondagi rivojlanib borayotgan barcha mamlakatlar tajribasi ko'rsatmoqda.
Dorixonalarni boshqarish uning ustavi asosida olib boriladi. Xususiy dorixona o'z oldida turgan barcha vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishi, ko'p jihatdan uni boshqarishga va uning rahbariyatiga bog'liqdir.
Dorixona egasi mustaqil ravishda boshqaruv tizimini, dorixona shtatini belgilaydi. Dorixona egasi dorixonani o'zi bevosita yoki farmatsevt-menejer orqali boshqaradi. Dorixona egasi dorixona faoliyati masalalarini mustaqil hal qilib, dorixona nomidan ishonchnomasiz harakat qiladi. Vatanimiz va chet el korxonalarida uning manfaatlarini ifodalaydi. Shartnomalar, shu jumladan, mehnat shartnomalari tuzadi, ishonchnomalar beradi, banklarda hisob-kitob varag'i ochadi, vositalardan foydalanish huquqini joriy etadi, dorixona shtatini tasdiqlaydi, buyruqlar chiqaradi va barcha xodimlar uchun majburiy bo'lgan ko'rsatmalar beradi.
Dorixonalardagi farmatsevtik va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish va ularni egallab turgan lavozimidan bo'shatish dorixona mudirining huquq doirasiga kiradi. U xodimlarni ishga qabul qilishda bitim va shartnomalar tuzadi, bunda ularning huquq va vazifalari, mehnat sharoitlari va egallagan lavozimidan bo'shatish shartlari O'zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlar majmuasida e'tiborga olingan kafolatlari hisobga olgan holda ko'rsatiladi.
Dorixona egasi o'zining o'rinbosarlari, bosh hisobchi va boshqa hisobchi xodimlarni mustaqil ravishda ishga oladi va bo'shatadi.
Dorixona o'z faoliyatini mustaqil rejalashtiradi, resurslarini, dori vositalari va idishlarini borligidan kelib chiqib va ishlab chiqarilayotgan mahsulotga bo'lgan ehtiyojni e'tiborga olgan holda kelgusidagi rivojlanish yo'nalishlarini belgilaydi. Dorixona dori vositalarini ishlab chiqarish, ularni sotish va shartnoma asosida davlat ehtiyojlari uchun xizmat ko'rsatish bo'yicha ish olib boradi.
Dorixona boshqa muassasa, tashkilot va fuqarolar bilan xo'jalik faoliyatining barcha sohalaridagi munosabat shartnoma asosida o'rnatiladi. U shartnoma turini, majburiyatlar va xo'jalik munosabatlarining qonunga zid bo'lmagan boshqa ko'pgina shartlarini erkin holda tanlashi mumkin.
Dorixona farmatsevtik bozorning holati, muayyan sheriklarning imkoniyatlarini o'rgangan holda o'z ishlab chiqarishini mustaqil ta'minlaydi, mahsulotlarni to'g'ridan to'g'ri yoki vositachilar yordamida sotadi. Dorixona mollarni shartnoma asosida ta'minotchi belgilangan narxda sotib oladi, dori vositalari va turli xizmat ko'rsatishni belgilangan tartibda ustamani qo'llagan holda, agar boshqasi shartnomada ko'rsatilmagan bo'lsa, kelishilgan erkin narxda amalga oshiradi.
Sotiladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari sifati uchun mas'uliyat dorixona egasiga yuklatiladi. Dorixonada tayyorlanadigan va sotiladigan dori vositalari sifati ustidan nazorat olib borish «Dori-darmon» aksiyadorlik kompaniyasi qoshidagi nazorat xizmati va uning joylardagi birlashmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Dorixonada buxgalter hisoboti va balans, soliqlar bo'yicha hisoblar va boshqa zaruriy hujjatlar va ma'lumotlarni soliq tashkilotlariga tagdim etadi.
Dori vositalari va tibbiy asboblar ulgurji savdosi qoidalari, standartlari O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirining 2002-yil 16-dekabrdagi 547-buyrug'i bilan tasdiqlangan.
Tibbiyot tovarlari ta'minotchi va iste'molchilar o'rtasida tuzilgan shartnomaga asosan yetkazib beriladi. Uning talablarini bajarish har ikki tomon uchun ham majburiydir. Shartnoma tibbiyot tovarlarini yetkazib berishda qatnashuvchi tomonlar huquq va burchlarini belgilovchi asosiy hujjat hisoblanadi.
Ulgurji savdo korxona-tashkilotlar dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish litsenziyasiga ega bo'lgan ulgurji savdo korxonalaridan ishlab chiqarish maqsadlari uchun ishlab chiqaruvchi korxonalarga, dorixona muassasalariga dori vositalarini sotishi mumkin. O'zbekiston Respublikasi hududida, faqat o'rnatilgan tartibda ro'yxatga olingan dori vositalari, tibbiy buyumlar, sanitariya-gigiyena ashyolari sotilishi mumkin.
Ta'minotchi va iste'molchilar o'rtasida tuziladigan shartnomaning asosini yetkazib berish shartnomasi tashkil qiladi. Bu tovarni ishlab chiqaruvchi korxona, ta'minotchi bilan iste'molchi o'rtasida ma'lum xil dori vositalari va tibbiyot buyumlarini qabul qilib, kelishilgan narxlarda uning haqini to'lashligi haqidagi hujjatdir. Yetkazib berishning alohida shartlari mavjud bo'lib, unda ta'minotchi va iste'molchilarni, ya'ni tomonlarni qiziqtiruvchi masalalar ko'zda tutiladi.
Shartnomada yetkazib beriladigan tovarning nomi, miqdori, narxi, shartnoma summasi, tovar kelib tushish muddatlari, jo'natish va hisob-kitob qilish tartibi aniq ko'rsatilishi shart. Bundan tashqari, tibbiyot tovarlarining o'ziga xos spetsifikatsiyalarini hisobga olib, «Tovarlarni yetkazib berish shartlari to'g'risida»gi nizomda alohida tartiblar ko'zda tutilgan, ya'ni tovarlarni jo'natish tartibi va muddatlari, tovarlar, idishlar va upakovka (o'rab-joylash) sifatiga talablar, eng kam miqdorda jo'natish miqdori, qabul qilish tartibi va idishlarni qaytirish to'g'risida alohida tartiblar belgilangan.
Shartnomalar faqat yozma ravishda, ikki nusxada tuzilib, odatda, bir yilga tuziladi, lekin ular, shuningdek, qisqa muddatli, fasliy, ma'lum bir ishni bajarishga mo'ljallangan bo'lishi mumkin. Uning yozma ravishda rasmiylashtirilishi, ta'minotchi bilan iste'molchi o'rtasida paydo bo'ladigan nizo va kelishmov-chiliklarini ko'rib chiqishni va ularni hal qilishni yengillashtiradi. Har ikki tomon ham shartnoma tuzishda va uni bajarishlarida, xo'jalik hisobi qiziqishlarini hisobga olishlari lozim.
Ta'minotchi iste'molchilarni keng assortimentdagi mollar bilan ta'minlamoqchi bo'lsa, ular shartnomaga spetsifikatsiya ilova qiladilar va uni ham tomonlar imzo va muhr bilan tasdiqlaydilar.
Shartnoma munosabatlari tomonlarning iqtisodiy majburiyati bo'lgani uchun, ularni bajarmaslik qonun yoki shartnomada belgilangan tartibga ko'ra, iqtisodiyjazolanadi (jarima, neustoyka), majburiyatni bajarmagan korxona o'z mijoziga yoki sherigiga keltirilgan zarar belgilangan asosda qoplanadi.
Hozirgi kunda shartnomalarni tuzishda O'zbekiston Respublikasining Fuqarolar kodeksi va 1998-yil 29-avgustda tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasining «Xo'jalik subyektlari faoliyatining shartnoma-huquqiy bazalari haqida»gi Qonuniga asosan tuziladi. .Shartnomalar, asosan, 13 punktdan iborat bo'lib, tomonlarning bitim kelishuvlarini o'zida aks ettiradi va bular quyidagilardir:
1. Shartnoma nomi va tartib raqami, tuzilgan joyi va muddati, tomonlarning firmaviy nomlanishi va ularning huquqiy holati, matndagi tomonlarning nomlarini o'z ichiga oluvchi kirish qismi.
2. Yetkazib beriladigan tovarlarning nomlari, hajmi va ularning xarakteristikasi. Agar shartnoma bo'yicha turli sifatli tasniflangan yoki turli assortimentdagi tovarlar ko'zda tutilgan bo'lsa, u holda ularni spetsifikatsiyada ko'rsatilib o'tiladi va shartnomaga qo'shib tasdiqlaydilar.
3. Shartnomadagi tovarlarni yetkazib berish muddatlari. Agar iste'molchi ta'minotchidan birdaniga hamma tovarni olsa, u holda qaysi muddatga yetkazib berilishi ko'rsatiladi yoki tovarlarni bo'lib-bo'lib, qismlarga bo'lingan holda olinadigan bo'lsa, qaysi muddatlar orasida yuborilishi belgilanishi shart.
4. Tovarni yetkazib berish bahosi va iste'molchining ta'minotchi bilan o'zaro hisob-kitob qilish tartibi. Shartnomadagi tovar narxi kelishilgan bo'yicha O'zbekiston Respublikasi valutasi so'mda belgilanadi va umumiy shartnoma summasi ko'rsatiladi.
5. Tovarlarning sifati. Tovarni sifati davlat standartlariga, muvofiqlik sertifikatiga javob berishi lozim. Agar sifatsiz mol kelsa, ta'minotchi shartnomada belgilangan muddat ichida uni sifatli tovar bilan ta'minlashi kerak.
6. Tomonlarning majburiyatlari. O'z vaqtida yetkazib berilmagan mollar uchun iste'molchi, ya'ni xaridorga sotuvchi yetkazib berilmagan miqdorning har kuni uchun 0,4 % pena to'laydi, lekin shu tovarning 50 % summasidan oshmasligi kerak.
7. Tomonlarning shartnoma shartlarini buzishgandagi javobgarliklari. Sotuvchi hisobiga pul kelib tushgandan so'ng, xaridor 15 kun ichida ishonchnoma bilan tovarni olib ketishi mumkin.
8. Nizo va da'volar. Tomonlardan birining huquqlari buzilgan bo'lsa, tomonlar bir-biriga shikoyat qilishi mumkin. Shikoyatlarga javob bo'lmasa, 30 kun ichida davo arizasi bilan xo'jalik sudiga murojaat qilishi mumkin.
9. Umumiy shartlar. Umumiy shartlarda yozma ravishda kiritilgan o'zgarishlar va qo'shimchalarni har ikki tomon rahbarlari tasdiqlab, imzo qo'yganlaridagina u haqiqiy hisoblanadi.
10. Fors-major. Joylarda suv toshqini, yer qimirlashi yoki boshqa xil notinchlik vaziyatlari vujudga kelganda, tovarlarni yetkazib berish to'xtatilgan bo'lsa, tomonlar javobgarlikka ega bo'lmaydilar va shuncha muddat orqaga suriladi. Dori preparatlari uchun bu orqaga surish muddati 15-30 kundan oshmasligi lozim.
11. Shartnomaga amal qilish muddati. Tomonlarning shartnomada ko'rsatilgan muddati tugagach, shartnoma o'z kuchini yo'qotadi.
12. Tomonlarning yuridik manzillari. Shartnomada qatnashuvchi tomonlarning manzili, telefoni, bankdagi hisob-kitob schotlari, kod, telefakslar ko'rsatiladi.
13. Sotuvchi va xaridorlar imzosi. Har ikki tomon o'rtasida tuzilgan shartnomani tomonlar rahbarlari tanishib chiqib, imzo qo'yib, uni tasdiqlaydilar va muhr bosadilar.


Sotuvchi va xaridor o'rtasida tuzilgan ikki tomonlama shartnomalar. Shartnomalar bo'yicha majburiyatlar tugagandan so'ng, yana kamida 3 yil saqlanishi kerak.
Download 18.47 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling