Materiallarni tayyorlash va xarid qilishni
hisobga oluvchi schyotlarning (1500) bog‘lanishi
1510 "Materiallarni tayyorlash va xarid qilish" schyoti aylanma mablag‘larga taalluqli tovar-moddiy qiymatliklarni tayyorlash va xarid qilish to‘g‘risidagi axborotni umumlashtirish uchun mo‘ljallangan. Shuni ta’kidlash joizki, ushbu schyotni qo‘llash tavsiya tusiga ega bo‘lib, tovar-moddiy qiymatliklarni xarid qilish bo‘yicha transport-tayyorlov xarajatlari ularning qiymatida ahamiyatli darajada bo‘lgan korxonalarda maqsadga muvofiqdir. Mazkur schyotdan foydalanadigan korxona o‘zining hisob siyosatida uni qo‘llash maqsadga muvofiq ekanligini ta’kidlashi joiz.
1510 "Materiallarni tayyorlash va xarid qilish" schyotining debetida moddiy qiymatliklarning hisob bahosi aks ettiriladi. Bunda u yoki bu qiymatliklar qaerdan kelib tushganligi hamda korxonada materiallarni tayyorlash va olib kelish xarajatlarining xususiyatiga ko‘ra 6010 "Mol yetkazib beruvchilar va pudratchilarga to‘lanadigan schyotlar" va hokazo boshqa schyotlar bilan bog‘langan holda yozuvlar amalga oshiriladi.
1510 "Materiallarni tayyorlash va xarid qilish" schyotining kreditida xarid qilingan qiymatliklarni xarid qilish (tayyorlash)ning haqiqiy tannarxi bo‘yicha hisoblangan qiymati, moddiy qiymatliklarni hisobga oluvchi schyotlar bilan bog‘langan holda aks ettiriladi.
Moddiy qiymatliklarning haqiqiy tannarxi va hisob bahosi bo‘yicha qiymati orasidagi farq summasi 1510 "Materiallarni tayyorlash va xarid qilish" schyotidan 1610 "Materiallar qiymatidagi farqlar" schyotiga hisobdan chiqariladi.
Oy oxirida 1510 "Materiallarni tayyorlash va xarid qilish" schyotidagi qoldiq tayyorlangan va xarid qilingan, shuningdek yo‘ldagi yoki mol yetkazib beruvchilarning omborlaridan (ushbu qiymatliklar omborga kirim qilinmasidan) olib kelinmagan materiallarning mavjudligini ko‘rsatadi.
Ushbu schyotdan foydalanmaydigan korxonalar tovar-moddiy qiymatliklar kelib tushishini bevosita tovar-moddiy qiymatliklarni hisobga olish schyotlarida aks ettiradilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |