Yangi davrda Daniya arxivlari Yangi davrda Norvegiya arxivlari Yangi davrda Shvetsiya arxivlari
Download 94.5 Kb.
|
4-ma\'ruza. Yangi davrda Skandinaviya arxivlari
Yangi davrda Shvetsiya arxivlari
Shvetsiya 1523-yilda Kalmar uniyasidan chiqib, Daniya hukmronligidan ozod boʻldi. Bunda Gustav Vaza boshchiligidagi dehqonlar, byurgerlik va mayda ritsarlik tabaqalarining qozgʻoloni muhim rol oʻynadi. Natijada Gustav Vaza shved qirolligi taxtiga oʻtirdi. Uning davri (1523–1560-yy.)da qirollik devonxonasi qoshida farmon, yorliq, qonunlar va qayd kitoblarini, qirol yozishmalarini, oliy sud va davlatni boshqarishga oid boshqa ish yuritish hujjatlarini saqlash uchun davlat hujjatlari qaydnomalari arxivi joriy qilingan. Keyinchalik bu arxivga davlat kengashi – riksdag hujjatlari ham kelib tusha boshlagan. Jumladan, yirik feodallar yerlarini musodara qilish bilan bogʻliq fondlar, reformatsiya va cherkov yerlarining sekulyarizatsiya qilinishi natijasida cherkov-monastir fondlari vujudga keldi. XVII asrda Shvetsiya harbiy-siyosiy qudratining oʻsishi bilan arxivlarning ahamiyati yanada oshdi. XVII asr shved arxivlari tarixida eng gullab-yashnagan davr hisoblanadi. Aynan shu davrda shved hukumati arxivlarni siyosiy qurol arsenali sifatida e’tirof etdi. Natijada shved kansleri Aksel Oksenshir tashabbusi bilan yangi arxiv muassasasi tuzildi. Arxiv qirol devonxonasi qoshida qoldi, lekin arxiv saqlovchisi boshchiligida bir necha shtatlar ajratildi. Bu davrda arxivda juda ko‘plab yangi hujjatlar, jumladan umumyevropa ahamiyatiga molik materiallar jamlandi. Xususan, bu O‘ttiz yillik urushning eng ko‘p hujjatlari saqlanadigan Yevropadagi yirik arxivga aylandi. Shvetsiyaning tajovuzkorlik urushlari natijasida moddiy boyliklar bilan birga ko‘plab hujjatli materiallar ham to‘plandi, ularning katta qismi Shvetsiyaga olib ketildi. Masalan, Germaniya, Polsha, Boltiqbo‘yi, Rossiya arxivlaridan shved arxivlariga ko‘plab hujjatlar kelib tushgan. 1697-yilda qirol qasrida sodir bo‘lgan yong‘in natijasida arxiv hujjatlarining katta qismi zarar ko‘rgan. XVIII asrda Shvetsiya qudratining pasayishi natijasida arxiv ishi ham inqirozga uchradi. Arxiv saqlovchisi lavozimi tugatildi, hujjatlarni tartibga solish ishlari to‘xtab va arxivlar tartibsiz to‘plangan hujjatlar omboriga aylanib qoldi7. XIX asrdan arxivlarga tarixiy qadriyatlarni saqlovchi organ sifatida alohida e’tibor berila boshlandi. 1837-yilda arxivlar ishini tiklashda mashhur tarixchi Gans Ierta (1774–1847-yy.)ning xizmatlari katta bo‘ldi. U arxivga, hatto, o‘z shaxsiy mablag‘i hisobidan oliy ma’lumotli mutaxassislarni jalb etdi. Uning davrida arxivlar tartibga solina boshlandi. Lekin, hujjatlarni mavzular bo‘yicha tizimlashtirish tartibini qo‘llash natijasida fondlarning parchalanib ketishiga olib keldi. Arxiv hujjatlarini bunday tarzda tizimlashtirishdan ko‘plab Yevropa arxivchilari XVII asrdayoq voz kechgan edi. Ierta arxiv hujjatlaridan ilmiy maqsadlarda foydalanish bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirdi. Uning rahbarligi ostida ko‘plab qimmatli nashrlar amalga oshirildi. Jumladan, qirol Gustav Vaza davri hujjatlari va Shvetsiya diplomatik aloqalari haqidagi hujjatlar nashr etildi8. Bu davrda arxivga yangi muassasalarning va qimmatli oilaviy (sulolaviy) fondlarning hujjatlari kelib tusha boshladi. Ular orasida Delagardilar oilasi hujjatlari, jumladan Rossiyaga qarshi shved-polyak intervensiyasi davrida Yakov Delagardi tomonidan olib ketilgan XVII asr boshlariga oid Novgorod hujjatlari mavjud edi. Braxelar oilasi arxivida polyaklarning Smolenskni egallaganda Polshaga olib ketilgan hujjatlari esa XVII asr oxiridagi shved-polyak urushi natijasida Shvetsiyaga borib qolgan. Shvetsiya tarixi haqidagi qimmatli materiallar orasida Styurelar oilasi hujjatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Bu hujjatlarda Kalmar uniyasi davrida Shvetsiya regenti bo‘lgan Sten Styure boshchiligidagi milliy mustaqillik uchun kurash materiallari o‘z aksini topgan. Yuqoridagilardan tashqari, arxivda shved seymi, sud muassasalari va boshqa tashkilotlarning ham hujjatlari jamlangan. Bu davrda Shved qirolligi arxivi XVI–XVII asrlar tarixiga oid hujjatlar saqlanadigan Yevropada eng boy arxivlardan biriga aylandi. Lekin, mazkur arxiv faoliyatida ham qator kamchiliklar mavjud edi: Birinchidan, u hali alohida muassasa sifatida ajratilmagan va qirol devonxonasining bir qismi edi, xolos; Ikkinchidan, arxivda faqat tugatilgan muassasalarning hujjatlari jamlangan bo‘lib, faoliyatdagi muassasalar bilan bog‘lanmaganligi sababli, keyinchalik hujjatlarni jamlashda muammolarga duch kelishi mumkin edi. Arxivni qayta tashkil etish 1877-yildagi Nizom asosida amalga oshirildi. Davlat arxivi qirol devonxonasidan ajratildi va mustaqil muassasaga aylantirildi hamda maorif va diniy ishlar vazirligiga bo‘ysundirildi. Arxivni direktor boshqardi. Shaxsiy tarkib malakali xodimlar bilan to‘ldirildi. XIX asrning 80-yillarida arxivga yangi maxsus bino qurildi. Arxiv turli Yevropa mamlakatlarining tadqiqotchilarini jalb qila boshladi. Lekin, faoliyatdagi muassasalar bilan aloqalar masalasi hal qilinmay qoldi. Shvetsiyada o‘z hujjatlarini davlat arxiviga topshirmagan qator markaziy arxivlar mavjud. Ular orasida oliy moliya nazorati organi – kamer-kollegiya qoshidagi Kamer-arxiv ham bor. Kamer-arxivda XVI asrdan boshlab barcha davlat organlarining moliyaviy hisobotlari va xo‘jalik-statistik hujjatlar saqlanadi. Moliya organlari o‘z hujjatlarini davlat arxiviga topshirishga rozi bo‘lmaganlar. Garchi davlat arxivlari faoliyatdagi muassasalar ustidan nazorat qilishlari belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, buni amalga oshirishning imkoniyati yo‘q. XX asrning boshlarida mahalliy arxivlarga e’tibor qaratildi. Bungacha Vadstena (Shvetsiya) shahrida faqat bitta mahalliy davlat arxivi mavjud edi. 1905–1914-yillar mobaynida Shvetsiyaning Gogebort, Lund, Visbi, Esterzund va Xarnyozand shaharlarida mahalliy arxivlare tashkil etildi hamda davlat arxiviga bo‘ysundirildi. 1903-yildan sobiq arxiv direktori bo‘lgan tarixchi Gildebrant arxivdagi hujjatlarni tartibga solish ishlarini yakunladi. U turli mazmundagi arxiv materiallarini alohida fondlarga biriktirdi. Keyinchalik Stokgolm arxivida ikkita bo‘limda hujjatlar jamlandi: XIX asrgacha tugatilgan muassasalarning saqlanib qolgan eski, tarixiy hujjatlari; Faoliyat ko‘rsatayotgan ma’muriy muassalarning hujjatlari9. Shvetsiyada arxivlardan tashqari, alohida qo‘lyozmalar fondlari mavjud. Xususan, Upsala universiteti qadimgi xronikalar, mashhur kishilarning hujjatlari, shved va xorij materiallari muhim ahamiyat kasb etadi. Download 94.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling