Yangi qonun talabi: bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish jinoyat


Download 51.59 Kb.
Sana09.05.2023
Hajmi51.59 Kb.
#1448934
Bog'liq
Yangi qonun talabi bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish — jinoyat


Yangi qonun talabi: bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish — jinoyat

12 fevralda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonunni imzoladi. Qonun matbuotda rasmiy e'lon qilindi va kuchga kirdi.
Shu yil 5 fevral` kuni bo'lib o'tgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o'n ikkinchi yalpi majlisida ta'kidlanganidek, bugungi kunda odam savdosi qurbonlarini aniqlash, himoya qilish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shunday jinoyatlar qurboniga aylangan fuqarolarga tibbiy, psixologik va boshqa yordam ko'rsatish, odam savdosiga aloqador shaxslarni tergov qilish va javobgarlikka tortish, shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etishga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo'yicha ta'sirchan choralar ko'rilmoqda.
Ayniqsa, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tomonidan mamlakatimizda voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish, ularni majburiy mehnatga, taqiqlangan yoki g'ayriqonuniy birlashmalar faoliyatiga jalb qilish hamda voyaga yetmaganlardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish holatlariga chek qo'yish va bunday harakatlarni sodir etganlarning javobgarligini so'zsiz ta'minlashda qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Yangi Qonun ushbu tizimli choralarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Jumladan, Jinoyat kodeksida o'n olti yoshdan o'n sakkiz yoshgacha bo'lgan shaxsning o'n sakkiz yoshga to'lmaganligi aybdorga ayon bo'lgan holda unga moddiy qimmatliklar berish yoki uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilish uchun javobgarlik ko'zda tutildi.
Bunda jinoyatning ob'ektiv tomoni zaruriy belgisi sifatida qilmish shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilganligi belgilanmoqda. Bu bilan voyaga yetmaganlarning fohishaligidan foydalanish holatlariga chek qo'yish orqali nafaqat o'n olti yoshgacha, balki o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslar, ya'ni bola huquqlari va erkinliklari himoyasi kafolatlanadi.
Shu bilan birga, mazkur jinoyat ob'ekti sifatida o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxsning normal va axloqiy rivojlanishi ekanligini inobatga olib, jinoyat sub'ekti yoshini 18 yosh etib belgilandi.
“O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O'zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo'shimchalarga ko'ra, 16 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan shaxsning 18 yoshga to'lmaganligi aybdorga ayon bo'lgani holda uni mulkiy manfaatdor etish orqali u bilan jinsiy aloqa qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi, deyiladi t.me/huquqiyaxborot telegram kanali xabarida.
Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo'llanilishi xmumkin.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni g'ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlar, oqimlar, sektalar faoliyatida qatnashishga undaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo'llaniladi.
Bu esa voyaga yetmagan shaxslarni g'ayriqonuniy jamoat birlashmalariga jalb qilish uchun keskin choralar ko'rish orqali voyaga yetmaganlarning mazkur jinoyatlar qurboni bo'lishi xavfining oldini olishga xizmat qiladi. Ya'ni, bola manfaatlarining davlat tomonidan kafolatli himoyalashni yanada kuchaytiradi.
Qonun bilan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi va Jinoyat kodekslariga kiritilgan o'zgartirishlarga ko'ra voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biror-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlagan shaxs to'g'ridan-to'g'ri jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilandi.
Bu, o'z navbatida, voyaga yetmagan shaxslar manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytiradi. Bolalarni majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga chek qo'yish maqsadida javobgarlikni oshiradi.
Shu munosabat bilan mehnatga ma'muriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksidagi tegishli norma chiqarildi. Binobarin, ilgari ma'muriy jazo qo'llanilgandan so'ng voyaga yetmagan shaxsni mehnatga biror-bir shaklda ma'muriy tarzda majburlash takror sodir etilgan taqdirda jinoiy javobgarlik belgilangan.
Mazkur Qonunning hayotga tatbiq etilishi odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilish, shu tariqa xalqaro maydonda davlatimiz nufuzi oshishiga, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida xolis va to'g'ri ma'lumotlarni keng jamoatchilik hamda xalqaro hamjamiyatga yetkazishga yordam beradi. 
Download 51.59 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling