Yevropa mamlakatlarida farmasevtika rivoji
QANCHA AHOLIGA BITTA DORIXONA BOʻLISHI KERAK?
Download 294.71 Kb.
|
Yevropa mamlakatlarida farmasevtika rivoji
QANCHA AHOLIGA BITTA DORIXONA BOʻLISHI KERAK?
Oʻzbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunida “Davlat asosiy dori vositalari, shuningdek, tibbiy buyumlar olinishi imkoniyatini va ularning sifatini kafolatlaydi”, deb qayd etilgan. Mamlakatimizda farmatsevtika taraqqiy etib borayotgan soha hisoblanadi. Sohaga tegishli tashkilotlarning bir qismi dori va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchilardir. Bundan tashqari, yurtimizda 600 dan ortiq ulgurji tashkilot faoliyat yuritadi. Mamlakatimizda 14 mingga yaqin dorixona mavjud. Dorixonalar tadbirkorlik subyektlari hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, birgina Toshkent shahrining oʻzida 2000 dan ortiq dorixona boʻlib, baʼzi mavzelarda 30 tadan 60 tagacha dorixona faoliyat yuritadi. Dorixonalar koʻpligining yaxshi jihati ham bor. Bu raqobatni kuchaytiradi, narxlar tushishiga sabab boʻladi. Chunki aholini, birinchi navbatda, dori-darmon va tibbiy vositalarning narxi oʻylantiradi. Chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼi nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qoʻllangan holda amalga oshiriladi. Bu juda yaxshi. Ammo masalaning boshqa jihati ham bor. — Dunyoda dori-darmonlar retsept bilan va retseptsiz beriladigan guruhga boʻlinadi, — deydi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi axborot-tahlil boshqarmasi boshligʻi Muhabbat Ibrohimova. — Retsept bilan beriladigan dori shifokor yozib bergan rasmiy tavsiya bilan sotilishi kerak. Bizda esa, dorixonaga kirayotgan odamlarning aksariyati retseptsiz ekanini koʻrish mumkin. Kasal odam koʻpincha shifokorga murojaat qilmaydi. Murojaat qilgan taqdirda ham u oddiy qogʻozga dorining savdo nomini yozadi. Ikkinchi turdagi bemorlar shifokorga murojaat etmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri dorixonaga boradi. Nima uchun? Chunki har qadamda dorixona bor. “Boshim ogʻriyapti, qon bosimim oshyapti”, deb murojaat qilgan mijozga vazifasiga kirmasa-da, farmatsevt oʻz mahsulotini tavsiya etadi. Agar bemor davolash muassasasiga borib, malakali shifokorga uchrasa va tibbiy koʻrikdan oʻtsa, aniq tashxisdan soʻng 5-10 ta dori emas, balki bitta dori tavsiya etilar, balki umuman doriga zarurat boʻlmas. Ehtimol, bu boshqa muolaja talab qilar va dorixonaga ehtiyoj qolmaydi. Agar bu tartib qattiq ishlasa, dorixonalarga kirayotgan bemorlar soni kamayadi. Mutaxassislar tahliliga koʻra, mamlakatimizda oʻrtacha ikki ming aholi bitta dorixona toʻgʻri keladi. Lekin hududlar kesimida bu turlicha. Masalan, Toshkentda bir ming bir yuz kishiga bitta, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida deyarli uch ming aholiga bitta dorixona toʻgʻri keladi. Yevropada 2500 odamga bitta dorixona ochilishi belgilangan. Sogʻliqni saqlash tizimi juda yaxshi ishlaydigan Daniyada 17 ming aholiga bitta dorixona xizmat koʻrsatadi. Dori-darmonga sogʻliqni saqlash tizimining muhim boʻlagi sifatida qaraladi va davlat tomonidan juda qattiq nazorat qilinadi. — Yurtimizda dorixonalar koʻpligi, bir tomondan, soliq boʻyicha qandaydir foyda keltirayotgandir, ammo ijtimoiy nuqtayi nazardan bu foydadan koʻra koʻproq zarar, — deydi Muhabbat Ibrohimova. — Zarar nimadan iborat? Agar bemor dorini unga aniq tayinlangan retsept asosida isteʼmol qilmasa, kasallik choʻzilishi yoki ogʻir ahvolga kelishi mumkin. Birgina misol, Oʻzbekistonda antibiotik juda koʻp ishlatiladi. Odamlarda, agar shamollasam, albatta, antibiotik ichishim shart, degan tushuncha shakllangan. Ammo antibiotik virusga qarshi preparat emas. Antibiotik bakteriya yoki muayyan kasallikning asoratini tuzatishi mumkin. Uni koʻp va davomli isteʼmol qilish infeksiyaning dorilarga chidamliligini oshiradi. Keyinchalik dori foyda bermaydi. Undan kuchlirogʻini tavsiya etishga toʻgʻri keladi. Dori taʼsiri susayishi natijasida oddiy shamollash ham ogʻir asoratlarga olib kelishi mumkin. Davlatimiz rahbari oʻtgan yil 12-13-noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvda birlamchi vazifa sifatida aholini toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy tarbiyaga oʻrgatish, umuman, tibbiy madaniyatni oshirish muhimligini taʼkidladi. Bu bejiz emas. Zero, inson salomatligi koʻp jihatdan uning tibbiy madaniyati va malakasiga bogʻliq. Har qanday kasallikni davolashga tibbiy madaniyat va malaka bilan yondashish, turmush tarzini oʻzgartirishga qaratilgan davolash usuli ham muhim sanaladi. Shu maʼnoda, isteʼmol qilayotgan dorimizning qanchalik samarali va xavfsiz ekanligini nazorat qilish, umuman, dorilarga ruju qoʻymaslik, isteʼmol qilishdan avval ularning sifatini oʻrganishni ham taqozo etadi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, bir yilda dunyoda antibiotik notoʻgʻri isteʼmol qilingani tufayli 700 ming odam hayotdan koʻz yumadi. Bu juda katta raqam. Oʻzbekistonda bunday statistika hozircha yuritilmaydi. Lekin, aytish mumkinki, biz ham bundan mustasno emasmiz. Shu bois, dorixonadan betartib, retseptsiz dori berilishi insonga ziyon keltirishi mumkin. Prezidentimiz raisligida oʻtgan yil 6-noyabr kuni sogʻliqni saqlash tizimining birlamchi boʻgʻinini takomillashtirish hamda aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholining salomatlik holati baholanib, elektron bazasi yaratilishi borasida vazifalar belgilab berildi. Jumladan, davlatimiz rahbari “Bundan buyon, bepul tibbiy yordam uchun yoʻllanmani hamda bepul tarqatiladigan dorilarga retseptni ham oilaviy shifokor beradi”, deb taʼkidladi. Bu, oʻz navbatida, tibbiyot sohasining birlamchi tizimini isloh qilish, tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish bilan birga farmatsevtika tarmogʻini yana-da rivojlantirishga qaratilgan katta eʼtibordir. Rivojlangan mamlakatlarda tibbiy sugʻurta tizimi juda yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda yurtimizda Sirdaryo viloyatida bu yangilik pilot loyiha sifatida amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bemor birlamchi tizimga murojaat qilganda shifokor maxsus kod bilan elektron retsept yozadi. Bemor haqidagi barcha maʼlumotlar uning elektron tibbiyot daftarida qayd etilgan boʻladi. Tibbiy daftarda, tabiiyki, bemor oldin qanday kasallikka chalingani, qanday dorilar qabul qilgani — hammasi yozilgan boʻladi. Shifokor tashxis qoʻygach, bemor yashash joyiga yaqin dorixonaga biriktiriladi. Unga tavsiya etilgan dori nomi oʻsha dorixonaning elektron roʻyxatiga yuboriladi. Dorixona esa zudlik bilan shu dorini olib keladi. — Germaniya tajribasini oʻrganganimizda, aholi dori qidirib yurmasligiga guvoh boʻldik, — deydi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari Alisher Temirov. — Dorixonaga murojaat qilinadigan boʻlsa, apteka xodimi retseptni koʻrib, “Mana, ikkita doringiz bor ekan, qolganini tushdan keyin olishingiz mumkin”, deydi. Shundan soʻng mijoz dori izlab hech qayerga bormaydi. Dorixonalar bir kunda toʻrt yoki besh marta ulgurji korxonalarga buyurtma beradi. Ertalab boʻlmagan dori qisqa vaqtda keltiriladi. Hududlardagi kam sonli dorixonalar oʻz aholisiga sifatli va tez xizmat koʻrsatadi. Retsept asosida mijozlar ehtiyojini taʼminlash tizimi juda yaxshi va tez ishlaydi. Bizda esa baʼzan birgina dori uchun koʻplab dorixonaga kirib chiqamiz. Germaniya tajribasida tizim ham, davlat ham bir-biriga ishonadi. Bu yerda sugʻurta tizimining afzalligini koʻrish mumkin. Mutaxassislar fikricha, koʻp dori ichilgandan keyin 30 foiz holatda nojoʻya taʼsir paydo boʻladi. Nojoʻya taʼsirni tuzatish uchun yana dori ichish kerak. Bu ham sotuvchiga pul keltiruvchi va inson sogʻligʻini yomonlashtiruvchi zanjir boʻladi. Chet elda retsept bilan beriladigan dori-darmonni hech kim retseptsiz ololmaydi. Dorixona qattiq nazorat qilinadi. Shifokor ishiga masʼuliyat bilan yondashadi. Bizda ham mana shunday tizim yaratilishi boʻyicha ish olib borilmoqda. Download 294.71 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling