Yillarda Uzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha
Download 140.2 Kb.
|
strategiya qo\'llanma
2017-2021 yillarda Uzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha xarakatlar strategiyasini «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturini mavzusida MUSTAQIL ISH Keyingi bir yilda O’zbekiston davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimida keng ko’lamli ijobiy o’zgarishlar ro’y berdi, bunda asosiy e’tibor fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va aholi manfaatlarini amalda ta’minlashga qaratildi. "Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun", "Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak", degan ezgu g’oyalar O’zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida ko’zda tutilgan islohotlarni hayotga tatbiq etishning asosini tashkil qildi. Harakatlar strategiyasini "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida davlat va jamiyat qurilishi tizimini sifat jihatidan yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy soha, sud-huquq tizimini isloh qilish, vazmin va amaliy tashqi siyosat yuritishga qaratilgan qator aniq va amaliy chora-tadbirlar ko’rildi. SHu bilan birga, xalq bilan to’g’ridan-to’g’ri muloqot hamda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida qilingan ishlarning tanqidiy tahlili joylarda aholi farovonligini oshirish va ishlar ahvolini tubdan yaxshilashga to’sqinlik qilayotgan qator muammolar mavjudligini ko’rsatdi. Davlatimiz rahbari o’zining 2017 yil 22 dekabr kuni parlamentga yo’llagan tarixiy Murojaatnomasida ham mavjud o’tkir muammolarga e’tibor qaratdi, ularni hal etishning aniq yo’llarini taklif qildi. Shu munosabat bilan Harakatlar strategiyasini "Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturi (keyingi o’rinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) loyihasi ishlab chiqildi hamda 10-20 yanvarь kunlari aholi o’rtasida keng va atroflicha muhokama qilindi. Davlat dasturi loyihasini muhokama qilish davomida fuqarolardan 4,4 mingta taklif va sharh kelib tushdi, ulardan Davlat dasturini takomillashtirishda foydalanildi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22 yanvar kuni qabul qilingan Farmoni bilan Davlat dasturi tasdiqlanib, uning asosiy yo’nalishlari va uni amalga oshirishning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari belgilandi. Fuqarolardan kelib tushgan takliflarning aksariyatida ko’rsatilgan dolzarb muammolarni hal qilishga oid alohida huquqiy normalar bevosita Farmonning o’zida ko’rsatilgan bo’lib, ularning ijrosini darhol ta’minlash shart ekani belgilandi. Farmon bilan tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy-xo’jalik faoliyatini tekshirish bo’yicha ikki yil muddatga moratoriy e’lon qilindi. Endilikda, Farmon e’lon qilingan kundan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari nazorat qiluvchi organlarning tekshiruvlariga vaqt va resurs sarflamasdan o’z faoliyatini xotirjam amalga oshirishlari mumkin. Yana bir muhim yangilik – vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo’lmagan yoxud turar joyi bo’yicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga olishga oid taqiq bekor qilinadi. Ushbu norma fuqarolarga mamlakatimizning istalgan hududida, ayniqsa, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ishga joylashishda hech qanday cheklovlarsiz o’z salohiyatini ro’yobga chiqarish imkonini beradi. Istiqbolli kadrlar qaerda doimiy yoki vaqtincha propiska qilingani, turar joyi bo’yicha hisobda turganidan qat’i nazar, poytaxt mintaqasida mehnat qila oladilar. O’z navbatida, ish beruvchilar vaqtincha yoki doimiy propiskasi bo’lmagan yoxud turar joyi bo’yicha hisobdan o’tmagan fuqarolarni ishga olganliklari uchun javobgarlikdan ozod etiladi. Davlat dasturi 5 bo’limdan iborat. Davlat dasturi doirasida 37 ta qonun (Saylov kodeksi, "Davlat xizmati to’g’risida", "Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to’g’risida", "Nogironligi bo’lgan shaxslarning huquqlari to’g’risida", "Fan to’g’risida", "Innovatsion faoliyat to’g’risida"gi va boshqalar)ni ishlab chiqish, 142 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish hamda turli sohalarni qamrab oladigan 52 ta amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish ko’zda tutilgan. Davlat dasturining birinchi bo’limi davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishga bag’ishlangan. Shubhasiz, "Davlat xizmati to’g’risida"gi qonunning qabul qilinishi bu boradagi muhim qadam bo’ladi. Ushbu hujjat, avvalo, davlat idoralarida xizmatni haqiqatdan nufuzli faoliyatga aylantiradi, davlat xizmatchilarining mehnat haqi va ijtimoiy himoyasi uchun munosib tizim shakllantiradi, yuklatilgan vazifalarning sifatli ijrosi uchun davlat xizmatchilarining javobgarligini oshiradi. Endilikda har bir davlat xizmatchisi egallab turgan lavozimga munosib ekanini har kuni isbotlashi shart. Davlat funktsiyalari va vakolatlarining amaldagi markazlashgan tizimiga barham beriladi. Birinchidan, hukumatning alohida funktsiyalari, ayniqsa, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari sohasidagi vazifalari vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlariga o’tkaziladi. Ikkinchidan, tegishli hududda davlat siyosatini amalga oshirish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslar sifatida barcha darajadagi hokimlarning vakolatlari kengaytiriladi va mavqei mustahkamlanadi. Bundan pirovard maqsad – hokimlar hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yuksaltirish va aholi farovonligini oshirishni amalda ta’minlash imkonini beradigan real vakolatlarga ega bo’lishiga erishish. Fuqarolarning davlatni boshqarishda ishtirok etishga bo’lgan huquqini ro’yobga chiqarishning yangi mexanizmi sifatida elektron jamoaviy murojaat qilish – petitsiya yo’llash tizimi joriy qilinadi. Ushbu tizim fuqarolarga davlat hokimiyatining vakillik organlariga aniq savollar qo’yish imkonini beradi, ushbu organlar esa fuqarolarning ma’lum soni tomonidan ma’qullangan murojaatlar yuzasidan chora ko’rishi shart bo’ladi. Mazkur mexanizm tufayli faol fuqarolar va jamoat tashkilotlari turli muammolar yechimi bo’yicha tashabbus ko’rsatishlari mumkin. SHu orqali "Mamlakat hayotiga aloqador eng muhim qarorlar bevosita muloqot asosida qabul qilinadi", degan tamoyil amalda ro’yobga chiqariladi. Davlat dasturining navbatdagi muhim yo’nalishi qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishdir. 2018-2021 yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish bo’yicha kontseptsiyani ishlab chiqish, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish muddatlarini qayta ko’rib chiqish rejalashtirilgan. Jinoiy va ma’muriy javobgarlikni liberallashtirish, protsessual normalarni takomillashtirish ko’zda tutilgan. Dastlabki tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish uchun tintuv va telefon so’zlashuvlarini eshitishga sanktsiya berish vakolati sudga o’tkaziladi. Inson huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida tergov izolyatorlari va jazoni ijro etish muassasalari videokuzatuv vositalari bilan jihozlanadi. Ichki ishlar organlari yo’l-patrulь va patrulь-post xizmatlarini ular fuqarolar bilan muomala qilayotganda foydalaniladigan video-fiksatorlar bilan ta’minlash ko’zda tutilgan bo’lib, bu nafaqat fuqarolar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi, balki tinchligimiz posbonlari tomonidan o’z vazifasini suiiste’mol qilishi holatlarining ham oldini olishga xizmat qiladi. Davlat dasturida propiska va pasport tizimini soddalashtirishga doir chora-tadbirlar ham ko’zda tutilgan. Xususan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskasi bo’lmagan fuqarolar ikkilamchi bozorda ko’chmas mulk xarid qilish imkoniyatiga ega bo’ladi. Davlat dasturining uchinchi yo’nalishi iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlashga bag’ishlangan. Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish sohasida ilg’or g’oyalar, "smart" texnologiyalar va nou-xaularga asoslangan innovatsion taraqqiyotning yangi modeliga bosqichma-bosqich o’tish ko’zda tutilmoqda. Venchur fondlar, venchur moliyalashtirishni tashkil etish va rivojlantirish uchun huquqiy asoslar, shuningdek, iqtisodiyotga innovatsiyalar va yangi texnologiyalar joriy etishni rag’batlantiruvchi mexanizmlar ishlab chiqiladi. 2023 yilning 1 yanvariga qadar venchur fondlar, yuqori texnologik startap-loyihalar, ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsiya markazlari va loyiha-konstruktorlik byurolariga o’zlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotish (foydalanish uchun taqdim etish)dan tushgan daromadlari bo’yicha soliq imtiyozlari taqdim etiladi. Yer uchastkalari berishda shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash maqsadida internet tarmog’ida elektron savdolar o’tkazishni joriy qilish rejalashtirilgan. Davlat aktivlarini elektron savdo maydonlari orqali sotish tizimini yaratish ko’zda tutilmoqda. Banklar va bank faoliyatiga doir qonunchilik tubdan qayta ko’rib chiqilib, sohada "raqamli banking", "internet-banking" va boshqa zamonaviy texnologiyalar tatbiq etiladi. Soliq va bojxona siyosatini takomillashtirish va optimallashtirish, soliq yukini kamaytirish, soliq va bojxona ma’murchiligini soddalashtirish bo’yicha ishlar davom ettiriladi. Turizm sohasini rivojlantirish, kirish turizmi va ichki turizmni rivojlantirishni rag’batlantirish, sayyohlar uchun ma’muriy va viza bilan bog’liq tartibotlarni soddalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Davlat dasturining keyingi bo’limi ijtimoiy sohani rivojlantirishga bag’ishlangan. Aholining munosib hayot kechirishi uchun zarur bo’lgan daromadlarni aniqlash bo’yicha "iste’mol savatchasi"ga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish nazarda tutilgan. Hududlar kesimida "iste’mol savatchasi"ni hisobga olgan holda ish haqi, pensiya va boshqa ijtimoiy to’lovlar miqdorini belgilash tizimiga bosqichma-bosqich o’tish mo’ljallanmoqda. Tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish va tibbiy xizmat sifatini oshirish bo’yicha ishlar izchil davom ettiriladi. Sog’liqni saqlash sohasiga "aqlli tibbiyot" tizimi, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish ko’zda tutilmoqda. Aholini arzon narxlardagi sifatli dori vositalari bilan ta’minlaydigan 2 mingta ijtimoiy dorixona tashkil etish rejalashtirilgan. Aholi, ayniqsa, yosh oilalarning arzon uy-joyga bo’lgan ehtiyojini ta’minlash maqsadida 2018 yilda bunday uylarni qurish hajmi 1,5-2 barobar oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 5 trillion 286 milliard so’m mablag’ yo’naltiriladi. Aholini telekommunikatsiya xizmatlari bilan to’liq qamrab olish uchun chekka hududlarda 2000 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tortish, internet tezligini 2,5 barobar oshirish va 4 mingdan ziyod mobilь aloqa tayanch stantsiyalarini ishga tushirish ko’zda tutilmoqda. Davlat dasturining beshinchi yo’nalishi – xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni ta’minlash, vazmin, o’zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat yuritish. Xususan, xorijda yashayotgan va ishlayotgan yurtdoshlarimiz bilan hamkorlik qilish bo’yicha davlat siyosati kontseptsiyasi ishlab chiqiladi va qabul qilinadi. Ekstremistik g’oyalar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, bunday fuqarolarni sog’lom muhitga qaytarish tizimini takomillashtirish bo’yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Diniy ma’rifat tizimi qayta ko’rib chiqilib, bu borada aholi, ayniqsa, yoshlar o’rtasida olib borilayotgan ishlar samaradorligi va ta’sirchanligi kuchaytiriladi. Muxtasar aytganda, Davlat dasturida ko’zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga 13,5 trillion so’m va 1,3 milliard AQSH dollari yo’naltiriladi. Davlat dasturida ko’zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish mamlakatimizning barqaror iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, aholi farovonligini amalda yuksaltirish va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashda muhim dasturilamal bo’lib xizmat qiladi. Eng avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda 2017 yildan e’tiboran Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor chora-tadbirlardan kelib chiqqan holda, hamkor rivojlangan davlatlar va xalqaro moliya institutlari bilan munosabatlardagi yondashuv o‘zgartirildi. Binobarin, O‘zbekiston global iqtisodiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanib borayotgan sharoitda, mamlakatda olib borilayotgan makroiqtisodiy, shu jumladan, pul-kredit siyosati va bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida xalqaro jamoatchilikni, xususan, xorijiy investorlar, xalqaro reyting kompaniyalari hamda moliyaviy tashkilotlarni xabardor qilib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu jihatdan, hukumat, barcha vazirlik va idoralar hamda Markaziy bank tomonidan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, davlat byudjeti ijrosi, pul muomalasi va oltin-valyuta zaxiralari holati to‘g‘risidagi barcha statistik va tahliliy ma’lumotlarni doimiy ravishda ochiq chop etib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi ekspertlari tomonidan byudjet oshkoraligini baholash, davlat moliya statistikasini tuzish sifati va davlat sektori ma’lumotlarining aniqligini baholash bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi va 2018 yildan boshlab O‘zbekistonda ilk bor “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri chop etildi[1], byudjet jarayonining barcha bosqichlari elektron saytlarda e’lon qilib boriladigan bo‘ldi. Shuningdek, 2018 yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasining to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiya choraklik statistikasi Xalqaro valyuta jamg‘armasi standartlariga muvofiq har chorakda Markaziy bank veb-saytida o‘zbek, rus va ingliz tillarida hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining ma’lumotlarni tarqatish tizimlarida joylashtirib borilmoqda[2]. 2019 yilda Xalqaro valyuta jamg‘armasining asosiy statistik ma’lumotlar platformasi – "Xalqaro moliyaviy statistika" tizimida O‘zbekiston Respublikasining sahifasi ochildi[3]. Natijada, xalqaro hamjamiyat, xalqaro tashkilot va moliyaviy institutlarning O‘zbekistonga munosabati o‘zgarib, olib borilayotgan islohotlar e’tirof etildi. 2020 yilda O‘zbekiston Open Data Inventory (ODIN) — Ochiq ma’lumotlar reytingida 63 ball to‘plab, jahon bo‘yicha 44-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi. Ochiq ma’lumotlar reytingida O‘zbekiston Osiyo davlatlari orasida eng katta o‘sish kuzatilgan mamlakat bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha birato‘la 125 pozitsiyaga yuqoriladi[4]. Mamlakatda 2016 yil oxiridanoq xalqaro moliyaviy institutlar bilan to‘laqonli munosabatlar tiklanishiga kirishildi. Xususan, shu yili Fransiya rivojlanish agentligi o‘zining O‘zbekistondagi birinchi loyihasini amalga oshirishga kirishdi[5]. Shuningdek, O‘zbekiston yangi tuzilgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining teng huquqli a’zosiga aylandi[6]. 2017-2018 yillarda mamlakatda bank-moliya sohasida keskin burilishlarga sabab bo‘lgan islohotlar, xususan, valyuta bozorini liberallashtirish, moliya bozorlarini rivojlantirish, pul-kredit siyosatini, shu jumladan, uning instrumentlarini takomillashtirish, ichki pul va valyuta bozorlarini rivojlantirish, tijorat banklari faoliyatini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirildi. Bunda, asosan Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilindi. Bundan tashqari, 2017 yil oktyabrda Yevropa investitsiya banki (YeIB) va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Vashingtonda O‘zbekistonda YeIB faoliyati uchun huquqiy asosni belgilovchi, jumladan, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolandi[7]. Bank O‘zbekistonda infratuzilma, energetika va energiya samaradorligi bo‘yicha davlat va xususiy sektor hamda mamlakatdagi kichik va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishi bo‘yicha kelishib olindi. Mamlakatning bu yangi yondashuvi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mamlakatda o‘z faoliyatini qayta tiklashga, Toshkentda yangi ofis ochishga va 2018 yil sentyabr oyida esa YeTTB Direktorlar Kengashi tomonidan mamlakat bo‘yicha yangi strategiyani qabul qilinishiga imkon berdi[8]. 2018 yilda xalqaro suveren reytingni olish va mamlakat investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida Standard and Poor’s, Moody’s, Fitch, JR Morgan and Chase kabi xalqaro moliya institutlari va reyting agentliklari bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2018 yilning oktyabr oyida birinchi bor O‘zbekiston suveren kredit reytingini oldi va “Fitch Ratings” tashkiloti “O‘zbekiston makroiqtisodiy barqarorlik va o‘sish istiqbollarini yaxshilashga, shuningdek, davlat tomonidan katta darajada nazorat qilinadigan iqtisodiyotda institutsional va boshqaruvdagi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan ulkan va keng qamrovli islohotlar dasturini amalga oshirishga kirishdi” deya e’tirof etdi[9]. 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasining ilk xalqaro yevro obligatsiyalari London birjasida joylashtirildi va bu bilan respublikaning xalqaro moliyaviy bozorga kirib kelishi ta’minlandi[10]. London shahrida nufuzli “Global Capital” nashriyoti tomonidan o‘tkazilgan “Bond Awards 2019” taqdirlash marosimida O‘zbekiston Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mintaqasining xalqaro obligatsiyalar chiqarish bo‘yicha eng yaxshi emitentlari qatoridan joy oldi. 2020 yilning 19 noyabr kuni Moliya vazirligi tomonidan umumiy hajmi 750 mln. dollar miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalar ikki transhda – 10 yillik muddat bilan 555 mln. dollar dollarda va 3 yillik muddat bilan ilk bora milliy valyuta – o‘zbek so‘mida 2 trln. so‘m miqdorida London qimmatbaho qog‘ozlari bozorida (London Stock Exchange) muvaffaqiyatli joylashtirildi[11]. “JP Morgan Development Finance Institution” (“JP Morgan DFI") tuzilmasi 2020 yil 19 noyabrda chiqarilgan O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutadagi ilk xalqaro obligatsiyalari tranzaksiyasiga “taraqqiyot moliyasi” maqomini (“Development Finance Qualification”) berdi va tranzaksiyaning taraqqiyotga bo‘lgan ta’siri “yuqori darajada” baholandi[12]. Yuqorida qayd etilgan o‘zgarishlar, xususan O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatga “ochilishi” va xalqaro hamkorlik kuchaytirilishi hamda olib borilgan islohotlar xalqaro hamjamiyatning mamlakatga nisbatan munosabati va ishonchi ortishiga sabab bo‘ldi. Xususan, 2020 yilda O‘zbekiston birinchi marta Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalari bo‘yicha me’yoriy cheklovlar indeksiga kiritildi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun iqtisodiyotning ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida yetakchi o‘rinni egalladi[13]. 2017-2020 yillardagi bu borada olib borilgan sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Xususan, 2017-2020 yillarda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi 327 ta investitsiya loyihalari doirasida 10,26 mlrd. dollar kredit mablag‘lari o‘zlashtirilib, qator sohalarni rivojlantirishga yo‘naltirildi. Jumladan, mablag‘lar yoqilg‘i-energetika sanoatiga (5,88 mlrd. dollar); kommunikatsiya va mudofaa sanoatiga (1,56 mlrd. dollar); qishloq va suv xo‘jaliklari tizimiga (1,27 mlrd. dollar); moliyalashtirish yo‘nalishiga (0,95 mlrd. dollar); ijtimoiy sohalarga (0,47 mlrd. dollar) va boshqa tarmoqlarga yo‘naltirildi[14]. 2017 yildan boshlab milliy valyuta kursini iqtisodiyotda chet el valyutasiga bo‘lgan talab va taklifga asosan belgilash mexanizmi joriy qilindi hamda aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan chet el valyutalarining sotilishi, sotib olinishi va tasarruf qilinishi borasidagi avval mavjud bo‘lgan cheklovlar bekor qilindi[15], tadbirkorlik sub’yektlari va aholi uchun qator qulayliklar yaratildi[16]. 2018 yilda aholiga bank xizmatlarini ko‘rsatishda, jumladan valyuta oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida[17] jismoniy shaxslar tomonidan xalqaro to‘lov kartalariga sotib olingan xorijiy valyutani tijorat banklarida naqd shaklda yechib olish mexanizmi joriy etildi, tijorat banklari tomonidan aholi gavjum joylarda, shu jumladan, turistik zonalar, aeroportlar, vokzallar va bozorlarda “24/7” rejimida ishlovchi avval mavjud bo‘lmagan avtomatlashtirilgan valyuta ayirboshlash shoxobchalari tashkil etildi. 2019 yilda valyutani tartibga solish sohasidagi ilg‘or xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi[18]. Qonunda valyutani tartibga solish hamda valyutani nazorat qilish tizimining yagonaligi, ushbu sohada davlat siyosatini amalga oshirishda iqtisodiy choralarning ustuvorligi, rezidentlar va norezidentlarning valyuta operatsiyalariga davlat organlarining qonunga xilof ravishda aralashuviga yo‘l qo‘yilmasligi kabi asosiy tamoyillar belgilandi. Milliy valyuta “so‘m”ning mavqeyini yanada mustahkamlash hamda unga bo‘lgan ishonchni kuchaytirish maqsadida davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar milliy valyutada undirilishi, tovar va xizmatlar uchun narxlar hamda jamiyatlarning ustav kapitaliga qo‘yiladigan minimal talablar faqat milliy valyutada o‘rnatilishi qonun darajasida belgilab qo‘yildi. Valyuta siyosatini liberallashtirish natijasida 2017-2020 yillar davomida ichki valyuta bozorida xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va aholi tomonidan xorijiy valyutani sotib olish va sotish operatsiyalari hajmi hamda valyuta bozori ishtirokchilari soni o‘sishi kuzatildi. Xususan, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan sotib olingan jami valyuta hajmi 2020 yilda 2017 yilga nisbatan 2,3 barobarga, sotilgan valyuta hajmi esa 2,1 barobarga oshdi[19]. Shuningdek, 2019 yilda tadbirkorlik sub’yektlariga tashqi savdo shartnomalari bo‘yicha 2017 yil 5 sentyabrga qadar hosil bo‘lgan va asossiz ravishda saqlanib turgan kreditor qarzdorliklarni hisobdan chiqarish va korxona daromadiga olish, bunda ularga tegishli daromad soliqlarini hisoblamaslikka ruxsat berildi[20]. Buning natijasida mamlakat tashqi sektor statistikasi ma’lumotlarining sifati oshirilishiga zamin yaratildi. Keyingi 4 yilda tashqi savdo sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida eksport tarkibi va geografiyasini diversifikatsiya qilish, tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini kengaytirish kabi yo‘nalishlarda muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini faollashtirish[21] doirasida tashqi savdo rejimini liberallashtirish borasidagi sa’y-harakatlar kengaytirilmoqda. O‘zbekiston tashqi savdo faoliyatida 2017-2020 yillarda tashqi savdoni liberallashtirish va respublika eksport salohiyatidan yanada samarali foydalanish natijasida o‘zgarishlar yuz berdi. Xususan, eksport qilinadigan barcha tovarlar va xizmatlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilindi, litsenziyalash va eksport tizimi soddalashtirildi. Tovarlarning 60% dan ortiq turlari uchun bojxona to‘lovlarining “nol” darajasi belgilandi. Shuningdek, O‘zbekistonda bojxona to‘lovi stavkasi 6,45%gacha pasaytirildi. "Yagona darcha" tamoyili bo‘yicha eksport va import operatsiyalarini amalga oshirish uchun milliy veb-sayt ishga tushirildi, bu esa, elektron so‘rov yuborish va turli ruxsat beruvchi hujjatlarni, shu jumladan, tovar kelib chiqish sertifikati va fitosanitariya sertifikatlarini to‘lash imkonini beradi. Ushbu yangi mexanizmlarning joriy etilishi bilan eksport hujjatlarini rasmiylashtirishning umumiy vaqti 174 soatdan 96 soatgacha kamaydi. Natijada, O‘zbekistonning “Doing Business” — Biznes yuritish reytingidagi "xalqaro savdo" indikatori ko‘rsatkichlari 2016 yildagi 44,3 balldan 2020 yilda 58,2 ballga yaxshilanishiga erishildi[22]. Tashqi savdoni yanada erkinlashtirish, jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar eksportining nomenklaturasini oshirish uchun sharoit yaratildi. Masalan, eksportni rag‘batlantirish maqsadida mahsulotlar uchun oldindan to‘lov tartibi bartaraf etildi va kafillik majburiyatisiz tashqi bozorga mahsulot yetkazib berish tizimi yaratildi. Eskirgan litsenziyalash tartib-taomillari bekor qilindi, eksportchilar uchun soliq imtiyozlari kengaytirildi. Eksport shartnomalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzlarini hisoblashning yagona muddati 120 kungacha uzaytirildi. Tadbirkorlar uchun bojxona nazorati ostida bir qator qulayliklar yaratilgan. Tashqi savdoning liberallashtirilishi natijasida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi hajmi 2020 yilda (2020 yildagi pandemiya oqibatlariga qaramay) 2016 yilga nisbatan 1,5 baravarga oshdi. 2018 yildan boshlab amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining asosiy maqsadlari mamlakatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investorlar uchun qulay sharoitlar yaratishdan iborat bo‘ldi. Soliq sohasida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida respublikada soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi[24]. Unga ko‘ra, 2019 yildan mamlakatda tub soliq islohotlari amalga oshirildi, jumladan, jismoniy shaxslar daromad solig‘i stavkasi 22,5%dan 12%ga tushirildi, sug‘urta badali va davlat jamg‘armalariga maqsadli ajratmalar bekor qilindi. QQS stavkasining 20 foizdan 15 foizgacha pasaytirilishi aylanma mablag‘larning korxonalardan chetlanishini kamaytirdi va oxirgi iste’molchiga egri soliq bosimini kamaytirdi. Download 140.2 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling