“Yomg’ir ostidagi odam” proektiv metodikasini o’tkazish tartibi
Bola chizgan rasmlar nimadan dalolat beradi?
Psixologlar fikricha rasm bola kayfiyatini va ruhiy kechinmalarini oshkor qiladi. Uning turli holatlarda o`zini qanday tutishi, o`ziga ishonchi past yoki balandligini aniqlashni istasangiz, uning chizgan rasmlariga ahamiyat bering. Buning uchun sizga A4 formatli oq qog`oz, oddiy qora qalam, o`chirg`ich kerak bo`ladi. Farzandingizdan yomg`ir ostidagi odamni chizib berishini iltimos qiling. Yomg`ir mavzusi stress holatiga ishora bo`lib, ruhiyatni chuqurroq ochib beradi.
KIM NIMA ChIZADI?
Bola 3 yoshga kirgach rasmlarida aniq bir shakl va chiziqlarni chiza boshlaydi. Uch yoshli bola odamni chizishda dumaloqsifat shakllardan foydalanadi. Besh yoshga kirgan kichik rassom esa odam rasmida uning oyoq-qo`llari, boshi va og`zini chizishga harakat qiladi. Olti yoshli bola esa rasmdagi qahramonga burun, barmoqlarni ham chizadi. Etti yoshli bolalar esa rasm chizganda qahramonga bo`yin, soch va qahramonga kiyim ham chiza boshlashadi.
RASMNI “O`QISh”
Rasmdagi kishining jussasi juda kichikligi, bolaning o`ziga nisbatan ishonchi pastligidan darak beradi. U ota-onasi tarafidan qo`llab quvvatlashga muhtoj.
Soyabon, kapishon yoki boshqa muhofaza qiluvchi kiyim – bola o`zini atrofdagi ba`zi hodisalardan muhofaza qilishni istashi va stress holatlarda sarosimaga tushib qolmasligidan dalolat.
Og`ir, qora bulutlar – oxirgi payt bola hayotida ba`zi bir salbiy o`zgarishlar sodir bo`lganidan darak beradi.
Kamalak, quyosh – bola hayotida sodir bo`lgan muammolarning echilishiga umid bog`laganini bildiradi.
Yomg`irdan qochayotgan kishi – muammolardan qochib chiqib ketish istagiga darak.
Aniq va uzluksiz yo`nalishda chiziqlar – bola qiyinchiliklarga engib o`tishga va mantiq bilan ish tutishga harakat qiladi.
Rasm o`chirg`ich yordamida ko`p bora o`chirilib chizilganligi bolaning kayfiyati yo`qligidan darak beradi.
Qo`llar – faollik va kirishimlilikni bildiradi. Quchoq ochib turgan qo`llar – ochiq ko`ngillik, orqaga yashiringan – o`z holatidan ko`ngli to`lmaslik, ichga yashiringan ginani bildiradi.
Oyoqlar – turg`unlik, suyanchiq ramzi.
Chizilgan qahramonning og`zi ochiqligi bolaning ichidagi g`azabdan darak, tishlar ham gina-kudratga ishora qiladi. Bu bolaning o`zini himoya qilishga yo`naltirilgan g`azab ham bo`lishi mumkin.
Quloq – bola muloqotga ochiq. Juda ham katta quloqlar xushyorlikdan darak beradi.
RANGLAR
Sariq rang – ijobiy his-tuyg`ular, qiziquvchanlik va kelajakka yaxshilik bilan boqish. Bu rangni ijod tabiatli bolalar yaxshi ko`rishadi. Ular saranjomlikni yoqtirishmaydi, hamda ko`p hollarda qaror qabul qilishda ikkilanish odatlari ham bor.
Qizil rang – iroda, kutilmagan harakatlar qiluvchi, faol, hamda shu bilan birga qiziqqonlikdan darak beradi. Bunday bolalar faol o`yinlar o`ynashi lozim, yangiliklarga ochiq, ammo gapga kamdakn-kam quloq soladi.
Yashil rang – vazmin, erkin, tirishqoq, qaysar, halovat istagini bildiradi. Ona mehrini sog`ingan bolalarning rasmlarida yashil ranglarni ko`rish mumkin. Odatda bunday bolalar juda yuvosh, ichki hissiyotlarini ko`rsatmaydilar. Hamda kichik o`zgarishlarni ham yoqtirmaydilar.
Binafsha rang – tasavvur, ichki sezgirlik, hissiyotli. Bu rangni tanlagan bolalarda artistlik mahorati bilan birga ortiqcha his-tuyg`ularga berilish odati ham bor. Ota-onaning engil dakkisini ham unga qattiq ta`sir qiladi.
Qora rang – norozilik, tushkunlikni bildiradi. Bola bu rangni tanlashi bilan atrofdagi hosidalarni o`zgarish istagida ekanligini ko`rsatadi.
Rasmda qo`shimcha mayda rasmchalarning ko`p bo`lsa, bilingki, bola ko`proq e`tiborga muhtoj.
Juda yumshoq chiziqlar esa bolaning tabiati yumshoqligini bildirsa, qalin chizilgan chiziqlar esa bolaning irodasi kuchli ekanligidan darak beradi.
Ko`rib turganingizdek, bola chizgan rasm nafaqat oddiy rasm, balki bir ma`noda uning ichki olamini ko`rsatib turuvchi oyna hamdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |