Zamonaviy bank faoliyatini tashkillashtirishda bankning idoraviy tuzilmasidagi Tavakkalchiliklarni nazorat qilish qо‘mitasining ahamiyati katta


Download 15.22 Kb.
Sana14.08.2020
Hajmi15.22 Kb.
#126228
Bog'liq
Zamonaviy bank faoliyatini tashkillashtirishda bankning idoraviy tuzilmasidagi Tavakkalchiliklarni nazorat qilish qо


Zamonaviy bank faoliyatini tashkillashtirishda bankning idoraviy tuzilmasidagi Tavakkalchiliklarni nazorat qilish qо‘mitasining ahamiyati katta. Ma’lumki, mazkur nazorat mexanizmi 2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting kо‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yо‘nalishlariga doir kompleks chora-tadbirlar doirasida joriy etilgan edi1.
Mazkur tuzilma shiddat bilan о‘zgarib borayotgan jahon moliya bozorida faoliyat yuritib kelayotgan tijorat banklarimizning korporativ boshqaruvini takomillashtirish va bank Boshqaruv kengashining rolini oshirishga kо‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.
О‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining «Tijorat banklarining bank tavakkalchiliklarini boshqarishga nis­batan qо‘yiladigan talablar tо‘g‘­risida»gi Nizomiga asosan, har yarim yilda, bank Boshqaruvi va bank Kengashining tavakkalchiliklarni nazorat qilish qо‘mitasi yig‘ilishlari о‘tkazilib, bank tavakkalchiliklarini boshqarish borasida olib borilayotgan ishlar natijalari muhokama qilinadi.
Bank Kengashi qoshida tashkil etilgan Tavakkalchiliklarni nazorat qilish qо‘mitasi bankning strategik rivojlanish rejasiga muvofiq tavakkalchiliklarni boshqarish va chek­lash umumiy siyosatini belgilaydi. О‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining «Tijorat banklarida korporativ boshqarish tо‘g‘risida»gi (2000 yil 5 iyul, 943-sonli hujjat sifatida rо‘yxatga olingan) Nizomning 5.4.3-bandiga muvofiq, bankning moliyaviy holatiga ta’sir kо‘rsatuvchi tavakkalchiliklarni kuzatish, jumladan, bank faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bо‘lgan kredit, valyuta, foiz, bozor, operatsion va boshqa toifadagi tavakkalchiliklarni aniqlash, ularning rо‘yxatini shakllantirish va bank tomonidan ularni bartaraf etish chora-tadbirlari amalga oshirilishini nazorat qilish Tavakkalchiliklarni nazorat qilish qо‘mitasining asosiy vazifalari sifatida qayd etildi.
Xususan, qо‘mita doimiy asosda (har yarim yilda) О‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining (Adliya vazirligi tomonidan 2011 yil
25 mayda 2229-raqam bilan rо‘yxatdan о‘tkazilgan) «Tijorat banklarining bank tavakkalchiliklarini boshqa­ri­shiga nisbatan qо‘yiladigan talab­lar tо‘g‘risida»gi Nizom doirasida tashkil etilgan bank tavakkalchiligini boshqarish vazifalari yuklangan maxsus tarkibiy bо‘linma tomonidan bank tavakkalchiliklarini boshqarish borasida olib borilgan ishlar natijalari bо‘yicha tayyorlangan hisobotni qabul qiladi.
Shuningdek, qо‘mita tomonidan bankning tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi faoliyati ustidan ichki nazorat о‘rnatilishini ta’minlashga mas’ul ijro organi va menejmentining ishi tahlil qilinadi va bank tavakkalchiliklarini boshqarish bо‘yicha amalga oshirilishi lozim bо‘lgan choralar, talablar va meyorlar yuzasidan bank Boshqaruv kengashiga takliflar tayyorlanadi.
Amaldagi tartib-taomillarga kо‘ra, qо‘mita bevosita bank Boshqaruv kengashiga hisobdor bо‘lib, u faoliyati davomida kengashni tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi doirasida uchraydigan har qanday axborot haqida о‘z vaqtida xabardor qilish, shuningdek, amalga oshirilishi lozim bо‘lgan choralar yuzasidan takliflar tayyorlash va о‘z vakolatiga kiruvchi holat yuzasidan qabul qilingan qaror haqida ma’lumot berishga majburdir.
Qо‘mita tomonidan Boshqaruv kengashiga taqdim etiladigan hisobotda quyidagi ma’lumotlar aks ettirilishi lozim:
 bank faoliyatida tavakkalchilikni boshqarish tizimi samaradorligi hamda ayni paytda va istiqbolda tavakkalchilikning mavjudligi yuzasidan axborot;
 bankda yо‘l qо‘yilishi mumkin bо‘lgan tavakkalchilikning umumiy darajasidan oshib ketganligi yoki oshmaganligi yuzasidan axborot;
 bank tavakkalchiligiga oid holat о‘z vaqtida aniqlanishi, uning qiymati­ga oid xolis ma’lumotning taqdim etilishi, yuzaga kelgan tavakkalchiliklarni boshqarish maqsadida zarur chora-tadbirlarning о‘z vaqtida amalga oshirilganligi yuzasidan axborot;
 bank ichki limitiga rioya qilinishi yuzasidan axborot;
 qо‘mita tomonidan tasdiqlangan ish-rejaning ijrosiga oid axborot.
Tavakkalchiliklarni nazorat qilish qо‘mitasi faoliyati tijorat bankining Boshqaruv kengashi tomonidan tasdiqlanuvchi «Tavakkalchiliklarni nazorat qilish qо‘mitasi tо‘g‘risida»gi Nizom asosida tartibga solinadi. Mazkur Nizomda qо‘mitaning vazifalari, uning tarkibini shakllantirish va ishlash tartibi aks ettiriladi. О‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki talablariga muvofiq, bank faoliyatida yuzaga keladigan tavakkalchiliklarni boshqarishga mas’ul ijro organi faoliyati ustidan tegishli nazorat о‘rnatilishini ta’minlash maqsadida qо‘mitaning tarkibi bank Boshqaruv kengashi a’zolaridan shakllantirilishi lozim. Ayni paytda ta’kidlash joiz, Markaziy bankning meyoriy-huquqiy hujjatlariga asosan Boshqaruv kengashi huzuridagi Auditorlik qо‘mitasiga a’zo sifatida saylangan shaxslar Tavakkalchilikni nazorat qilish qо‘mitasiga a’zo sifatida qabul qilinmaydi.
«UCH POG‘ONALI HIMOYA TIZIMI» – BANK TAVAKKALCHILIKLARINI BOSHQARISH MASALASIGA TIZIMLI YONDASHISH MODELI
Bank faoliyatidagi tavakkalchilikni boshqarish tizimida mavjud zamonaviy talab va meyorlar doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, jumladan, barcha turdagi tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash, kuzatish, nazorat qilish va cheklash (kamaytirish) alohida yо‘nalish faoliyatini ham, tijorat banklari faoliyatini ham rivojlantirishga xizmat qiladi. Moliyaviy salohiyatni oshirish barobarida boshqaruv tizimi va ichki nazorat sifatini yaxshilash masala­lariga jiddiy e’tibor qaratilishi bank faoliyatining samaradorligini kuchaytiradi.
Mazkur muhim omillarning muvozanatini ta’minlash bank faoliyatining barqarorligi va taraqqiyotini kafolatlashga imkon beradi. Tavakkalchiliklarni boshqarish saviyasining о‘sishi banklardagi korporativ boshqaruvning takomillashuviga zamin yaratadi. Jumladan, bank boshqaruvi organi tomonidan qabul qilinadigan qarorlarda tavakkalchilikni kо‘paytirishga sabab bо‘luvchi jihatlar uchramasligi bо‘yicha xabardorlik va mas’uliyat kuchayishiga, shuningdek, muassislar (aksiyadorlar) va bank ijro organi о‘rtasidagi vazifalarning aniq belgilanishi hamda ular orasida manfaatlar tо‘qnashuvi yuzaga kelmasligiga xizmat qiladi.
Korporativ boshqaruvning takomillashtirilishi bankning asosiy turdagi (kredit, bozor, valyuta, foiz, operatsion va boshqa turdagi) tavakkalchilik uchrashi ehtimoli yuqori bо‘lgan asosiy bо‘linmalari faoliyatining о‘ziga xos xususiyatlari va ishlash tartibiga bir qator о‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Aynan shunday yondashuv yordamida bankning barcha bо‘linmalari bо‘yicha turli toifadagi bank tavakkalchiligining maqbul «taqsimoti» yuzaga keladi. Tavakkalchilik-menejmenti maxsus bо‘linmasi tavakkalchilikni bevosita kuzatishi bilan bir paytda bankning tegishli tuzilmaviy bо‘linmalariga (kreditlash, valyutani tartibga solish, omonat operatsiyalari va hokazo) tavakkalchilikni bevosita boshqarish yuzasidan vazifalarni yuklaydi. Boshqacha aytganda, bankning har bir tuzilmaviy bо‘linmasidan о‘z faoliyati yо‘nalishidan kelib chiqib yuzaga kelgan tavakkalchilikni tezkorlik bilan boshqarishi talab etiladi, shu yо‘l bilan bank faoliyatidagi yuklamalar takrorlanishining oldi olinadi.
Bank tavakkalchiligini GRC (gover­nance, risk-management, compliance) tizimidan foydalanish orqali kompleks jihatdan boshqarish mumkin. Mazkur tizim tavakkalchilikni boshqarish masalasini quyidagi uch yо‘nalishda amalga oshirishga yordam beradi: korporativ boshqaruv, tavakkalchilik-menejment va ichki nazorat. GRC tizimidan foydalanish bank faoliyatini nazorat qilish va himoya qilishning uch pog‘onali tizimi modelini yaratishga imkon beradi. Xususan, tavakkalchilikni boshqarish (himoyaning birinchi bosqichi), mustaqil nazorat (ikkinchi bosqich) va audit (uchinchi bosqich) о‘rtasidagi faoliyatni aniq taqsimlaydi. Ushbu tizimga asosan tavakkalchilikning birlamchi nazorati bevosita u yoki bu turdagi tavakkalchilik yuzaga kelgan bо‘linmada amalga oshiriladi. Sо‘ng tavakkalchilik-menejmenti ixtisoslashgan bо‘linmasi bank holatiga oid tо‘liq ma’lumotni о‘rganib, umumiy integratsiyada tavakkalchilikni tahlil etadi. Himoyaning uchinchi bosqichi esa bank bо‘yicha yuritilayotgan ichki nazoratni mustaqil baholash maqsadida taklif etiladigan ham ichki, ham tashqi audit tomonidan amalga oshiriladi.
Tashkiliy jihatdan birinchi pog‘o­nadagi vazifalar bank faoliyatidagi alohida yо‘nalishlar (kreditlash, investitsiyalar, omonatlar)da uchraydigan tavakkalchiliklarni boshqarishga mas’ul xodimlarga yuklatiladi. Ikkinchi pog‘onada yuridik xizmat va tavakkalchilik-menejmenti hamda uchinchi pog‘onada ichki va tashqi audit xizmatining faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi.
Himoyaning birinchi bosqichi operatsion xodimlarning ishtiroki, ya’ni tavakkalchilik uchun mas’ul har bir xodimning kundalik faoliyati asosida tavakkalchilikni boshqarishni nazarda tutadi. О‘z bilim va salohiyati asosida aynan bu xodimlar ularning joriy faoliyatida uchraydigan tavakkalchilik va imkoniyatlarni tо‘g‘ri baholay olishi kerak. Birinchi bosqichda tavakkalchilikni nazorat qilish barcha tegishli bо‘linmalar tomonidan amalga oshirilib, bu jarayonda о‘z bо‘linmalari doirasida uchraydigan tavakkalchiliklarni aniqlash, yumshatish va kuzatish imkoniyati mavjud.
Himoyaning birinchi pog‘onasi samarali yuritilishi maqsadida rahbariyat bunga mas’ul xodimlarga yetarli darajada tashkiliy-huquqiy sharoit yaratib berishi lozim. Birgina ma’lumotlarni kiritish orqali tavakkalchilikning kо‘lamini tо‘g‘ri baholay olish imkonini beruvchi mexanizm ishga tushirilishi talab etiladi.
Himoyaning ikkinchi bosqichida bank umumiy faoliyatidagi tavakkalchilikni о‘rganuvchi tavakkalchilik-menejmenti bо‘linmasining ahamiyati katta. Mazkur bо‘linmaga birinchi bosqichda amalga oshirilgan choralarni kuzatish va nazorat qilish mas’uliyati yuklatiladi. Himoyaning ikkinchi bosqichini ishga tushirishdan kо‘zlangan maqsad tavakkalchiliklarni boshqarish tizimi muntazam va keng kо‘lamda ishlashini ta’minlashdan iborat. Tavakkalchilik-menejmenti bо‘linmasi bevosita bank Boshqaruv kengashi va Tavakkalchilikni nazorat qilish qо‘mitasiga hisobdor.
Ikkinchi bosqichda tavakkalchilikni baholash va boshqarish siyosati nazorat qilinadi va qо‘llab-quvvatlanadi, meyor va limitlar belgilanadi, amalga oshirilgan ishlar kuzatiladi hamda birinchi bosqichda tavakkalchilikni boshqarish borasida amalga oshirilgan ishlar baholanadi.
Himoyaning uchinchi bosqichi о‘zida ichki audit guruhini namoyon etib, bu bosqichda himoyaning birinchi va ikkinchi bosqichida amalga oshirilgan ishlar ustidan mustaqil nazorat о‘rnatiladi. Tijorat banki tavakkalchiliklarni boshqarish masalasiga jiddiy e’tibor qaratishi maqsadga muvofiqdir. Sababi tavakkalchilikning umumiy holati yaqqol kо‘rinib turgan vaqtda ichki audit xizmati о‘z e’tiborini faqatgina ta­vakkalchilikning darajasi yuqori bо‘l­gan yо‘nalishlarga qarata oladi. Bu esa bank faoliyatida noxush oqibatlar yuzaga kelishi ehtimolini kamaytiradi.
Bank faoliyatiga ta’sir kо‘rsatuvchi tavakkalchilikni baholash jarayonida ichki audit xizmatining operatsion mustaqilligini ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Uchinchi bosqichning ishonchliligi bank Kuzatuv kengashi huzuridagi Audit qо‘mitasiga bо‘ysunuvchi ichki audit xizmati tomonidan ta’minlanadi.
Ichki audit xizmati bank tavakkalchiligini boshqarish va nazorat qilishning birinchi va ikkinchi bosqichida amalga oshirilgan choralar ustidan mustaqil va ishonchli nazorat о‘rnatilishini ta’minlaydi.
Banklarda tavakkalchilik-menejmentining samaradorligi va tezkorligini ta’minlash maqsadida tavakkalchiliklarni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilishi maqsadga muvofiq. Yangi texnologiya va uslublar tavakkalchilikni kompleks jihatdan boshqarish va tez fursatlarda tо‘g‘ri qaror qabul qilinishiga xizmat qiladi. Bu esa bank tizimidagi raqobatbardoshlikka ijobiy ta’sirini kо‘rsatmasdan qolmaydi.
Download 15.22 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling