Ўзбекистон Республикаси Адлия вазирлиги Тошкетн Давлат Юридик Институти
Download 74.74 Kb.
|
Huquqiy ong – huquqni rivojlantirish, mustahkamlash va amal qilish omili sifatida
Huquqiy mafkura bir safga tizilgan ilmiy qoidalar, g‘oyalar, nazariyalar va ta’limotlar qatori bo‘lib, ular birgalikda huquqiy tizimning rivojlanish holatini aks ettiradi.
Agar negizida kishilarning ruhiy kechinmalari yotadigan huquqiy ruhiyatga taqqoslaydigan bo‘lsak, mafkura undan yaxlit ijtimoiy tuzilma sifatida huquqning maqsadga yo‘naltirilgan ilmiy, falsafiy anglanishi bilan farq qiladi. Huquqiy mafkura huquqni bilish darajasi va tabiatiga ko‘ra huquqiy ruhiyatdan ancha yuqori turadi. Agar huquqiy ruhiyat huquqiy hodisalarning tashqi, ko‘pincha hissiy jihatini, muayyan bir qismini qayd etadigan bo‘lsa, huquqiy mafkura huquqning mohiyatini, ijtimoiy mazmunini, tabiatini ochib berishga, uni mukammal madaniy-tarixiy falsafa va aqida ko‘rinishida taqdim etishga intiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov shu munosabat bilan quyidagilarni ta’kidlagandi: «Oldimizda turgan eng muhim masala, bu – milliy istiqlol mafkurasini yaratish va hayotimizda tatbiq etishdir. Milliy istiqlol mafkurasi xalqimizing azaliy ana’nalariga, udumlariga, tiliga, diliga, ruhiyatiga asoslanib, kelajakka ishonch, mehr-oqibat, insof, sabr-toqat, adolat, ma’rifat tuyg‘ularini onggimizga singdirishi lozim»8 Shuning uchun O‘zbekistonning yangi, demokratik davlat-huquqiy mafkurasiga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyoj ortib bormoqda. Bu mafkuraning diktatorlikka, uni davlat mafkurasi sifatida yagona to‘g‘ri mafkura deb e’tirof etishni talab qilishga hech qanday aloqasi yo‘q. Ijtimoiy ongda bunday mafkurani tiklashning tamoyillari va omillari o‘tmish tajribasidan tubdan farq qilishi kerak. Bunda muammoning mohiyati mafkura bilan yashash kerakmi yoki yo‘qmi, degan masalada emas. Zero, har qanday holatda ham qandaydir mafkura bo‘ladi. Hamma gap, avvalambor, O‘zbekiston uchun, uning mohiyati, ruhi, taraqqiyot istiqbollari uchun qaysi mafkura eng ko‘p darajada ma’qulligidadir. Shu ma’noda mustaqil O‘zbekiston mafkurasi milliy istiqlol mafkurasi sifatida ulkan salmoqqa ega. Zotan, «Mustaqillik mafkurasi – jamiyat a’zolarining, ijtimoiy guruhlar, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, millatlar va elatlar, ommaviy harakatlar, diniy uyushmalar, yoshlar, xotin-qizlar, faxriylar, tadbirkorlar va boshqa ijtimoiy sub’ektlarning umumiy manfaat va muddaolarini o‘zida aks ettiruvchi va mujassamlashtiruvchi, uning xatti-harakatlarini, faoliyatini, fikr-zikrini yagona bir maqsadga – mustaqillikka erishish hamda uni mustahkamlashga yo‘naltiruvchi g‘oyalar va bilimlar majmui. Mustaqillik mafkurasi mustaqillikka erishish va uni mustahkamlash orqali jamiyat rivojlanishini tezlashtiradigan muhim omillaridan biridir» Mustaqil O‘zbekiston mafkurasining «milliy istiqlol mafkurasi» deb atalishida juda katta ma’no-mazmun bor. Bu, eng avvalo, uning faqat o‘zbeklar uchungina emas, balki O‘zbekistondagi barcha xalqlar va millatlarning umumiy maqsad va manfaatlari yo‘lida bir xilda, ayirmachiliklarsiz xizmat qilishini bildiradi. Zero, milliy istiqlol mafkurasi jamiyat taraqqiyotining muhim omili, xalqning istiqbolini belgilaydigan qarashlar, g‘oyalar majmui sifatida mamlakat fuqarolarini o‘zga mamlakatlarga tobe bo‘lmay erkin va ozod yashashga, o‘zini o‘zi idora etishga da’vat etadigan g‘oyalar tizimidir. Turlicha fikrlash tarzi, g‘oyalar va qarashlar xilma-xilligi fojia emas, balki inson aql-idroki va tafakkuri tez rivojlanib, takomillashib, boyib borayotganligining ifodasidir. Bu o‘rinda eng asosiy masala – turlicha qarash va nuqtai nazarlarga xolisona baho berish, ularning eng yaxshilarini tanlab olish, ulardan amaliyotda oqilona foydalanishdadir. Shuning uchun ham fikrlar xilma-xilligini milliy istiqlol mafkurasisiz rivojlanishini ta’minlashga imkon beradigan yo‘llardan biri sifatida qarash maqsadga muvofiq. Chindan ham «Plyuralizm, ya’ni fikrlar xilma-xilligi va qarashlar rang-barangligi ma’rifiy jamiyatga xos bo‘lib, muayyan haqiqatni turlicha izohlash, tushunish va talqin etish tamoyiliga asoslanadi. Mana shunday tamoyil ustuvor bo‘lgan shart-sharoitni e’tirof etadigan va o‘z g‘oyalarini shu mezonlar asosida rivojlantiradigan mafkura ilg‘or, kuchli va hayotbaxsh bo‘ladi» Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 12-moddasida ta’kidlanganidek, mamlakatda ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Shu o‘rinda: «Hozirgi O‘zbekiston uchun qanday huquqiy mafkura dolzarb bo‘lishi mumkin?» degan savol tug‘ilishi tabiiy. Shu munosabat bilan quyida huquqiy rivojlanishning yaxlit va tizimga solingan konsepsiyasining birmuncha umumiy qoidalarini sanab o‘tamiz. Mamlakat huquqiy mafkurasi aslo ijtimoiy va siyosiy parchalanish g‘oyasi asosiga qurilmasligi kerak. Aksincha, nazariya mamlakatni ma’naviy mustahkam jipslashtirish, uning siyosiy kuchlarini birlashtirishga xizmat qilishi zarur. Huquq ushbu vazifani ado etishga eng ko‘p darajada ko‘maklashishi darkor. Huquqiy mafkura, qanday mafkuraga tegishliligidan qat’i nazar, tarixiy tajribani o‘zlashtirishga yetarli darajada ochiq bo‘lmog‘i lozim. Huquqiy mafkura o‘tmishning ham, hozirgi davrning ham nazariyasidan O‘zbekiston uchun amaliy va foydali bo‘lgan hamma jihatlarni qabul qilishi kerak. Uning asosida shaxsning jamiyatga va davlatga nisbatan shaxsiyatparastlik asosidagi yakkalanish tamoyili ham, odamni davlatlashtirish hamda uning mustaqilligi va tashabbusini bo‘g‘ish ham yotmasligi lozim. Bu bir yoqlamaliklarning hammasi ham O‘zbekistonning huquqiy mafkurasiga uslubiy asos bo‘la olmaydi. Ijtimoiylik orqaligina individuallikka yo‘l qo‘yilishi mumkin. Shaxs va jamiyat manfaatlarining bir-birlari ustidan hukmronligiga emas, balki ularning oqilona qo‘shib olib borilishiga erishish zarur. Shaxsning to‘laqonli kamoloti, huquq va majburiyatlarning hamohangligi insonning jamiyatga, uning madaniyatiga integratsiyasi orqali amalga oshiriladi. Huquqiy mafkura mamlakatni taraqqiy ettirish, mustahkamlash va himoyalash tamoyiliga hamda bu jarayonda davlat rolining ortib borishiga tayanishi darkor. Zero, «Davlat milliy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi asosiy mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Bu hol davlat hokimiyati organlarini isloh qilish muammolariga e’tiborni kuchaytirishni zarur qilib qo‘yadi. Bunda hokimiyatning markazdan joylarga o‘tish jarayoni mintaqaviy separatizmga olib kelmasligi kerak. Jamiyat hayotini demokratiyalash esa turli shiorlar ostida siyosiy ekstremizmning avj olishi uchun asos bo‘lmasligi lozim. Shunday qilib, jamiyat huquqiy ongining konstruktiv qismlari sifatida huquqiy ruhiyat va huquqiy mafkuraning har biri o‘z vositalari bilan huquqiy tartibga solishga va umuman jamiyat huquqiy madaniyatida huquqiy ong funksiyasini amalga oshirishga xizmat qiladi.9 Huquqiy ong murakkab ijtimoiy hodisadir. Sub’ektlar nuqtai nazaridan huquqiy ong, odatda, individual, guruhiy va jamoaviy (ommaviy), ongga bo‘linadi. Shu o‘rinda huquqiy ongning individual va ijtimoiy shakllari keng tarqalganligini alohida ta’kidlash lozim. Individual huquqiy ong – bu har bir shaxs, alohida insonga xos huquqiy bilimlar, baholar, hissiyotlar va tuyg‘ular majmui hisoblanadi. Individual huquqiy ong doimo noyob va betakrordir. Har bir inson turli bilish qobiliyatlari, shaxsiyatning turli psixologik turlari oqibatida amaldagi huquqni o‘zicha qabul qiladi, uni baholaydi, qonuniy yoki qonunga zid ravishda xatti-harakat qilish istagini bildiradi. Hatto bir xil sharoitda o‘qiydigan yuridik oliy o‘quv yurtlari talabalari turli huquqiy ongga ega. Individual huquqiy ong fuqarolar tomonidan yuridik ahamiyatga molik xatti-harakatlar sodir etilganda, huquq va erkinliklar amalga oshirilganda, qonuniy manfaatlar himoya qilinganda, turli ko‘rinishdagi huquqiy hujjatlar tayyorlashida yaqqol namoyon bo‘ladi. Kasb-kori huquqshunos bo‘lganlarning huquqiy onggi qaror loyihalari, buyruq, hukm, ajrim kabi huquqiy hujjatlarni tayyorlanganda ro‘yobga chiqadi. Olim-huquqshunoslarning indivudual huquqiy onglarini ro‘yobga chiqarish shakli monografiya va risolalar, maqola va dissertatsiya ishlari, hisobotlar sanaladi. Ijtimoiy huquqiy ong – bu jamiyat yoki uning alohida ijtimoiy tabaqalari, sinflari tomonidan ilgari suriladigan huquqiy tasavvurlar, tamoyillar, tushunchalar, nazariyalar, hissiyotlar yig‘indisidir. Hozirgi jamiyatning asosiy huquqiy tamoyillari sirasiga mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, iqtisodiy siyosiy, adabiy, ilmiy va boshqa ijodiy faoliyatning teng huquqliligi, insonparvarligi, erkinligi, qonun ustuvorligini tan olish kabilarni kiritish mumkin. Alohida ijtimoiy qatlamlarning huquqiy onggi moddiy va ma’naviy boyliklarni ijtimoiy ishlab chiqishda ishtirok etishiga, bu boyliklarni taqsimlash va iste’mol qilish usullariga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘ladi. Ijtimoiy qatlam va sinflarning ijtimoiy huquqiy onggi faol hayotda jamoat birlashmalari, siyosiy partiyalar tomonidan qabul qilinadigan murojaatnoma, deklaratsiya, dasturlarda hukmron sinf tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlarda, ijtimoiy qatlam, sinf mafkurachilarining ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarida, ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish orqali va boshqa shakllarda namoyon bo‘ladi10[90]. Agar huquqiy ong saviyasi nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, u holda bu jihatga ko‘ra odatiy, ilmiy va professional (kasbiy-malakaviy) huquqiy ong turlariga bo‘linadi. Download 74.74 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling