Zbekiston respublikasi ichki ishlar vazirligi akademiyasi inson huquqlari umumiy nazariyasi


Download 2.94 Kb.

bet19/34
Sana09.02.2017
Hajmi2.94 Kb.
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   34

INSON HUQUQLARI VA O'ZBEKISTON RESPUBLIKASINING  
JINOYAT-IJROIYA QONUNCHILIGI
11.1. Mahkumlar bilan muomala qilishda inson huquqlari bo'yicha xalqaro 
standartlarning ahamiyati
Mustaqillik yillarida O'zbekistonda sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolarning 
huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining sud tomonidan himoyalanishini 
kengaytirish, adolatli sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni ta'minlash bo'yicha 
tizimli va bosqichma bosqich amalga oshiriladigan choralar ko'rildi. Jinoiy, jinoiy-
prosessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini liberalizasiya qilish jarayonining 
evolyusion tarzda amalga oshirilishi inson huquqlariga rioya etilishining muhim 
kafolati bo'ldi. Xususan, Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilgan o'zgartirishlar jazoni ijro 
etish muassasalarida jazoni o'tash sharoitlarini sezilarli darajada yaxshilash, huquqni 
muhofaza qilish organlarining, shu jumladan, jazoni ijro etish muassasalarining 
faoliyatini nazorat qilishning samarali mexanizm-larini ishga tushirish imkonini 
yaratdi.
1997 yil 25 aprelda qabul qilingan va 1997 yil 1 oktyabrdan kuchga kirgan 
O'zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksi jinoiy jazoni ijro etishning 
umume'tirof etilgan, shu jumladan, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham tan olingan 
demokratik va insonparvarlik prinsiplarni amalga oshirishga qaratilgan.
O'zbekiston 70 dan ortiq inson huquqlari bo'yicha shartnomalarga, shu jumladan, 
YeXHTning insoniylik mezonlari bo'yicha hujjatlariga ham qo'shilgan bo'lib, ular 
asosida o'z qonunchiligini inson huquqlarini himoyalash bo'yicha xalqaro aktlarga, 
shu jumladan, jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida ham, muvofiqlashtirish 
majburiyatlarini qabul qilgan. Ushbu majburiyatlar-ga ko'ra ishtirokchi davlatlar hibsda 
yoki qamoqda saqlanuvchi barcha shaxslar bilan muomalada bo'lishda insoniylikni 
va inson sha'nining hurmat qilinishini ta'minlaydilar (32.2 band).
Inson huquqlarini himoyalash va mahkumlar bilan munosabatda bo'lish to'g'risidagi 
xalqaro shartnomalarda ifodalangan prinsiplar va umumiy holatlarning O'zbekiston 
jinoyat-ijroiya qonunchiligi uchun ahamiyati shundan iboratki, ular davlatlararo 
xarakterga ega, barqaror, muayyan mamlakatda turli siyosiy, g'oyaviy, iqtisodiy va 
kriminalogik omillar ta'siri ostida yuzaga keladigan ijtimoiy kon'yunktura ta'siriga 
uchramagan va shundan kelib chiqqan holda milliy qonunchilik va huquqni tadbiq 
etish faoliyatini rivojlantirish uchun aniq mo'ljal bo'lib xizmat qiladi. Ushbu prinsiplar 

141
BMTga a'zo davlatlarning ko'p yillik yuridik amaliyotiga asoslangan holda ishlab 
chiqilgan.
O'zbekiston milliy qonunchiligida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 
vazifalariga kiruvchi asosiy inson huquqlari va erkinliklarining himoyalanishini, 
qo'llab-quvvatlanishini va ularga rioya etilishini kafolatlovchi prinsiplar nafaqat 
mustahkamlangan, balki ularni amalga oshirish mexanizmi ham belgilab qo'yilgan. 
Yana shuni ham e'tiborga olish zarurki, xalqaro shartnomalar umumiy tabiatga ega 
bo'lgan normalar (prinsip-normalar) bilan bir qatorda ularni ratifikasiya qilgan 
davlatlar uchun majburiy bo'lmagan tavsiya-normalarni ham o'z ichiga oladi. Milliy 
qonunchilikda ham, davlat organlari faoliyatida ham normalar-prinsipdan chekinishga 
yo'l qo'yilmaydi. Bu holat bevosita Inson huquqlari deklarasiyasining 30-moddasi 
va Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning 5-moddasidan kelib 
chiqadi. “Hattoki favqulodda holatlar ham qiynoq yoki boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy 
yohud inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala va jazo turlarini oqlash uchun 
asos bo'lib xizmat qila olmaydi” (Barcha shaxslarni qiynoq yoki boshqa shafqatsiz, 
g'ayriinsoniy yohud inson qadr-qimmatini toptovchi munosabat va jazo turlaridan 
himoyalash to'g'risidagi deklarasiya, 3-modda). Turli xalqaro shartnomalarda bayon 
etilgan bu kabi normalar-prinsipdan barcha asosiy inson huquqlari va erkinliklarini 
qamrab olgan.
Inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalarda bayon etilgan boshqa qoidalar, 
milliy qonunchilik aktlarini ishlab chiqishda va huquqni tadbiq etish amaliyotida 
hisobga olinishi lozim bo'lsada, davlatlar uchun tavsiyaviy xarakterga egadirlar. Misol 
uchun “Mahbuslar bilan muomalada bo'lishning minimal standart qoidalari”ning 
ba'zi holatlarida, xususan, 2 bandida quyidagilar yozilgan: “Dunyodagi yuridik, 
ijtimoiy, iqtisodiy va geografik sharoitlarning har xilligini e'tiborga olgan holda 
ushbu qoidalarning barchasini ham hamma yerda bir paytda qo'llab bo'lmasligi oydin, 
ravshan”. Shu bilan bir qatorda ularni amalga oshirishga doimo intilish zarurligi 
ta'kidlanadi, chunki ular BMTning fikriga ko'ra amalga oshirilishi mumkin bo'lgan 
minimal shartlarni aks ettiradi. YeXHTning 1989 yil 15 yanvarda qabul qilgan 
Insoniylik mezonlari to'g'risidagi Vena shartnomasida qayd etilishicha, “a'zo davlatlar 
BMT tomonidan qabul qilingan Mahbuslar bilan muomalada bo'lishning minimal 
standart qoidalari hamda BMT tomonidan qabul qilingan Huquq-tartibotni saqlash 
bo'yicha mansabdor shaxslarning xulq-atvor kodeksiga amal qiladilar”.
Shu munosabat bilan mahkumlar va oldini olish chorasi sifatida hibsda saqlanayotgan 
shaxslar bilan munosabatda bo'lishda xalqaro shartnomalardagi normalar-prinsipdan 
va tavsiya-normalarni chegaralash masalasi ko'tariladi. Bunday chegaralash inson 
huquqlari umumjahon deklarasiyasi (1948), Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi 
xalqaro pakt (1966) hamda Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, 
insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyada 
(1984) e'lon qilingan asosiy inson huquqlari va erkinliklariga asoslangan bo'lishi kerak.
Aynan, ularda inson huquqlari to'g'risidagi asosiy holatlar mustahkamlangan va 
ular orasidan eng muhimlari belgilab berilgan. Biroq Mahbuslar bilan muomalada 
bo'lishning minimal standart qoidalari kabi maxsus maqsadda ishlab chiqilgan xalqaro 

142
aktda ham mazkur shaxslar bilan muomalada bo'lishning nafaqat tavsiya-normalari, 
balki, normalar-prinsipdan ham bayon etilgan. Barcha shaxslarni qiynoqlardan 
himoyalash to'g'risidagi deklarasiyaning 1-moddasida Minimal standart qoidalarga 
murojaat etilishi bejiz emas. Bundan tashqari, BMTning “Minimal qoidalari” 
ozodlikdan mahrum etilgan shaxsning birinchi darajali huquqlarini qamrab oluvchi 
hamda milliy qonunchilikda albatta mustahkamlanishi shart bo'lgan mahkumlar bilan 
munosabatda bo'lishning “Asosiy prinsipi” va “Yetakchi prinsiplari” ni belgilab beradi. 
Shu munosabat bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1988 yil 9 dekabrda qabul 
qilingan “Har qanday shaklda ushlanishi va qamoqqa olinishi lozim bo'lgan barcha 
shaxslarni himoyalash prinsiplari majmuasi” ning ahamiyati beqiyosdir.
Mazkur yo'nalishda O'zbekistonda ishlab chiqilayotgan jazoni ijro etishni tartibga 
soluvchi qonunchilik aktlarida jinoiy jazoni ijro etishda inson huquqlari to'g'risidagi 
xalqaro shartnomalar, mahbuslar bilan munosabatda bo'lish, ularni nazorat qilish, 
jazoni o'tagach qayta ijtimoiylashuvi va moslashuviga ko'maklashish qoidalarini 
belgilovchi alohida konvensiyalarda bayon etilgan umumiy prinsiplarni amalga 
oshirish zaruriyatidan kelib chiqqan holda nihoyatda jiddiy norma ijodkorligi 
amalga oshirildi.
Xalqaro shartnomalar tahlili, ulardan o'rin olgan masalalarning O'zbekiston 
Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi va uning qo'llanishi uchun birinchi darajali 
ahamiyatga ega bo'lgan asosiy guruhlarini ajratib olish imkonini berdi:
birinchidan, inson huquqlari to'g'risidagi holatlarni amalga oshirish masalalari;
ikkinchidan, inson huquqlarini himoyalash va uni mahkumlar huquqiy maqomida 
amalga oshirish;
uchinchidan, mahkumlar bilan munosabatda bo'lishning umumiy qoidalari;
to'rtinchidan, jazoni ijro etish muassasalari xizmatchilariga qo'yiladigan talablar. 
Ularning har birini batafsilroq ko'rib chiqamiz.
11.2. Inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar va ularning 
O'zbekiston Respublikasi Jinoiy-ijroiy kodeksida amalga oshirilishi
Inson huquqlari to'g'risidagi asosiy xalqaro shartnomalar shaxsning jamiyatdagi 
hayoti va faoliyatining, shu jumladan, adolatli jinoiy sudlovni amalga oshirishning 
yetakchi sohalarini qamrab oladi. Yuqorida sanab o'tilgan xalqaro shartnomalar 
O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi prinsiplarini shakllantirish uchun 
asos bo'lib xizmat qilgan. Ular qatoriga jazoni ijro etishda qonuniylikni ta'minlash, 
mahkumlarning qonun oldida teng huquqliligi, adolat, insonparvarlik va demokratizm, 
jazoni ijro etishni differensiasiyalash va individuallashtirish, majburlov vositalaridan 
oqilona foydalanish, mahkumlarning qonunga itoat etishlarini rag'batlantirish 
prinsiplarini kiritish lozim (ushbu prinsiplar bu yerda milliy huquqimizda qabul 
qilingan terminologiyada berildi; xalqaro huquqda ular o'zgacha shaklda bayon etilgan).
Inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalarda quyidagilar e'tirof etiladi:
birinchidan, hyech kimning sud hukmi yoki qarorisiz ozodlikdan mahrum 
etilishi mumkin emas;

143
ikkinchidan, mahkumlarni irqiy, til, diniy, siyosiy yoki boshqa e'tiqod, milliy 
yoki ijtimoiy kelib chiqishi, jinsiy, yosh, mulkiy holati belgilariga ko'ra har qanday 
kamsitish taqiqlanadi;
uchinchidan, ozodlikdan mahrum etilgan barcha shaxslar insoniy munosabatda 
bo'lish, inson shaxsiga xos bo'lgan qadr-qimmatining hurmatlanishi, jamiyatdan 
qayta ijtimoiylashuvi uchun har taraflama yordam olish huquqiga egadirlar.
Sanab o'tilgan holatlarning jazoning ijro etilishini tartibga soluvchi O'zbekiston 
milliy qonunchiligi bilan qay tarzda muvofiqlashtirilganini ko'rib chiqamiz. O'zbekiston 
jinoyat-ijroiya qonunchiligida mazkur prinsiplarni aks ettiruvchi maxsus normalar 
mavjud. Ular alohida institutlar va qonunchilik aktlarining normalaridan o'rin olgan 
yoki ulardan kelib chiqadi. Haqiqatan ham, O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya 
kodeksining 5-moddasida “jazoni ijro etish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan 
hukmi yoki qarori hamda amnistiya yoki afv akti asos bo'ladi”, deb ko'rsatilgan. Jinoyat-
ijroiya kodeksining 2-moddasida ta'kidlanishicha, “jinoyat-ijroiya qonunchilikning 
vazifalari jazoni ijro etish, mahkumlarni tuzatish, jinoyat sodir etilishining oldini 
olish, mahkumlarning qonuniy huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoyalashdan 
iborat”.
Normalar-prinsipdan o'zak deb atash mumkin: qonunchilikning ushbu sohasiga 
tegishli barcha institutlar ularga asoslanadi. Shuning uchun ular Jinoiy-ijroiy kodeksning 
6-moddasida qayd etilgan. Mazkur prinsiplarning jinoyat-ijroiya qonunchiligi uchun 
ijtimoiy ahamiyati shundan iboratki, mahkumning, ayniqsa, ozodlikdan mahrum 
etilgan shaxsning huquqlari cheklanadi va tabiiyki, u tegishli ijtimoiy-huquqiy 
himoyaga muhtoj bo'ladi. Jinoyat-ijroiya kodeksda bayon etilgan jazoni ijro etish 
prinsiplari inson huquqlari bo'yicha va ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan 
munosabatda bo'lish to'g'risidagi xalqaro shartnomalarning qoidalarini yetarlicha 
to'liq aks ettiradi. Ular qatoriga qonuniylik va mahkumlarning qonun oldida tengligi, 
insonparvarlik va demokratizm prinsiplari ham kiradi. Ular JIKning asosiy institutlari 
va normalarida, xususan, mahkumlarning huquqiy maqomi, ularni tuzatish vositalari 
va boshqalarga berilgan ta'riflarda o'z aksini topgan.
O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksida Qiynoq hamda muomala va 
jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi 
turlariga qarshi konvensiyaga kiritilgan asosiy g'oyalarni aks ettiruvchi prinsiplar 
bayon etilgan. Ular jazoni ijro etish muassasalari va jazoni ijro etuvchi boshqa 
organlar xodimlarini mahkumlar bilan insoniy munosabatlarda bo'lishga yo'naltiradi.
Inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar va mahkumlarning huquqiy 
maqomi.
Yuqorida nomlari tilga olingan xalqaro aktlarning ko'pchilik holatlari jinoiy 
yustisiya organlari faoliyati sohasidagi inson huquqlariga, shu jumladan, hibsga 
olingan va sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga tegishlidir. 
Shu sababdan “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro pakt”da, “Mahbuslar 
bilan munosabatda bo'lishning minimal standart qoidalari”da, “Har qanday shaklda 
ushlanishi va hibsga olinishi lozim bo'lgan barcha shaxslarni himoyalash prinsiplari 
majmuasi”da mahkumlarning huquqiy maqomiga katta e'tibor qaratilgan.

144
Mahkumga huquqning subyekti sifatida qaralishi lozimligi haqidagi qoida o'zak 
holat hisoblanadi. Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to'g'risidagi paktning 16-moddasida 
“har bir kishi, qayerda bo'lishidan qat'iy nazar, huquq subyekti deb tan olinish huquqiga 
egadir”, deya e'tirof etilgan.
Minimal standart qoidalarda “mahbuslar bilan muomalada bo'lishda ularning 
jamiyatdan chiqarib qo'yilganligi emas, hamon uning a'zosi bo'lishda davom 
etayotganliklariga urg'u berish darkor”, degan holat bilan ushbu prinsip rivoj toptirilgan. 
BMT “Minimal qoidalar”ining 61 bandida ta'kidlanganidke, “mahbuslarning qonunga 
va ular uchun chiqarilgan hukm shartlariga mos keluvchi fuqaroviy manfaatlar, 
ijtimoiy ta'minot va boshqa ijtimoiy imtiyozlar sohasidagi maksimal huquqlarini 
saqlab qolish choralarini ko'rish lozim”.
Qayd etish lozimki, O'zbekistonning jinoiy-ijroiy qonunchiligi ham mazkur xalqaro 
prinsipdan kelib chiqadi. Jinoyat-ijroiya kodeksning 8-moddasida “mahkumlar mahrum 
etilish va cheklovlar bilan O'zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan 
huquqlar, erkinliklar va majburiyatlarga egadirlar”, deb ta'kidlanadi.
Shu bilan birga, shaxsning huquqiy maqomi umumiy formulasini (huquq subyekti 
bo'lish) rivojlantirib borib, inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar asosiy 
e'tiborni fuqarolarning qonun oldida tengliklari, vijdon erkinligi, ona tilidan 
foydalanish erkinligi va boshqalarga qaratadilar. Ushbu huquqiy prinsiplar har bir 
insonga, shu jumladan, mahkumga ham tegishlidir. Masalan, Minimal standart 
qoidalar, mahkumlar bilan muomalada bo'lish prinsiplarini bayon etarkan, ularni 
irqiy, tana rangi, jinsiy, diniy va boshqa e'tiqod belgilariga ko'ra kamsitishni taqiqlaydi, 
dinga e'tiqod qilish, ona tilidan foydalanish erkinligini e'lon qiladi. Shu munosabat 
bilan “Minimal qoidalar”da o'rnatilgan bir qoida e'tiborni o'ziga tortadi. Unga ko'ra 
“axloq tuzatish muassasasi direktori, uning o'rinbosari va ko'pchilik xizmatchilar 
mahbuslarning aksariyati gaplashadigan tilni bilishlari shart” (51 band).
Jazoni o'tashda ona tilidan foydalanish erkinligi prinsipi ko'p millatli davlatlar, shu 
jumladan O'zbekiston uchun ham favqulotda muhim ahamiyatni kasb etadi. JIKning 
9-moddasida mahkumlarning asosiy huquqlaridan biri bo'lgan o'z ona tilida yoki 
boshqa tilda murojaat qilish huquqining mustahkamlab qo'yilishi, shubhasiz, jazoni 
o'tash tartibini demokratlashtirish yo'lidagi yana bir qadam bo'ldi.
O'zbekiston Respublikasining jazoni ijro etishni tartibga soluvchi jinoyat-ijroiya 
qonunchiligida vijdon erkinligini ta'minlash kabi mahkumlar bilan munosabatda 
bo'lish prinsipi mustahkamlab qo'yilgan. JIKning 12-moddasida shunday deyiladi: 
“Mahkumlarga vijdon erkinligi kafolatlanadi. Ular har qanday dinga e'tiqod qilish 
yoki hyech qanday dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga egadirlar”.
Diniy marosimlarni ado etish ixtiyoriy hisoblanadi va jazoni ijro etuvchi 
muassasaning ichki tartib-qoidalarini buzmasligi hamda boshqa shaxslarning huquqlari 
va qonuniy manfaatlarini kamsitmasligi lozim.
Inson huquqlari to'g'risidagi xalqaro shartnomalar va mahkumlarni saqlash 
sharoitlari.
Asosiy inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi nuqtai nazaridan mahkumlarni 
saqlash sharoitlariga alohida ahamiyat berilishi Fuqaroviy va siyosiy huquqlar 

145
to'risidagi xalqaro paktning 10-moddasida bayon qilingan quyidagi holat bilan yaqqol 
ko'rsatib berilgan: “Axloq tuzatish tizimining asosiy maqsadi mahbuslarni tuzatish 
va ijtimoiy qayta tarbiyalash bo'lgan tartibni nazarda tutadi”. Ushbu holat Mahbuslar 
bilan muomalada bo'lishning minimal standart qoidalarida batafsil bayon etilgan. 
Unda joylashish, ovqatlanish, tibbiy xizmat ko'rsatish, intizom va jazo, xavfsizlik 
choralarini ko'rish, tashqi dunyo bilan aloqa qilish, mehnat qilish, ta'lim va tarbiya 
masalalari hal etilgan.
O'zbekiston Respublikasining amaldagi jinoyat-ijroiya qonunchiligiga baho berilar 
ekan, ta'kidlash joizki, mazkur hujjat va inson huquqlari bo'yicha boshqa xalqaro 
aktlarda bayon etilgan talablarga to'liq mos keladi.
O'zbekiston Respublikasining jinoyat-ijroiya qonunchiligida jazoni o'tash 
sharoitlarini yanada demokratlashtirish yo'lida katta ishlar amalga oshirildi. Bu 
ayniqsa, axloq tuzatish muassasalarida, xususan, voyaga yetmaganlar va ayollar 
saqlanadigan joylarda mahkumlarning ijtimoiy foydali aloqalarining kengaytirilishi 
va jazoni o'tash tartib-qoidalariga taalluqlidir.
Jazoni ijro etish va mahkumlar bilan munosabatda bo'lishga taalluqli xalqaro 
tavsiya-normalar
Ushbu normalarning vazifasi jinoiy jazolarni ijro etishni tartibga soluvchi 
qonunchilikning rivojlanishiga ta'sir ko'rsatishidir. Masalan, BMT EKOSOS tomonidan 
1984 yil 25 mayda qabul qilingan “Mahbuslar bilan muomalada bo'lishning minimal 
standart qoidalarini samarali amalga oshirish tartibi” da ta'kidlanadiki, “har qanday 
shaklda ushlanishi va hibsga olinishi lozim bo'lgan barcha shaxslarni himoyalash 
borasidagi normalari, mahbuslar bilan munosabatda bo'lishning minimal standart 
qoidalari mos kelmaydigan barcha davlatlar ushbu normalarni qabul qilishlari shart”. 
Ushbu holat 1989 yildagi Vena uchrashuvining yakuniy hujjatlari bilan tasdiqlangan. 
Ular davlat organlari va mahkumlar o'rtasida tartib, ularning moddiy-maishiy va 
tibbiy ta'minoti, mehnati, ta'lim-tarbiyasi va boshqa sohalarda yuzaga keladigan 
keng qamrovli munosabatlarni o'z ichiga oladi va insonparvarlik xarakteridagi 
tavsiyalarni aks ettiradi. Ular O'zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksida 
o'z ifodasini topgan.
Jazoni ijro etish muassasalari xizmatchilarini tayyorlash
Demokratik va insonparvarlik prinsiplariga asoslangan eng mukammal qonunchilik 
malakali, professional tayyorgarlikdan o'tgan va uni qo'llash uchun safarbar etilgan 
xizmatchilarsiz oldiga qo'yilgan vazifalarning muvaffaqiyatli bajarilishini kafolatlay 
olmaydi. Jinoyatchilikka qarshi kurash sohasidagi xalqaro shartnomalarda asosiy 
e'tibor jinoyat yustisiyasi organlari xodimlarini, ayniqsa ularning asosiy inson 
huquqlari va erkinliklarini o'zlashtirishlari va ularga rioya qilishlari nuqtai nazaridan 
tayyorlashga qaratilishi bejiz emas. Masalan, Qiynoq hamda muomala va jazolashning 
qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi 
konvensiyaning 10-moddasida “har bir davlat qiynoqlarning taqiqlanganligi haqidagi 
ma'lumotning to'la ravishda huquqni tadbiq etuvchi organlar, ayniqsa, hibsda 
saqlanayotgan, ushlangan yoki qamoqqa olingan shaxslarni so'roq qilish yoki ular 
bilan o'zaro munosabatda bo'lgan xodimlarni tayyorlash dasturlariga kiritilishini 

146
ta'minlaydi” deyiladi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1979 yil 17 dekabrida 
qabul qilingan Hukuq-tartibotni saqlash bo'yicha mansabdor shaxslarning xulq-atvor 
kodeksi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Minimal standart qoidalarda qayd etilishicha, axloq tuzatish muassasalari ishining 
muvaffaqiyati xodimlarning halolligi, insonparvar-ligi, bunday ishga layoqatliligi, 
shaxsiy yaroqliligiga bog'liq. Bu O'zbekiston Respublikasidagi jazoni ijro etish 
muassasalari va organlari xodimlarining tayyorlashga ham taalluqli. Hozirgi kunda 
ushbu organ xodimlarini tayyorlovchi oliy va o'rta o'quv yurtlari tizimi yaratilgan.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash lozimki, mahbuslar bilan muomalada bo'lishning 
minimal standart qoidalari ratifikasiya qilgan davlatlardan barcha mahbuslarga nisbatan 
ularning axloq tuzatish muassasasiga qabul qilinishidan tortib, to ushbu muassasada 
saqlanish muddatining tugashiga qadar tatbiq etilishini ta'minlash talab etadi.
Buyuk britaniya qirolligi xalqaro huquq kolledji professori R. Myullerson 
O'zbekistonning axloq tuzatish siyosati haqida gapirar ekan, shunday degan edi: “So'ngi 
yillarda nodavlat tashkilotlari vakillariga, Xalqaro hoj tashkilotiga mamlakatning 
axloq tuzatish muassasalari bilan kengroq tanishish imkoniyatining berilishi borasida 
hukumat tomonidan ko'rilgan ijobiy choralar mahbuslarni saqlash sharoitlarining 
xalqaro standartlarga mos kelishining kafolati bo'lmoqda”.
 

147
12-BOB.
ICHKI ISHLAR IDORALARI XODIMINING INSON HUQUQLARI 
MADANIYATI
12.1. Ichki ishlar idoralari xodimidan inson huquqlari madaniyatining 
estetik jixatlari
Estetika (yunoncha “estetikos” — hissiy, his qilinadigan) — insonning dunyoga 
bo'lgan munosabatining butun sohasini, u tomonidan dunyoni idrok qilinishning 
barcha tomonlarini go'zallik qonuniyatlari asosida o'rganadigan falsafiy fan. Fan 
sifatida estetikada ikkita asosiy o'zaro bog'liq hodisalar doirasini ajratish mumkin:
birinchidan, estetik soha, dunyoga nisbatan inson munosabatining o'ziga xos 
shaklda (go'zal) namoyish bo'lishi (“go'zallik falsafasi”);
ikkinchidan, insonlarning badiiy faoliyati (“san'at falsafasi”).
Estetikaning ushbu bo'limlari uzviy bog'liq bo'lsa-da, nisbatan mustaqillikka ham 
ega. Estetika fani bo'limi sifatida “go'zallik falsafasi” quyidagi masalalarni o'rganadi: 
qadriyatlarga asoslangan munosabatlar tizimida estetika tabiati va o'ziga xosligi; 
estetik qadriyat, baho, o'zlashtirish va amaliyotning dialektik aloqasi; inson estetik 
faolligining ijtimoiy va shaxsiy hayotdagi ahamiyati; estetiklik va badiiylikning 
turli sohalarda — amaliy faoliyatda, tarbiya, ta'lim, mushohadada namoyon bo'lishi.
Estetika fani bo'limi sifatida “san'at falsafasi” badiiy faoliyatni maxsus tahlil qilish; 
uning paydo bo'lishi; inson faoliyatning boshqa shakllari qatorida tuzilmaviy o'ziga 
xosligi; badiiy ijod va uning natijalarini inson tomonidan qabul qilinishi xarakteri 
bilan aloqasi va boshqalarni o'rganishga bag'ishlangan.
Shaxs uchun estetika va estetik — san'at va hayotdagi go'zallikdan ta'sirlanish, 
hodisa va narsalarni o'ziga xos, badiiy o'zlashtirishdan ajralmas bo'lgan narsadir. 
Ko'pgina ichki ishlar idoralari xodimlari chiroyli rasm chizishgan, she'rlar yozgan, 
cholg'u asboblarini chala oligan. San'at — hissiy, aqliy — fikriy sohalar va qadriyatlar 
bilan umumiylikda mukammal insonni shakllantiradi. San'at ichki ishlar idoralari 
xodimlarining ijodiy qobiliyatlarini mukammallashtiradi, go'zallik qonuniyatlari 
asosida faoliyat yurgizishga undaydi. Haqiqiy ichki ishlar idoralari xodimi shaxsiy 
faoliyatini kasbiy chegaralar bilan cheklanmasdan sermahsul ishlashi mumkin.
Lekin, bizni, avvalambor uning kasbiy faoliyatida namoyon bo'luvchi ichki ishlar 
idoralari xodimining estetik madaniyati qiziqtiradi. Bu esa — huquqiy estetikaning 
tarkibiy qismi bo'lgan “go'zallik falsafasi”ning amaliy yuridik faoliyatda sinashta 
sohadir.

148
Amaliyotda, to'la anglab yetmay turib, doimo san'atdan tashqari estetika va estetik 
narsalar haqida gapiramiz. Hozirda tobara korxona, firma egasini xodimlarning 
kostyumlari shakli va rangi, xonalarning jihozlanishi, binoning tashqi ko'rinishi 
tashvishlantiradi. Ma'lum bo'ladiki, xodimlarning ish samaradorligi shunga bog'liq 
(ba'zida juda ham) va bularning bari estetika sohasiga taalluqli bo'lsada katta amaliy 
ahamiyat kasb etadi. Avtomobil konstruktori borgan sari “yaratgan bolasi”ning tashqi 
ko'rinishi, yo'l quruvchisi esa yo'l belgilari shakli va rangi haqida o'ylaydi. Mazkur 
holatda so'z, san'atga qaraganda boshqa sohaga tegishli bo'lgan ishlab chiqarish 
estetikasi haqida bormoqda, lekin ular o'rtasida umumiylik mavjud: ularning ikkalasi 
ham go'zallik qonunlariga asoslangan va ushbu qonunlarga bo'ysunishdi.
Shunday qilib, estetika u yoki bu ma'noda inson faoliyatining barcha sohalariga 
ta'sir qiladi. Ichki ishlar idoralari xodimi kasbiy faoliyati ham estetika bilan bog'liq, 
chunki bu yerda mazkur aloqadorlikning xususiyatlari va natijalari aniq namoyon 
bo'ladi. Ular huquqiy estetikaning ilmiy yo'nalish sifatida asosi bo'lgan ichki ishlar 
idoralari xodimining estetik madaniyatida aks etadi.
Huquqiy estetika — huquqshunoslik faoliyatining tashqi tomoniga ko'rsatiladigan 
talablar va huquqiy ishni ijobiy hal etishda ularning roli haqidagi bilimlar tizimidir.
Huquqiy estetika talablari ichki ishlar idoralari xodimi faoliyatining barcha 
sohalariga taalluqlidir. Ular ichki ishlar idoralari xodimi faoliyat barcha samarali va 
yuksak ta'minlanishi, uning yuqori madaniyati, qulay ish sharoitlarini yaratilishiga 
yordamlashadi.
Huquqiy estetikani ichki ishlar idoralari xodimi ruhiy-jismoniy holatiga estetik 
hodisalarning ta'sirini, huquqiy xatti-harakat tamoyillarini ishlab chiqish, atrofdagi 
tabiiy va ijtimoiy muhit go'zalligi, ishlab chiqarish san'ati yordamida jinoyatchilikni 
oldini olishni o'rganuvchi amaliy bilimlash sifatida ham belgilash mumkin.
Huquqiy estetika sohasiga ichki ishlar idoralari xodimi shaxsi estetik hissiyotlarini 
o'rganish, hissiy ta'sirlanish, xavotirlanish va ularning jismoniy va ruhiy faoliyatdagi 
ahamiyatini tadqiq qilish kiradi. Estetik munosabatlar — ichki ishlar idoralari 
xodimining voqyelik hodisalarini go'zal yoki xunuk, olijanoblik yoki pastlik, fojiali 
yoki kulgili deb baholash qobiliyati. Aytish mumkinki, huquqiy estetikaning eng 
asosiy savollaridan biri — huquqshunosning jismoniy va axloqiy sog'ligi uchun estetik 
munosabatlar va baholar tabiati qanday ta'sir ko'rsatishi bilan bog'liq.
Huquqiy estetika yoqimli hayajon va quvonch hissini tug'diradigan, qayg'uni 
tinchlanishga aylantiradigan, tinchlanishdan ruhiy barqarorlikni keltirib chiqaradigan, 
ruhiy holatni o'zgartiradigan sabablarni aniqlaydi. Bundan tashqari, huquqiy estetika 
sohasiga, ichki ishlar idoralari xodimining huquqiy vazifalarni hal etishga qaratilgan 
faoliyatini go'zallik qonunlari asosida yoritish kiradi.
Etik va estetik huquqshunoslik (ularning o'ziga xosligini inobatga olgan holda) 
boshqa fanlardagi kabi, ajralmas umumiylikni tashkil qiladi. Barcha ijtimoiy hodisa, 
inson faoliyatining harakat va sabablari bir vaqtning o'zida etik va estetik ahamiyatga 
ega bo'lib, quyidagicha baholanishi mumkin:

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   15   16   17   18   19   20   21   22   ...   34


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling